Yuzni tiniqlashtirish — xalqona vositalar, pardoz usullari, salon muolajalari

Qay bir ayol chiroyli, tekis va tiniq terini orzu qilmaydi. Yosh xonimlar tabiatan shunday yuzga ega, ammo 30 yoshga yaqin terida turli muammolar kuzatiladi, uning rangi o’zgaradi, dog’lar, izlar, ajinlar paydo bo’la boshlaydi. Ammo to’g’ri vositalardan foydalanib, ushbu muammolarni hal qilish mumkin. Quyida shu haqida batafsil.

Yuzni tiniqlashtirish usullari haqida

Muammo sabablari

Muammolarni bartaraf etish uchun dastavval uning sababini bilish kerak:

  1. Genetika — juda muhim omil. Ba’zi ayollarning terisi 40 yoshda ham yosh qizlarnikidan yomon ko’rinmaydi, ba’zilarida esa aksincha;
  2. Ekologiya;
  3. Ovqatlanish ratsioni;
  4. Yashash sharoiti.

Quyosh nurlari terini tezroq qaritadi, bu borada qoracha xonimlarga omad kulib boqqan, ular quyosh nurlariga qarshi tabiiy himoyaga ega. Yorqin rangli teri sohibalariga doimo SPF-himoyadan foydalanish tavsiya etiladi.

Yuz terisi rangining o’zgarishi turli sabablarga ko’ra yuzaga kelishi mumkin:

  • Yosh o’tishi bilan pigment dog’lar paydo bo’lishi;
  • Vitamin yetishmasligi;
  • Terining toblanmaganligi (toblanganlik kamchiliklarni yashiradi);
  • Turli kasalliklarning mavjudligi.

Agar ayol doimiy ravishda stressni boshdan kechirsa, yaxshi uxlamasa, yuz terisi xiralashadi.

Yoshlikda yuzning rangi oqish-pushti rangga ega bo’ladi, bu hujayralarning tez yangilanishi bilan bog’liq, yangi hujayralar o’lik hujayralar o’rnini tezda almashtiradi. Yosh o’tishi bu jarayon sekinlashadi. Qalin epdiermis qatlami qon tomirlarini terining yuqori qatlamidan tobora uzoqlashtiradi, natijada ular yetarlicha oziqlana olmay qoladi. Bunday jarayonlarning natijasi o’laroq terining ko’rinishi yomonlasha boshlaydi.

Teri teshikchalarining kengayishi ham notekislik va rangning qorayishiga sabab bo’ladi. Ayniqsa, bu muammo yog’li teri turiga xosdir. Yog’li terida husnbuzarlar yoki undan ham yomoni, yiringli donachalar ko’proq toshadi. Bunday holda husnbuzarlarni siqish tavsiya etilmaydi, aks holda ularning o’rnida ketkazish qiyin bo’lgan dog’lar paydo bo’lishi mumkin.

Bularning barchasiga dosh berish shart emas, terini tiniq qilish uchun xalqona retseptlardan tortib zamonaviy kosmetologik muolajalarga murojaat qilish mumkin.

Uy sharoitida yuz terisini tiniqlashtirish

Birinchi o’rinda to’g’ri kosmetika tanlash talab etiladi. Ular terining turiga, ayolning yoshiga mos bo’lishi kerak. Shuningdek yuzni sovun bilan yuvishni unutish zarur, u teriga yomon ta’sir qiladi, uni quritadi, bu erta qarishga, ajinlar paydo bo’lishiga olib keladi, ba’zi hollarda allergik reaktsiya berishi ham mumkin.

Yuvish uchun maxsus gellar, ko’piklardan foydalangan yaxshi. Skrabli zarrachalar saqlovchi vositalarga ham e’tibor qaratish mumkin, bunday zarrachalar terining muguzlangan qavatini tozalaydi.

  • Bodyaga. Bu vosita terining tiklanishiga ko’maklashadi. U yuzga aylana harakatlar bilan ishqalab surtiladi. Bunday harakatlar yuzni qo’zg’atib, undagi regeneratsiya jarayonini tezlashtiradi. Ushbu vositadan 2 hafta davomida foydalanib, husnbuzarlardan qolgan yarachalar tuzalayotganini sezish mumkin.
  • Gil. Uning rangi terining turi va hal qilinishi zarur bo’lgan muammolarga qarab tanlanadi. Vositani suv bilan bo’tqa holatiga qadar suyultirigan holda ishatish mumkin. Teri rangini oqartirish uchun esa aralashmagan qoshiq uchida iste’mol sodasi qo’shish kifoya. Niqob quriy boshlaganda, uni suv bilan namlab turib, 15 daqiqa davomida yuzda qoldirish, so’ng yuvib tashlash kerak.
  • Shaftoli donagi yog’i terini oziqlantirish uchun ajoyib vositadir. Undan tunda namlantiruvchi vosita o’rnida foydalanish tavsiya etiladi.
  • Bug’li vannalar. Buning uchun idishda turli xil o’tlarni, masalan, moychechak, qoncho’p, mavrakni qaynatib olish kerak. Suv qaynab chiqqach, idish olovdan olinadi va boshni sochiq bilan o’ragan holda yuz bug’li vanna qilinadi. Buning natijasida teri teshikchalari kengayadi va yuzni UNO qoshiq bilan tozalash mumkin bo’ladi. Muolajadan keyin yuzga steril vosita bilan ishlov beriladi.

Shuningdek, piling-niqob sotib olish tavsiya etiladi. U muguzlangan teri qavatini mukammal darajada yo’q qiladi va terini tozalaydi. Shuningdek, u epidermisning barcha qatlamlarida tiklanish jarayonlarini rag’batlantiradi.

Ushbu niqob haqiqatan ham teriga ijobiy ta’sir ko’rsatadi, ammo undan bir haftada 2 martadan ortiq foydalanib bo’lmaydi. Aks holda u epidermisning chuqur qatlamlariga zarar yetkazishi mumkin.

Professional muolajalar

Professional muolajalar salonda amalga oshiriladi. Tozalash jarayonida teridan husnbuzarlar, lipomalar, qora dog’lar va qoldiq moddalar yo’q qilinadi.

Yuzni tiniqlashtirish uchun muolajalar

  • Lazerli korrektsiya terida turli xil mexanik shikastlanishlardan keyin qolgan chandiqlarni yo’q qiladi. Bunday natijaga lazer chandiqlardagi hujayralarni «parchalab yuborishi» tufayli erishiladi. Umuman olganda, muolaja og’riqsiz sanaladi, yengil achishish sezilishi mumkin. Lazerdan keyin teri faol ravishda kollagen ishlab chiqarishni boshlaydi, buning natijasida regeneratsiya jarayoni ancha tezlashadi.
  • Piling 2 xil bo’lishi mumkin, mexanik va kimyoviy. Birinchi turi abraziv zarralar bilan terini o’lik hujayralardan tozalaydi. Ikkinchi turi organik kislotalar bilan ishlaydi. Pilingni sovuq mavsumda, quyosh kamroq faol bo’lgan davrda o’tkazish tavsiya etiladi.
  • Kislorodli terapiya in’yektsiya yo’li bilan terining tashqi qatlamiga gaz yuborishni nazarda tutadi. Tozalangan kislorod bosim ostida yetkazib beriladi, buning natijasida shikastlangan to’qimalar tezda tiklanadi. Bu usul eski chandiqlardan xalos bo’lish uchun, antiseptik ta’siri tufayli esa husnbuzarlardan qutulishda samarali sanaladi.
  • Kriomassaj yog’ bezlarining ortiqcha ishlashi natijasida paydo bo’lgan akneni davolashda qo’llaniladi. Bunda epidermisning yuqori qatlamiga suyultirilgan azot yordamida sovuq harorat ta’sir ettiriladi. Jarayon eng past haroratda amalga oshiriladi, bu metabolik jarayonlarni rag’batlantiradi, teri teshikchalarini toraytiradi, yallig’lanishni yo’qotadi. Muolajadan so’ng yuz terisi qizarib ketishi yoki shishishi mumkin, ammo 1 soat ichida barchasi normal holatga qaytadi.
  • Biorevitalizatsiya kichik ajinlarni yo’q qilishga qaratilgan muolaja. Tarkibida turli xil kislota, vitamin va fermentlar saqlanadigan bunday in’yektsiya kollagen ishlab chiqarilishini faollashtirishi natijasida teri ostidagi burmalar tekislanadi, teri rangi tiniqlashadi.

Xalqona vositalar

Uy sharoitida tayyorlanadigan go’zallik mahsulotlari samaradorligi yuqoridagilardan kam emas. Ba’zi tabiiy mahsulotlar salon muolajalari bilan tenglashadigan ta’sir ko’rsatadi. Asosiysi, ularni to’g’ri birlashtirish va tayyorlashga ozgina vaqt sarflash.

  • Qatiqli niqob. Paxtali bolishcha qatiqqa botirilib, yuz artiladi, qurigach yuvib tashlanadi. Muolaja shu tarzda 10 marotaba takrorlanadi;
  • Bodringli niqob. Buning uchun bodringni shunchaki ingichka qilib kesish ham, undan bo’tqa tayyorlash ham mumkin. Vosita yuzga surtilib, 15 daqiqaga qoldiriladi, so’ng iliq suvda yuvib tashlanadi;
  • Asal va limonli niqob. Asalni ozgina ilitib, unga bir necha tomchi limon sharbati tomizish kerak. Yuzga yupqa qavat qilib qo’llab, ustidan qog’oz salfetka bilan yopib qo’yiladi va 15 daqiqadan so’ng yuvib tashlanadi. Shuningdek niqobga 1 choy qoshiq dengiz tuzi qo’shib, undan skrab sifatida foydalanish ham mumkin;
  • Tuxum oqi va sarig’idan niqoblar. Bular alohida ishlatiladigan 2 xil niqob. Tuxum oqi kengaygan teri teshikchalarini toraytiradi va yoqimsiz yog’li yaltirashni yo’q qiladi. Tuxumning sarig’i esa quruq terini namlaydi. Niqobni qo’llash ham oddiy: yuzga ingichka qavat qilib surtib, to’liq qurigach yuvib tashlash;
  • Petrushka va shivitli niqob. Ko’katlarni blenderga solib, bo’tqasimon holatgacha maydalab, aralashmaga 1 qoshiq smetana qo’shiladi, so’ng yuzga surtib, 25 daqiqa davomida qoldiriladi;
  • Normal teri uchun. Kivi va banan qaymoqdek qilib ezib maydalanadi, so’ng unga tuxum va zaytun yog’i qo’shib, yaxshilab aralashtiriladi. Yuzga qo’llab, taxminan 15 daqiqa qoldiriladi. Niqob terini mukammal ravishda tozalaydi va tonusini oshiradi.

Natija uzoq muddat saqlanib turishi uchun go’zallik muolajalarini haftada bir necha marta o’tkazish tavsiya etiladi.

Kosmetik vositalar

Yuzga qirmizi bilan pardoz berish

Terini tiniqlashtirish muolajalarini qo’llash davomida hali yo’qolmagan kamchiliklarni yashirish uchun kosmetik vositalardan foydalanish mumkin:

  • Pardoz uchun asos. Uning ham teri turiga mos keladigan xillari mavjud. Masalan, kengaygan teri teshikchalarini silliqlash, yog’li terini quruqlashtirish, quruq terini namlash uchun mo’ljallanganlari.
  • Tonal vosita. Yuz terisi rangini tekis qiladi, tiniqlashtiradi, kichik kamchiliklarni yashiradi. Ushbu vositani terining rangiga mos keladigan turini tanlash juda muhimdir;
  • Korrektor yoki konsiler. Bu vosita tonal krem uddalay olmaydigan jiddiyroq muammolarni aniq yashiradi. Ular qatoriga ko’karishlar va ko’zlar ostidagi xaltalar, husnbuzarlar, pigmentli dog’lar kiradi.

Oldingi usul bilan barcha tabiiy soyalar yashiriladi, yuz terisi tiniqlashadi, endi barchasini chiroyli holatga keltirish uchun pardoz usullarini qo’llash kerak. Masalan qirmizi yordamida yuzga hajm berish mumkin.

Jami baholar / 5. Ovozlar soni:

Reklama

Yuklanmoqda...

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.