Prolaktin darajasi oshishi — sabablari, asoratlari, davolash, me’yor darajalari

Prolaktin (laktotrop gormon, laktogen gormon, mammotropin, mammotrop gormon) — gipofiz old qismining atsidofil hujayralari ishlab chiqaradigan gormonlaridan biri. Kimyoviy tuzilishiga ko’ra peptid gormon sanaladi. Ushbu gormonning deyarli barcha ta’sirlari reproduktsiya bilan bog’liq. Asosiy ta’sir qiladigan a’zo esa ko’krak sanaladi.

Prolaktin gormoni haqida

Ayol organizmidagi roli

Prolaktin gormoni ko’krak shakllanishi va o’sishida (gormon sut yo’llari rivojlanishida ham), bola tug’ilgandan keyin esa sut ishlab chiqarishda ishtirok etadi. Bundan tashqari, ovulyatsiya ham prolaktinga bog’liq. Ushbu gormon progesteron ishlab chiqarishni tartibga solishda qatnashadi: uning ko’payishi progesteron ishlab chiqarilishining pasayishiga va natijada ovulyatsiya jarayonlarining sekinlashishiga olib keladi.

Homiladorlik davrida prolaktin darajasi sezilarli darajada oshadi. Bu normal jarayon. Tug’ruqdan so’ng, laktatsiya (emizish) davrida uning darajasi yuqoriligicha qoladi (garchi homiladorlik bilan taqqoslaganda u biroz tushsa ham). Bu holat emizish paytida homilador bo’lish ehtimolligi juda pastligini tushuntiradi. Ammo, agar hayz sikl tiklangan bo’lsa, emizishni kontratseptsiya usulining ishonchli usuli deb hisoblab bo’lmaydi.

Homiladorlikdan tashqari davrda prolaktin darajasi hayz siklining kuniga qarab o’zgarib turadi. Gormon darajasining homiladorlik yoki emizish bilan bog’liq bo’lmagan kuchli va barqaror o’sishi organizmga salbiy ta’sir qiladi. Bunday holat giperprolaktinemiya deb ataladi[1].

Norma darajasi

Sikl fazasi Me’yor darajasi
Follikulyar (taxminan 1-13 kun) 4,1 — 30 ng / ml gacha
Ovulyatsiya (taxminan 14 kun) 6,5 — 50 ng / ml gacha
Lyuteinli (taxminan 15-28 kun) 5 — 41 ng / ml gacha

Homilador ayollar va emizikli onalar uchun prolaktinning me’yor darajasi ancha yuqori. Gormon darajasi birinchi trimestrda ko’tarila boshlaydi, uchinchisida esa cho’qqi ko’rsatkichga yetadi.

Ushbu davrda 318 ng / ml gacha bo’lgan kontsentratsiya me’yoriy hisoblanadi. Bundan tashqari, agar prolaktin darajasi bu chegaradan chiqib ketadigan bo’lsa ham, bu patologiya mavjudligini ko’rsatmaydi. Homilador ayollar odatda ushbu gormon darajasi ko’rsatkichlari haqida tashvishlanishlari shart emas.

Prolaktin darajasining oshishi

Homilador va emizikli bo’lmagan ayollar uchun norma chegaralari yetarlicha kengdir. Vaqti-vaqti bilan prolaktin darajasi yuqori belgidan o’tib ketishi mumkin va bu organizmda jiddiy muammolar mavjudligini ko’rsatmaydi. Gormon darajasi emotsional stress, ma’lum dori-darmonlarni qabul qilish va boshqa tashqi fiziologik omillar tufayli o’zgarishi mumkin.

Ammo bunda me’yordan oshish barqaror va sezilarli darajada bo’lsa, xavotirlanish mumkin. Muammolar haqida quyidagi belgilar dalolat beradi:

  • Menstrual siklning hayz ko’rmaslikka qadar buzilishi;
  • Ko’z bilan bog’liq muammolar (ko’rish o’tkirligining pasayishi);
  • Sut bezlaridan ajralmalar kelishi;
  • Sut bezlarining dag’allashishi, ularning kattalashishi;
  • Bosh og’rig’i;
  • Jinsiy maylning pasayishi;
  • Normal jismoniy faollik va ovqatlanish paytida ham vazn ortishi.

Ushbu belgilar giperprolaktinemiya mavjudligini da’vo qilish uchun asos bo’la olmaydi. Ammo agar ular kuzatiladigan bo’lsa, ginekolog-endokrinologga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Sabablari

Gipofiz bezining ushbu gormoni ko’p ishlab chiqarilishiga olib keladigan omillar ko’p, xususan:

  • Gipofiz bezining yaxshi sifatli o’smalari (prolaktinoma va adenomalar);
  • Gipotireoz (qalqonsimon bez funktsiyasining pasayishi);
  • Polikistoz tuxumdon sindromi;
  • Buyrak (SBK) va jigar kasalliklari;
  • Buyrak usti bezi po’stlog’i disfunktsiyasi;
  • Doimiy stress;
  • Jigar sirrozi;
  • Autoimmun kasalliklar — revmatoid artrit, diffuz toksik buqoq, tizimli qizil volchanka;
  • Gipovitaminoz B6;
  • Galaktoreya, amenoreya sindromlari;
  • Bosh miya patologiyalari.

Ba’zi patologiyalar esa, aksincha, prolaktin darajasining tushib ketishiga sabab bo’ladi, ular:

  • Gipofiz apopleksiyalari (Shixan sindromi);
  • Muddatidan o’tib ketgan homiladorlik;
  • Ba’zi dori vositalari qabuli: dofaminergik vositalar (dopamin, levodopa, bromokriptin, kabergolin, tergurid, ropinirol), kalsitonin, kon’yugatsiyalangan estrogenlar, siklosporin A, deksametazon, apomorfin, morfin, nifepidin, rifampitsin, sekretin, bombezin, tamoksifen.

Asoratlari

Prolaktin darajasi doimiy ravishda yuqori bo’lishi  nafaqat patologiyalardan dalolat beradi. Giperprolaktinemiya boshqa kasalliklarning rivojlanishini, xususan reproduktiv tizim faoliyatida nosozliklar keltirib chaqirishi mumkin.

Prolaktinning ko’payishi tufayli hayz sikl tartibsiz bo’lib qoladi, tuxum hujayraning yetilishi va chiqishi jarayoni buziladi va follikulstimulyatsiyalovchi gormon (FSG) ishlab chiqarish kamayadi. Ushbu o’zgarishlarning natijasida bepushtlik yuzaga kelishi mumkin.

Giperprolaktinemiyaning boshqa salbiy oqibatlariga ko’rishning pasayishi, xotira buzilishi, uyqu va hissiy holat bilan bog’liq muammolar kiradi.

Giperprolaktinemiyani tashxislash

Gormon darajasi yuqoriligini faqatgina alomatlarga asoslanib aniqlash imkonsiz. Tashxislashning yagona ishonchli yo’li bu qon tahlilidir. Tahlil ertalab topshiriladi, qon venadan olinadi. Bu vaqtda bemorga xotirjam kayfiyatda bo’lish tavsiya etiladi.

Tahlil uch marta amalga oshiriladi, chunki prolaktin darajasini siklning turli bosqichlarida aniqlash kerak. Tashxisda gormonal profilni o’rganishdan tashqari, qo’shimcha testlar ham qo’llaniladi. Agar giperprolaktinemiya tasdiqlansa, ginekolog-endokrinolog mammografiya, miyaning magnit-rezonans tomografiyasi o’tkazishga yo’llanma berishi mumkin.

Gormon darajasini pasaytirish

Giperprolaktinemiyani davolash odatda gipofiz gormon ishlab chiqarishni ko’payishiga olib kelgan muammoni bartaraf etishdan iborat bo’ladi. Shunga ko’ra, uning darajasini tushirish taktikasi turlicha bo’lishi mumkin:

  • Fiziologik sabablar tufayli bo’lsa (dori-darmon, haddan tashqari jismoniy va hissiy stress va boshqalar), bu omillarni istisno qilish kifoya;
  • Gipofiz o’smalari holatida — dofamin agonistlari bilan medikamentoz terapiya. Bu qondagi gormon kontsentratsiyasini pasaytirish va neoplazmalarni kamaytirishiga qaratilgan;
  • Gipotireoz yoki buyrak usti bezi disfunktsiyasida — gormonal terapiya;
  • Gipofiz o’smasini jarrohlik yo’li bilan olib tashlash — odatda dorilarni qabul qilish ish bermasa qo’llaniladi;
  • Radiatsion terapiya — o’simta olib tashlanganidan keyin yoki dorilar bilan birgalikda qo’shimcha usul sifatida ishlatilishi mumkin.

Erkaklar ham giperprolaktinemiyaga duch kelishlari mumkin. Erkaklarda prolaktin darajasi yuqoriligi reproduktiv funktsiyaga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Tashxis qo’yish va davolash endokrinolog ishtirokida olib boriladi.

Prolaktin ko’pligi bepushtlikning eng keng tarqalgan bo’lmasa ham, tez-tez kuzatiladigan sabablaridan biri. Yaxshiyamki, aksariyat hollarda davolab bo’linadigan muammo sanalib, ko’p jiddiy aralashuvni talab qilmaydi.

Prolaktin darajasini nazorat qilish — ayolning salomatligiga qayg’urishining muhim qismi bo’lishi kerak. Agar giperprolaktinemiya borligidan shubha qilsangiz yoki homilador bo’lishni rejalashtirish bosqichida gormonal fonni tekshirishni istasangiz, endokrinolog-ginekologga tashrif buyurib, tekshiruvlardan o’tish tavsiya etiladi.

Jami baholar 5 / 5. Ovozlar soni: 1

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.

Telegram kanalimizga qo'shiling va eng so'nggi yangiliklardan birinchilardan xabardor bo'ling!
A'zo bo'lish