Suvchechak — alomatlari, yuqish yo’llari, davolash, asoratlari, oldini olish

Suvchechak (lot. Varicella) —  o’tkir virusli kasallik, havo-tomchi yo’l orqali yuqadi. U isitmasimon holat, butun tana bo’ylab qizil toshmalar va donachalar paydo bo’lishi bilan namoyon bo’ladi. Kasallikning takroran kuzatilishi kamdan-kam hollarda qayq qilinadi. Odatda insonlar hayoti davomida bu kasallikka bir marta duchor bo’lishadi.

Bolalarda suvchechak kasalligi

1990-yillarning o’rtalariga kelib kasallikka qarshi vaksina kashf etilganligi sababli hozirgi kunda kasallanishlar soni keskin kamaygan.

Qo’zg’atuvchisi

Suvchechak qo’zgatuvchisi Varicella Zoster virusi bo’lib, o’lchami yirik, oddiy yorug’lik mikroskopida ko’rinadi. Kasallikning 3-4-kunidan boshlab toshmalar ichidagi suyuqlikda aniqlanadi. Virus tashqi muhitga chidamsiz bo’lib, quyosh nurlari ta’siri, qizdirish, ultrabinafsha nurlari ostida tezda nobud bo’ladi. Organizmdan tashqarida uning yashovchanligi o’rtacha 10 daqiqani tashkil etadi. Qo’zg’atuvchi 3-tip gerpes guruhi viruslariga mansub.

Varicella Zoster virusi
Virusning tasviri

Kasallikka ta’sirchanlik 70 foizni tashkil etadi. Bemorlar kasallikni toshma toshishidan 24 soat oldin va toshmalarning usti qobiq bilan qoplanguncha muddat oralig’ida atrofdagilarga yuqtirishi mumkin. Aksariyat hollarda virus bilan zararlanish kasallangan kishi bilan aloqa qilish natijasida yuzaga keladi. Keng tarqalgan yuqish yo’llari:

  • So’lak;
  • Yo’tal;
  • Aksa urish;
  • Pufakchalardagi suyuqlik bilan aloqa qilish.

Kasallik asosan 6 oylikdan 7 yoshgacha bo’lgan bolalarga ta’sir ko’rsatadi. Bundan tashqari, homilador ayollar kasallanganda, homila ham suvchechak bilan kasallanishi ehtimoli mavjud bo’ladi. Bu bolada tug’ma nuqsonlarga olib kelishi mumkin, masalan badbasharalikka. Kasallik shifo topganidan so’ng organizmda barqaror immunitet hosil bo’ladi.

Alomatlari

Toshma kattaligi 2-4 mm bo’lgan qizil donachalardan iborat. Ular bir necha soatdan keyin papulaga aylanadi, keyin esa vezikulaga. 1-3 kun o’tgach, vezikulalar yuzaki qobiq (yara) qoldirib quriydi. Shu bilan birga, shilliq qavatda asta-sekin enantema — sarg’ish-kulrang yuzaki qobiq hosil bo’ladi.

Suvchechakning inkubatsion davri 7-21 kun davom etadi. Ya’ni infektsiya toshma va boshqa alomatlar boshlanishidan shuncha kun oldin organizmga tushgan bo’ladi. Boshqa belgilar bir necha kun davom etib, quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • Isitma;
  • Bosh og’rig’i;
  • Ishtaha yo’qolishi.

Odam sog’ayishdan oldin kasallikning uch bosqichdan o’tadi:

  1. Qizil va pushti donachalar butun tanada rivojlanadi;
  2. Donachalar suyuqlik bilan to’lgan pufakchalarga aylanadi;
  3. Pufakchalar qattiqlashib, yuzaki qobiq paydo bo’ladi.

Tanadagi toshmalar bir vaqtning o’zida yo’qolmaydi. Virus faoliyati davomida yangi vezikulalar paydo bo’lib turadi. Pufakchalar kuchli qichishi mumkin, ayniqsa, usti qobiq bilan qoplanishidan oldin. Donachalar butunlay yo’qlishi uchun 7-14 kun vaqt ketadi.

Xavf guruhi

Infektsiyaga qarshi immunitet mavjud yoki vaktsina olganlik suvchechak ta’sir qilishi xavfini sezilarli darajada kamaytiradi. Virusga qarshi immunitet onadan chaqaloqqa o’tishi mumkin bo’lib, bolada uch oygacha saqlanib turadi.

Oldin virusga duchor bo’lmagan har bir kishi suvchechak bilan kasallanishi mumkin. Quyidagi sharoitlarda kasallanish xavfi ortadi:

  • Infektsiyalangan bemor bilan aloqada bo’lish;
  • Maktabda yoki bolalar muassasasida vaqt o’tkazish;
  • 12 yoshgacha bo’lgan bolalar;
  • Bolalar bilan yashaydigan, suvchechak bilan kasallanmagan kattalar;
  • Kasallik yoki dorilar tufayli immun tizimi zaiflashgan shaxslar.

Homilador ayollarda suvchechak kasalligi homiladorlikni sun’iy tugatish uchun ko’rsatma bo’lib xizmat qilmaydi. 14-haftagacha bo’lgan muddatda kasallanganda, homilla uchun xavf 0,4 foizni, 14-20 hafta oralig’ida esa 2 foizni tashkil etadi. 20-haftadan keyin bu xavf ko’rsatkichi juda past bo’ladi. Homiladorlik davrida spetsifik immunoglobulin bilan davolash bo’lajak farzand uchun hatto shu minimal darajadagi xavfni ham keskin pasaytiradi.

Biroq infektsiyalanish tug’ruqdan 4-5 kun oldin sodir bo’ladigan bo’lsa, bu homila uchun og’ir asoratlar bilan yakunlanishi mumkin.

Tashxislash

Agar teri ustida notanish donachalar rivojlansa va ayniqsa, toshmalar toshishi shamollash (O’RVI) yoki grippdagi kabi belgilari bilan birga kechsa, ayniqsa homilador ayollarda, iloji boricha tezroq shifokorga murojaat qilish kerak.

Shifokor suvchechakni teridagi donachalar va jismoniy tekshiruv asosida tashxislashi mumkin. Laboratoriya tekshiruvlariga esa tashxisni tasdiqlash uchun murojaat qilinadi.

Suvchechakni davolash

Suvchechakni davolash ham ambulator sharoitda (yengil hollarda), ham statsionarda (asoratlar mavjudligida) amalga oshiriladi. Asosan ko’proq dam olish tavsiya etiladi.

Eng samarali davo chorasi kompleks tadbirlar bo’lib, tartib, parhez, medikamentoz davolash, shuningdek xonani shamollatish, gigiena qoidalariga amal qilish, isitmani jismoniy ravishda tushirishlarni o’z ichiga oladi. Isitmali davrning butun davomida yotoq tartibiga amal qilish ko’rsatiladi. Qichishishni bartaraf etish uchun antigistaminlar yoki malhamlar buyurilishi mumkin.

Mahalliy terapiya bakterial zararlanishni oldini olish uchun shikastlangan teri va shilliq qavatlarni dezinfektsiyalovchi eritmalar (Kastellani eritmasi, gentsian binafsharangi, metilen ko’ki, kaliy permanganat eritmasi) bilan ishlov berishni o’z ichiga oladi. Brilliant yashili zaruriy davo chorasi hisoblanmaydi. Vezikulalarni quritish uchun sintetik taninlar, terini yumshatish va tiklanishini tezlashtirish uchun allantoin, dekspantenol saqlovchi vositalar ishlatiladi.

Isitmani tushirish uchun paratsetamol keng qo’llaniladi. Ehtimoliy asoratlari tufayli ibuprofen tavsiya etilmaydi. Aspirin va uni saqlovchi boshqa vositalar suvchechak (isitma chaqirishi mumkin bo’lgan boshqa kasalliklarda bo’lgani kabi) bilan og’rigan bolalarga berilmasligi kerak. Bu holda o’lim xavfi yuqori bo’lgan Rey sindrom rivojlanishi xavfi mavjud.

Kasallikdan so’ng terida izlar qolmasligi uchun hosil bo’lgan qobiqlarni yulib olmaslik kerak. Shu sababga ko’ra bolalar terisini qashilashiga yo’l qo’ymaslik kerak. Bunday hollarda ota-ona bolaning terisini yumshoq sochiq bilan yengil urib-urib qo’yishi mumkin. Bundan tashqari, issiq vannalar qabul qilish, yengil va yumshoq kiyimlar kiyish tavsiya etiladi.

Virus tufayli asoratlar yoki ikkilamchi kasalliklar rivojlanish xavfi mavjud bo’lsa, shifokor antivirus preparatlarni buyurishi mumkin. Ushbu antivirus preparatlar suvchechakni davolamaydi, ular virus faoliyatini sekinlashtiradi. Bu inson immunitet tizimini tezroq qayta tiklanishiga imkon beradi.

Asoratlari

Quyidagi hollarda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak:

  • Donachalar ko’zlar atrofiga tarqalsa;
  • Ular qizarib, yiring saqlasa (ikkilamchi bakterial infektsiyaning belgilari);
  • Bosh aylanishi yoki nafas qisilishi kuzatilsa.

Asoratlar odatda quyidagi toifa kishilarga tahdid soladi:

  • Bolalar;
  • Keksa odamlar;
  • Immun tizimi zaif bo’lgan odamlar;
  • Homilador ayollar.

Bu toifadagi insonlarda pnevmoniya, shuningdek terining, bo’g’im yoki suyaklarning bakterial infektsiyalari ham rivojlanishi mumkin. Homiladorlik davrida suvchechak bilan kasallangan ayollardan tug’ma nuqsonli bolalar tug’ilishi mumkin, xususan ularda:

  • Bo’yning past bo’lishi;
  • Kichkina bosh o’lchami;
  • Ko’z bilan muammolar;
  • Cheklangan intellektual salohiyat.

Organizm ko’pincha suvchechak bilan mustaqil kurasha oladi. Kasallik namoyon bo’lganidan bir-ikki hafta o’tgach, normal faoliyatga qaytish mumkin bo’ladi. Tuzalgach, aksariyat insonlarda virusga qarshi immunitet rivojlanadi. Qayta kasallanish kamdan-kam hollarda kuzatiladi. Umuman olganda kasallikning yakuni ijobiy hisoblanadi.

Oldini olish

O’ziga xos profilaktika usuli vaktsinatisya hisoblanadi. U uzoq yillar davomida saqlanib turadigan barqaror immunitet shakllantiradi. Emlash quyidagi sxema bo’yicha olib boriladi:

  • «Okavaks» vaktsinasi: 12 oylikdan kichik bo’lgan barcha bolalar — bir marta bitta doza (0,5 ml);
  • «Varilriks» vaktsinasi: 1 yoshdan oshgan bolalar va kattalar uchun 6-10 hafta oraliq bilan ikki marta;
  • Favqulodda profilaktika (har qanday turdagi vaktsina): aloqadan keyin dastlabki 96 soat (tavsiya etilgan muddat 72 soat) ichida 1 doza.

Ota-onalarga farzandlarini maktabga yubormaslik tavsiya etiladi. virus tarqalishini oldini olish uchun bolani to’g’ri parvarishlash kerak. Infektsiyalangan kattalar ham uyda qolishlari kerak. Viusning tashqi muhitga chidamsizligi tufayli xona dezinfektsiyasi talab etilmaydi. Shunchaki xonani vaqti-vaqti bilan shamollatib turish va nam usulda tozalash kerak.

Jami baholar 4.3 / 5. Ovozlar soni: 36

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.