Qizamiq — belgilari, yuqish yo’llari, asoratlari, davolash, oldini olish

Qizamiq (lot. Morbili) — o’tkir infektsion virusli infektsiya bo’lib, o’ta yuqumli hisoblanadi. Kasallik belgilari yuqori isitma, xarakterli toshma, tomoq og’rig’i, yo’tal, organizmning jiddiy intoksikatsiyasi bilan namoyon bo’ladi. Qizamiq bilan har qanday bola, hatto kattalar ham xastalanishi mumkin. Bunda kasallik og’ir kechishi, asoratlar chaqirishi va ba’zan o’limga olib kelishi ehtimoli mavjud.

Bolalarda qizamiq kasalligi haqida

Ushbu kasallik har yili butun dunyo bo’ylab 150 ming kishi, asosan 10 yoshgacha bo’lgan bolalarning umriga zomin bo’ladi. Shu bois, har bir kishi, ayniqsa, yosh bolalarning ota-onasi qizamiq qanday kasallik ekanligini yaxshi bilishlari kerak.

Kasallik sabablari

Infektsiya manbai bemor kishi sanaladi. Virus havo-tomchi yo’l bilan o’tadi va juda yuqumli hisoblanadi.

Kasallik qo’zg’atuvchisi paramiksoviruslar oilasi, morbilliviruslar avlodiga oid RNK-virusdir. Paramiksovirus organizm tashqarisida beqaror bo’lib, ultrabinafsha nurlari, past namlik ta’sirida tezda nobud bo’ladi, lekin quyi haroratda (-70 °C) saqlanib turish xususiyatiga ega.

Yuqish yo’llari

Qizamiq bilan mavsumiy ravishda — okytabrdan aprel oyigacha kasallanish — odamlar bu mavsumda ko’proq yopiq xonalarda to’planib o’tirishlari bilan bog’liq. Bolalarning infektsiyalanishi ko’pincha bog’chalarda sodir bo’ladi. Virus tashqi muhitga chidamsizligi tufayli uchinchi shaxslar orqali kasallanish holatlari juda kam.

Infektsiya qo’zg’atuvchisi bemordan sog’lom odamga havo-tomchi yo’l orqali uzatiladi. Kasallikning toshma toshishiga 3-4 kun qolgan muddatida (inkubatsion davrda) virus faol ravishda tarqala boshlaydi. Bu vaqtda kasallikning klinik belgilari kuzatilmasligi sog’lom odamlarning ehtiyot choralari ko’rmasliklariga sabab bo’ladi.

Umumiy ravishda kasallangan bemor atrofdagilar uchun 7-10 kun davomida xavfli sanaladi. Vaktsina olmagan kishilar bemor bilan yaqin aloqada bo’lishda infektsiyalanish ehtimoli deyarli 100% ni tashkil etadi. Qo’zga’tuvchi shuningdek havo yo’llari orqali uzoq masofalarga tarqalishi mumkin, masalan, zinapoyalar, ko’p qavatli uylarda shamollatish shaxtlari orqali va hokazo.

So’nggi o’n yillikda rejalashtirilgan vaktsinatsiya joriy etilishi natijasida bolalarda kasallanish ko’rsatkichi sezilarli darajada kamaydi, ammo aholining katta yoshli qismi orasida paramiksovirusga qarshi immunitetga ega bo’lmaganlar ko’pchilikni tashkil etadi. Bu kattalar orasida kasallanishlar ko’pligi, shuningdek qizamiq bachadon ichida onadan bolaga o’tishi holatlarini keltirib chiqarmoqda.

Agar odam kasallikka chalinib, tuzalib ketgan bo’lsa, unda umrining qolgan qismiga qadar doimiy immunitet shakllanadi va takroriy kasallanish ehtimoli juda kam. Qayta kasallanish holati odatda immunitet tanqisligi bilan bog’liq bo’ladi.

Ikki yoshgacha bo’lgan bolalarda qizamiq bilan kasallanish odatda onada paromiksovirusga qarshi tabiiy yoki vaktsina hisobiga hosil bo’lgan immunitet mavjud bo’lmaganda kuzatiladi. Chaqaloqlar uchun kasallikning xavfi hisobga olinib, homiladorlikni rejalashtirish davrida ayollarga paramikыovirusga qarshi vaktsina olish tavsiya qilinadi.

Inkubatsion davr

Qizamiq qo’zg’atuvchisi inson organizmiga nafas yo’llarining shilliq qavatlari va ko’rish a’zolari orqali kiradi.

Virus kirganidan uch kun o’tgach, paramiksovirus qon oqimiga o’tadi, limfa tugunlari orqali tarqaladi va taloqda cho’kadi, u yerda inkubatsiya davri davomida (7-17 kun) qon oqimida faol ravishda ko’payadi.

Virusning inkubatsiya davri tugagach, yangi hosil qilingan viruslar butun organizm bo’ylab tarqalib, teri, kon’yuktiva, oshqozon-ichak trakti a’zolari, nafas olish va asab tizimini shikastlaydi.

Qizamiq alomatlari

Qizamiq alomatlari kattalar va bolalar organizmining yetukligi, fiziologik jarayonlarning farqi va immunitetning shakllanganligi nuqtai nazaridan farq qiladi. Kattalarda kasallik ko’pincha bolalardagiga nisbatan og’irroq kechadi.

Bolalarda

Bolalarda belgilar kasallikning davriga qarab farq qiladi. Kataral belgilar va umumiy intoksikatsiya bilan ifodalanadigan dastlabki davr 3-5 kun davom etadi.

Simptom Rivojlanish mexanizmi
Gipertermiya Tana haroratining ortishi organizmning himoya reaktsiyasi sanaladi.
Psixomotor qo’zg’alish, uyquning yomonlashishi, tashqi qo’zg’atuvchilarga giperreaktsiya, injiqlik Paramiksovirusning miyaning po’stloq va boshqa sohalariga kirib borishi natijasi.
Shaffof rangli ajralmalar bilan rinit (tumov), tomoq og’rig’i, shilliq qavatning qizarishi va shishishi Virus yuqori nafas yo’llarining kapillyarlariga zarar yetkazadi, natijada burun shilliq qavati faollashadi va himoyaviy oqsil ishlab chiqara boshlaydi. Bu jarayonga tomoq va burun ta’sirlanishi belgilari hamrohlik qiladi. Nafas olish yo’llarining shilliq qavatlari shishishi laringospazmga qadar rivojlanishi mumkin.
Yo’tal Nafas yo’llaridagi yallig’lanish jarayoni ovoz boylamlariga tarqaladi. Qizamiqning o’ziga xos alomatlari — bo’g’iq, xirillagan ovoz va xarakterli «laycha» yo’tal.
Kon’yunktivit, fotofobiya Qovoqlar ichki qoplamlarining shishishi patogen bakteriyalarni ko’payishiga sharoit yaratib beradi, yallig’lanish jarayoni esa yorug’likka ta’sirlanish reaktsiyasi boshlanishiga hissa qo’shadi
Shishlar, yuzning shishganligi Qizamiqning bu belgilari paromiksovirus tomonidan chaqirilgan bo’yin limfa tugunlarida yallig’lanish jarayonlari bilan bog’liq. Bu holat bosh tomirlarida qon va limfa dimlanishi, shish bilan kechadi.
Qizamiq enantemasi Kasallikning 2-4 kunida yumshoq tanglay shilliq qavatida diametri 0,5 santimetrgacha bo’lgan qizil dog’lar shakllana boshlaydi. 24-48 soat ichida shilliq qavatning umumiy giperemiyasi bilan birlashib ketadi.
Velskiy-Filatov-Koplik dog’lari Bu xarakterli dog’lar oziq tishlari atrofidagi lunj shilliq qavatida kasallikning 3-5-kunida paramiksovirus ko’payishi o’choqlarida shilliq qavatning nekrozi tufayli chetlari qizil bo’lgan oq nuqta shaklida bo’ladi.
Oshqozon-ichak traktida Qorin og’rig’i, ovqatlanishdan bosh tortish, ichak shilliq qavatlari shikastlanishi natijasida tez-tez hojat chiqarish, ko’ngil aynishi, qayt qilish.

Qizamiqning kataral davridan so’ng terida xarakterli qizamiq toshmalari toshishi davri keladi. Toshma kasallik manifestatsiyasidan 3-4 kun o’tgach, birinchi navbatda yuzning old qismida paydo bo’ladi. Keyinchalik u bo’yin, gavdaning yuqori qismiga tarqaladi va asta-sekin butun tanani, shu jumladan, qo’l-oyoqlarni qoplab oladi.

Qizamiq toshmalari dog’li-papulyoz ekzantema deb nomlanadi. U teri sathidan ko’tarilib turuvchi noto’g’ri shakldagi pushti tugunchalar ko’rinishida bo’ladi. Papulalar qizil dog’lar bilan o’rab olingan bo’lib, bir-biri bilan birlashishga moyil bo’ladi. Bu davrda umumiy intoksikatsiya bosh og’rig’i va isitma bilan namoyon bo’ladi.

Bundan tashqari, ekzantemada yo’tal va tumovning kuchayishi kuzatiladi. Bu muddatning davomiyligi 4-5 kunni tashkil etadi, shundan so’ng dog’lar oqaradi, rangi o’zgaradi, hajmi kichrayadi. Bemorning ahvoli yaxshilanadi, virusning yuqumliligi kamayadi.

Qizamiqning keyingi davriga teri pigmentatsiyasi hamrohlik qiladi.

Simptom Rivojlanish mexanizmi
Toshma rangining o’zgarishi Ekzantema boshlanganidan 5 kun o’tgach, melanin to’planishi natijasida papulyoz tugunlar o’rnida och jigarrang dog’lar paydo bo’ladi («iflos teri» deb nom olgan hodisa).
Epidermis qipiqlanishi Toshmalar hududida muguz epiteliyning o’lik hujayralari to’kila boshlaydi.
Umumiy ahvolning yaxshilanishi Tana haroratining normallashishi, organizm qizamiqqa qarshi antitanalar ishlab chiqarishi natijasida kataral hodisalarning zaiflashuvi.

Ushbu davr 7-10 kun davom etadi va asoratlar bo’lmasa, shifo topish bilan tugaydi.

Kattalarda

Kattalarda qizamiqning klinik ko’rinishi bolalardagi kabi davrlarga ega. Biroq, alomatlar yanada aniq ifodalanadi, kasallik og’irroq kechadi, asoratlar ehtimolligi yuqori bo’ladi. Alomatlarga taxikardiya (daqiqasiga 100 martadan ortiq), qon bosimining pasayishi, toshmalar kapillyarlarni shikastlashi tufayli teri osti qon ketishlari qo’shiladi.

Qizamiqning atipik shakllari

Qizamiqning odatiy klinik ko’rinishida barcha xarakterli belgilari saqlanib qolsa, atipik shakllarida alomatlar farq qilishi mumkin, xususan:

  • Zaiflashgan shakl. Bu kasallikning inkubatsion davrida profilaktik muolajalarini  (immunoglobulin, steroid gormonlar kiritish, qon, immunitetli donorlar plazmasi quyish va boshqalar) o’tagan bemorlar uchun xosdir. Bunday holda inkubatsiya muddati 21 kungacha uzayishi mumkin. Bu shaklda alomatlar aniq ifodalanmaydi. Tana harorati normal bo’lishi yoki subfebril darajagacha ko’tarilishi mumkin. Toshma vaqti qisqaradi, shilliq qavatlarda toshmalar mavjud bo’lmaydi, ekzantema oqimtir bo’ladi. Kasallik tezda va asoratlarsiz o’tib ketadi.
  • Abortiv shakl. Bu shakl odatiy qizamiq infektsiyasi kabi boshlanadi, ammo 2-3 kun o’tgach kasallikning klinik belgilari yo’qoladi. Gipertermiya faqat birinchi kuni sodir bo’ladi, undan keyin harorat normal darajaga qaytadi. Toshma asosan yuz qismida va gavdaning yuqori qismida bo’ladi.
  • Xira shakl. Bu vaktsinatsiya olgan bemorlar uchun ko’proq xos. Alomatlar aniq ifodalanmaydi, bemor tezda va asoratlarsiz shifo topadi.
  • Asimptomatik shakl. O’ziga xos alomatlar kuzatilmasligi bilan ajralib turadi va faqat qonni immunoglobulinlar uchun laborotoriya tahlili natijasida aniqlanadi.
  • Og’irlashgan shakl kamdan-kam uchraydi. Organizmning kuchli intoksikatsiyasi, gemorragik sindrom bilan kechadi, ko’pincha kattalar uchun xos sanaladi.

Tashxislash

Ko’pgina hollarda qizamiq infektsiyasining aniq klinik ko’rinishi mavjudligi vizual ko’rikdan keyinoq tashxis qo’yish imkonini beradi. Biroq, kasallikning dastlabki bosqichlarida, yengil yoki atipik shaklida, shuningdek boshqa infektsiya qo’shilishida toshma toshishi o’xshash bo’lgan skarlatina, qizilcha va infektsion eritema kabi kasalliklarda differentsion tashxis talab etilishi mumkin.

Laboratoriya diagnostikasida virusologik va serologik usullar qo’llaniladi:

  1. Virologik usulda o’rganish uchun material buruh-halqum surtmasi, ko’z ajralmalari, peshob sanaladi. Biologik materialda virus mavjudligini aniqlash uchun immunoflyuorestsent, faza-kontrast va flyuorestsent mikroskopiya amalga oshiriladi.
  2. Serologik usulda agglyutinatsiya reaktsiyasini, komplement bog’lanishi va boshqalarga murojaat qilinadi. Tahlil ikki marta amalga oshiriladi: kasallikning boshida va ikki haftadan so’ng. Antitana titrinining 4 yoki undan ortiq martaga oshishi qizamiqqa tashxis qo’yish mezoni sifatida xizmat qiladi.

Qo’shimcha tadqiqotlar kasallikning rivojlanish xususiyati va asoratlar yuzaga kelishini aniqlashga imkon beradi. Ko’pincha terapiyani nazorat qilish va tuzatish uchun siydik tahlili buyuriladi. Agar kasallikning asorati sifatida o’pka yallig’lanishiga shubha qilinadigan bo’lsa, ko’krak qafasi a’zolarining rentgenologik tekshiruvi talab qilinadi.

Qizamiqni davolash

Bugungi kunda aynan paramiksovirusga qarshi kurashga qaratilgan o’ziga xos terapiya mavjud emas. Davolash alomatlar jiddiyligini kamaytirish, asoratlarning oldini olish yoki tuzatishga asoslangan bo’ladi.

Kasallik boshlangach, dastlabki 7-10 kun davomida yotoq tartibga amal qilish, sut-sabzavotli parhezga rioya etish katta ahamiyatga ega. Taomnomadan achchiq, yog’li, qovurilgan, oshqozon-ichak traktining shilliq qavatini qo’zgatish xususiyatiga ega boshqa mahsulotlar chiqarib tashlanadi.

Bemorda isitma, tez-tez hojat chiqarish, ich ketishi inobatga olinsa, yetarli miqdorda suyuqlik ichish muhim o’rin tutadi. Zarurat tug’ilganda elektrolitli eritmalardan foydalaniladi.

A vitamini yetishmovchiligi bo’lgan bemorlarda kasallik sezilarli darajada og’irroq kechishi ma’lum. Shuning uchun mono- yoki multivitamin buyurilishi qizamiqni davolashning bir qismi sanaladi.

Medikamentoz terapiya

Simptomatik terapiya kasallik qanday alomatlar bilan kechayotganligiga bog’liq: aynan klinik belgilar tanlanadigan dori vositasini belgilab beradi.

  • Kon’yunktivitda kon’yunktiva fiziologik eritma, boychechak damlamasi, iliq qaynatilgan suv, 2% natriy bikarbonat eritmasi (iste’mol sodasi) bilan yuviladi. Agar kon’yunktivit bakterial tabiatli bo’lsa va yiringli ajralmalar kuzatilsa, antibakterial ko’z tomchilari buyuriladi.
  • Tumovda vaziyatni yengillashtirish uchun mahalliy ta’sir qiluvchi tomir toraytiruvchi vositalar va burun yo’llarini yuvishga murojaat qilinadi.
  • Quruq, tez-tez, holdan toydiradigan yo’tal kuzatilganda yo’talga qarshi dori-darmonlar tayinlanadi.
  • Tana haroratining yuqoriligi yoki gipertermiya fonida konvulsiv reaktsiyaga moyillik mavjudligida isitma tushiruvchi dorilarga murojaat qilinadi.

Ayrim hollarda terapiya tananing himoya qobiliyatini kuchaytirishga qaratilgan bo’ladi. Agar bolada og’ir intoksikatsiya belgilari kuzatilsa yoki bemor zaiflashgan katta yoshli shaxs bo’lsa, bu holat bemorning umumiy immunitet samaradorligini oshirish uchun immunoglobulin qo’llagan holda statsionarda davolanish uchun ko’rsatma sanaladi. Jiddiy allergik reaktsiyalar, intoksikatsiya belgilari, shishlar kuzatilganda antigistaminlardan foydalanish mumkin (Suprastin, Fenistil, Zirtek va boshqalar).

Asoratlar va qo’shimcha infektsiya bo’lmasa, antibiotikli terapiya ko’rsatilmaydi. Agar bakterial infektsiya belgilari mavjud bo’lsa, penitsillin, sefalosporin, makrolidlar guruhi antibiotiklari buyuriladi. Asoratlarni davolash statsionar sharoitda amalga oshiriladi.

Dorivor vositalar patologik jarayonga qaysi a’zo jalb etilganligiga qarab tanlanadi. Qizamiqning meningit, ensefalit va pnevmoniya kabi asoratlarni davolash kerak bo’lsa, turli bo’linmalarda, jumladan, intensiv terapiya va reanimatologiya bo’limida bo’lish talab etilishi mumkin.

Oldini olish

Qizamiq pankreatit, meningit, ensefalit, obstruktiv bronxit, laringostenoz va boshqa shu kabi asoratlari tufayli xavflidir. Keng tarqalgan fikrga qaramasdan, kasallik faqatgina terida toshma toshishi va isitma bilan chegaralanib qolmaydi, balki turli ichki a’zolarga sezilarli ta’sir ko’rsatishi mumkin va uzoq reabilitatsiya davrini talab qiladi. Bunday asoratlar nogironlikni keltirib chiqarishi yoki o’limga sabab bo’lishi mumkin.

Infektsiyani oldini olish uchun 1 yoshdan 6 yoshgacha bo’lgan kichik bolalarni  emlash amalga oshiriladi. Emlashdan keyin immunitet uzoq vaqt saqlanib turadi, lekin doim ham butun umr davomida emas. Shuning uchun kattalarga postvaktsinal immunitet yo’qolganda revaktsinatsiya ko’rsatiladi.

Bemor bilan aloqa qilganda kasallikning kechishini sezilarli darajada yengillashtiradigan profilaktik chora-tadbir — darhol monovalent vaktsina olishdir.

Jami baholar 3.7 / 5. Ovozlar soni: 23

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.