O’tkir uchli kondiloma — sabablari, alomatlari, erkak va ayollarda davolash

Jinsiy a’zo papillomalari, so’gallari yoki o’tkir uchli kondilomalar — odam papillomavirusi (OPV) faollashganda, anogenital sohada paydo bo’ladigan yaxshi sifatli o’smalardir. Gulkaram to’pgulini eslatib yuboradigan o’smalar ko’rinishidagi klinik tasvir paydo bo’lguniga qadar, virus inson organizmida bir necha yil davomida sezilarli alomatlarsiz yashashi mumkin. Tashqi alomatlarning yo’qligiga qaramay, odam papillomavirusi infektsiyasidan aziyat chekkan kishi jinsiy aloqa paytida uning tarqatuvchisi hisoblanadi, chunki kondiloma jinsiy yo’l bilan yuqadigan infektsiyalar (JYYI) qatoriga kiradi.

odam papillomavirusi (kondiloma qo'zg'atuvchisi) tashxisi

Erkaklar yoki ayollarning anogenital zonasida joylashgan kondilomalar faollashgan odam papillomavirusi saqlashi sababli, u jinsiy aloqa orqali osonlikcha yuqadi. O’smalarning bunday joylashuvi bevosita bemor uchun ham xavflidir, chunki u jinsiy aloqa paytida tezda jarohatlanadi. Jarohatlanishdan so’ng yaxshi sifatli o’simta noxush hidli modda chiqarishi, infektsiyalanishi va xavfli o’simtaga aylanishi mumkin.

O’sishi shilliq qavatning epiteliyi ichiga tomon yo’nalgan bachadon bo’yni yassi kondilomalari ayollar uchun ayniqsa xavflidir. Ushbu turdagi genital papillomani aniqlash qiyin, chunki u epiteliyning chuqur qatlamlarida hosil bo’ladi va rivojlanish paytida yuza sathidan deyarli ko’tarilmaydi. Aniqlangan holatlarning 50 foizida urogenital yo’llarning bu kabi yaxshi sifatli o’smasi displaziya — bachadon bo’yni sirt qatlamining hujayra darajasida deformatsiyasi bilan kechadi.

Hujayralar noodatiy rivojlanishining ushbu jarayoni erta bosqichlarda xavfli deya hisoblanmaydi, ammo u saraton oldi holati sifatida baholanadi.

Kondilomalarning yomon sifatli o’smaga aylanishi mumkinligi tufayli ularni davolashda faqatgina venereologlar ishtirok etmaydi. Ayollar genital papillomalar aniqlanganda ginekolog, erkaklar — androlog, urolog yoki proktolog (perianal papillomalarda) bilan bog’lanishlari mumkin. Agar o’tkir uchli kondilomalarning yomon sifatli tabiati aniqlanadigan bo’lsa, keyingi davolash bilan onkolog shug’ullanadi.

Kondiloma chiqishi sabablari

Papillomavirusli infektsiyani bugungi kunda fanga ma’lum bo’lgan 140 ga OPV keltirib chiqaradi. Ulardan 30 ga yaqin turi faqat urogenital yo’llarga ta’sir qiladi va ularning ikkitasi — 6 va 11 — faollashganda kondiloma sifatida namoyon bo’ladi. OPVning ikkala turi ham onkogenik xatari past bo’lgan onkogen papillomaviruslar qatoriga kiradi. Bu shuni anglatadiki, endogen yoki ekzogen omillar ta’sirida ular epiteliy hujayralarining mutatsiyasiga va xavfli o’smaning rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Bunday mutatsiyalarni quyidagi omillar keltirib chiqarishi mumkin:

  • Infektsion kasalliklar, shu jumladan boshqa JYYKlar;
  • Immunitetning pasayishi;
  • Homiladorlik;
  • Davom etayotgan stressli vaziyat;
  • Kondilomalarning jarohatlanishi va infektsiyalanishi;
  • Gormonal kontratseptiv vositalarni suiste’mol qilish;
  • O’z-o’zini davolash natijasida kelib chiqqan vaginal disbakterioz;
  • Chekish;
  • Salbiy ekologiyaning ta’siri.

Yuqish yo’llari

Yuqorida aytib o’tilganidek, odam papillomavirusi infektsiyasining asosiy yuqish yo’li jinsiy yo’l hisoblanadi. Bu holda prezervativ bilan himoyalanmagan barcha jinsiy aloqalar (oral, anal, vaginal) nazarda tutiladi.

Ammo jinsiy aloqadan tashqari, o’tkir uchli kondilomalar bo’lishiga olib keladigan boshqa kengroq tarqalgan, biroq xavfi kamroq bo’lgan yuqish yo’llari ham mavjud, xususan:

  • Homilaning infektsiyalangan onaning tug’ruq yo’llari orqali o’tishi paytida;
  • Maishiy usul — bemorga tegishli narsalar: sochiqlar, yuvinish vositalari, taroq, ichki va tashqi kiyimlar;
  • O’smani jarohatlash paytida o’z-o’zini infektsiyalash (natijada yangi o’smalar paydo bo’ladi);
  • Umumiy basseyn, sauna, hammom, sport zallariga tashrif buyurganda, chunki OPV nam muhitda uzoq vaqt saqlanadi.

Virus qon oqimiga kirmaydi va shuning uchun butun tana bo’ylab tarqalmaydi. Papillomalarning faollashishi paytida lokalizatsiyasi yakka yoki bir nechta o’smalarning birlashishida o’choqli xususiyatga ega. Ikkinchi holda, anogenital sohada o’tkir uchli kondilomalarning kolonniyalari shakllanadi, ular jinsiy aloqa paytida osonlikcha jarohatlanishi mumkin.

Tashxislash

Dastlabki tashxis jismoniy ko’rik paytidagi birinchi konsultatsiya vaqtida amalga oshiriladi. Klinik tasvirning o’ziga xos belgilari erkak yoki ayolning urogenital sohasida o’tkir uchli kondilomalar mavjudligidir. Ayollar uchun bu o’smalarning ichki jinsiy a’zolarda mavjudligi xarakterlidir. Har ikkala jinsda ham o’smalar perianal sohada, oraliqda, og’iz atrofida aniqlanishi mumkin. Bemorlar jinsiy aloqa paytida noqulaylik va og’riqdan, jarohatlangan kondilomadan yoqimsiz hidli ajralma chiqishi, papilloma tarqalish joyida qichishish mavjudligidan shikoyat qilishlari mumkin.

Urogenital o’smalarni davolashdan oldin OPV turini aniqlashga qaratilgan yuqori aniq tashxis qo’yish talab etiladi. Keyingi muhim diagnostik vazifa kondilomatozni shunga o’xshash klinik tasvirga ega bo’lgan boshqa JYYKlardan farqlash, masalan sifilisdagi keng kondilomalar, kontagioz mollyusk va hokazo. Buning uchun quyidagi laboratoriya sinovlari o’tkaziladi:

  • Jinsiy yo’l bilan yuqadigan infektsiyalarni aniqlashga qaratilgan tahlillar;
  • Endouretral kondilomalar mavjudligini tasdiqlash yoki inkor etish uchun uretro- va kolposkopiya;
  • OPVga antitanalar mavjudligini aniqlash uchun qonni immunologik tahlil qilish;
  • OPV mavjudligini va uning turini aniqlaydigan PZR diagnostikasi;
  • Ayollarda atipik hujayralar mavjudligini aniqlash (displaziya belgisi) yoki istisno qilish uchun PAP testi;
  • Saraton kasalligini istisno qilish uchun gistologik tekshiruv.

Davolash

Kondilomalarni davolash kompleks tarzda olib boriladi. U medikamentoz antivirus terapiya, so’nggi texnologiyalar yordamida o’smalarni olib tashlashni (jarrohlik usuli) o’z ichiga oladi.

Invaziv usullar

Shishlarni olib tashlash texnologiyasi bemorning ahvolidan kelib chiqib tanlanadi. Ko’rsatmalarga ko’ra olib tashlash quyidagi usullar bilan amalga oshiriladi:

  • Neodim yoki karbonat angidridli lazeridan foydalangan holda vaporizatsiya;
  • Radioto’lqinli nurlanish ta’sir ettirish;
  • Suyuq azot bilan kriodestruktsiya;
  • Elektrokoagulyatsiya;
  • Kimyoviy destruktsiya.

Antivirus terapiya

Kondilomalar olib tashlaganidan keyin tegishli antivirus terapiya olib borilmaganda ular boshqa joylarda yana paydo bo’lishi mumkin. OPV tufayli yuzaga kelgan urogenital o’smalar paydo bo’lishining oldini olish uchun medikamentoz terapiyaning eng zamonaviy usullari va vositalariga murojaat qilinadi.

Oldini olish

Papillomavirusli infektsiyani oldini olishning asosiy usuli himoyalangan jinsiy aloqa (prezervativdan foydalanish) sanaladi. Qolaversa, bitta ishonchli jinsiy hamroh bilan munosabatda bo’lish yoki ularning sonini minimal darajagacha qisqartirish tavsiya etiladi, bu ham prezervativdan foydalanishni istisno qilmaydi.

Homilador bo’lishni rejalashtirgan ayollar, terida va shilliq qavatlarda o’zgarishlar bo’lmasa ham, OPVga to’liq tekshiruvlardan o’tish tavsiya etiladi.

JSST bachadon bo’yni saratoniga qarshi profilaktika chorasi sifatida vaktsinatsiyani tavsiya qiladi. Emlashdan keyin insonning immun tizimi ishlab chiqara boshlaydigan himoya tanalari papillomatoz va kondilomatozni keltirib chiqaradigan OPVga qarshi kurasha boshlaydi.

Jami baholar 5 / 5. Ovozlar soni: 1

Reklama

Yuklanmoqda...

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.