Bolalarda gemangioma — sabablari, belgilari, asoratlari, davolash, oldini olish

Bolalarda gemangioma — qonli o’simta yoki qon tomirlardan kelib chiqadigan yaxshi sifatli neoplazmadir. Gemangiomani bolalar jarrohi va dermatolog davolaydi, ba’zi hollarda boshqa soha mutaxassislari konsultatsiyasi kerak bo’lishi mumkin.

Bolalarda gemangiomani tasvirlovchi chaqaloq oyoqchalari surati

Kasallik haqida

Gemangioma homila ona qornida rivojlanish davrida shakllanadi. Normada qon tomirlari ichida endoteliy yoki ichki qatlam bo’ladi. Salbiy omillar ta’siri ostida (O’RVI yoki onaning boshqa infektsiyalari, ba’zi dori vositalari qabuli, rezus-konflikt, yuqori qon bosimi) a’zolar shakllanish bosqichida endoteliy hujayralari boshqa joylarga o’rnashib qolishadi. Ular keyinchalik o’sma shakllanishi manbai bo’lib xizmat qiladi.

Bolalarda gemangiomani aniqlashda o’sma joylashgan soha rentgenografiyasi, angiografiya, UTT, qon ivish xossasini aniqlash kabi tekshiruvlardan o’tish kerak bo’ladi. Davolashda lazer yoki jarrohlik yo’li bilan o’smani olib tashlash, shuningdek nurli terapiya, elektrokoagulyatsiya, krioterapiya, skleroterapiya, gormonal terapiya va boshqalarga murojaat qilinadi.

Kasallik yangi tug’ilgan chaqaloqlarning 1,1-2,6 foizida uchraydi va tez kattlashuvchi va mahalliy destuktuv ta’sirga egaligi bilan xarakterlanadi [1]. Gemangioma qiz bolalarda o’g’il bolalarga nisbatan 2-3 barobar ko’proq qayd etiladi [2].

Gemangioma yaxshi sifatli o’sma bo’lishiga qaramay juda tez o’sishga moyil bo’ladi. U kattalashib, qo’shni to’qimalarni zararlashi, eshituv, ko’ruv, nafas olish a’zolariga o’z ta’sirini o’tkazishi mumkin. Bundan tashqari o’sma infektsiyalanishi, yallig’lanishi va qonashi ham mumkin. Kasallik bolalarga tibbiy muammodan ko’ra ko’proq kosmetik nuqson yetkazadi.

Tasnifi

Aksariyat (95 %) holatlarda bolalarda oddiy gemangioma kuzatiladi. O’z-o’zidan bunday o’smalar hayot uchun xavf tug’dirmaydi, biroq ular boshqa a’zolar — ko’z, quloq, burun, traxeyaga o’sib kirishi mumkin. Bundan tashqari ularning yuzasi hatto kiyimga ishqalanish sababli osonlikcha shikastlanadi, buning oqibatida ular yiringlaydi, qonaydi. Bu juda noxush kosmetik nuqsondir.

Shakliga ko’ra

Gemangiomaning bir nechta tasniflari mavjud. Amaliyotda ko’pincha morfologik belgilariga ko’ra tasniflash keng qo’llaniladi, unga ko’ra:

  • Kapillyar yoki oddiy — teri ustida joylashadi, atrofdagi to’qimalardan yaqqol ajralgan, rangi pushtidan ko’kimtirgacha, yuzasi dag’al, bosilganda oqarishi xarakterlidir;
  • Kavernoz (g’orsimon) — teri ostida joylashadi, dag’al tugun kabi ko’rinishga ega. Ushlab ko’rilganda yumshoq, jismoniy zo’riqishda qon bilan to’ladigan bir nechta bo’shliqlardan iborat. Uning ustini ko’kimtir rangda teri qoplab turadi, barmoq bilan bosilganda rangi oqaradi va qo’yib yuborilganda tezda dastlabki rangiga qaytadi;
  • Kombinatsiyalangan — teri usti va teri osti qismlardan tashkil topadi;
  • Aralash — qon tomirlardan tashqari boshqa nerv to’qimasi (angionevroma), biriktiruvchi to’qima (angiofibroma) va boshqa to’qimalar saqlaydi. O’smaning rangi va tuzilishi uni tarkibiy qismlariga bog’liq.

Gemangiomalar soni turlicha bo’ladi: bitta yoki bir nechta, o’lchamlari ham turlicha — nuqtadek kattalikdan boshlab toki butun anatomik sohani qamrab oladiganlarigacha. Kasallik prognozi uchun o’smaning kattalashish tezligi ham ahamiyatga ega: bunda tez, sekin va umuman kattalashmaydigan o’smalar farqlanadi.

Joylashuviga ko’ra

Joylashuviga ko’ra kasallik quyidagicha tasniflanadi:

  • Boshda — chaqaloqlarda gemangioma ko’pincha boshning sochli qismida rivojlanadi. U yassi va sezilmas bo’lishi mumkin.
  • Yuzda — bu sohada ham gemangiomalar juda ko’p kuzatiladi. Shu bilan birga o’sma uning turli qismlari: peshonaning chet tomonlari, yonoqlar, iyak, qovoqlar, lablar va quloqlarda kuzatilishi mumkin.
  • Orqada — tananing orqa qismida bundy o’smalar kam aniqlanadi. Odatda yassi o’smalar chaqaloqqa noqulaylik tug’dirmaydi, biroq kattaroq o’lchamdagilari ishqalanish sababli shikastlanishi va asoratlanishi mumkin.
  • Oyoqlarda — tananing bu qismida o’sma kamdan-kam hollarda uchraydi. Biroq ularning ham teri sathidan ko’tarilib turadigan shakllari noqulaylik tug’dirishi va jarohatlanishi mumkin. Agar o’sma bo’g’imlarda joylashgan bo’lsa, suyak va bo’g’im shikastlanishi xavfi mavjud.
  • Qo’llarda — yuqoridagi kabi. Ayniqsa qo’ltiq osti va bo’g’imlarda joylashadigan gemangiomalar xavfli sanaladi.
  • Qovoqlarda — yetarlicha tez-tez uchrab turadigan holat. Deyarli yuz foiz holatda davolanishni talab qiladi, boisi faol o’sish fazasida chaqaloq ko’ziga shikast yetkazishi mumkin.
  • Lablarda — gemangiomaning bunday joylashuvi nafaqat kosmetik nuqson sanaladi. Uning xavfi — kattalashishi sari chaqaloqqa emishga, nafas olishga halaqit berishi, burun bo’shlig’iga kirish qismini to’sib qo’yishi mumkin.

Sabablari

Bolalarda gemangioma kelib chiqish sababi aniq emas, ammo ko’pgina izlanishlar natijasida o’sma hosil bo’lishida ba’zi bir omillarning o’rni aniqlangan. Kasallik bolaning emizikli yoshida ham rivojlanishini inobatga olib ushbu hosila embrionlik davrda qon tomirlar shaklanishidagi nuqsonlar sababli kelib chiqadi deyish mumkin.

Homiladorlik vaqtida ayol qabul qilgan ayrim dori vositalri, virusli kasalliklar (O’RVI, gripp va boshqalar), ekologik sharoitning yomonligi ta’sirida homilada qon tomirlari shakllanishi jarayoni buzilishi mumkin. Kasallik ko’proq qizlarda kuzatilishi sababli tadqiqotchilar uning rivojlanishini gormonal holat bilan ham bog’lashadi.

Alomatlari va belgilari

Ko’p holatlarda gemangioma bola hayotining ilk kunlaridayoq seziladi yoki birinchi uch oylikda yuzaga keladi. O’sma bola hayotining dastlabki 6 oyligida jadal o’sadi, keyinchalik uning o’sish sur’ati pasayadi. Ko’pincha nuqson boshning sochli qismi, yuz, ayniqsa qosh, burun va yonoqlar, tananing orqa qismi, jinsiy a’zolarda va ba’zan qo’l va oyoqlarda aniqlanadi.

Gemangiomalar terida tugunsimon do’nglikcha ko’rinishida, ko’kimtir yoki to’q qizil rangda, ushlab ko’rilganda atrofdagi to’qimalarga nisbatan issiqroq bo’ladi (qon tomirlardan shakllanganligi bois). O’lchami 1-15 mm va undan ko’proq santimetrgacha farqlanadi.

Yuzaki gemangioma o’z-o’zidan o’sishdan to’xtab, regressiyaga uchrashi mumkin. Gemangiomalar regressiyasida o’sma markazining oqarishi kuzatiladi va bu holat sekin astalik bilan butun o’smaga tarqala boshlaydi, keyinchalik u butunlay yo’qolib ketadi. Ba’zi o’smalar bola hayotining birinchi yilida yo’qolib ketsa, boshqalari o’smirlik davrining oxirlariga kelib yo’qoladi[3].

Tashxislash

Kasallikni aniqlashda pediatr, bolalar jarrohi va dermatolog ishtirok etadi. Gemangiomaning joylashuviga qarab qo’shimcha ravishda LOR, okulist, urolog, ginekolog va boshqa mutaxassislar ham jalb etilishi mumkin.

O’smaning tabiati va joylashuvini aniqlash maqsadida qo’shimcha laboratoriya va instrumental tadqiqot usullari qo’llaniladi:

  • Koagulogramma;
  • Trombositlar sonini hisoblash;
  • UTT (gemangioma va atrofdagi to’qimalarda qon aylanish tezligi o’lchanadi);
  • Angiografiya;
  • Tekshirilayotgan sohadagi suyaklar rentgenografiyasi.

Gemangiomani davolash

Aksariyat hollarda davolash jarrohlik aralashuvini nazarda tutadi. Davolash o’sma bosh va bo’yin, jinsiy a’zolar, anorektal sohada joylashgan bo’lsa imkon qadar tezroq amalga oshiriladi. Hafta davomida o’lchami ikki martaga kattalashadigan o’smalar tezkor ravishda olib tashlanishi kerak. Shuningdek gemangioma yiringlasa, qonasa, yaralansa, nekroz yoki infektsiyaga duchor bo’lsa tezkor olib tashlash choralari ko’rilishi kerak.

Jarrohlikda an’anaviy skalpel ham ishlatiladi, biroq bunday yondashuv tobora kamayib bormoqda. Zamonaviy tibbiyotda gemangiomani olib tashlashda quyidagi usullarga murojaat qilinadi:

  • Elektrokoagulyatsiya — o’smani qon bilan ta’minlovchi tomirni elektr toki yordamida kuydirish;
  • Kriodestruktsiya — suyuq azot yoki boshqa manbalar yordamida sovuq ta’siri natijasida o’smani vayron qilish;
  • Lazerli olib tashlash — ortiqcha to’qimalarni yo’naltirilgan yorug’lik energiyasi yordamida bug’lantirib yuborish;
  • Skleroterapiya — tomir devorlarini yopishtirib qo’yadigan dori vositalari kiritish;
  • Embolizatsiya — o’smani qon bilan ta’minlovchi tomir bo’shlig’ini sun’iy ravishda bektib qo’yish;
  • Rentgenoterapiya;
  • Gormonal terapiya.

Murakkab anatomik joylashuvga ega bo’lgan gemangiomalar, masalan ko’z yoki retikulobulbar sohadagi o’smalar nurli terapiya yordamida davolanadi (rentgenoterapiya). Bolalarda terida hosil bo’ladigan tarqoq gemangiomalar gormonal kortikosteroidlar bilan muolaja qilinadi. Juda chuqur va murakkab tuzilishga ega bo’lgan qon tomirdan iborat o’smani davolashda kombinatsiyalangan terapiya muolajalari olib boriladi.

Asoratlari

6-7 % holatlarda boalarda gemangiomalar hayotining birinchi yilida o’sadi va keyinchalik bir necha yil ichida o’z-o’zidan yo’qolib ketadi. Xavfsiz o’sma oqibati hosilaning butunlay yo’qolib ketishi, chandiq hosil bo’lishi, uning o’rnida pigmentlar yo’qolishi kabi asoratlar bilan kechishi mumkin.

Jarrohlar bolalarda hosil bo’lgan gemangiomalar asoratlanishi va bolaning umumiy ahvolini inobatga olgan holda davo muolajalarini o’tkazadilar. To’g’ri tanlangan davolash kursi natijasida gemangioma to’liq davolanadi va bolada hech qanday asoratlar qolmaydi.

Gemangiomalar faqatgina teridan tashqariga o’smaydi, balki teri ichiga ham botib kirib kattalashishi mumkin, buning natijasida o’sma qo’shni to’qimalar funktsiyasi buzilishiga olib keladi. Bolalarda gemangioma jarohatlanishga juda moyil va qon ketadigan bo’lsa to’xtatish qiyinchilik tug’diradi. Boshqa asoratlarga gemangiomaga infektsiya tushishi va ezilishi kabi holatlar kiradi.

Oldini olish

Maxsus profilaktika usullari mavjud emas. Bolada shubhali hosila aniqlanganda imkon qadar tezroq shifokorga murojaat qilish kerak. Bunday tabiatli o’smalarning aksariyati qisqa muddatlarda davolanishi mumkin.

Adabiyotlar

  1. Шептий О.В., КругловаЛ.С. МЛАДЕНЧЕСКАЯ ГЕМАНГИОМА: КЛАССИФИКАЦИЯ, КЛИНИЧЕСКАЯ КАРТИНА И МЕТОДЫ КОРРЕКЦИИ
  2. Hemangioma — Symptoms and causes — Mayo Clinic
  3. Cochrane Database of Systematic Reviews

Jami baholar 5 / 5. Ovozlar soni: 1

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.

Telegram kanalimizga qo'shiling va eng so'nggi yangiliklardan birinchilardan xabardor bo'ling!
A'zo bo'lish