Radikulit (radikulopatiya) — sabablari, alomatlari, tashxislash va davolash

Radikulit (radikulopatiya) — orqa miya ildizchalarining shikastlanishida namoyon bo’ladigan simptom. Zamonaviy fan «radikulit» so’zini deyarli ishlatmaydi, amalda faqat radikulopatiya atamasi qo’llaniladi.

Radikulit kasalligi

Atamalar orasidagi farq kichik, ammo muhim sanaladi. «Radikulit» ma’lum bir mustaqil kasallikni — orqa miya asab tolalari ildizchalarini yallig’lanishini anglatadi (lotincha radicula — «ildiz» va itis — yallig’lanish). Ammo aslida, asab tolalari o’z-o’zidan yallig’lanmaydi. Bu faqat organizmda mavjud bo’lgan ba’zi boshqa kasalliklar yoki buzilishlarning asorati bo’lishi mumkin. Shuning uchun radikulopatiya, ya’ni ba’zi bir umumiy sabablarga ko’ra kelib chiqqan asab ildizchalari patologiyasi aniqroq tushuncha sanaladi.

Ammo soddaroq bo’lishi uchun keyingi o’rinlarda «radikulit» so’zidan foydalaniladi. Shu bilan birga bu holat asab yallig’lanishi bilan chegaralanmasligini tushunish kerak.

Rivojlanishi

Kasallik qanday rivojlanishini tushunish uchun umurtqa pog’onasining tuzilishini yodga olish kerak. U 33-34 umurtqa suyaklaridan iborat bo’lib, orqa miyani shikastlanish yoki boshqa jarohatlardan himoya qiladi. Orqa miyadan organizmning boshqa joylariga — masalan qo’llar, oyoqlarga nervlar tarmog’i ajralib chiqadi. Orqa miya va umurtqa yonidagi asabning bir qismi ildizcha deb ataladi.

Umurtqa pog’onasining tarkibiy suyaklari oralig’ida elastik umurtqalararo disklar mavjud. Ular suyaklarni ishqalanish va tez yedirilishdan himoya qiladi.

Ushbu tizim juda mukammal tuzilgan va o’z vazifasini a’lo darajada bajaradi. Ammo ba’zi hollarda bu disklar muayyan sabablarga ko’ra o’z o’rnidan chiqa boshlaydi yoki hajmini yo’qotadi va asab ildizchalariga bosim o’ta boshlaydi. Bu o’z navbatida yallig’lanishni, ya’ni radikulitni keltirib chiqaradi.

Shu bilan birga siljish natijasida asab ildizlariga bevosita umurtqa suyaklarining o’zlari ham bosim o’tkazishi mumkin.

Sabablari

Asab ildizlarining siqilishiga olib keladigan kasallik va buzilishlar:

  • Umurtqalararo disk churrasi. Bu eng keng tarqalgan sabab. Churra jismoniy zo’riqish, jarohat yoki ortiqcha vazn tufayli paydo bo’lishi mumkin.
  • Skolioz. Noto’g’ri qomatda orqa miya asab tolalari siqilishi mumkin;
  • Umurtqalararo diskdagi degenerativ o’zgarishlar (masalan, qarish bilan bog’liq);
  • Orqa miyaning kompression sinishi;
  • Umurtqa stenozi. Bu orqa miya kanalining torayishi bilan ifodalanadi;
  • Suyak shporalari.
  • Orqa miya o’smalari;
  • Osteoartrit yoki umurtqa artriti;
  • Umurtqa boylamlarning qalinlashishi (ossifikatsiyasi);
  • Qandli diabet. Bunday holda, yallig’lanish asab tolalariga qon yetmasligi sababli sodir bo’ladi.

Tashxislash

Radikulitning eng aniq belgisi — bu orqadagi o’tkir va keskin og’riq sanaladi. Kasallik alomatlari shikastlangan asab umurtqaning qaysi qismida joylashganligiga qarab farq qilishi mumkin.

  • Bo’yin radikulopatiyasi yelkada, orqaning yuqori qismi yoki qo’llardagi og’riqlar bilan namoyon bo’ladi. Doimiy zaiflik, uvishishlar, qo’l barmoqlari uchlarida sanchishlar, shuningdek, boshni yoki bo’yinni egganda og’riqning kuchayishi ham ushbu sohada radikulit paydo bo’lganining alomatlari bo’lishi mumkin;
  • Ko’krak radikulopatiyasi kam uchraydi. Uning alomatlari har qanday qovurg’ada, yon yoki qorindagi sanchuvchi yoki yonuvchi og’riqlar, uvishish, sanchishlar orqali ifodalanadi. Ushbu holatni o’rab oluvchi lishay, yurak, o’t pufagi va qorin bo’shlig’ining boshqa a’zolari tomonidan kelib chiqadigan asoratlar bilan osonlikcha adashtirib yuborish mumkin;
  • Bel radikulopatiyasi patologiyaning eng keng tarqalgan turi sanaladi. U o’zi haqida belning pastki qismidagi otuvchi og’riq, orqaning pastki qismlari, son, dumba yoki to’piqdagi uvishish va og’riq orqali xabar beradi. Alomatlar odatda uzoq vaqt o’tirish yoki yurishdan so’ng kuchayadi.

Dumg’aza va dum qism radikuliti juda kam kuzatiladi va klinik tasviri bo’yicha belda kuzatiladigan alomatlarga o’xshaydi.

Radikulitni davolash

Kasallik kuzatilganda dastlab terapevt shifokorga murojaat etish kerak. U orqa va oyoq-qo’llardagi og’riqlar haqidagi shikoyatlarni tinglab, lozim bo’lsa, tor doira mutaxassisini tavsiya qiladi.

Ko’pincha tashxis qo’yish uchun alomatlarning tavsifi va jismoniy ko’rik yetarli bo’ladi. Ammo ba’zida rentgen va elektromiografiya (asab tolalari signallarni qanday o’tkazishini aniqlaydigan test) talab etilishi mumkin.

Shifokor davolash usulini kasallikni keltirib chiqargan omilga qarab tanlaydi. Skolioz, o’smalar va diabet tufayli yuzaga kelgan radikulitni davolashda qo’llaniladigan muolajalar turli xil bo’lishi mantiqan aniq. Ba’zi hollarda (masalan, suyak shporalarida) jarrohlik aralashuvi talab etiladi.

Ammo umumiy tavsiyalar ham mavjud. Ularga quyidagilar kiradi:

  • Og’riqni kamaytirish uchun og’riq qoldiruvchi yoki miorelaksant vositalari, antikonvulsantlar tayinlanadi;
  • Vaznni kamaytirish. Shifokor ortiqcha vazndan xalos bo’lishga yordam beradigan parhez yoki jismoniy mashqlarni tavsiya qilishi mumkin;
  • Fizioterapiya mashqlari. Uning asosiy maqsadi mushaklarni kuchaytirish va umurtqa pog’onasiga ortiqcha yuk tushishini oldini olishdir.

Kasallikni xalq tabobati yordamida davolash faqat org’riqni yengillashtirish bilan chekalanadi. Mustaqil ravishda issiq qo’yish yoki og’riq qoldiruvchi vositalarni qabul qilish tavsiya etilmaydi. Sababi bunday klinik tasvir issiq qo’yish qat’iyan man etilgan kasalliklarda ham kuzatilishi mumkin.

Jami baholar 5 / 5. Ovozlar soni: 1

Reklama

Yuklanmoqda...

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.