Sifilis (zaxm kasalligi) — belgilari, yuqish yo’llari, tashxislash, davolash, oldini olish

Sifilis yoxud zaxm kasalligi — jinsiy yo’l bilan yuqadigan, davolanmagan taqdirda juda jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi, ammo to’g’ri yondashuv bilan oson davolanishi mumkin bo’lgan kasallik sanaladi. Qo’zg’atuvchisi — Treponema pallidum bakteriyasi.

Zaxm yoxud sifilis kasalligi

Zaxm kasalligi

Sifilis — jinsiy yo’l bilan yuqadigan kasallik bo’lib, davolanmasa, salomatlikka jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Kasallik bosqichlarga bo’linadi (birlamchi, ikkilamchi, yashirin va uchlamchi). Kasallikning har bir bosqichida o’ziga xos turli xil alomatlar kuzatiladi.

Sifilis qanday yuqadi

Kasallik vaginal, anal yoki oral jinsiy aloqa paytida sifilitik yara bilan to’g’ridan-to’g’ri kontakt sodir bo’lganda yuqishi mumkin. Bunda jinsiy olat yoki uning atrofida, qin, anus, to’g’ri ichak yoki lab va og’iz bo’shlig’ida yaralar aniqlanadi. Kasallik infektsiyalangan onadan homilaga o’tishi ham mumkin.

Alomatlari

Yuqorida aytilganidek, sifilis bir necha bosqichga bo’linadi va uning xar biri uchun o’ziga xos belgilar mavjud:

  • Birlamchi sifilis bilan og’rigan bemorda odatda infektsiyaning dastlabki joyida og’riq yoki yara kuzatiladi. Yaralar odatda jinsiy a’zolar yoki uning atrofida, anus yoki to’g’ri ichakda, og’iz yoki uning atrofida paydo bo’ladi. Qoida tariqasida bunday yaralar qattiq, yumaloq va og’riqsizdir;
  • Ikkilamchi zaxmda terida toshmalar, limfa tugunlarining kattalashishi va isitma qayd qilinadi. Birlamchi va ikkilamchi bosqichda kasallik belgilari ahamiyatsiz bo’lishi va bemor tomonidan sezilmasligi mumkin.
  • Yashirin bosqichda hech qanday alomatlar kuzatilmaydi.
  • Uchlamchi sifilis salomatlikka jiddiy shikast yetkazishi mumkinligi bilan xavf tug’diradi. Shifokor odatda uchinchi darajadagi sifilisni bir nechta testlar yordamida tashxislashi mumkin. Bu bosqichda kasallik yurak, miya va tananing boshqa organlari faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi.

Infektsiya xavfini kamaytirish

JYYKlarning oldini olishni yagona usuli — vaginal, anal yoki oral jinsiy aloqa bilan shug’ullanmaslikdir. Agar kishi faol jinsiy hayot olib borsa, unda zaxm yuqtirish ehtimolini kamaytirish uchun:

  • Sinovdan o’tgan va sifilis uchun test natijalari salbiy natija ko’rsatgan hamroh bilan uzoq muddatli o’zaro monogam munosabatlarni saqlash;
  • Har safar jinsiy aloqada lateks prezervativlardan foydalanish. Prezervativlar yara bilan kontakt sodir bo’lishiga to’sqinlik qilib, kasallik yuqishini oldini oladi. Ba’zida yaralar prezervativ bilan qoplanmagan joylarda paydo bo’ladi. Ushbu yaralar bilan kontakt bo’lishida kasallik yuqishi ehtimoli kamaymaydi.

Himoyalanmagan vaginal, anal yoki oral jinsiy aloqa natijasida har qanday kishi zaxm bilan kasallanishi mumkin. Shifokor bilan ochiq gaplashib, sifilis va boshqa yuqumli kasalliklar uchun sinovdan o’tish kerak-kerakmasligini muhokama qilish zarur.

  • Birinchi homiladorlik paytida barcha homilador ayollar sifilis uchun tekshiruvdan o’tishlari kerak;
  • Erkaklarda bir jinsli munosabatlarda, OIV mavjudligida yoki jinsiy hamrohda sifilisga sinovlar ijobiy natija ko’rsatgan hollarda muntazam ravishda tekshiruvlardan o’tib turish zarur.

Homiladorlikda sifilis

Zaxm bilan kasallangan homilador onalar infektsiyani tug’ilmagan bolalariga yuqtirishlari mumkin. Sifilis mavjudligi past vaznli chaqaloq tug’ilishiga olib keladi. Bundan tashqari, bunday holatda bola muddatidan oldin yoki o’lik tug’ilishi ehtimoli yuqori bo’ladi. Bo’lajak farzandni himoya qilish uchun homiladorlik paytida kamida bir marta sifilisga tekshiruvdan o’tish kerak. Sinov ijobiy natija ko’rsatsa, darhol davolanishni boshlash maqsadga muvofiq.

Kasallangan bola zaxm belgilari va alomatlarisiz tug’ilishi ham mumkin. Ammo, agar davolanish darhol boshlanmasa, keyingi bir necha hafta ichida bolada jiddiy muammolar yuzaga kelishi xavfi mavjud, xususan karlik, katarakta, tutqanoqlar va potentsial o’lim.

Zaxm belgilari

Kattalardagi sifilis belgilari kasallik bosqichga qarab farq qiladi:

Birlamchi bosqich

Kasallikning dastlabki bosqichida bemor bir yoki bir nechta yaralarni aniqlashi mumkin. Yara — sifilis bakteriyasi organizmga kirgan joy sanaladi. Yaralar odatda (ammo har doim ham emas) qattiq, yumaloq va og’riqsiz bo’ladi. Og’riq sezilmasligi tufayli yaralarga ko’pincha e’tibor berilmaydi. Yara 3-6 haftagacha saqlanib turadi va davolanish-davolanmaslikdan qat’iy nazar o’z-o’zidan yo’qolib ketadi.

Ammo shundan keyin ham bemorning davolanishi zarur sanaladi. Bu infektsiyani ikkilamchi bosiqchga o’tishini oldini oladi.

Ikkilamchi bosqich

Ikkilamchi bosqichda bemorda toshma va / yoki shilliq qavatni shikastlanishi kuzatilishi mumkin. Shilliq qavatning shikastlanishi — bu og’iz, qin yoki anus atrofidagi yaralardir. Ushbu bosqich odatda tananing bir yoki bir nechta qismida toshma paydo bo’lishi bilan boshlanadi. Toshma birlamchi yara yo’qolgach bir haftagacha bo’lgan muddat ichida yuzaga keladi. U qo’l-oyoqlardagi qizg’ish-jigarrang tusli dog’lar ko’rinishida bo’ladi (quyidagi tasvirga qarang).

Zaxm alomatlari

Qoida tariqasida toshma qichishish tug’dirmaydi va ba’zida shu qadar zaif ifodalanadiki, bemor uni sezmay qolishi ham mumkin. Boshqa alomatlar orasida isitma, limfa tugunlarining kattalashishi, tomoq og’rig’i, o’choqli soch to’kilishi, bosh og’rig’i, vazn yo’qotish, mushak og’rig’i va charchoq kuzatilishi mumkin. Ushbu bosqichda ham kasallik alomatlari davolanish mavjudligidan qat’iy nazar o’z-o’zidan o’tib ketadi va kasallikning yashirin yoki uchlamchi bosqichi boshlanadi.

Yashirin bosqich

Sifilisning yashirin bosqichi — bu kasallikning ko’rinadigan belgilari yoki alomatlari bo’lmagan davri. Agar bemor davolanmasa, u uzoq yillar davomida kasalliklardan hech qanday alomatlarsiz aziyat chekishni davom ettirishi mumkin.

Uchlamchi bosqich

Aksariyat odamlarda davolanmagan sifilis uchinchi bosqichga o’tmaydi. Ammo bu sodir bo’lganda, u insonning ko’plab organ tizimlariga ta’sir qilishi mumkin. Xususan yurak va qon tomirlari, shuningdek miya va asab tizimi xavf ostida bo’ladi. Uchlamchi sifilis juda xavfli va infektsiyadan 10-30 yil o’tgach boshlanishi mumkin. Bu bosqichida kasallik ichki organlarga ta’sir qiladi va hatto bemorning o’limiga olib kelishga qodir.

Neyrosifilis va ko’z sifilisi

Kasallik o’z vaqtida davolanmasa, infektsiya asab tizimi, jumladan miyaga (neyrosifilis) yoki ko’zga tarqalishi mumkin. Bu holat yuqorida tavsiflangan har qanday bosqichda sodir bo’lishi mumkin.

Neyrosifilis belgilari quyidagilardan iborat:

  • Kuchli bosh og’rig’i;
  • Mushaklar harakatlarini muvofiqlashtirish qiyinligi;
  • Falajlik (tananing muayyan qismlarini harakatga keltira olmaslik);
  • Uvishishlar;
  • Dementsiya (psixik buzilish).

Ko’z sifilisining belgilari ko’rishning buzilishi va hatto ko’rlikni o’z ichiga oladi.

Tashxislash

Ko’pgina hollarda zaxm kasalligini qon tahlili natijasida aniqlash mumkin. Ba’zi shifokorlar sifilitik yaradan olingan suyuqlik namunasini tekshirish orqali tashxis qo’yishadi.

Davolash

Zaxm kasalligini davolovchi shifokor tomonidan to’g’ri tanlangan antibiotiklar bilan davolash mumkin. Ammo davolanish infektsiya yetkazib bo’lgan zararni tuzata olmaydi. Kasallik bilan takroran xastalanish mumkin, ya’ni shifo topgach bemorda immunitet shakllanmaydi.

Kasallikni erta muddatlarida davolash samaraliroq bo’ladi. Infektsiyani to’liq bartaraf qilish uchun 2-3 oy vaqt talab qilinadi. Eng keng qo’llaniladigan dori vositalari qatoriga tetrasiklin, eritromitsin, azitromitsin kiradi. Shuningdek, immun tizimi faoliyatini yaxshilash va uni infektsiyaga qarshi kurashishini rag’batlantirish choralarini qo’llash tavsiya etiladi.

Jami baholar 4.5 / 5. Ovozlar soni: 12

Reklama

1 ta izoh qoldirilgan

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.