Jigar kistasi — sabablari, alomatlari, tasnifi, davolash usullari
Jigar kistasi — bu bo’shlig’i shaffof suyuqlik yoki to’q-yashil rangli jelesimon massa bilan to’lgan yaxshi sifatli hosiladir. Kistoz hosilalar asosan 30 yoshdan 50 yoshgacha bo’lgan shaxslarda, asosan ayollarda uchraydi. Kista a’zoning turli segmentlarida, bundan tashqari sirtida ham, chuqur qismlarida ham joylashgan bo’lishi mumkin. Ularning diametri 25 santimetrga yetishi qayd qilingan. Kista boshqa kasalliklar fonida ham paydo bo’lishi mumkin, masalan, sirroz, jigar yoki tuxumdon polikistozi, o’t yo’llari kistalari va boshqalar.
Mundarija
Tasniflash
Jigar kistalari parazitar va noparazitar turlarga ajratiladi. Noparazitar turi o’z navbatida chin va soxta shakllarga bo’linadi. Agar alohida safro yo’llari homilaning ona qornidaligida rivojlanish davrida safro yo’llari tizimiga ulanmagan bo’lsa, bu holda chin kistalar paydo bo’lishi mumkin. Soxta kistalar jarohat va yallig’lanishlar natijasida shakllanadi. Jarohatli yoxud travmatik soxta kista odatda jigar yorilishida paydo bo’ladi. Jigar abstsessini davolash, exinokokkni olib tashlash — yallig’lanish kistalari rivojlanishi sabablaridan biridir.
Jigarning parazitar kistalari orasida alveokokk va exinokokkli turlari ajratiladi. Ushbu parazitar kasalliklar odam tanasida kasal hayvon bilan kontakt qilgandan keyin rivojlanadi va alomatlarsiz davom etadi.
Sabablari
Parazitar bo’lmagan jigar kistalarining paydo bo’lishiga nima sabab bo’lishi to’g’risida olimlar o’rtasida aniq bir fikr yo’q. Ammo, baribir, ko’pchilik sabablar homilaning ona qornida rivojlanish davridagi asoratlar deb qaraladi. Bugungi kunda bu a’zo kistalari shakllanishiga gormonal dorilarni qabul qilishning ta’siri ham mavjudligi taxmin qilinadi.
Parazitar kistalarining sabablari odamning kasal hayvon bilan kontakt qilishidir. Kasallik xavfliligini inobatga olgan holda, davolanishga jiddiy yondashish talab etiladi, chunki parazitlar boshqa ichki a’zolarga tarqalishi mumkin, qolaversa ular deyarli har doim kattalashishga moyil bo’ladi.
Jigar kistasi alomatlari
Agar kista kichik o’lchamda bo’lsa, unda kasallik uzoq vaqt alomatlarsiz davom etishi mumkin. Bunday kistalar ultratovushli tekshiruv natijalariga ko’ra tasodifan aniqlanadi. Agar kista o’sib kattalashgan bo’lsa, unda ko’ngil aynishi, terida qichishish, diareya, o’ng qovurg’a ostida o’tmas og’riq kabi alomatlar bezovta qila boshlaydi. Jismoniy faollik va mashinada yurish davomidagi silkinishlar tufayli og’riq odatda kuchayadi.
Jigar kistalarining o’ziga xos bo’lmagan alomatlari ham bor, ular nafas qisilishi, holsizlik, ishtaha yo’qolishi, ortiqcha terlashni o’z ichiga oladi. Agar kista juda katta bo’lsa, bemorning qorni assimetrik ravishda kattalashishi va shu bilan birgalikda bemor vazn yo’qotishi mumkin. Bu holda sariq kasallik rivojlanishi ehtimoli ham mavjud.
Jigar kistasi og’ir patologiya emas, ammo shunga qaramay, agar jigar sohasidagi og’riqlar bo’lsa, har qanday xavf va yoqimsiz asoratlarni oldini olish uchun shifokorga murojaat qilish kerak.
Jigar kistasini davolash
Jigar kistasi kichkina o’lchamda bo’lsa, gastroenterolog nazoratida bo’lish, shuningdek taomnomadan «og’ir ovqatlarni» chiqarib tashlash talab etiladi. Yog’li, qovurilgan, dudlangan, konservalangan va tuzlangan ovqatlarni imkon qadar kamroq iste’mol qilish kerak. Bundan tashqari, muzqaymoq, gazlangan ichimliklar va kuchli qahvadan voz kechish tavsiya etiladi. Achchiq mahsulotlar taomnomadan butunlay chiqarib tashlanadi. Doimiy ravishda yangi sabzavot va mevalar va ularning sharbatlarini iste’mol qilish ko’rsatiladi. Jigarning normal ishlashida muhim rol o’ynaydigan B12 vitaminiga boy bo’lgan sut mahsulotlari, baliq va hayvonlar jigari ham foydali bo’ladi.
Jigar kistalari yetarlicha muvaffaqiyatli davolanadi, shu jumladan xalqona tabobat usullari bilan ham, bu holda davolovchi shifokor bilan maslahatlashish kerak.
Kistani jarrohlik yo’li bilan davolash zaruriyati yuzaga quyidagi holatlarda keladi:
- Kistaning yorilishi;
- Qon ketishi yoki yiringlashi;
- Kistaning diametri 10 sm dan oshishi;
- Kistada sezilarli alomatlar bo’lsa (qattiq og’riq, ovqat hazm qilish buzilishi, vazn yo’qotish).
Jarrohlik paytida vaziyatga qarab ikkita usul qo’llaniladi — an’anaviy ochiq usul va laparoskopiya (kichik tirqish orqali jarrohlik). Bugungi kunda laparoskopiyaga murojaat qilish afzalroqdir, ammo ba’zida ochiq jarrohlik yo’li yagona to’g’ri yechim bo’ladi.