Qandli diabet kasalligi — alomatlari, tasnifi, asoratlari, davolash, oldini olish

Qandli diabet (lot. diabetes mellitus, «saxar kasalligi») — glyukozaning o’zlashtirilishi buzilishi bilan bog’liq bo’lgan va insulin gormonining nisbiy yoki mutlaq yetishmovchilgi yuzaga keladigan endokrin kasalliklar guruhi. Buning oqibatida giperglikemiya — qonda qand miqdorining turg’un oshishi kuzatiladi. Kasallik surunkali kechishi, shuningdek uglevod, yog’, oqsil, mineral va suv-tuz metabolizmi buzilishi bilan xarakterlanadi.

Qandli diabet kasalligi haqida illyustratsiya

Tavsifi

Qonda glyukoza miqdorining me’yordan oshib ketishi qandli diabetning birinchi alomati hisoblanadi. Inson organizmida insulin ishlab chiqarilishi uchun me’da osti bezi hujayralari (beta-hujayralar) javobgar. U gormon hujayralarga glyukozani o’zlashtirishga yordam beradi. Qandli diabetda insulin kam miqdorda ishlab chiqariladi, qonda glyukoza miqdori oshadi. Biroq, glyukoza insulinsiz o’lzashtirila olmasligi sababli hujayralarda glyukoza yetishmovchiligi kuzatiladi.

Bu metabolik kasallik irsiy yoki orttirilgan bo’lishi mumkin. Insulin yetishmasligida terida yiringli va boshqa kasalliklar paydo bo’lishi, tishlar, buyrak, asab tizimi shikastlanishi, ateroskleroz, stenokardiya, gipertoniya rivojlanishi, ko’rishning buzilishi kabi ikkilamchi patologiyalar kuzatiladi.

Diabet rivojlanishi sabablari

Hozirgi vaqtda qandli diabetga irsiy moyillik isbotlangan hisoblanadi. 1-tip diabetda genetik geterogenlik kuzatiladi, ya’ni kasallik turli gen guruhlari tomonidan chaqirilishi mumkin. 1-tip patologiyani aniqlashda laborator-klinik ko’rsatkich sifatida qonda me’da osti bezining β-hujayralariga antitanalarning aniqlanishi xizmat qiladi. Nasldan-naslga o’tish xarakteri to’liq o’rganilmagan.

Diabetni patogenetik asoslari kasallik turiga bog’liq. Bir-biridan tubdan farq qiluvchi ikki turi farqlanadi. Zamonaviy endokrinologiya kasallikning tasniflanishini shartli deb atasa ham, uning har bir turida davolash strategiyasini belgilash muhim ahamiyatga ega.

Kasallik rivojlanishining asosiy sabablariga:

  1. Irsiyat. Albatta, kasallik ta’sir etuvchi omillar bo’lmaganda rivojlanmaydi, lekin moyillik yuqori bo’ladi.
  2. Semizlik. Ortiqcha vazn ikkinchi turdagi diabet shakillanishiga olib keladi.
  3. Kasalliklar. Insulin ishlab chiqarish uchun javobgar β-hujayralari shikastlanishiga olib keluvchi kasalliklar. Ularga pankreatit, me’da osti bezi saratoni, boshqa endokrin bezlar kasalliklari kiradi.
  4. Virusli infeksiyalarqizamiq, suvchechak, yuqumli gepatit va boshqa kasalliklar. Ushbu infektsiyalar diabet rivojlanishiga hissa qo’shadi. Ayniqsa, xavf guruhida bo’lgan insonlar uchun.
  5. Asabiylashish, stress. Stress, asabiylashishdan yiroq bo’lish tavsiya etiladi.
  6. Yosh. Yosh ortishi bilan har o’n yilda diabet rivojlanish ehtimoli ikki barobarga ortadi.

Bu ro’yxatga ikkilamchi diabet chaqirishi mumkin bo’lgan omillar kiritilmagan, chunki asosiy omil bartaraf etilganda kasallik ham tuzalib ketadi.

Bundan tashqari, kasallik rivojlanishiga quyidagi omillar ta’sir o’tkazishi mumkin:

  • Feoxromositoma — buyrak usti bezi o’simtasi, natijada insulinga aks ta’sir etuvchi gormonlar ko’p ishlab chiqariladi;
  • Buyrak usti bezlari giperfaolligi (giperkortitsizm);
  • Gipertireoz;
  • Jigar sirrozi;
  • Uglevodlarga sezuvchanlik buzilishi;
  • Vaqtinchalik giperglikemiya — qonda glyukoza miqdorining vaqtinchalik oshishi.

Muammoning eng muhim asosi to’qima bilan insulin o’zaro ta’sirlashuvi buzilishi hisoblanadi. Glyukoza organizmga hayotiy jarayonlarni davom ettirish uchun asosiy energiya substrati sifatida kerak. To’qimalarga glyukozaning o’tmasligi, glyukozaning glikogen sifatida jigarda depo bo’lib to’planmasligi uning qondagi miqdorini oshishiga sabab bo’ladi. Ana shu o’zgarishlar qandli diabet nomini oladi.

Har qanday giperglikemiya haqiqiy diabet deb sanalmaydi. Faqat insulin ta’sirida kechadigan o’zgarishlarga bunday kasallik deb qaraladi.

Patogenez

Qandli diabetning patogenezida ikki asosiy zanjir ajratiladi:

  1. Me’da osti bezining endokrin hujayralari tomonidan yetarli miqdorida insulin ishlab chiqarilmasligi.
  2. Insulinning organizm to’qimalari hujayralari bilan o’zaro ta’sirlashuvining buzilishi (insulinorezistentlik). Buning sabablariga:
    • insulin uchun maxsus retseptorlarning strukturasi o’zgarishi yoki miqdorining kamayishi;
    • insulinni o’zining tuzilishi o’zgarishi;
    • hujayralar ichida retseptorlardan organellalarga signallar uzatilish mexanizmining buzilishi.

Yuqorida aytilganidek, qandli diabet ota-onadan farzandlarga o’tishi mumkin. Ota-onaning biri ushbu xastalik bilan kasallangan bo’lsa, uning nasl surishi ehtimoli 1-tip uchun 10%, 2-tip uchun 80% ni tashkil etadi.

Pankreatik yetishmovchilik (1-tip diabet)

Eski nomlanishi insulinga bog’liq diabet. Ko’pincha yoshlar, 40 yoshgacha bo’lganlar, ozg’in insonlar aziyat chekadi. Kasallik og’ir kechadi, davolash uchun insulin beriladi.

Ushbu tipdagi diabet rivojlanishida dastlabki jarayon — me’da osti be’zi endokrin hujayralarining (Langergans orolchalari) massiv buzilishidir. Buning oqibatida qonda insulin keskin miqdorda pasayib ketadi.

Hujayralarning buzilishiga virusli infektsiyalar, onkologik kasalliklar, pankreatit, me’da osti bezining toksik shikastlanishi, stressli holatlar, turli autoimmun kasalliklar sabab bo’lishi mumkin.

Insonda bu kasallik genetik ravishda determinatsiyalangan va 6 xromosomada joylashgan qator genlarning nuqsoni tomonidan moyillik yaratib berilgan bo’ladi. Ushbu nuqsonlar organizmning me’da osti bezi hujayralariga bo’lgan autoimmun agressiyani kuchayrtiradi va β-hujayralarning regeneratsion qobiliyatiga salbiy ta’sir o’tkazadi.

Shuningdek provokatsion omillar sifatida oshqozon osti bezi hujayralarining uzoq muddatli gipoksiyasi, uglevod va yog’larga boy, oqsil esa kam bo’lgan parhez ham xizmat qilishi mumkin. Bu hujayralarning sekretor funktsiyasi pasayishi va oxir-oqibat ularning nobud bo’lishiga olib keladi. Hujayralarning massiv nobud bo’lishidan keyin ularning autoimmun shikastlanishi mexanizmi faollashadi.

Diabetni 1-turidan butunlay davolanib bo’lmaydi, lekin ba’zi hollarda bez faoliyati me’yorda ushlanib, parhezga amal qilinsa, kasallik ortiqcha bezovta qilmaydi. Doimiy ravishda sun’iy insulin qabul qilish talab etiladi.

Insulin oshqozon-ichak traktida parchalanib ketishi bois, u faqat in’yektsiya orqali kiritiladi. Qat’iy parhezga amal qilib, ovqat ratsionidan yengil hazm bo’luvchi uglevodlarni (shakar, shirinliklar, mevali sharbatlar) butunlay chiqarib tashlash kerak.

Ekstrapankreatik yetishmovchilik (2-tip diabet)

Eski nomlanishi — insulinga bog’liq bo’lmagan diabet. Ko’pincha yoshi kattalar, semizlikdan aziyat chekadigan (asosiy xavf omili, bemorlarning 80% da tana vaznining ortiqchaligi qayd qilinadi), 40 yoshdan oshgan kishilar xastalanadi.

Retseptorlar strukturasi o’zgarishi yoki soning kamayishi natijasida gormon bilan ta’sirlasha olmaydi. Shuningdek ba’zida gormonni o’zining tuzilishi o’zgarishi ham mumkin (genetik nuqsonlar).

Semizlikdan tashqari, 2-tip diabetning xavf omillariga quyidagilar kiradi:

  • Qarilik;
  • Chekish;
  • Alkogol iste’mol qilish;
  • Arterial gipertoniya;
  • Surunkasiga ortiqcha ovqatlanish;
  • Kamharakat hayot tarzi.

Diabetning 2-tipiga irsiy moyillik bo’lishi isbotlangan. Bunga gomozigotali egizaklarda kasallik mavjud bo’lishining 100% mos kelishi ishora qiladi.

Kasallikni davolashda har doim ham insulin kerak bo’lavermaydi. Faqatgina malakali shifokor davolash tartibini belgilay oladi.

Avvalo bunday bemorlarga parhez buyuriladi. Shifokor tavsiyasiga amal qilish muhim ahamiyatga ega. Tana vaznini me’yorga kelguncha asta-sekin, oyiga 2-3 kg`dan tushirib borish tavsiya etiladi. Parhezga amal qilmaganda qonda shakar miqdorini tushiruvchi dorilar, eng og’ir hollarda insulin buyuriladi.

Alomatlari

Qandli diabet belgilari bosqichma-bosqich rivojlanadi va sekinlik bilan namoyon bo’la boshlaydi. Asosan qonda glyukoza miqdorining yuqori bo’lishi kuzatiladi. Bemorlarda kasallik paydo bo’la boshlanganida quyidagi asosiy alomatlar seziladi:

  • Polidipsiya — qondirib bo’lmas doimiy chanqoqlik.
  • Poliuriya — siydikda erigan glyukoza hisobiga osmotik bosimning ortishi natiajasida kunlik peshob ajralishining oshishi;.
  • Polifagiya — doimiy qondirib bo’lmas ochlik. Modda almashinuvi buzilishi oqibatida yuzaga keladi;
  • Ozib ketish — ayniqsa diabetning 1-tipi uchun xarakterli. Hujayralarning energetik almashinuvida uglevod ishtirok etmasligi sababli oqsil va yog’larning faol katabolizmi tufayli sodir bo’ladi

Bundan tashqari kasallikning ikkilamchi belgilari ham mavjud. Ular asta-sekin rivojlanadi va har qanday turdagi diabet uchun xarakterlidir:

  • Doimiy ravishda og’izning quruqligi;
  • Tana vaznining kamayishi yoki birdan oshib ketishi;
  • Terining kuchli qichishi va quruqlashishi;
  • Teri va yumshoq to’qimalarda yiringli yarachalar paydo bo’lishi;
  • Mushaklarning kuchsizligi va haddan tashqari terlash;
  • Har qanday yaralarning qiyin tuzalishi;
  • Ko’rish buzilishi;
  • Bosh og’rig’i, aylanishi va aqliy faoliyatning pasayishi;
  • Yurak og’rig’i, jigarning kattalashishi;
  • Oyoqlarda og’riq va yurishning buzilishi;
  • Teri, ayniqsa oyoqlarda sezgirlik kamayishi;
  • Yaralar paydo bo’lishi;
  • Qon bosimining oshishi;
  • Yuz va oyoq shishishi;
  • Bemordan atseton hidi kelishi.

Tashxislash

Agar kasallik mavjudligiga shubha bo’lsa uni tasdiqlash yoki inkor qilish kerak bo’ladi. Buning uchun bir qator laboratoriya va instrumental diagnostik usullar bor va bu tahlilar yordamida kasallikka aniq tashxis qo’yilishi mumkin. Ularga:

  • Qonda glyukoza miqdori — och qolganda glyukoza miqdorini aniqlash;
  • Glyukozaga sezuvchanlik sinovi — och holatda va ovqatdan keyin ikki soat o’tib qondagi glyukoza miqdorini solishtirish;
  • Glikemik kuzatuv — kun davomida qondagi qand miqdorini bir necha bor tahlil qilish. Davolash samarasini o’rganish uchun qo’llaniladi;
  • Siydikda glyukoza, oqsil, oq qon hujayralari mavjudligini tekshirish;
  • Siydikda atseton mavjudligini tekshirish;
  • Qonda glikolizlangan gemoglobin miqdorini aniqlash;
  • Qonning biokimyoviy tahlili;
  • Qondagi endogen insulinni aniqlash;
  • EKG — diabet oqibatida miokard ko’rgan zararni aniqlash;
  • UTT, kapilyaroskopiya kabilar yordamida qon tomirlar shikastlanish darajasini o’rganish.

Diabet bilan kasallangan barcha bemorlar quyidagi mutaxassislar bilan maslahatlashishi kerak:

  1. Endokrinolog;
  2. Kardiolog;
  3. Nevrolog;
  4. Oftalmolog;
  5. Jarroh.

Kasallik darajalari

Kasallikni jiddiyligiga qarab tasniflash juda muhim sanaladi. Asosan glikemiya darajasiga qarab farqlanadi. Darajalanish tashxis qo’yishda yordam beradi va asoratlarni oldini olishda muhim rol o’ynaydi. Tibbiy yozuvlarga qarab kasallik qanday kechayotganini, asoratlar og’ir-yengilligini bilib, farqlash mumkin.

1-daraja

Kasallanish orasida eng yaxshi ko’rsatkich hisobanib, har qanday davolash jarayoni kasallikni ana shu darajaga tushirishga qaratilgan bo’ladi. Qand miqdori insulin bilan butunlay qoplanadi, glyukoza darajasi 6-7 mmol / l atrofida, glyukozuriya (glyukozani siydik bilan ajralishi) uchramaydi, boshqa ko’rsatkichlar ham me’yorda bo’ladi.

Kasallik fonida rivojlangan patologiyalar uchramaydi, asoratlar kuzatilmaydi. Bunday natijaga davolash kursiga to’liq amal qilish va parhez tutish yordamida erishiladi.

2-daraja

Bu darajada insulin qand miqdorini biroz qoplay olmayotganidan dalolat beradi. Ko’zlar, buyraklar, yurak, qon tomirlari, oyoqlarda, nerv tolalarida shikastlanishlar mavjud bo’ladi.

Qonda glyukoza miqdori biroz oshgan va 7-10 mmol / l atrofida bo’ladi, glyukozuriya uchramaydi. Boshqa ko’rsatkichlar ham biroz me’yordan oshgan bo’ladi.

3-daraja

Bu darajada kasallik faol rivojlanayotgani va uni dori-darmonlar bilan ushlab turib bo’lmasligi kuzatiladi. Glyukoza miqdor 3-14 mmol / l atrofida, glyukozuriya doimiy bo’ladi, yuqori proteinuriya kuzatiladi, shikastlangan organlar asta-sekin belgi berishni boshlaydi.

Ko’rish o’tkirligi tez pasayib ketadi, gipertoniya kuzatiladi, oyoqlarda va barmoq uchlarida sezuvchanlik kamayadi.

4-daraja

Bu darajada mutlaq dekompensatsiya kuzatiladi va qilgan muolajalar (agar bo’lsa) umuman foyda bermayotganidan dalolat beradi. Glyukoza miqdori jiddiy raqamlargacha (15-25 mmol / l va undan ko’p) ko’tariladi, qand miqdorini tushirishga urinish yaxshi samara bermaydi.

Siydik orqali oqsil ajralishi yanada faollashadi. Buyraklar yetishmvochiligi yuzaga keladi, terida yaralar va gangrena uchrashi mumkin. Komaga tushish xavfi o’ta yuqori.

Qandli diabetni davolash

Hozirgi kunda qandli diabetni davolash ko’pchilik holatlarda simptomatik hisoblanadi va mavjud alomatlarni bartaraf etishga qaratiladi. Ya’ni kasallikning asosiy sababiga qarshi kurashilmaydi, chunki bugungi kunda samarali terapiya dasturi ishlab chiqilmagan. Diabetni davolashda shifokorning asosiy vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

  • Uglevod almashinuvini kompentsatsiya qilish;
  • Asoratlarni oldini olish va davolash;
  • Tana vaznini me’yorga keltirish;
  • Bemorga tushuncha berish.

Uglevod almashinuvi kompensatsiyasiga ikki yo’l bilan erishiladi:

  1. Diabet turiga qarab turli usullar yordamida hujayralarni insulin bilan ta’minlash.
  2. Parhezga amal qilish yordamida organizmga uglevodlar tushishini bir maromda ushlab turish.

Qandli diabetni davolashda bemorga tushuncha berish juda muhim o’rin tutadi. Bemor kasallik nima ekanligi, uning xavflari, gipo- va giperglikemiya epizodlarida nimani amalga oshirishi, ulardan qochish uchun nima qilish kerakligi, qonda glyukoza miqdorini mustaqil ravishda nazorat qilishi va ruxsat etilgan ovqatlanish tartibi haqida aniq tushunchaga ega bo’lishi kerak.

Dietoterapiya

Qandli diabetda parhez tutish terapiyaning insulin yoki qand miqdorini pasaytiruvchi vositalar qabul qilish kabi zaruriy qismi hisoblanadi. Parhezsiz uglevod almashinuvi kompensatsiyasi imkonsizdir.

Qayd etish joizki, ba’zi 2-tip diabetda uglevod almashinvi kompensatsiyasi uchun faqatgina parhez yetarli bo’ladi, ayniqsa dastlabki bosqichlarda. 1-tip diabetda esa parhez hayotiy zarurdir, unga amal qilmaslik gipo- yoki giperglikemik komaga, ba’zi hollarda esa bemorning o’limiga olib kelishi mumkin.

Parhez uglevod, yog’ va oqsil miqdori bo’yicha muvozanatlashtirilgan bo’lishi kerak. Ovqatlanish ratsionidan yengil o’zlashtiriladigan uglevodlarni butunlay chiqarib tashlash kerak. Gipoglikemiya holatlari bundan mustasno.

Dietoterapiyada asosiy tushuncha non birligi hisoblanadi. U shartli birlik bo’lib, 10-12 g uglevod yoki 20-25 g nonga teng. Turli mahsulotlardagi non birligini aks ettiradigan jadvallar mavjud. Sutka davomida bemor tomonidan iste’mol qilinadigan non birligi o’zgarmas bo’lishi kerak. Tana vazni va jismoniy faollikdan kelib chiqqan holda bu o’rtacha 12-25 birlik bo’ladi.

Bir martada 7 dan ortiq non birligiga to’g’ri keladigan uglevod qabul qilish tavsiya etilmaydi. Ovqatlanish tartibini sutkalik miqdor har bir qabulda teng miqdorda bo’ladigan qilib tashkillashtirish tavsiya etiladi. Shuni ta’kidlash kerakki, alkogol qabul qilish uzoq gipoglikemiyaga, xususan gipoglikemik komaga olib kelishi mumkin.

Yana bir muhim jihat — bemor tomonidan ovqatlanish kundaligi olib borilishi. Unga kun davomida qabul qilingan barcha mahsulotlar kiritib boriladi. Buning asosida bir martalik va sutkada qancha non birligi iste’mol qilingani hisoblanadi. Shuningdek u gipo- va giperglikemiya epizodlari sababini aniqlashga yordam beradi.

Qand miqdorini pasaytiruvchi peroral preparatlar

Ushbu guruh preparatlari faqatgina 2-tip qandli diabet bilan kasallangan bemorlarni qo’llab-quvvatlash uchun ishlatiladi. Birinchi tipda ular samarasiz hisoblanadi.

Preparatning ta’sir mexanizmi — endogen yoki ekzogen insulin mavjudligida anaerob glikolizni stimulyatsiya qilish hisobiga mushak to’qimasi tomonidan glyukozaning faol ravishda utilizatsiya qilinishi. Shuningdek ularning ba’zilari ishtahani kamaytiradi va tana vaznini pasaytirishga yordam beradi.

Anaerob glikoliz natijasida sintezlanadigan sut kislotasi to’planishi sababli pH`ning nordon tarafga siljishi ro’y beradi va to’qimalar gipoksiyasi kuchayadi.

Davolashni minimal dozalardan boshlash tavsiya etiladi. Uglevod almashinuvi kompensatsiyasi va glikozuriya bo’lmaganda doza oshiriladi. Gipoksiya rivojlanishi mumkinligi inobatga olinib, ushbu guruh preparatlari miokard yoki boshqa organlarida ishemik o’zgarishlar mavjud bo’lgan bemorlarga ehtiyotkorlik bilan buyurilishi kerak.

Ba’zi bemorlarda qandni pasaytiuvchi preparatlarning samaradorligi pasayishi kuzatilishi mumkin. Bu me’da osti bezining sekretor faolligi pasayishi bilan bog’liq va oxir-oqibat bunday preparatlarning besamarligiga va insulinoterapiyaga o’tish kerakligiga olib keladi.

Insulinoterapiya

Insulin bilan davolash uglevod almashinuvini maksimal darajada kompensatsiyalash, gipo- va giperglikemiyani oldini olish va shu tarzda diabet asoratlarini profilaktikasini ta’minlashga qaratilgan. Insulinoterapiya 1-tip diabetli bemorlar uchun hayotiy zarur hisoblanadi. 2-tipda esa ba’zi hollarda qo’llanilishi mumkin.

Qo’llash uchun ko’rsatmalar:

  • 1-tip qandli diabet;
  • Ketoatsidoz, diabetik giperosmolyar, giperlaktsidemik koma;
  • Qandli diabetda homiladorlik va tug’ruq;
  • 2-tip diabetni boshqa usullar bilan davolashning besamarligi;
  • Kasallik vaqtida tana vaznining sezilarli darajada pasayib ketishi;
  • Diabetik nefropatiya.

Bugungi kunda insulin preparatlarining ko’plab turlari mavjud. Ular ta’sir davomiyligi (ultraqisqa, qisqa, o’rtacha va davomli), tozalanish darajasi (monopikli, monokomponentli), maxsusligi (inson, cho’chqa, buqa, gen muhandisligidan olingan va boshqalar) bo’yicha farqlanadi.

Insulin teri ostiga maxsus shprits yoki pompa-dozator yordamida kiritiladi. Unga bo’lgan talabni bilish zaruriy shart hisoblanadi. 1 non birligiga kerak bo’ladigan insulin miqdorini bilib, ovqat qabuliga qarab bemor qisqa ta’sirli insulinlar dozasini samarali va xavfsiz tarzda o’ziga moslashtirib olishi mumkin bo’ladi.

Qondagi glyukozani o'lchash asbobi

Organizmning fiziologik xususiyatlaridan kelib chiqib, bir non birligiga teng uglevodlarni o’zlashtirish uchun sutka vaqtiga qarab 0,5 — 4 birlik insulin talab etilishi mumkin.

Mazkur ko’rsatkichlarni aniqlash uchun asosiy ovqatlanishdan keyin glyukoza miqdorini o’lchash, bu vaqtda qancha non birligi iste’mol qilingani va kiritilgan insulin miqdorini bilish kerak. Shunga qarab non birligi va insulin miqdori taqqoslanadi. Agar ovqatdan keyin qand miqdori me’yordan yuqori bo’lsa, keyingi kunda insulin dozasi 1-2 birlikka oshiriladi va glikemiya darajasi 1 birlik insulin uchun qancha o’zgargani hisoblanadi.

Qand miqori me’yori

Davolash paytida diabet va uni dinamik baholash, tashxis qo’yish uchun birinchi usul qonda glyukoza (shakar) darajasini o’rganish hisoblanadi. Davolash va keyingi harakat ana shu ko’rsatkichga qarab tayinlanadi.

Mutaxassislar kasallikni o’rganish jarayonida aniq ko’rsakichlar jadvalini tuzib chiqishgan. Bu miqdor ko’rsatkichlari nafaqat endokrinologlar, balki bemorlar uchun ham kerakli bo’ladi.

 

Uglevod almashinuvi holati Glyukoza miqdori
Me’yorda Och qolganda 3,3-5,5 mmol/l
Uglevod iste’mol qilingandan 2 soat o’tib <7,8 mmol/l
Sezuvchanlik buzlishida Och qolganda 5,5-6,7 mmol/l
Uglevod iste’mol qilingandan 2 soat o’tib 7,8-11,1 mmol/l
Qandli diabetda Och qolganda >6,7 mmol/l
Uglevod iste’mol qilingandan 2 soat o’tib >11,1 mmol/l

Qandli diabetning diagnostika jadvalidan ko’rinib turibdiki, qondagi qand miqdorini aniqlash juda oddiy va uy sharoitida glikometr bilan o’lchansa ham bo’ladi. Xuddi shu tarzda, turli yo’llar bilan diabetni davolash va baholash mezonlarini ishlab chiqilgan.

Ikkinchi turdagi diabetni butunlay davolash hollari qayd etilgan. Parhez tutilib, tana vazni me’yorga keltirilsa, kasallik butunlay yo’qolib ketishi mumkin. Bunda ovqatlanish va jismoniy faoliyat tartiblarini normallashtirish kerak. Ular buzilganda kasallik yana qaytalanadi.

Rasmiy tibbiyotga ko’ra — diabetni birinchi hamda ikkinchi turining chidamli shakllarini butunlay davolashning imkoni yo’q. Lekin doimiy nazorat ostida bo’lgan va shifokor tavsiyalariga amal qilingan holda kasallik asoratlarini oldini olish yoki butunlay cheklash mumkin.

Zamonaviy tibbiyotda me’da osti beziga sun’iy moslama kiritib, diabetni muntazam ravishda nazorat qilish imkoniyati mavjud. Bu moslama avtomatik ravishda qonda qand miqorini o’lchaydi va kerak bo’lsa ma’lum miqdorda insulin ajratadi. Lekin sun’iy insulin hammaga ham bir xildek ta’sir qilmaganligi uchun bu usul ham hozircha o’z kamchiliklariga ega.

Asoratlari

O’tkir

O’tkir asoratlar qandli diabet mavjudligida kunlar yoki hatto soatlar davomida rivojlanishi mumkin. Ularga:

  • Diabetik ketoatsidoz — qonda yog’larning oraliq metabolizmi mahsulotlari to’planib qolishi oqibatida rivojlanadigan og’ir holat. Hushdan ketish va organizmning hayotiy zarur funktsiyalari buzilishiga olib kelishi mumkin.
  • Gipoglikemiya — qonda glyukozaning me’yordan pasayib ketishi (odatda 3,3 mmol / l dan past). Qandni pasaytiruvchi preparatlar peredozirovkasi, hamrohlik qiluvchi kasalliklar, noodatiy jismoniy faollik yoki yetarli ovqatlanmaslik, alkogol qabul qilish natijasida sodir bo’lishi mumkin. Birinchi yordam bemorga shakar eritmasi yoki boshqa shirin ichimlik berish, uglevodga boy mahsulotlar qabul qilish (tezroq so’rilishi uchun til ostiga shakar yoki asal solish mumkin), imkon bo’lganda mushak orasiga glyukagon preparatlar, vena ichiga glyukozaning 40% li eritmasini kiritish.
  • Giperosmolyar koma — asosan anamnezida 2-tip diabet bo’lgan yoki bo’lmagan keksa bemorlarda kuzatiladi va kuchli suvsizlanish bilan bog’liq. Ko’pincha bir necha kundan bir haftagacha davom etadigan poliuriya va polidipsiya kuzatiladi. Tezkor gospitalizatsiya uchun hayotiy ko’rsatkich sanaladi.
  • Laktatsidiotik koma — qonda sut kislotasi to’planishi tomonidan chaqiriladi. Asosan 50 yoshdan oshgan bemorlarda yurak-tomir, jigar yoki buyrak yetishmovchiligi, to’qimalarning kislorod bilan yetarlicha ta’minlanmasligi fonida sodir bo’ladi. Uyquchanlik, hushdan ketish, nafas olish buzilishi, Kussmaul nafasi yuzaga kelishi, arterial bosimning pasayishi, peshob kelishining kamayishi (oliguriya) yoki umuman bo’lmasligi (anuriya) kuzatiladi.

Kechki

Rivojlanishi uchun oylar, ba’zan esa yillar kerak bo’ladigan asoratlar guruhini o’z ichiga oladi. Ularga:

  • Diabetik retinopatiya — ko’z to’r pardasining mikroanevrizmalar, nuqtali va dog’li qon quyilishlar, qattiq ekssudatlar, shishlar, yangi tomirlar shakllanishi ko’rinishida shikastlanishidir. Ko’z tubida qon quyilishi bilan yakunlanadi, to’r pardaning ko’chishiga olib kelishi mumkin. Ko’proq 2-tip diabetda kuzatiladi. O’rta va keksa yoshdagi bemorlarda ko’rlikning asosiy sababchisidir.
  • Diabetik mikro- va makroangiopatiya — tomirlar o’tkazuvchanligining buzilishi, ularning sinuvchanligi oshishi, trombozlarga va ateroskleroz rivojlanishiga moyillik.
  • Diabetik polineyropatiya — ko’pincha ikki taraflama periferik neyropatiya ko’rinishida qo’l va oyoqning uch qismlarida boshlanadi. Og’riq va harorat sezishning pasayishi — neyropatik yara va jarohatlar rivojlanishida eng asosiy omildir. Sababi nerv to’qimalari oziqlanishi buzilishi. Sezgining buzilishi osonlikcha yuzaga keladigan jarohatlarga olib keladi. Nerv faoliyatini tiklash uchun tiokta kislotasi saqlagan preparatlar yordam beradi. U tanadagi uglevod va lipid almashinuvini tiklaydi va asab to’qimalarining fiziologik jarayonlari normallashtiradi.
  • Diabetik nefropatiya — buyraklarning shikastlanishi, dastlab mikroalbuminuriya, keyin proteinuriya ko’rinishida. Surunkali buyrak yetishmovchiligi rivojlanishiga olib keladi.
  • Diabetik artropatiya — bo’g’imlarda og’riq, «qarsillash», harakatning cheklanishi, sinovial suyuqlik miqdorining kamayishi va uning yopishqoqligi ortishi.
  • Gangrena — angiopatiya natijasida qon aylanishi buzilishi kuzatiladi. Uzoq vaqt davom etgan hollarda qo’l-oyoqlarda gangrenalar yuzaga kelishi mumkin. Bu qaytarilmas jarayon bo’lib, shikastlangan qism amputatsiya qilinishi talab etiladi.

Qondagi yuqori glyukoza zarari

Giperglikemiya qancha uzoq davom etsa, kasallik shuncha og’ir kechadi. Bu organizmni qondagi glyukoza miqdorini kamaytirish uchun qo’llaydigan mexanizmlari tufayli sodir bo’ladi, ular:

  1. Glyukozani yog’larga aylantirib saqlashi, natijada semirish yuzaga keladi;
  2. Hujayra qobig’ini «glikolizlash», ya’ni qobiq tarkibidagi oqsillarga qand aralashishi;
  3. Glyukozani sorbitol parchalash funkisyasi faollashishi. Buning natijasida zaharli moddalar paydo bo’ladi va nerv hujayralari shikastlanadi;
  4. Katta va kichik qon tomirlarini shikastlanishi. Bu oqsilning glikosilatsion progressiyasi va xolesterin to’planishi natijasida sodir bo’ladi. Natijada mikroangiopatiya yuzaga keladi.

Shu tariqa kasallik vaqt o’tishi bilan deyarli barcha organlarning shikastlanishiga olib keladi.

Oldini olish

Afsuski, ko’p holatlarda birinchi turdagi diabetni oldini olish murakkab vazifadir. Chunki uning asosiy sabablari irsiy omillar va kichik viruslar sanaladi. Lekin kasallik hammada ham rivojlanavermaydi. Olimlar ko’krak suti bilan ko’proq oziqlangan bolalarda qandli diabet kamroq uchrashini ta’kidlashadi, ammo bu hali isbotlanmagan.

Ikkinchi turdagi diabetda esa umuman boshqacha holat. Chunki u noto’g’ri ovqatlanish va hayot tarzi natijasida shakllanadi, shuning uchun profilaktik chora-tadbirlarni qo’llasa bo’ladi, demak:

  • Tana vaznini normallashtirish;
  • Qon bosimi va yog’lar almashinuvini nazorat qilish;
  • Yengil hazm bo’ladigan ovqat iste’mol qilish;
  • Jismoniy faollikka amal qilish va shu bilan birga haddan ziyod zo’riqishlardan o’zini tiyish.

Jami baholar 4.1 / 5. Ovozlar soni: 9

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.