Og’iz hidlanishi — sabablari, uy sharoitida davolash, oldini olish

Og’izdan noxush hid kelishi, galitoz (halitosis; lot. halitus — nafas va yun. —osis — kasallik) — insonlarda hazm qilish tizimining ba’zi a’zolari kasalligi belgisi. Unga og’zi bo’shlig’ida anaerob bakteriyalar miqdorining patologik ko’payishi hamrohlik qiladi. Ushbu muammo ko’pincha o’ziga bo’lgan ishonchi yo’qotishga sabab bo’ladi va muloqot qilishga to’sqinlik qiladi. Muammo doimiy ravishda mavjud bo’lishi yoki vaqti-vaqti bilan paydo bo’lishi mumkin, masalan, och qoringa.

Og'izdan noxush hid kelishi haqida

Og’iz bo’shlig’i shilliq qavati va milk yallig’lanishini o’z vaqtida davolash juda muhim o’rin tutadi, chunki aynan ushbu patologiyalar muamoning eng keng tarqalgan sababchilaridir. Ushbu holat dunyodagi har ikkinchi odamda kuzatiladi.

Galitoz atamasi 1920-yilda Listerin nomli chayish uchun vositani reklama qilish uchun o’ylab topilgan bo’lib, kasallik emas, tibbiy atama sanaladi.

Galitoz turlari

  1. Fiziologik. Og’iz bo’shlig’ining fiziologik xususiyatlari va tilning orqa qismidagi karash mikroflorasi tarkibining ko’proq chirituvchi bo’lishi bilan bog’liq. Bunday holda, tish va milklar butunlay sog’lom bo’lishi mumkin.
  2. Patologik. Muammoning sababi turli yallig’lanishlar yoki ichki a’zolarning kasalliklari bo’lishi mumkin.
  3. Psevdogalitoz. Og’izdan ozgina hid keladi, u boshqalar tomonidan sezilmaydi va faqat bemorning o’zini tashvishga soladi. Ushbu holatlar ilgari chin galitozdan aziyat chekkan insonlar uchun ko’proq xos bo’lib, ular patologiyani muvaffaqiyatli davolashgan, lekin nafasning noxushligidan tashvishlanishda davom etishadi.

Og’iz hidlanishi sabablari

Muammoning keng tarqalgan sabablaridan biri — og’iz boshlig’i quruqligi sindromi sanaladi. So’lakning sekin va oz miqdorda ishlab chiqarilishi tufayli tabiiy tozalanish jarayoni buziladi va patogen bakteriyalarning ko’payishi uchun oziqa muhiti hosil bo’ladi. Quruqlik quyidagilar tomonidan chaqirilgan bo’lishi mumkin:

  • So’lak bezlarining kasalliklari;
  • Qandli diabet;
  • Avitaminoz;
  • Radiatsion shikastlanish;
  • Botulizm;
  • Og’iz orqali nafas olish;
  • Ba’zi dori-darmonlarni qabul qilish.

Mahalliy

  • Stomatologik muammolar. Yomon hid kelishi sabablaridan biri karies va uning asoratlaridir. Tishlar parchalanishida hosil bo’ladigan bo’shliqlarida oziq-ovqat zarralari to’planadi, u joyda bakteriyalar faol ko’paya boshlaydi, bu esa yoqimsiz hid ajralishiga olib keladi.
  • Milk kasalliklari. Milk va og’iz bo’shlig’i shilliq qavatlarining yallig’lanishi ham galitoz chaqirishi mumkin;
  • Og’iz bo’shlig’i gigienasining yetishmasligi. Tishlar, milk, til, shuningdek ortodontik va ortopedik qurilmalarga (protezlar, apparatlar, kapalar va boshqalar) yetarlicha e’tibor bermaslik. Kundalik gigienaga befarq bo’lishda tishlar orasida, til orqasida, milklar atrofida va protez elementlarida ovqat zarralari to’planib qoladi. Bu bakteriyalarning ko’payishi uchun qulay muhitga aylanadi. Ushbu mikroorganizmlarning hayotiy faoliyati jarayonida og’iz hidlanishiga sabab bo’ladigan uchuvchan oltingugurtli birikmalar ajraladi.

Umumiy

Ovqatlanish xarakteri. Oqsilga boy go’sht va sut mahsulotlarini iste’mol qilish galitoz rivojlanishiga hissa qo’shadi. Ular qayta ishlanganida, og’iz bo’shlig’ida kislota-ishqor muvozanatini o’zgartiradigan ishqoriy birikmalar hosil bo’ladi. Buning oqibatida yoqimsiz hid chaqiradigan mikroorganizmlar faol ravishda ko’payishni boshlaydi. Tarkibida yuqori miqdorda uglevodlar bo’lgan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish, aksincha, hidning sezilarligini kamaytirishga yordam beradi.

Somatik kasalliklar. Jumladan:

  • Ovqat hazm qilish tizimining ayrim kasalliklari,
  • Jigar patologiyasi, o’pkaning og’ir kasalliklari;
  • LOR-a’zolar patologiyasi.

Gormonal buzilishlar. Organizmda jinsiy gormonlar nisbati va kontsentratsiyasi o’zgarishi so’lak xususiyatlariga ham ta’sir qiladi. So’lak qanchalik yopishqoq bo’lsa va odatdagidan ko’ra kamroq ajralsa, unda kislorod miqdori kamayadi. Bu badbo’y hidning paydo bo’lishiga olib keladigan uchuvchi birikmalar hosil bo’lishiga yordam beradi.

Chekish. Tamakining yonishi natijasida o’ziga xos hidga ega bo’lgan moddalar hosil bo’ladi. Chekish vaqtida og’iz bo’shlig’ining shilliq qavati haddan tashqari quriydi va uning tabiiy tozalanishi jarayoni buziladi. Chekishda og’izdagi kislorod miqdori kamayadi, anaerob bakteriyalar (yashashi uchun kislorod kerak bo’lmagan mikroorganizmlar) soni ko’payadi. Bu zararli odat, shuningdek, tishda tosh hosil bo’lishiga va milkning yallig’lanishiga olib keladi.

Tashxislash

Ko’pincha kishi o’zida og’iz hidlanishi mavjudligini mustaqil aniqlash mushkul vazifa bo’ladi. Buni osonlashtirish uchun quyidagi sinovlardan foydalanish mumkin.

Qoshiq yoki salfetka bilan sinov

Qoshiq bilan. Tilning orqa uchdan bir qismidan plastik qoshiq yordamida karash to’planib olinadi. 1 daqiqadan so’ng uning hidi bemorning o’zi yoki sinov o’tkazadigan ishonchli shaxs tomonidan baholanadi.

Salfetka bilan. Tilning orqa qismidan karashni olish uchun gigienik salfetkadan ham foydalanish mumkin. Buning uchun tilning orqa uchdan bir qismi toza salfetka bilan artilib, 40-45 soniyadan keyin uning hidi baholanadi. Bunday test natijalari nafaqat galitozni aniqlabgina qolmay, balki uni keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar manbai — karashni ham aniqlashga imkon beradi.

Tish iplari bilan sinov

Yuqori va pastki jag’ tishlar (molyarlar) orasidagi bo’shliqlar hidsiz va mum bilan shimdirilmagan tish iplari bilan tozalanadi. Tishlararo makonni tozalashdan keyin 30-40 soniya o’tib, ipning hidi baholanadi.

Keyin ishlatilgan ip qismi qanday rangga bo’yalgani ko’riladi. Sariq rang tish karashini, qizil — milklarning qonashini ko’rsatadi. Har ikkala belgi ham galitoz rivojlanishiga hissa qo’shadigan omillardir.

Nafas hidini organoleptik o’lchash

Og’izdan keladigan hidning intensivligi va xususiyatini baholash tish shifokori tomonidan amalga oshiriladi. Sinov arafasida aniq test natijalarini olish uchun bemor va tadqiqotchi antibakterial preparatlardan, achchiq oziq-ovqat, ziravorlar, piyoz hamda sarimsoq (sinovdan 2 kun oldin), aromatik kosmetika vositalaridan (sinovdan bir kun oldin) foydalanmasligi kerak.

Sinov o’tkazilishidan oldingi 12 soat ichida bemor chekmasligi, tishlarini cho’tka bilan tozalamasligi, chayqashi, nafasni hushbo’y qiluvchi vositalar va saqich chaynashdan saqlanishi lozim.

Og’izdan yoqimsiz hid kelishini davolash

Asosiy kasalliklarni davolash. Ba’zida galitoz organizmning qandaydir tizimli kasalligi alomati bo’lishi mumkin. Ertalab og’izdan noxush hid kelishi quyidagi hollarda ham kuzatilishi mumkin:

  • Oshqozon-ichak trakti funktsiyalarining buzilishi;
  • Jigar va buyrak yetishmovchiligi;
  • LOR-kasalliklar;
  • Bronxopulmonar tizim bilan bog’liq muammolar va boshqalar.

Bunday holda, noxush hid kelishini bartaraf etish uchun asosiy kasallikni tashxislash va davolash (konservativ, fizioterapevtik) amalga oshiriladi.

Xalqona vositalar

  • Biroz botqoq igiri ildizi yoki petrushka chaynash sarimsoq yoki piyoz hidini bartaraf etishga ko’maklashadi;
  • Chayish uchun dalachoy (qizilpoycha) o’ti asosidagi spirtli tindirma ishaltiladi. Yarim stakan suvga 30 tomchi tindirma solib, og’iz yaxshilab chayiladi;
  • Yalpiz tindirmasi va seldereyning spirtli tindirmasi (bir-ikki choy qoshiq o’simlik bir stakan 40% li spirt eritmasida ikki hafta tindiriladi) ham chayish uchun qo’llansa bo’ladi. 20 tomchi tindirma 500 ml qaynatib sovutilgan suvga qo’shilib, hosil bo’lgan aralashma bilan og’iz chayiladi;
  • Qandag’och barglaridan tayyorlangan tindirma. 20 gramm qandag’och barglari yarim litr qaynoq suv bilan damlanadi. Kuniga kamida 6 marta chayish kerak;
  • Eman po’stlog’i, dalachoy o’ti, qayin barglari, moychechak va gazanda aralashmasi ham yoqimsiz hidlarni bartaraf etishda samaralidir. Masalliqlar teng qismdan olinib, choy sifatida damlanadi va chayish uchun vosita sifatida ishlatiladi;
  • Og’iz hidlanishini uy sharoitida davolash uchun bir osh qoshiq o’simlik moyi olib (zaytun, kungaboqar, zig’ir, raps moyi), u bilan o’n daqiqa atrofida og’iz yaxshilab chayiladi. Muolajadan keyin moy oqaradi va til, milk hamda lunjning ichki tomonini o’lik hujayralardan va tish karashidan tozalaydi;
  • Ichga qabul qilish uchun qulupnay mevalaridan tindirma tayyorlash mumkin. Buning uchun 3 osh qoshiq meva 250 ml suvda 4 soat tindiriladi, so’ng ovqatdan oldin chorak stakandan qabul qilinadi;
  • Bolalarda og’izdan noxush hid kelishiga qarshi kurashishda olma yordam beradi. Oddiy qovurilgan kungaboqar pistasi ham ijobiy ta’sirga ega;
  • Har kuni zarang yoki qayin shirasini ichish yaxshi samara beradi;
  • Ertalab yog’osh qoshiq yordamida til ildizida mavjud karash tozalanadi, so’ng osh tuzi qo’shilgan iliq suv bilan chayiladi.

Tish kasalliklarini davolash

  • Shikastlangan tishlarni plombalash;
  • Agar tishni davolash imkoni bo’lmasa, uni olib tashlash;
  • Milk yallig’lanishini davolash.

Mahalliy ta’sirga ega dorilarni qo’llash. Bugungi kunda hidlanishni bartaraf etishga yordam beradigan keng tanlovdagi vositalar mavjud:

  • Tish pastalari;
  • Stomatologik gellar;
  • Shimish uchun tabletka va boshqalar.

Har qanday vositani ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish joiz.

Oldini olish

Muntazam og’iz gigienasi. Yoqimsiz hidga qarshi kurashishning asosiy usullaridan biridir. Muammoni bartaraf etish uchun quyidagilarni bajarish kerak:

  • Tishlarni kuniga kamida 2 marta tozalash;
  • Har bir taom tanovulidan so’ng tish uchun ipdan yoki chayqash uchun eritmalardan foydalanish;
  • Og’iz bo’shlig’ini tozalashda nafaqat tishlarga, balki tilga ham e’tibor berish kerak. Tilni karashdan tozalash muammoni yo’qotishga yordam beradi, chunki karash mikroorganizmlar rivojlanishi uchun asos hisoblanadi.

Ota-onalar bolalari og’zidan yomon hid kelishini sezishganida, ularni og’iz gigienasiga muntazam amal qilishini nazorat qilishlari zarur. Bu shuningdek bolalarda karies va boshqa stomatologik kasalliklarni oldini olishda ham muhimdir.

Bakteriyalar og’iz qurib qolganida ayniqsa faollashadi, shu sababli, buni oldini olish uchun yetarlicha miqdorda suyuqlik ichib turish kerak.

Og’izdagi noxush hidni tezda yo’qotish uchun qisqa muddat ta’sir qiluvchi yalpizli konfetalar yoki hushbo’y saqichlar chaynash mumkin. Biroq ular faqatgina hidni yashiradi, asosiy sababini bartaraf etmaydi.

Stomatologik muammolarni bartaraf etish. Muammo og’iz bo’shlig’idagi turli xil yallig’lanishlar va tish bilan bog’liq muammolar bo’lishi mumkinligi sababli, stomatologik kasalliklarini o’z vaqtida aniqlash va ularni davolash uchun stomatologga muntazam ravishda tashrif buyurib turish talab etiladi. Shifokor shilliq qavatni, paradont va tishlarni diqqat bilan ko’radi, so’lak bezlari kanallarini tekshiradi. Zarur bo’lganda, og’iz bo’shlig’ining professional sanatsiyasi amalga oshiriladi, bunga tish karashlari va toshlarini olish, karies va uning asoratlarini davolash, infektsiya o’choqlarini bartaraf etish kabilar kiradi. Ba’zida protezlarni zamonaviy standartlarga javob beradigan yangilariga almashtirish zarur bo’lishi mumkin.

Ovqatlanish ratsionini tuzatish. Hidlanishga turtki bo’luvchi piyoz, sarimsoq, qalampir, pishloq, salyami va shunga o’xshash mahsulotlarni cheklash tavsiya etiladi. Ularning tarkibida sistein moddasi bo’lib, mikroorganizmlar ishtirokida u vodorod sulfidga aylanadi. Vodorod sulfid esa o’z navbatida og’izda badbo’y hid hosil qiladi.

Zararli odatlardan voz kechish. Galitozni bartaraf etish uchun chekish va alkogolli ichimliklar ichishni to’xtatish tavsiya etiladi.

Jami baholar 3.8 / 5. Ovozlar soni: 18

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.