Sistit kasalligi — sabablari, xavf omillari, tashxislash, davolash, oldini olish
Sistit — qovuq (siydik pufagi) shilliq qavatining yallig’lanishi. Ushbu kasallikdan ko’pincha reproduktiv yoshdagi ayollar aziyat chekadi. Bunday bog’liqlik ayol organizmining anatomik xususiyatlari bilan ifodalanadi, chunki ularda siydik chiqarish kanali erkaklarnikiga qaraganda kalta va kengroq bo’ladi, demakki qovuqqa infektsiya kirishi osonroq kechadi.
Mundarija
Sistit sabablari
Odatda, sistit siydik kanali orqali siydik pufagiga bakteriyalar (masalan to’g’ri ichakda yashaydigan Escherichia coli) kirishi natijasida rivojlanadi. Ammo siydik pufagining yallig’lanishiga olib keladigan boshqa bakteriya va xastaliklar ham mavjud.
Sistit — sovuq mavsum kasalligi degan afsona mavjud. Bu haqiqatga yaqin emas. Kasallik yoz faslida ham yuzaga kelishi mumkin. Masalan, nafas yo’llari infektsiyasi, jinsiy aloqadan keyin siydik yo’llarining yallig’lanishi, vaginal dezodorantlarga, atirli sovun va hattoki rangli hojatxona qog’oziga nisbatan allergiya tufayli.
O’tkir sistit ayollarda qaytalanishga (retsedivlarga) moyil bo’lib, ko’tariluvchi pielonefrit shaklida asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Kasallikning rivojlanishiga zamin yaratadigan xavf omillari ham mavjud, ularga:
- Sintetik tolalardan tayyorlangan tor ichki kiyimlar kiyish. Bu genital hududda bakteriyalar rivojlanishiga yordam beradi, o’z navbatida sistit rivojlanish ehtimoli oshadi.
- Tasodifiy jinsiy aloqalar. Jinsiy hamrohlarni tez-tez o’zgarishi va himoyalanmagan jinsiy aloqa qilish jinsiy yo’l bilan yuqadigan kasalliklar (JYYK) rivojlanish xavfini oshiradi. Buning fonida siydik yo’llari bilan siydik pufagi yallig’lanishi ham mumkin.
- Qabziyat va ichak kasalligi. Ichak kasalliklari va ich qotishi fonida shartli-patogen mikroorganizmlar faollashadi, ular esa siydik yo’llariga kirib borishi mumkin.
- Buyrak kasalligi. Nefrologik kasalliklar bilan infektsion jarayonning qovuqqa (tushuvchi yo’l) tarqalishi ehtimoli oshadi.
- Gormonal fonning buzilishi. Yuqori gormonal sharoitlarda qin va uretra shilliq qavati mikroflorasi ham o’zgaradi.
- Immunitetni zaiflashtirishga yordam beruvchi kasalliklar.
Alomatlari va belgilari
- Tez-tez peshob chiqarish;
- Peshob chiqarish paytida og’riq;
- Bel va qorinning pastki qismida og’riq;
- Siydik rangining o’zgarishi;
- Siydikda yot aralashmalar paydo bo’lishi;
- Isitma.
Harakatlanishi qiyin bo’lgan keksa bemorlarda siydik pufagini to’liq bo’shatmaslik yoki hojatga kam chiqish sistitga sababi bo’lishi mumkin. Xavf guruhiga peshob chiqarishdan oldin ancha muddat sabr qiladigan kattalar va bolalar ham kiradi. Shuning uchun siydik pufagi to’lib ketishini oldini olish va hojatni o’z vaqtida chiqarish tavsiya etiladi.
Kamdan-kam hollarda sistit o’simta tufayli kelib chiqishi mumkin. Erkaklarda sistit ko’pincha o’tkir yoki surunkali prostatit bilan namoyon bo’ladi yoki kasallik yuqori harorat bilan kechganda, uning namoyon bo’lishini niqoblaydi.
Bolalarda sistit kattalarda bo’lgani kabi tez-tez uchraydi. Buning sababi turli xil infektsion patogenlar, shu jumladan kandidoz (molochnitsa) bo’lishi mumkin.
Sovqotish, keng tarqalgan fikrlarga qaramay, qovuq yallig’lanishining asosiy sababi emas. Bu omil faqatgina organizm qarshiligining pasayishiga olib keladi, buning natijasida organizmda allaqachon mavjud bo’lgan infektsiyalar faollashadi, masalan pielonefrit (buyraklarning yallig’lanishi), kandidoz (zamburug’li kasallik), stafilokokkli kasalliklar va hokazo.
Bolalarda o’tkir sistit surunkali shakliga qaraganda ko’proq uchraydi. Ota-onalar bolaning sog’lig’iga ahamiyat bermaydigan juda rivojlangan holatlardagina kasallik surunkali shaklga o’tishi mumkin. Ba’zida kasallikning bee’tibor qoldirilishi o’spirin bolaning uyatchanligi yoki muammo haqida boshqa sabablarga ko’ra ota-onalariga ma’lumot bermasligi tufayli sodir bo’lishi mumkin.
Homiladorlik davrida siydik pufagi infektsiyasi homila tomonidan unga bosim o’tkazilishi tufayli kuzatilishi mumkin. Sistitning dastlabki belgilari kuzatilganida ayollar imkon qadar tezroq shifokorga xabar berishlari hamda siydik tahlili va madaniy ekishlar, umumiy qon tahlili o’tkazish tavsiya etiladi.
Tashxislash
Dastlabki tashxis shifokor ko’rigidan boshlanadi. Sistit bilan og’rigan ayollarda qov usti va qin orqali uretra palpatsiyasida og’riq kuzatiladi. Ba’zida uretraning tashqi qismi giperemiyasi aniqlanadi.
Shundan so’ng shifokor maxsus tashxis usullarini tayinlaydi. Sistitni tashxislashda asosiy o’rganish usuli siydikni tahlil qilishdir, natijada siydik pufagida yallig’lanish jarayonining mavjudligini, shuningdek siydik tizimining butun holatini aniqlash mumkin.
Surunkali sistitda ginekolog bilan maslahatlashish muhim sanaladi.
Servikal sistitda siydikda oq qon hujayralari ko’payishi aniqlanmasligi mumkin. Erkaklarda tashxisni aniqroq qo’yish uchun tahlil ikki yoki uch namunalarda o’tkaziladi. Batafsil tahlil buyrak va boshqa organlarning holati to’g’risida ma’lumot beradi.
Qo’shimcha usul — qovuqni ultratovushli tekshiruvi, sistografiya va sistoskopiya sanaladi. Ular yallig’lanish jarayonini qanchalik katta ko’lamdagi maydonni egallaganligini ko’rsatib beradi. Ammo kasallikning o’tkir davrida instrumental diagnostika usullari qarshi ko’rsatiladi. Sistoskopiya surunkali sistitda yoki kasallikning uzoq davom etishida amalga oshiriladi.
Surunkali sistit bilan og’rigan ayollar ginekologga murojaat qilishlari va jinsiy yo’l bilan yuqadigan infektsiyalar uchun (JYYI) tekshiruvlardan o’tishlari tavsiya etiladi.
Sistitni davolash
O’tkir sistitni davolash ambulator yoki statsionar (kasallikning og’ir yoki uzoq davom etadigan davrida) sharoitda amalga oshirilishi mumkin. Terapiyada aksariyat hollarda og’riq qoldiruvchi vosita va antispazmodiklar qo’llaniladi. Kasallik qo’zgatuvchisini hisobga olgan holda, antibakterial vositalar buyuriladi.
Qovuqni instillatsiya qilish (chayish) faqat kasallikning uzoq davom etadigan shakllarida, qoldiq ta’sirlarni yo’qotish va shilliq qavatni tiklash maqsadida buyuriladi.
Homilador ayollarda sistitni davolashda alohida e’tibor berilishi lozim, chunki tug’ruq yo’llari yaqinida joylashgan infektsiya manbai yangi tug’ilgan chaqaloqni patogen mikroorganizmlar bilan infektsiyalanishi xavfini oshiradi.
Homiladorlik davrida sistitni davolash faqat shifokor nazorati ostida amalga oshiriladi, chunki davolash taktikasi va usullarini tanlashdagi xatolar jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Eng mushkul vazifa — kasallikni homiladorlikning dastlabki muddatlarida davolash, chunki bu davrda terapiya uchun ishlatiladigan dorilar qatori homilaga mumkin bo’lgan salbiy ta’sir tufayli sezilarli darajada cheklangan bo’ladi.
Homiladorlik paytida sistitni xalqona vositalar bilan davolash aslo tavsiya etilmaydi. Chunki ko’plab o’simliklar zaharli nojo’ya ta’sirga ega. Ushbu kasallik faqatgina antibiotiklar bilan davolanadi. Aks holda, sistit faqat rivojlanishda davom etib, surunkali shaklga o’tadi, organizmda esa infektsiya o’chog’i paydo bo’ladi.
Oldini olish
Sistitning qaytalanishini oldini olish uchun quyidagilar tavsiya etiladi:
- Gipotermiyadan (sovqotishdan) saqlanish;
- Og’ir jismoniy kuch ishlatishni cheklash;
- jinsiy yo’l bilan yuqadigan kasalliklarni o’z vaqtida davolash;
- Ayol jinsiy a’zolarining, buyraklarning, siydik yo’llarining boshqa yallig’lanish kasalliklarini davolash.
Kasallikning kuchayishi jinsiy faoliyat bilan bog’liq bo’lgan bemorlarga oral antibiotiklar buyuriladi. Pauzadan keyingi davrda ayollarga estrogen saqlovchi intravaginal yoki periuretral gormonal kremlar yoki shamchalardan foydalanish tavsiya etiladi.