Siydik tuta olmaslik (enurez) — sabablari, tasnifi, davolash, oldini olish

Enurez, siyg’oqlik — odamlarda peshob yoxud siydik tuta olmaslik bilan xarakterlanadigan kasallik. Ko’pgina hollarda enurezdan aziyat chekuvchilar bolalar sanaladi (barcha tashuvchilarning 94,5 foizi), o’spirinlar hissasiga 4,5%, kattalar hissasiga esa 1% to’g’ri keladi. Siydikni tuta olmaslik asosan uyqu paytida namoyon bo’ladi (75% tashuvchilarda), uyqudan tashqarida bu holat keng tarqalmagan. Ushbu kasallik yuzaga kelishining bitta yagona sababi mavjud emas.

Siydik tuta olmaslik yoxud enurez kasalligi haqida

Kasallik Ibn Sinoning «Kitob al-qonun fit-tib» kitobida ham qayd qilib o’tilgan. Unda kasallik ko’pincha chuqur uyqu paytida sodir bo’lishi keltiriladi.

Tarqalganligi

DSM-5 ma’lumotlariga ko’ra, enurezning tarqalganligi 5 yoshli bolalar orasida 5-10% ni, 10 yoshli bolalarda 3% — 5% ni, 15 yoshdan oshganlarda esa 1% ni tashkil qiladi.

Enurezga oid aniq tibbiy statistik ma’lumotlarni to’plash yaqinda boshlangan. Kasallik oilada nizoli vaziyatlar rivojlanishiga hissa qo’shadi; ota-onalarning 61% siydik tuta olmaslik jiddiy muammo deb hisoblashadi. Shifokorga murojaat qilishdan oldin ota-onalar bola suyuqlik qabul qilishini cheklash, yotishdan oldin uni tuvakka o’tqazish kabi choralarni qo’llashi keng tarqalgan.

Sabablari

Ko’pgina tadqiqotchilar enurez genezida vegetativ buzilishlarga muhim ahamiyat berishadi. A. M. Veynning ta’kidlashicha, enurez vegetativ parasomniyaga oid deb hisoblanadi. Enurez paydo bo’lishida nevroz ham ma’lum bir rol o’ynaydi. Psixotravmatik vaziyat bosh miya katta yarimashlari po’stlog’ining normal faoliyat ko’rsatishida buzilishlarga olib keladi. Ko’pincha bu disfunktsiya yaqqol namoyon bo’lmaydi va shuning uchun bunday bemorlarda «quruq» va «ho’l» kechalar navbatlanib turishi xosdir.

Ko’p shifokorlar kasallikning irsiy geneziga ishora qiladilar. Masalan S.P.Petrovskiy bu «retsessiv monogibrid irsiy kasallik» deb hisoblaydi va uning asosida siydik pufagi innervatsiyasi rivojlanishidagi anomaliyalar yotadi deb ta’kidlaydi. Ba’zi tadqiqotchilar enurez paydo bo’lishida siydik pufagiga ta’sir qiluvchi biologik faol moddalar (serotonin, gistamin, prostoglyutsin va eng muhimi — vazopressin) sekretsiyasining disfunktsiyasi muhim omil ekanligini aytishadi.

Ayollarda enurez chanoq tubi mushaklarining zaiflashuvi oqibatida yuzaga kelishi mumkin, bunga quyidagi omillar sabab bo’ladi:

  • Oraliq muddati qisqa bo’lgan tug’ruqlar;
  • Tez-tez og’irliklar ko’tarish;
  • Mushaklarning haddan ziyod zo’riqishi;
  • Kichik chanoq a’zolarida operatsiyalar o’tkazilganligi.

Tasniflash

Kasallikning eng keng tarqalgan turi birlamchi enurez hisoblanib, bunda nisbatan katta yoshli bolalar ham peshob tuta olmaslikdan aziyat chekishi mumkin. Bola odatda 4-5 yoshida «yetarlicha katta» deb hisoblanadi, bu holda siyg’oqlik, urologik, nevrologik va boshqa anomaliyalar bo’lmaganida, enurez deya qaraladi. Ba’zi manbalarda bu davr 6-7 yoshlik deb ko’rsatib o’tilgan.

Agar siyg’oqlik bir muddat «quruqlik» (kamida olti «quruq» oy) dan keyin yuzaga kelsa, ikkilamchi enurez tashxisi qo’yiladi.

Tibbiy tasnif

MKB-10`da noorganik tabiatli enurez F98.0 kodi bilan belgilanadi. Klassifikator funktsional enurez, psixogen enurez, noorganik tabiatli peshob tuta olmaslik, birlamchi / ikkilamchi noorganik enurezni o’z ichiga oladi.

5-tahrirdagi ruhiy xastaliklar bo’yicha diagnostik va statistik qo’llanmada enurez kodi 307.6 bo’lib, ayirish tizimi buzilishlari guruhiga kiradi.

Differentsial tashxislash

Tashxis qo’yishda poliuriya yoki shoshilinch peshob chiqarishga olib keladigan neyrogen siydik pufagi yoki boshqa kasalliklarni istisno qilish kerak (masalan, siydik yo’llari o’tkir infektsiyasi, davolanmagan qandli diabet yoki qandsiz diabet), shuningdek dorilarning nojo’ya ta’siri (masalan, antipsixotik dorilar, diuretiklar) shunga o’xshash reaktsiyaga olib kelishi mumkin.

Davolash

Hozirgi davrda aholi o’rtasida siydik tuta olmaslik davolanishni talab etmaydi degan nuqtai nazar keng tarqalgan. Bunday holda bemorga faqat ba’zi bir texnikalarga rioya qilish tavsiya etiladi. Masalan, ma’lum bir soatlarda peshob chiqarish, suyuqlik qabulini kamaytirish, kofein va diuretik ta’sir ko’rsatadigan boshqa mahsulotlardan saqlanish va sabrli bo’lish. Natijada, 7 yoshli bolalar orasida kasallikning tarqalganligi 5-10% ni tashkil qiladi.

Shu bilan birga, enurez nisbatan yaxshi sifatli holatdir. O’z-o’zidan shifo topish chastotasi u yoki bu choralar ko’rilishidan qat’iy nazar yiliga 15% ni tashkil qiladi. Ammo, yetti yoshgacha bo’lgan bolalarning yuztadan yettitasida bu kasallik saqlanib qoladi.

Enurez stressni keltirib chiqaradi, bu esa bolaga katta psixologik yuk tushiradi va uning o’ziga bo’lgan bahosini pasaytiradi, shuning uchun 6-7 va undan katta yoshdan boshlab davolanish kursini o’tash tavsiya etiladi.

Enurezni davolashda kompleks yondashuv talab etiladi, xususan:

  • Peshob chiqarishga chorlov yuzaga kelganda uyg’onish refleksini hosil qilish yoki tiklash;
  • Asab to’qimasida metabolik jarayonlarni rag’batlantirish;
  • Peshob chiqarish jarayonini tartibga soluvchi qavatlarning yetilishini tezlashtirish;
  • Kasallik paytida yuzaga keladigan nevrotik kasalliklarni tuzatish.

Amalda davolashning har xil turlari qo’llaniladi, ulardan enurezli uyg’otgich (alarm-terapiya) va farmakologik terapiya katta ahamiyatga ega.

Enurezli uyg’otgich — uyg’onish refleksi buzilishida terapiyaning eng yaxshi usuli hisoblanadi, ayniqsa kechasi ajraladigan siydik miqdori unchalik katta va siydik pufagi sig’imi unchalik kichik bo’lmasa. Ushbu usul hech qanday nojo’ya ta’sirga ega emas. Tasdiqlangan samaradorlik 80%. Bundan tashqari, kasallikning qaytalanish darajasi juda past.

 Medikamentoz terapiya

Agar tunda ishlab chiqariladigan siydik miqdori ko’p bo’lsa va uyg’otgichli terapiya samara bermasa, medikamentoz terapiyaga murojaat qilinadi. Bunda tabletka shaklida desmopressin (200-400 mg) yoki til ostiga qo’yiladigan liofilizat (120-240 mg) bilan davolashning samaradorligi 70% ni tashkil qiladi. Dozani oshirib yuborish xavfi yuqori bo’lganligi sababli, hozirgi paytda nazal spreylar tavsiya etilmaydi. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, antidiuretik gormonni qabul qilish to’xtatilganidan keyin kasallikning qaytalanish darajasi yuqori bo’lishi qayd etilgan.

Siydik pufaginig hajmi kichik bo’lsa, davolash spazmolitiklar yoki antikolinergik preparatlar bilan olib borilishi mumkin.

Enurezni davolashda keng qo’llaniladigan Imipramin, faqatgina 50% samaradorlik ko’rsatadi va terapiya ko’pincha kasallikning qaytalanishi bilan birga kechadi. Bundan tashqari, dozani oshirib yuborishda kardiotoksik ta’sir va o’lim holatlari qayd etilgan. Shuning uchun hozirgi vaqtda undan foydalanish tavsiya etilmaydi.

Fizioterapiya

Fizioterapevtik muolajalardan mikrotok, ultratovush, siydik pufagi sohasiga issiq ta’sir ettirish, terapevtik mashqlar, massaj buyurilishi mumkin.

Kasallikni davolashda kegel mashqlari ham yordam beradi. Bunday holda, bola ma’lum bir muddat peshob oqimni 5-10 soniyadan ushlab turishi, keyin chiqarib yuborishi talab etiladi.

Enurezda gigiena qoidalari

Adsorbent gigienik mahsulotlar bemor hayotini ancha yengillashtiradi. Bu to’shak uchun qoplamalar, nam bo’lmaydigan tagliklar, urologik prokladkalar bo’lishi mumkin. Bularning barchasi hozirgi kunda dorixonalarda mavjud. Vosita tanlaganda hiddan himoyalovchi turiga afzallik berish tavsiya etiladi.

Jami baholar 4.7 / 5. Ovozlar soni: 6

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.