Baliq yog’i — foydasi va qarshi ko’rsatmalar, saqlash va tanlash qoidalari

Baliq yog’i insoniyatga o’nlab yillar davomida ma’lum, u nafaqat suyuq shaklda, balki qulay hisoblanadigan kapsulalarda ham chiqariladi. Ushbu umumqo’llab-quvvatlovchi vosita bolalarda raxitni oldini olish, kattalarda vitamin yetishmasligiga qarshi kurashish va boshqa bir qator hollarda qo’llaniladi.

Baliq yog'i foydasi haqida

Baliq yog’ining tarixi

XIX asrda farmatsevt Meller dengiz sohili aholisining salomatligi va ularning taomnomasida baliq go’shtining ko’pligi o’rtasidagi bog’liqlik mavjudligini ta’kidladi. Bu odamlarda kamqonlik, raxit, shabko’rlik kam kuzatilardi. Laboratoriya tadqiqotlari baliq yog’ining foydali ekanligini tasdiqladi va uni dorixonalarda sotish yo’lga qo’yildi. Ilgari baliq moyi faqat teriga ishlov berish uchun ishlatilgan edi.

Ammo birinchi tadqiqotlardan oldin ham, ko’plab xalqlar baliq yog’iga ehtiyoj sezishgan, uni qaynatib iste’mol qilishgan, terilariga surtishgan. Shimoliy xalqlar: Even, Eskimos va Yakutlar uni haligacha faol iste’mol qilishadi, chunki og’ir sharoitlarda mahsulotning ozuqaviy qiymati juda muhimdir.

Baliq yog’ini olish uchun asosiy xomashyo — bu treska, akula va skatlarining teri osti yog’i va jigari sanaladi. Eng yirik ishlab chiqaruvchi Norvegiya hisoblanadi. Shuningdek, u Rossiya, AQSh va Janubiy Amerika qit’asi mamlakatlari tomonidan ham ishlab chiqariladi.

Baliq yog’ining foydasi

Baliq yog’ida omega-3 va omega-6 yog’ kislotalari mavjud bo’lib, organizm ularni mustaqil sintez qila olmaydi, ular faqat oziq-ovqat orqali olinadi. Shuningdek ushbu mahsulot tarkibida yog’da eriydigan A va D vitaminlari va mikroelementlar: magniy, yod, kaltsiy, fosfor mavjud.

Boshqa ko’plab yog’lardan farqli o’laroq, baliq yog’i tanada teri osti yog’ shaklida «zaxiralanish» uchun deyarli ishlatilmaydi, balki hujayralarning lipid qatlamini hosil qilishga sarflanadi.

Omega-3 insulinga sezgirlikni oshiradi, bu o’z navbatida metabolizmni tezlashtiradi, mushak massasi to’plashga yordamlashadi va agar mavjud bo’lsa, qo’shimcha kaloriyalarni yoqishga hissa qo’shadi. Shuningdek tadqiqotlar natijasida baliq yog’ini qabul qilish mushak tolalarini yo’q qiladigan gormon hisoblanmish kortizol miqdorini kamaytirishi aniqlandi. Ushbu gormon darajasi yuqoriligi oqsil sintezini sekinlashtiradi. Yallig’lanishga qarshi ta’sir qizg’in mashg’ulotlardan so’ng mushaklarni tiklashga yordam beradi.

Baliq yog’i mushaklarni chiqarish uchun sport bilan shug’ullanish va vazn tashlash davomida metabolizmni tezlashtirish uchun foydalidir.

Ushbu mahsulot, shuningdek, kasalliklar tufayli holdan toyganlar, qariya va bolalar uchun, kasallikdan so’ng tiklanish davrida vitamin yetishmasligining oldini olish uchun foydalidir. A va D vitaminlari organizmning o’sishini, terining, sochlarning, tirnoqlarning tiklanishini tezlashtiradi va suyakning mustahkamligi va ko’z salomatligi uchun javobgardir.

Zararlari

Baliq yog’i bir qator foydali xususiyatlarga ega bo’lishiga qaramay, uni ishlatish uchun qarshi ko’rsatmalar mavjud.

Baliq yog’i qon ketish xavfini oshirishi mumkin, shuning uchun qon ivishining buzilishi va antikoagulyant dorilarni qabul qilishda baliq yog’i qarshi ko’rsatiladi. Xoletsistit yoki pankreatitning xuruj olishida ehtiyotkorlik bilan foydalanish tavsiya etiladi.

Homiladorlik va laktatsiya davrida baliq yog’ini qabul qilishdan oldin shifokor konsultatsiyasini olish zarur. Mahsulotni noto’g’ri yoki juda ko’p miqdorda qabul qilishda oshqozon va ichaklarda reaktsiya kuzatilishi mumkin: ko’ngil aynishi, kekirish, diareya.

Bu muhim!
Qabul qilishda me’yor dozani aniq bilish kerak. Sutkalik me’yor ayollar uchun 1100 mg, erkaklar uchun esa 1600 mg`ni tashkil etadi.

Tibbiyotda qo’llanilishi

Mahsulot vitamin yetishmovchiligi, raxit kasalligi tashxislanganda biologik faol qo’shimcha sifatida buyuriladi. Shuningdek, baliq yog’i asosida aterosklerozni oldini olish va davolash uchun dorilar ishlab chiqariladi.

Tanlash va saqlash qoidalari

Mahsulot ikki shaklda chiqariladi: jelatinli kapsulalar va suyuq holatda.

Idishda saqlanadigan baliq yog’ini tanlashga alohida e’tibor berilishi lozim. Polito’yinmagan yog’ kislotalari tezda oksidlanadi, shuning uchun ochiq havoda mahsulot sifati tezda yomonlashadi. Mahsulotning yaroqlilik muddati o’tmaganligi va shisha to’q qora rangda bo’lishi muhim ahamiyatga ega. Qadoq ochilganidan keyin muzlatgichda saqlash va undan tezda foydalanish tavsiya etiladi.

Baliq yog’ining ta’mi juda o’ziga xosdir, bundan tashqari u kuchli hidga ega. Shuning uchun vositaning ko’pchilikka yog’ni oksidlanishdan saqlaydigan va saqlash muddatini uzaytiradigan jelatin kapsulali shakli qulayroqdir. Kapsulalarni quyosh nuri tushmaydigan joyda 20 darajadan yuqori bo’lmagan haroratda saqlash kerak.

Qadoqda omega-3 foizi foizi ko’rsatilishi kerak — 15 foizdan 30 foizgacha. Kimyoviy modda va toksinlar bilan eng kam ifloslangan baliq yog’i ularning teri ostidan va tanasining orqa qismidan olinadigani sanaladi, jigardan olinadigan turi esa ko’p ham foydali emas.

Baliq yog’i suyuq mahsulotdir, rangi kahrabo rangdan och sariq ranggacha bo’ladi. Yog’ rangi qanchalik och bo’lsa, u shunchalik ko’p tozalangan hisoblanadi va o’ziga xos ta’mga ega bo’lmaydi.

Jami baholar 5 / 5. Ovozlar soni: 1

Reklama

Yuklanmoqda...

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.