Sarimsoq foydasi — tanlash qoidalari, xalqona tabobatdagi o’rni, zararlari

Sarimsoq piyoz tarkibida ko’plab foydali moddalar mavjud: kaliy, kaltsiy, fosfor, C va B guruh vitaminlari, selen, marganets, yod va efir moylari. Shu bilan birga, sarimsoq juda yuqori kaloriyali mahsulot sanaladi — 100 g mahsulotda 149 kkal mavjud. Ammo odatda ushbu achchiq sabzavot oz miqdorda iste’mol qilinadi va shu tufayli qomatga zarar yetkazmaydi. Biroq, sarimsoq ishtahaning kuchayishiga hissa qo’shishi mumkinligini e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak.

Sarimsoq foydasi

Sarimsoq foydasi

Sarimsoq tarkibida o’simlikni parazit va bakteriyalardan himoya qiluvchi uchuvchi moddalar — fitonsidlar mavjud. Uni oziq-ovqat sifatida iste’mol qilganda bakteritsid, antiparazitar va zamburug’larga qarshi ta’sir kuzatiladi. O’tkazilgan tadqiqot natijalari muntazam ravishda sarimsoq iste’mol qiladigan shaxslar guruhi sarimsoqni umuman iste’mol qilmaydiganlarga qaraganda shamollashdan uch baravar kam aziyat chekishlari ma’lum bo’lgan.

Sarimsoq yurak-qon tomir tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Ushbu sabzavotni muntazam iste’mol qilish qon hosil bo’lishini rag’batlantiradi, shuningdek qon bosimi va xolesterin darajasini pasaytiradi. Tromboz xavfi va qonning yopishqoqligi kamayadi. Kislorodni qabul qilish qobiliyati, chidamlilik va a’zolarga qon kelishi tezligi qon tomirlarining holatiga ham bog’liq, shuning uchun sarimsoq erkaklar jinsiy funktsiyalariga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, u erkaklar jinsiy gormoni — testosteron ishlab chiqarilishiga yordam beradi.

Sarimsoq saraton kasalliklari ehtimolini kamaytirishi ma’lum bo’lgan. Uning sitoplazmasida alliin nomli birikma mavjud. Sarimsoq tishchasini kesganda hujayralar yaxlitligi buziladi va alliin hujayra fermenti allitsinaza bilan reaktsiyaga kirishadi. Buning natijasida allitsin moddasi hosil bo’ladi, u sarimsoqqa o’ziga xos hid beradi. Bu modda organizm tomonidan o’zlashtirilmaydi va ter, siydik, nafas orqali chiqariladi. Allitsin antioksidant bo’lib, xitoylik olimlar aniqlaganidek, o’pka saratoni rivojlanishining oldini olishga yordam beradi. Ushbu modda saraton hujayralarini o’ldiradi va nafas olish tizimidagi infektsion jarayonlar ehtimolini kamaytiradi.

100 g uchun kaloriya miqdori 149 kkal
Oqsillar 6,5 gr
Yog’lar 0,5 gr
Uglevodlar 29,9 gr

Zararlari

Sarimsoq tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo’lib, ularning ortiqcha miqdori salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Organizmda ko’p miqdorda fitonsidlar to’planganda zaharlanish sodir bo’lishi ehtimoli mavjud. Shuningdek u och qoringa yoki oshqozon-ichak trakti kasalliklari mavjud bo’lgan shaxslarga tavsiya etilmaydi.

Bu sabzavot ishtahani rag’batlantiradi, shuning uchun parhez davomida uning iste’molini cheklash lozim. Epilepsiyali bemorlarga sarimsoqni iste’mol qilmaslik ko’rsatiladi, chunki bu mahsulot xurujlar yuzaga kelishini rag’batlantiruvchi xususiyatga ega. Yosh bolalar va allergik bemorlarga uni berishda ehtiyot bo’lish talab etiladi, ayniqsa yangi uzilgan holatda.

Tibbiyotda qo’llanilishi

Farmatsevtika dorivor preparatlarni sarimsoq asosida tayyorlangan kapsulaga o’ralgan kukun va tindirmalar shaklida taklif etadi. Ular shamollash, yallig’lanish jarayonlari, yurak-qon tomir tizimining kasalliklari va saraton kasalligini davolashning bir qismi sifatida qo’llaniladi. Tindirma tashqi tomondan qadoq va terining yiringli yallig’lanishiga qarshi kurashda ishlatiladi.

Preparat tarkibi tabiiy bo’lishiga qaramay, uni mustaqil davolanish uchun qo’llash tavsiya etilmaydi, ishlatishdan oldin doza va foydalanish usulini aniqlash uchun shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Xalqona tabobatda sarimqsoq butun dunyo bo’ylab qo’llaniladi. Hindlar uni astmani, fransuzlar grippni, nemislar sil kasalligi, oshqozon-ichak trakti kasalliklari va hatto kallikni davolash uchun ishlatadilar. An’anaviy sharq tabobatida sarimsoq modda almashinuvini yaxshilaydigan va ovqat hazm qilish jarayonini rag’batlantiradigan mahsulot sifatida tasniflanadi.

Sarimsoq piyozni yurak-qon tomir tizimiga foydali ta’siri 2007-yilda o’tkazilgan bir tadqiqotda qayd etilgan. Uning tarkibiy qismlari qizil qon hujayralari bilan o’zaro ta’sirlashib, qon tomirlarining kengayishiga olib keladi va qon bosimini pasaytiradi. Amerikalik olimlar sarimsoq ekstrakti arteriyalardagi blyashkalarni yo’q qilishi va yurak xurujining oldini olishga yordam berishini aniqladilar.

Diallil-sulfid sarimsoqni oziq-ovqatdan zaharlanishga olib keladigan bakteriyalarga qarshi kurashda samarali vosita qiladi. Uning asosida olimlar antibakterial preparat ishlab chiqishni rejalashtirmoqdalar.

Sarimsoqdagi allitsinning saratonga qarshi xususiyatlari Kaliforniya universiteti tomonidan tasdiqlangan. Leykotsitlarni gamma-nurlantirish bo’yicha tajribalar davomida, sarimsoq ekstrakti sharoitida o’stirilgan hujayralar odatiy sharoitda yashaydigan hujayralardan farqli o’laroq, hayotiyligini saqlab qolganligi ma’lum bo’ldi. Shu sababli sarimsoq preparatlari ionlashtiruvchi nurlanish bilan aloqada bo’ladigan shaxslar uchun yaxshi profilaktika hisoblanadi.

Sarimsoq kosmetologiyada ham qo’llaniladi. U soch to’kilishi, so’gal va zamburug’li kasalliklarga qarshi, yallig’langan terini parvarish qilish uchun vositalar tarkibida uchraydi. Xalq tabobatida sarimsoq asosida niqoblar tayyorlash uchun ko’plab retseptlar mavjud, ammo kuyish va allergik reaktsiyalar kelib chiqmasligi uchun ularni faqat dermatolog bilan maslahatlashganidan keyin qo’llash maqsadga muvofiq bo’ladi.

Pazandalikda ishlatilishi

Sarimsoq dunyoning barcha oshxonalarida sharafli o’rin egallaydi. Yangi uzilgan sarimsoq salat, dimlamalar, go’shtlarga qo’shiladi, aromatizatsiya uchun uning yog’i tindiriladi. AQShda sarimsoq piyozdan g’ayrioddiy taomlar — murabbo va muzqaymoq tayyorlanadi. Issiqlik bilan ishlov berish uning achchiqligi va hidini kamaytiradi, shu bilan birga ko’plab ozuqaviy moddalarning faolligini ham pasaytiradi.

Shuni yodda tutish kerakki, yangi sarimsoqni iste’mol qilgandan keyin bir muddat uning hidi saqlanib qoladi, uni tishlarni yuvish yoki saqich chaynash orqali yo’q qilib bo’lmaydi, chunki mahsulot hazm bo’la boshlagach uchuvchan moddalar ter, so’lak va yog’ orqali tashqi muhitga ajralib turadi.

Sarimsoqni tarkibida ko’p miqdorda rux va temir bo’lgan donlar bilan birga qabul qilish tavsiya etiladi, chunki bu sabzavot yuqoridagi mikroelementlarning yaxshiroq o’zlashtirilishiga yordam beradi.

Pishirilgan sarimsoq

Pishirilgan sarimsoq

Pishirilgan sarimsoq pyure qilib eziladi va krekerlarga, tostlarga, nonga surtib iste’mol qilinadi. Uni yog’ bilan aralashtirish, turli taom va souslarga qo’shish mumkin.

  • Sarimsoq — o’qsiz bir necha butun bosh
  • Zaytun yog’i

Bir bosh sarimsoq piyoz tashqi qavatlaridan tozalanib, faqat bir qavati qoldiriladi. Uning ustidan zaytun yog’i quyib, folgaga o’raladi va protivenga qo’yib, 180 daraja issiqlikda 40 daqiqa davomida pishiriladi.

Smetanali sous

Sarimsoqli sous

Mayonez o’rnini bosuvchi foydali va kaloriyaligi past bo’lgan sous. Salat, shuningdek go’sht, baliq, sabzavot va boshqa pishiriqlar uchun ajoyib qo’shimcha.

  • Sarimsoq — 5 ta o’rtacha kattalikdagi tishcha
  • Smetana (10%) — 1 stakan
  • Ko’katlar: petrushka, ukrop, kinza
  • Tuz, qalampir — ta’bga ko’ra.

Ko’katlar yuvilib, mayda qilib to’g’raladi. Tozalangan sarimsoq tishchalari ezish moslamasidan o’tkaziladi. Barcha masalliqlar smetanaga solinadi, tuz va qalampir qo’shib, aralashtiriladi.

Sarimsoqni tanlash va saqlash qoidalari

Sarimsoqni tanlashda uning chirimaganligi va mog’orlamaganligiga e’tibor berish zarur. Sarimsoqning boshi quruq qobiqda bo’shliqlarsiz va zararlanmagan bo’lishi kerak. O’sib chiqqan novdalar asta-sekin sabzavotning foydalilik darajasini pasaytiradi, shuning uchun uning nish chiqarmagan xilini sotib olish yaxshiroq.

Sovutgichda sarimsoq bir oydan ko’proq vaqt davomida saqlanadi, undan keyin ortiqcha namlik tufayli u yomonlasha boshlaydi. Yanada uzoqroq saqlash uchun quruq, qorong’i va salqin joylar, masalan, yerto’la mos keladi.

Tozalangan tishchalar sovutgichda bir necha kun saqlanishi mumkin, bunda ular yopiq idishda bo’lishi maqsadga muvofiq, aks holda uning hidi sovutgichda uzoq vaqt saqlanib qoladi.

Jami baholar / 5. Ovozlar soni:

Reklama

Yuklanmoqda...

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.