Sholg’om: organizm uchun foyda va zararlari, xususiyatlari, tanlash qoidalari

Sholg’om — karamdoshlar oilasiga mansub o’simlik. Uning ildizmevasi vazni 10 kg`ga yetishi mumkin. Sholg’omning barcha navlari juda ertapishar bo’lib, hosil 40 — 60 kun ichida pishib yetiladi.

Sholg'omning foydali xususiyatlari

Sholg’om tarixi

Sholg’om qadimdan oziq-ovqat sifatida ishlatilgan va yetishtirilgan. Misr, Yunoniston va Rimda bu sabzavot to’yimli oziq-ovqat deb hisoblanib, qullarni ovaqtlantirish uchun ishlatilgan. Sholg’om uzoq vaqt davomida oddiy kishilarning taomi hisoblanib kelgan, ammo o’rta asrlarning dastlabki yillaridan boshlab pishirilgan ildizmeva tansiq taom hisoblana boshlagan.

Yevropadan Osiyo mintaqasiga kartoshkaning kirib kelishi ushbu sabzavotni asta-sekin taomnomadan chiqarib tashlay boshladi. XX asrga kelib, u yana oddiy kishilar iste’mol qiladigan mahsulotga aylanib qoldi. Biroq bugungi kunda dietologlarning sholg’omning foydali xususiyatlarini keng targ’ib qilishi tufayli u yana aholining keng qatlami ratsionida o’z o’rniga ega bo’lib bormoqda.

Sholg’om foydasi

Sholg’om tarkibida 9% gacha shakar va ko’p miqdorda C vitamini (boshqa ildizmevalarga nisbatan ikki baravar ko’p), B guruhidagi vitaminlar mavjud. Sariq sholg’om tarkibida yuqori konsentratsiyada provitamin A saqlanadi. Organizm uchun zarur bo’lgan mikroelementlardan mis, temir, marganes, rux, yod va boshqalar aniqlangan. Oltingugurt miqdori jihatidan, bu boshqa sabzavotlar orasida birinchi o’rinni egallaydi, fosfor miqdori bo’yicha esa turp va rediskani ortda qoldiradi.

Ushbu past kaloriyali sabzavot tarkibida oson hazm bo’ladigan polisaxaridlar, shuningdek ichak peristaltikasini rag’batlantiruvchi kletchatka mavjud. Bu uni ichaklar uchun foydali bo’lgan parhezbop taomga aylantiradi.

Sabzavot tarkibida glyukorafanin — saratonga qarshi xususiyatlarga ega bo’lgan sulforofanning o’simlik asosli analogi topilgan. Ushbu element faqat sholg’om va karamda uchraydi.

Sholg’om zamburug’larga qarshi va antibakterial xususiyatlarga ega. Unda ba’zi zamburug’lar o’sishini bostiradigan o’simlik antibiotiklari, shuningdek mikroblarga qarshi ta’sirga ega bo’lgan lizozim mavjud.

100 g uchun kaloriya miqdori 32 kkal
Oqsillar 1,5 gr
Yog’lar 0,1 g
Uglevodlar 6,2 g

Sholg’om zarari

Qaynatilgan yoki bug’da pishirilgan shaklda sholg’om, hatto ildizmeva tavsiya etilmagan kishilarda ham nojo’ya ta’sir keltirib chiqarmaydi. Biroq uni xom shaklda iste’mol qilish barchaga ham tavsiya etilmaydi, xususan oshqozon-ichak trakti, buyrak va jigarning yallig’lanish kasalliklari bo’lgan bemorlar uchun qarshi ko’rsatiladi.

Sabzavotni xom shaklda haddan tashqari iste’mol qilish sog’lom kishilarda ham qorin dam bo’lishiga olib kelishi mumkin. Emizikli onalarga bolada allergik reaktsiyaga olib kelmaslik uchun sholg’om iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Ikki yoshdan boshlab asta-sekin bu sabzavotni bolaning parheziga kiritish juda foydali bo’ladi.

Sholg’omning tibbiyotda qo’llanilishi

Bug’da pishirilgan sholg’omni shifokorlar parhez taom sifatida tavsiya qiladilar. Ildizmevaning kaloriya miqdori past (100 g — 32 kkal), u to’yimli va ovqat hazm qilish jarayonini, ichak peristaltikasini yaxshilaydi. Undan tayyorlangan pyure bolalar uchun ajoyib taom sanaladi. O’z xususiyatlariga ko’ra u ko’proq kaloriyali bo’lgan kartoshkaning o’rnini bosadi, shu bilan birga to’yimlilik borasida undan qolishmaydi va oshqozonga ortiqcha yuk tushirmaydi.

Bundan tashqari, sholg’om siydik- va o’t-tosh kasalligida foydali bo’lgan diuretik va safro haydovchi vosita sanaladi.

Sholg’om yallig’lanishga qarshi, antiseptik va og’riq qoldiruvchi ta’sirga ega. U tomoq og’rig’i, stomatit, bronxit kasalliklarida kompleks davolanishning bir qismi sifatida ishlatiladi, shuningdek podagrik va bo’g’imlardagi og’riqlarni yengillashtiradi. Zamburug’larga qarshi xususiyatlari ma’lum zamburug’li kasalliklari ehtimolini kamaytiradi.

Bu sabzavot kosmetologiyada namlantiruvchi va oziqlantiruvchi mahsulot sifatida ishlatiladi. Yallig’lanishni kamaytirish uchun yangi sholg’om sharbati teriga surtiladi, uning antibakterial xususiyatlari tufayli yiringli yarachalar kamayadi.

Sholg’omning onkologiyalarning rivojlanishiga ta’sir o’tkaza olishi isbotlangan. Undagi glyukorafinin saraton hujayralarining ko’payishi va tarqalishini oldini oladi.

Oltingugurtning yuqori konsentratsiyasi qondan toksinlarning chiqarilishini tezlashtiradi.

Tanlash va saqlash qoidalari

Ildizmevani tanlashda uning po’stlog’iga e’tibor berish kerak: u silliq, dog’larsiz va shikastlanmagan bo’lishi lozim. O’lchami kichikroq bo’lgan sholg’om sotib olish yaxshiroqdir — odatda ular mazaliroq va kamroq achchiq bo’ladi.

Sholg’omning juda ko’p navlari uchraydi:

  • Sariq turi sharbatga boy, yorqin ta’mga ega va shu bilan birga kletchatkaga boy sanaladi.
  • Oq sholg’om kamroq xushbo’y, ammo mayin tolalarga ega, uning hazm bo’lishi osonroq va bolalar taomnomasi uchun ko’proq mos keladi.
  • Yashil navi biroz rediskaga o’xshaydi.
  • Qora navi kamdan-kam hollarda oziq-ovqat uchun ishlatiladi, chunki u juda achchiq hisoblanadi.

Yerto’lada tuproqqa ko’milgan holda u kuzdan bahorgacha saqlanishi mumkin. Sovutgichlarda yuqori namlik va ventilyatsiyaning yaxshi emasligi tufayli sholg’om bir-ikki oydan ko’p saqlanmaydi. Xona haroratidagi qorong’i joyda bu sabzavot uzog’i bilan bir necha hafta davomida saqlanishi mumkin. Uzoq vaqt davomida saqlanganda u achchiq ta’m ola boshlaydi.

Sabzavot po’stlog’idan tozalanib, maydalangan holda muzlatgichda bir necha oy davomida saqlanishi mumkin.

Jami baholar 4 / 5. Ovozlar soni: 3

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.