Na’matak — foyda va zararlari, qo’llash usullari, qarshi ko’rsatmalar

Na’matakning foydali ekanligi shubhasiz ko’rinsada, u har qanday dorivor o’simlik kabi, me’yorga amal qilinmasa organizmga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Shuning uchun, uning damlamasi bilan vitaminlanishdan oldin, insonga ko’rsatadigan ijobiy va salbiy ta’siri haqida bilib olish kerak.

Na'matak foydasi va zarari haqida

Na’matak foydasi

Na’matak — erta bahorda chiroyli pushti rangli gullaydigan, yozning oxiri va sentyabr oyining boshida pishib yetilgan mevalari bilan quvontiradigan ko’p yillik buta. Xalq orasida bu o’simlik «yovvoyi atirgul» deb ham ataladi.

Uning gullari dorivor xususiyatlarga ega emas, ammo mevalari xalq tabobatida keng qo’llaniladi. Odatda tabobatda na’matak damlamasidan foydalaniladi.

Shifokorlar shamollashning oldini olish va davolash uchun tavsiya etishadigan na’matak mevalarining damlamasi — askorbin kislotasi yoxud vitamin C`ning tabiiy manbai sanaladi. Ushbu o’simlik mevalarida C vitamini ekzotik limon va apelsinga qaraganda 50 barobar, qora smorodina tarkibidagidan esa 10 barobarga ko’proq. Bundan tashqari, u bir qator foydali mikroelementlar, shu jumladan kaliy, magniy, kaltsiy va natriyni o’z ichiga oladi.

Shifokorlar kuz-qish davrida ichishni tavsiya etadigan damlama odam organizmiga qanday ta’sir qiladi? Bunday vositaning xususiyatlari quyidagilardan iborat:

  • Organizmning himoya kuchlarini mushtahkamlaydi va kuchaytiradi;
  • Qon tomirlarini mustahkamlaydi;
  • Yurak ishini barqarorlashtiradi;
  • Qon bosimini pasaytiradi;
  • Hazm qilish tizimini me’yorga keltiradi;
  • Xolesterin darajasini pasaytiradi;
  • Organizmni hujayra darajasida intoksikatsiya qiladi (na’matak kuchli antioksidant ta’sirga ega);
  • Barcha a’zolar regeneratsiyasini rag’batlantiradi.

Na’matak siropi yoki mevalardan tayyorlangan choy sovuq mavsumda juda samarali ichimlik sanaladi, ayniqsa viruslar faollashganda va immunitet darajasi pasayganda. Agar ushbu xalqona vosita muntazam ravishda qabul qilib boriladigan bo’lsa, unda shamollashdan saqlanish, shifo jarayonini tezlashtirish va kasallikdan keyin tezroq tiklanish mumkin bo’ladi.

Homiladorlik paytida na’matak alohida ahamiyatga ega. Na’matak damlamasi bo’lajak onalarga toksikoz xurujlarini yengishga, qizil qon tanachalarini yoxud eritrositlar shakllantirishni rag’batlantirishga, gemoglobinni ko’paytirishga va kamqonlik rivojlanishining oldini olishga yordam beradi.

Bunday damlamalar homilador ayollarda sezilarli darajada pasayagan immunitetni rag’batlantiradi. Shunday qilib, O’RVI yoki gripp bilan kasallanish xavfi kamayadi, agar bu sodir bo’lsa ham, unda kasallik oson va asoratlarsiz kechadi.

Damlama tayyorlash

Na’matak damlamasi tayyorlash uchun termosga uning 3 osh qoshiq quruq mevalari va bir litr qaynoq suv solinadi. Aralashma 12 soat davomida tindiriladi. Tayyor damlama ovqatdan 30-40 daqiqa oldin qabul qilinadi. Damlama tayyorlashdan oldin mevalarni yaxshilab yuvib, maydalash tavsiya etiladi. Bu holda vosita tezroq tayyor bo’ladi. Unga shakar qo’shish tavsiya etilmaydi, uning o’rniga asal qo’shish vositaning foydali xususiyatlarini yana oshiradi.

Oziqaviy qiymati

100 gr mahsulotning oziqaviy qiymati
Kaloriyasi 162 kkal
Yog’lar 0.3 g
Uglevodlar 38g
Oqsil 1,6 g
Nartiy 4 mg
Kaliy 429 mg
Temir 1,1 mg
Magniy 69 mg
Vitamin A 217 µg
Vitamin B6 0,1 mg
Vitamin C 426 mg

Manba: USDA

Zararlari va qarshi ko’rsatmalar

Na’matakdan shifobaxsh vosita sifatida foydalanish uchun ko’plab ko’rsatmalar mavjudligiga qaramay, u inson organizmiga salbiy ta’sir ko’rsatishi ham mumkin. Shu sababli uni qo’llashdan oldin mavjud bo’lgan qarshi ko’rsatmalar bilan tanishib chiqish tavsiya etiladi.

Na’matakni har qanday shaklda qabul qilish quyidagi hollarda tavsiya etilmaydi:

  • Oshqozon sekretsiyasining oshishi (kislotalik darajasi ortishi);
  • Gastrit rivojlanishiga moyillik yoki kasallik tashxislanganligi;
  • Anamnezda pankreatit mavjudligi;
  • Allergik (dermatologik) holatlarga moyillik;
  • Tomirlarda tromblar shakllanishi, tromboflebit rivojlanishi;
  • Endokardit (yurak mushaklarining yallig’lanishi).

Ba’zi holatlarda esa uni ehtiyotkorlik bilan qabul qilish tavsiya etiladi, chunki u:

  • Tish emalining yupqalanishini tezlashtiradi;
  • Spirtli tindirmasidan foydalanish qon bosimi ko’tarilishiga olib kelishi mumkin;
  • Obstruktiv sariq kasallik rivojlanish ehtimoli mavjud;
  • Safro sekretsiyasini sekinlashtiradi;
  • Ich qotishiga sabab bo’ladi.

Na’matakdan profilaktika va davolash vositasi sifatida foydalanganda ushbu ogohlantirishlarni e’tiborsiz qoldirmaslik lozim. Yodda tutish kerakki, salbiy oqibatlar ko’pincha dori-darmonlarning dozasini noto’g’ri tanlash natijasida rivojlanadi. Ushbu o’simlikning odam uchun kundalik me’yori — 10 tagacha mevani tashkil qiladi. Bunda ularni maydalab, choyga qo’shish mumkin.

Jami baholar 4.5 / 5. Ovozlar soni: 8

Reklama

1 ta izoh qoldirilgan

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.