Klimaks (menopauza) — belgilari, sabablari, davolash choralari va tavsiyalar

Ellik yoshdan keyin ham nafosatli bo’lish, yoshlik va porloq ko’rinishni saqlab qolish mumkinmi? Yoshdan qat’iy nazar, baxtli va shodon bo’lish-chi? Ha. Va bu yangi, yaxshiroq hayot bo’ladi, talab esa bitta — o’zingiz haqingizda o’z vaqtida qayg’urishingiz kerak.

Klimaks yoxud menopauza haqida

Klimaks (menopauza) nima

Klimask (qad. yun. κλῖμαξ — zinapoya) bu kasallik emas, 45 yoshdan keyin har qanday ayolning hayotida kuzatiladigan mutlaqo normal fiziologik davr. Bu yoshda ayol tanasida nafaqat farzand ko’rish, balki ayolning tashqi ko’rinishi uchun ham javob beradigan tuxumdonlar asta-sekin o’z faoliyatini to’xtatishni boshlaydi.

Gap shundaki, bo’lajak tuxum hujayralarni o’z ichiga olgan follikullar qizlar tug’ilishidan oldin, ular ona qornida rivojlanayotgan paytda hosil bo’ladi. Follikullar soni genetik jihatdan aniqlangan va cheklangan bo’ladi ham. Follikullarda ayollarning asosiy jinsiy gormonlari: estrogen va progesteron ishlab chiqariladi. Qiz bola birinchi hayz ko’ra boshlagan paytdan boshlab, har oyda tuxum hujayralar sarflanib boraveradi va shu tariqa ularning soni tugamaguncha davom etadi.

Menopauza davrida esa tuxumdonlar faoliyati asta-sekin so’na boshlaydi. Buning natijasida yoshga bog’liq estrogen yetishmovchiligi rivojlanadi. Ular ayol organizmning salomatligi uchun javob beradigan gormonlar bo’lib, teri, sochlar, mushak-skelet tizimining holati, ko’rish va barcha ichki organlarning ishlashi uchun javobgar hisoblanadi. Estrogen tanqis bo’lganda ayol organizmi «qariy» boshlaydi va ko’zgudagi aksi o’zgara boradi.

Klimaks — bu tabiiy va qaytarib bo’lmaydigan jarayon. Biroq, uning oqibatlarini keyinga surib borish mumkin.

Boshlanishi

Normal fiziologik menopauza 45-55 yoshda o’zini namoyon qilishi kerak. Bu vaqt hayz kelishi to’xtasa-da, ammo tuxumdonlardagi follikullar 8-10 yilgacha saqlanib qoladi. Ular endi estrogen va progesteronning kamligi tufayli hayz ko’rishga sababchi bo’la olmay qoladi. Biroq, hatto bunday oz miqdor ayol organizmini qo’llab-quvvatlash va turli kasalliklarning rivojlanishiga yo’l qo’ymaslik uchun, masalan, suyak sinishida normal tuzalishi uchun yetarlidir.

  • Muddatidan oldin menopauza. Hayz ko’rishning 30 yoshdan 40 yoshgacha bo’lgan davrda to’xtashi «muddatidan oldin tuxumdonlar yetishmovchiligi» deb ataladi, bu holat davolash lozim bo’lgan kasallikdir. Uning sabablari irsiyat, boshdan o’tkazilgan kasalliklar, jarrohlik yoki medikamentoz terapiyaning ayrim turlari bo’lishi mumkin.
  • Erta menopauza. Bu 40 dan 45 gacha bo’lgan davrda boshlanadi, ko’pincha irsiyat bilan bog’liq. Biroq asosiysi ayol tanasi zarar ko’rmasligi uchun bu holat tashqi aralashuv yordamida tuzatiladi.
  • Kech menopauza. Menstruatsiya 55 yoshdan keyin ham davom etsa, ginekologlar patologiyadan shubha qila boshlaydilar. Ammo agar sizning buvi va onangizda ham shunday holat kuzatilgan bo’lsa, tekshiruvlar, jumladan UT tekshiruv paytida esa hech qanday o’zgarishlar aniqlanmasa, unda xavotirga o’rin yo’q. Shunchaki sizda boshqa ayollarga qaraganda qon tomirlari, xotira, bo’g’imlar va teri holatining yaxshiligi uzoqroq davom etadi. Ammo patologiya aniqlansa uni davolash zarur.

Menopauzaning birinchi belgilari va alomatlari

Hayz siklining qisqarishi

Buning sababi, ayollarda klimaks boshlanishida barcha gormonlar darajasi pasayadi. Ular qatorida homiladorlikni qo’llab-quvvatlash, muntazam ravishda hayz ko’rishga javobgar bo’lgan progesteron ham. Uning yetarli bo’lmasligi hayzning buzilishiga, xususan sikl davomiyligining qisqarishiga olib keladi. Ushbu bosqich odatda bir necha oy davom etadi, ammo bir yilgacha cho’zilishi ham mumkin.

Hayz siklining uzayishi

Follikullar yanada kamaygach, progesteron gormoni deyarli tugaydi, natijada sikl cho’zila boshlaydi. Hayzning ikki hafta, ikki oyga cho’zilishi yoki yiliga ikki marta hayz ko’rish — klimaksning aniq belgisidir. Ushbu davrning xavfi shundaki, menstruatsiyalar oralig’ida endometriy sezilarli darajada o’sib, giperplaziya va endometrial poliplarga olib kelishi mumkin.

Hayz kechikishidan keyin bunday hollarda keladigan ajalmalar miqdori odatda juda ko’p bo’lib, quyqalar hosil bo’ladi va uzoq davom etmaydi. Shu sababli ginekologga tashrifni kechiktirmaslik zarur. Tanada o’zgarishlar borayotgan vaqtda o’sayotgan endometriy bilan bir qatorda turli o’smalar ham faol rivojlanishi mumkin.

Kayfiyatning keskin o’zgarishlari

Asossiz agressiya, charchoq, tushkunlik — bu alomatlar har bir ayolda individual ravishda namoyon bo’ladi va o’smirlar o’tish davrida boshdan kechiradigan hissiyotlarga o’xshaydi. Bu, birinchi navbatda, estrogenlar va testosteron (ayollarda energiya uchun ham javob beradi) darajasining pasayishi bilan bog’liq. Ta’sirchanlik uyqusizlik natijasida ham paydo bo’lishi mumkin, bu klimaks davridagi ayollarning 30 foiziga ta’sir qiladi.

Tana vazni ortishi

Organizm estrogenlarsiz yashashga odatlanmagani bois estrogenlarni teri osti yog’larida to’plashni boshlaydi. Bu barcha ayollarda bir xilda kuzatiladi va yog’ zaxirasi deb ataladigan qorincha paydo bo’ladi, bel esa kengayadi. Albatta vaznni nazorat qilish kerak, ammo qo’shimcha 4 kg dan kamroq vazn olish hali xavfli emas.

Shu bilan birga, maqsadli ravishda vazn tashlash zarurati yo’q — ozg’in ayollar estrogenlar saqlanadigan yog’ zaxirasi kam bo’lgani sababli tezroq qarishga moyil bo’lishadi.

Terlash

Odatda kechasi kuzatiladi. Bu bo’yinning yengil terlashi yoki kiyimlarni almashtirish zarurati yuzaga keladigan darajada bo’lishi mumkin.

Harorat

Uzoq vaqt davomida biron bir sababsiz tana haroratining 37 yoki 37,5 darajada ushlanib turishi — bu har doim ham yallig’lanish natijasi emas. Bu avtonom asab tizimining disfunktsiyasi bilan bog’liq bo’lishi mumkin.

Salbiy ta’sirlari

Albatta, menopauza — bu ayol uchun ham hissiy, ham fiziologik jihatdan qiyin bo’lgan davr. Jinsiy gormonlar darajasi pasayishi natijasida quyidagilar vujudga kelishi mumkin:

  • Tomirlar mo’rt va sinuvchanligi. Qon tomirlari va miyani himoya qiladigan estrogen tufayli ayollar erkaklarga qaraganda miokard infarkti va insultdan kamroq aziyat chekishadi. Gormonlar darajasi pasayganda esa qon bosimi ko’tarila boshlaydi, ateroskleroz rivojlanadi. Bundan tashqari, bosh og’rig’i paydo bo’lishi mumkin.
  • Bosh og’rig’i. Qon tomirlarining tonusi va sifati o’zgarishi sababli.
  • Suyaklar mo’rtlashishi, sinishga moyilligi. Estrogenlar suyaklarda kaltsiy saqlanishiga yordam beradi. Agar ushbu gormonning himoya funktsiyasi bo’lmasa (gormonal terapiyada), kaltsiyni saqlovchi preparatlar samaradorligi pasayadi.
  • Xotira yomonlashishi. Yangi ma’lumotlarni eslab qolish va idrok qilish kognitiv qobiliyati tobora yomonlashib borishi kuzatiladi.
  • Teri, soch va tirnoqlarning ko’rinishi, holati yomonlashishi.
  • Ko’krak va bachadon bo’yni saratoni xavfi ortishi. Shu sababli hech narsa bezovta qilmasa ham — yiliga bir marta ginekolog va mammolo huzurida profilaktik ko’rikdan o’tib turish tavsiya etiladi.
  • Qandli diabet rivojlanish xavfi ortishi. Hissiy tanazzul fonida harakatchanlik kamayadi, ishtaha esa kuchayishi mumkin. Buning natijasida ayollarda ortiqcha vazn to’planishi kuzatiladi. Bundan tashqari modda almashinuvi ham sekinlashadi. Ortiqcha vazn esa qandli diabet, ikkinchisining fonida esa Altsgeymer kasalligi rivojlanishi xavfi ortadi. Shu sababli, klimaks boshlangach tana vazni va tomirlar holatini mas’uliyat bilan nazorat qilish zarur.

Ijobiy taraflari

Bachadon miomasi va endometrioz tugunlari yo’qola boshlaydi. Ikkala kasallik ham jinsiy gormonlarga bog’liq. Gormonlar bo’lmasa mioma so’rilib keta boshlaydi. Ammo gormonlarning sapchish davrida (menopauzaning boshida), endometriyda faol ravishda poliplar yoki giperplaziyalar o’sishni boshlashi mumkin, shuning uchun ularni nazorat qilish lozim. Olti oyda bir marta ginekolog ko’rigidan o’tish tavsiya etiladi.

Klimaks paytida homilador bo’lish mumkinmi? Ha, ba’zan oxirgi hayzdan keyin ikki yil ichida homiladorlikka erishish mumkin.

Himoya vositalaridan foydalanishni bekor qilish. Reproduktiv funktsiya yo’qolib borishi bilan birga yuqorida ta’kidlanganidek oxirgi hayz kelgan kundan bir yil o’tib ham biron bir follikul to’statdan ovulyatsiyalanishi mumkin. Shu sababli ona bo’lish rejasi bo’lmasa himoya vositalaridan foydalanish har ehtimoldan holi qiladi.

Gapirilmaydigan muammolar

Peshob tuta olmaslik. Oxirgi hayzdan besh yil o’tgach deyarli har bir ayolda siydik tuta olmaslik kuzatiladi. Bu yo’talish, aksa urish yoki kulish vaqtida yuzaga kelishi mumkin. Buning sababi siydik yo’lining shilliq qavati, qin shilliq qavati kabi, ingichka, quruq bo’lib qoladi. Buni tuzatish uchun shamcha yoki malhamlardan foydalanish tavsiya etiladi.

Jinsiy aloqa. Yuqoridagi sabab jinsiy faollikni kamaytirishga ham turtki bo’ladi. Gormon yetishmasligi tufayli qinda sekret ishlab chiqarilishi to’xtaydi, quruqlik paydo bo’ladi, buning natijasida jinsiy hayot haqiqiy qiynoqqa aylanadi.

Yordam choralari

Shifokorlarning yordamiga murojaat qilmasdan klimaks davrida vaziyatni yengillashtirishga harakat qilish mumkin. Biroq, ular vaqtincha chora bo’lib, imkon bo’lib, ginekologga tashrif buyurgungacha vaqtda foydalanish maqsadga muvofiq bo’ladi.

  1. Tunda uxlashga harakat qilish. Bu qahva va achchiq qora choy ichishni cheklash degani. Ularni qon bosimi past bo’lganda qabul qilish mumkin, biroq shunda ham bir finjondan kop bo’lmagan miqdorda.
  2. Uxlashdan oldin kontrastli dush qabul qilish. Bu muolaja qon tomirlari va asab tizimiga foydali ta’sir ko’rsatadi. Dushni iliq suv bilan boshlash va iliq suv bilan tugatish lozim. Agar bunday muolajaga to’liq tayyor bo’lmasangiz, dastlabki vaqtlarda qo’llar uchun kontrast vannalardan boshlash tavsiya etiladi.
  3. Tinchlantiruvchi o’tlar qabul qilish. Bu kayfiyatni ko’tarishga va uyquni normallashtirishga yordam beradi. Bunday vositalar qabulini boshlashdan oldin xavfsizlik maqsadida dastlab shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Qaysi shifokorlar bilan bog’lanish kerak

  • Ginekolog yoki ginekolog-endokrinolog
  • Refleksolog (akupunktura)
  • Psixolog

Ayollar uchun bu davrda hayotdagi ko’plab muammolar hal qilingan bo’ladi, endi ular o’zlari uchun ko’proq vaqt ajratishlari mumkin. Ammo buning uchun kuch va salomatlik zarur, ular saqlanib qolishi uchun esa o’ziga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lish kerak. Menopauzani qarilik va hayotning oxiri deb hisoblamaslik kerak — bu 40 yoshli ayol keksa deb hisoblangan o’tmishdan qolgan afsona.

Klimaks davrida ayollar ayniqsa sezgir bo’lib qoladi. Hatto eng zararsiz narsalar ham ularni dilini og’ritishi mumkin. Shu sababli ularning yaqinlari ayolni bu vaqtda qo’llab-quvvatlab turishlari, ko’ngillariga qarashlari zarur.

Jami baholar 4.7 / 5. Ovozlar soni: 7

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.