Ko’krak uchi yorilishi — sabablari, asoratlari, davolash va oldini olish

Chaqaloqni emizish davrida ba’zi ayollarda ko’krak uchi yorilishi kuzatilishi mumkin, bu muammoga kuchli og’riq hamrohlik qiladi. Bunday yoriqlar emizishni rad etish va chaqaloqni sun’iy aralashmalarga o’tkazishga sabab bo’lishi mumkin, ammo ona suti chaqaloq uchun ancha foydalidir. U nafaqat oziqaviy moddalarni, balki infektsiyalardan himoya qiluvchi ona antitanalarini ham o’z ichiga oladi.

Ko'krak uchi yorilishi muammosi - bolasini quchoqlagan ona tasviri

Bundan tashqari, emizish vaqtida ona va chaqaloq o’rtasida yaqinroq aloqa yuzaga kelib, bu ularning keyingi munosabatlari va chaqaloqning barkamol rivojlanishi uchun muhim ahamiyat tutadi. Profilaktika va o’z vaqtida davolash emizish davrida ko’krak uchida yoriqlarni bartaraf etishi mumkin.

Alomatlari

Ko’krak uchi yoriqlari — bu markazdan uning chetlariga (areola tomonga) tortilgan chiziqli shikastlanishlardir. Ular bitta yoki ko’p sonli, turli chuqurlikda, bitta yoki har ikkala ko’krakda yuzaga kelishi mumkin. Bunday yoriqlar emizishda yoki hatto tekkanda kuchli og’riq bilan javob qaytaradi. Shikastlanish qanchalik chuqur bo’lsa, og’riq shuncha kuchliroq bo’ladi.

Ba’zida ko’krakdan shaffof suyuqlik yoki limfa ajralishi kuzatiladi. Agar yoriqlar davolanmasa, infektsion asoratlar paydo bo’lishi mumkin: qizarish kuchayadi, yaralarda yiringli ajralmalar paydo bo’ladi, yallig’lanish rivojlanadi.

Sabablari

Ko’krak uchi terisi juda nozik, emizish vaqtida u noodatiy bo’lgan kuchli ta’sirga duch keladi. Chaqaloq milki yetarlicha qattiq bo’ladi, tug’ruqdan keyin esa uni keyingi bir necha kun ichida kuniga kamida 10 marta ko’krakka qo’yishga to’g’ri keladi. Bunday holda yoriqlar paydo bo’lishi ajablanarli emas.

Teri qoplamasi keyinchakik asta-sekin qalinlashib, shikastlanish xavfi kamayadi, noqulaylik yo’qoladi. Boshqacha qilib aytganda, emizish paytida ko’krak uchi yorilishi chaqaloq hayotining dastlabki kunlarida keng tarqalgan muammo hisoblanadi.

Yorilishni chaqiradigan bir qator omillar mavjud:

  • Bolani ko’krakka noto’g’ri qo’yish. Bola og’zi so’rgich va areolani to’liq qamrashi kerak. Bunday holda, so’rish paytida hosil bo’ladigan kuch teng taqsimlanadi va sut bola og’ziga bemalol kiradi. Agar chaqaloq faqat ko’krak uchini qamrasa, sut ko’krakdan ajralib chiqishi qiyinlashadi, buning oqibatida bola bu sohani yana ko’proq qisib, torta boshlaydi. Bu ko’krak terisini shikastlanishiga olib keladi. Shu bilan birga, sut ko’krakda qoladi, dimlanish (laktostaz) hosil bo’ladi, bu esa yallig’lanish — mastit kasalligini keltirib chiqarishi mumkin;
  • Ko’krak uchining noto’g’ri shakldaligi. So’rgich yassi yoki ichkariga tortilgan holatda bo’lsa, bola uni to’g’ri ushlashi qiyinroq bo’ladi va bu shikastlanish va yorilish ehtimolini oshiradi;
  • Bolani sutdan noto’g’ri ajratish. Agar bola emayotgan paytda uni ko’krakdan ajratishga harakat qilinsa, u instinktiv ravishda ko’krak uchini yanada qattiqroq qisib oladi va uning terisini shikastlaydi. Bolani o’zi bo’sh qo’yganidan keyingina ko’krakdan olish mumkin;
  • Uzoq muddat emishi. Emizish 30 daqiqadan ko’proq davom etmasligi kerak — bu vaqtga kelib sut bezlarida sut qolmaydi, lekin chaqaloq ko’krakni shikastlashda davom etadi. Agar chaqaloq ko’krakni mahkam ushlagan bo’lsa, uni bo’shashtirish uchun og’zining yon tomoniga toza barmoqni kiritish yordam beradi;
  • Noto’g’ri sog’ish. Sutni oldindan sog’ib qo’yishda uni qo’l bilan haddan tashqari kuchli siqish yoki pompalardan foydalanish yoriqlar paydo bo’lishiga olib kelishi mumkin;
  • Aralash oziqlantirish. Agar chaqaloq goh ko’krak suti bilan, goh esa idishdan sun’iy aralashmalar bilan oziqlantirilsa, bolaning sutni ko’krakdan qay kuch bilan tortish kerakligi sozlamalari «buzilib qoladi». Shu sababli, emish vaqtida u haddan haddan tashqari ko’p bosim hosil qilishi mumkin. Bundan tashqari, sun’iy so’rgichdan va ko’kradan so’rib olish «texnikasi» har xil, shuning uchun aralash oziqlantirish ba’zida bola ko’krak uchini noto’g’ri tutishiga sabab bo’ladi;
  • Haddan tashqari gigiena. Sovundan tez-tez foydalanish terini himoya qiluvchi suv-lipid qatlamini buzadi. Natijada teri quriydi va unda yoriqlar paydo bo’lishi mumkin. pH neytral bo’lgan vositalardan kuniga ikki martagacha foydalanish tavsiya etiladi. Gigiena vositalari tarkibiga e’tibor berish juda muhim: barcha tarkibiy qismlar chaqaloq uchun xavfsiz bo’lishi kerak. Spirtli eritmalardan foydalanish qat’iyan man etiladi — ular terini quritib, lipid qatlamini yo’q qiladi;
  • Vitamin va minerallar yetishmasligi. Homiladorlik paytida ayol tanasi homilaga kerakli foydali moddalarni yetkazib beradi, tug’ruqdan keyin esa ko’pincha kerakli elementlar yetishmovchiligini boshdan kechiradi. Gipovitaminoz, mikroelementlarning yetishmasligi terining elastikligi va himoya xususiyatlarining pasayishiga olib keladi, bu esa o’z navbatida ayollar ko’krak uchlarida yoriqlar paydo bo’lishiga sabab bo’ladi;
  • Bolada og’iz bo’shlig’i shilliq qavatida molochnitsa. Agar bolaning og’zida Candida albicans zamburug’lari tomonidan chaqirilgan oqimtir karash hosil bo’lsa, bolani har safar emizishda bu mikroblar ko’krak terisi ular bilan aloqa qilishini anglatadi. Bu ham yoriqlarni keltirib chiqarishi mumkin;
  • Sintetik ichki kiyim va kiritmalardan foydalanish. Zich bo’lgan shimuvchi kiritmalar va sintetik matolardan tikilgan ichki kiyimlar teri «nafas olishi»ni qiyinlashtiradi, nam muhit bilan uzoq vaqt aloqada bo’lgan terida esa yallig’lanish jarayonlari va infektsion asoratlar xavfi oshadi.

Asoratlari

Emizish paytida ko’krak uchidagi yoriqlar infektsiya uchun «kirish eshigi» bo’lib xizmat qiladi. Terini himoya va to’g’ri parvarish qilmaslik uzoq muddatli davolanish va bolani tabiiy oziqlantirishni to’xtatishni talab qiladigan asoratlar rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

Asoratlarning asosiy sababi — terining yuzasida mavjud bo’lgan bakteriyalar: stafilokokklar, streptokokklar. Muayyan sharoitlarda ular intensiv ravishda ko’paya boshlaydi va yallig’lanishni keltirib chiqaradi. Ularning ko’payishi haddan tashqari issiqlik va yuqori namlikda osonroq kechadi. Bunday sharoitlar sut oqishi, ichki kiyim kiritmalarini muntazam almashtirmaslik natijasida osonlikcha hosil bo’ladi.

Ko’krakdagi yoriqlar keltirib chiqaradigan eng keng tarqalgan asorat — mastit yoxud sut bezlarining yallig’lanishidir. Uning xarakterli belgilari: qizarish, shishish, ko’krakning zichlashishi, ko’pincha isitma chiqishi. Ayol ko’krakni sog’ish vaqtida kuchayadigan o’tkir og’riqlarni boshdan kechiradi.

Kasallik natijasida sutda qon va yiring aralashmalari paydo bo’lishi sababli emizish darhol to’xtatiladi.

Emizish texnikasi

Yoriqlarni oldini olish uchun emizish jarayonini boshidanoq to’g’ri tashkil etish kerak. Yangi tug’ilgan chaqaloq birinchi marta ona ko’kragiga kamda yarim soat davomida qo’yiladi, albatta agar ona va chaqaloq sog’lig’iga tahdid soladigan biron bir kasallik bo’lmasa. Bu psixologik aloqani o’rnatish va laktatsiyani rag’batlantirish uchun muhim nuqtadir.

Bu vaqtda ayolda hali sut bo’lmaydi, bola ozgina «og’iz suti» — bola tug’ilgandan keyin onaning sut bezlaridan ajraladigan foydali moddalar kontsentratini oladi.

Keyinchalik, erkin emizish texnikasidan foydalanish tavsiya etiladi — bu bolani ko’krakka vaqt bo’yicha emas, balki uning talabiga binoan qo’yishdir. Yangi tug’ilgan chaqaloqda bu kuniga 10-12 marta, hayotning birinchi oyi oxiriga kelib — kuniga 7-8 martani tashkil etadi.

Oziqlantirish texnikasidagi asosiy narsa — ko’krakni to’g’ri ushlash, bola og’zi ko’krak uchi va areolani to’liq qamrashi kerak. Buning uchun ko’krakka qo’yishda bolaning og’zi keng ochilgan bo’lishi, pastki labi tashqi tomonga ochilgan, iyak esa onaning ko’kragiga tegib turishi lozim. Agar bola og’zini yetarlicha ochmasa, uning pastki labini ko’krak yoki barmoq uchi bilan silash mumkin, shunda so’rish refleksi ishlaydi, bu og’izning ochilishini va lablarning xarakterli harakatlarini ta’minlaydi.

Suv yoki glyukoza eritmasi ichirish, rezina so’rgich va shishadan oziqlantirishni rad etish tavsiya etiladi. Ko’krak suti chaqaloq uchun zarur bo’lgan barcha narsalarni o’z ichiga oladi, rezina so’rgichlar esa chaqaloq so’rish texnikasini o’zgartirishiga sabab bo’ladi.

Yoriqlarga sabab bo’ladigan laktostaz va mastitning rivojlanishini oldini olish uchun chaqaloqni muntazab emizdirish yoki ortiqcha sutni sog’ib turish kerak.

Yoriqqa qarshi kurashish usullari

Ko’krak uchi yorilishini oldini olish uni davolashdan ko’ra osonroq va buning uchun sut bezlarini parvarishlash texnikasiga rioya qilish kerak. Oddiy tavsiyalarning bajarilishi nozik terining elastikligini va uning mahalliy himoya xususiyatlarini saqlab qolishga yordam beradi.

Bola tug’ilishidan oldin quyidagilarga amal qilish zarur:

  • Har kuni ko’krakni iliq suv bilan yuvish. So’nggi, uchinchi trimestrda sovundan voz kechgan afzal, chunki areola bezlari tabiiy himoya moyini chiqaradi. Sovun uni yuvib yuboradi va bu bola dunyoga kelganidan keyin yoriqlar paydo bo’lishiga sabab bo’lishi mumkin;
  • Yuvishdan so’ng ko’krakni kosmetik moy bilan yengil massaj qilish foydali bo’ladi;
  • Kontrastli vannalar (issiq va sovuq suvdan navbatma-navbat foydalanish) ko’krak uchi mintaqasidagi mushaklarning qisqarishi va bo’shashishini shug’ullantirishga yordam beradi, bu esa emizishni yanada soddalashtiradi;
  • Ko’krakni har kuni dag’al mato (qattiq sochiq) bilan artish tavsiya etiladi: terining sezgirligi qancha kam bo’lsa, emizishda ko’krakda yoriqlar paydo bo’lishi ehtimoli shuncha kamroq bo’ladi.

Bola dunyoga kelgandan so’ng quyidagilar tavsiya etiladi:

  • Ko’krakni faqat kerak bo’lganda iliq suv bilan yuvish (sovunsiz), keyin qog’oz yoki to’qilgan sochiq bilan ehtiyotkorlik bilan quruq qilib artish. Sovundan terini quritib yubormaslik va uning yuqi sut bilan bolaning tanasiga tushish xavfini kamaytirish uchun kuniga 1-2 martadan ortiq foydalanmaslik tavsiya etiladi;
  • Ko’krak parvarishi uchun spirt saqlovchi vositalar ishlatmaslik — bu terini juda quritadi va uning himoya lipid qatlamini yo’q qiladi;
  • Tabiiy materiallardan tayyorlangan, nafas oladigan va yaxshi singdiruvchanlikka ega maxsus kiritimalardan foydalanish. Ko’krak uzoq muddat namlik bilan aloqada bo’lmasligi uchun ularni muntazam ravishda almashtirib turish kerak;
  • Yoriqlardan xalos etuvchi maxsus kremlar yoki malhamlardan foydalanish. Ular terining himoya xususiyatlarini oshiradi, yumshatadi va namlaydi. Ular emizishdan keyin ular darhol qo’llaniladi, shunda faol moddalar keyingi emizish vaqtigacha teriga so’rilib, ta’siri qilishga ulguradi. Krem qoldig’i yuvinishdan keyin ham ko’krak yuzasida qolishi mumkin, bu esa uning chaqaloq tanasiga kirishi ehtimoli borligini anglatadi. Shu sababli, tabiiy va xavfsiz tarkibga ega vositalarga afzallik berib, preparatni ehtiyotkorlik bilan tanlash muhimdir.

Ko’krak uchidagi yoriqlar ona va chaqaloq uchun juda muhim bo’lgan emizishni rad etish uchun sabab emas. Yoriqlarni iloji boricha tezroq davolash kerak, emizish paytida ko’krakka tushadigan bosimni va undan kelib chiqqan og’riqni kamaytirishga yordam beradigan silikon nakladkalardan foydalanish mumkin.

Agar yoriqlar bitta ko’krakda paydo bo’lsa, uning terisi tiklanishi tezroq borishi uchun bolani ko’proq ikkinchi sog’lom ko’krakka qo’yish lozim. Gigiena qoidalariga rioya qilish va ko’krak uchun havo vannalari tashkil qilish muhimdir. Bundan tashqari, shifokor tavsiyasiga ko’ra har bir oziqlantirishdan keyin maxsus preparatlardan foydalanish mumkin. Ko’krak yoriqlarni o’z vaqtida davolash — antibiotikli terapiya va emizishni to’xtatish zarur bo’lgan infektsion asoratlar rivojlanishiga yo’l qo’ymaslik uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Jami baholar 3.2 / 5. Ovozlar soni: 22

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.