Soch oqarishi — sabablari, xususiyatlari, kurashish va oldini olish usullari

Soch oqarishi — bu genetik dasturlashtirilgan fiziologik qarish jarayoni. Bu holat asosan 35-40 yoshdan keyin kuzatila boshlaydi va 50 yoshgacha kuchayib boradi.

Soch oqarishi sabablari

Ba’zi kishilar soch irsiy moyillik tufayli erta yoshda ham oqara boshlashi mumkin. Agar ota-bobolarda soch oqarishi erta kuzatilgan bo’lsa, unda ularning avlodlarida ham jinsidan qat’iy nazar katta ehtimollik bilan bu holat kuzatilishi mumkin.

Irsiy moyilligi mavjud kishilarda soch oqarishiga tashqi omillar ham ta’sir o’tkazishi mumkin: stress, ultrabinafsha nurlari, noto’g’ri ovqatlanish (xususan, B vitaminlari yetishmasligi) va autoimmun kasalliklar shular qatoridadir.

Stress va ovqatlanish

Stress terida erkin radikallarning paydo bo’lishiga olib keladi, ular teri hujayralari — melanositlarga zarar yetkazishi mumkin. Natijada hujayralarning melanin ishlab chiqarish qobiliyati pasayadi. Buning oqibatida erta yoshda ham soch oqara boshlaydi.

B guruhi vitaminlarning yetishmasligi melanin sintezining biokimyoviy jarayonlariga ta’sir qiladi. Ammo, bu holda organizmdagi vitamin muvozanati tiklansa, yangi oq sochlarning paydo bo’lishi to’xtatilishi mumkin.

Ekologiyaning yomonligi omili sochlarning tuzilishiga zarar yetkazishi mumkin, ammo ularning oqarish jarayoniga ta’siri isbotlanmagan.

Ultrabinafsha nurlari ham zararli moddalar (reaktiv kislorod turlari) paydo bo’lishiga va teri hujayralariga, xususan melanotsitlarga zarar yetkazishi mumkin. Masalan, janubiy mintaqalarda bunday holat keng tarqalgan.

Oqargan sochlarning xususiyatlari

Hozirgi kunda eng keng tarqalgan noto’g’ri tushunchalardan biri — qattiq stress tufayli sochlar bir kechada oqarib qolishi mumkin degan fikr. Aslida, bu haqiqatga yaqin emas, chunki rangning yo’qolishi — bu melanotsitlar tomonidan melanin ishlab chiqarilmaslik va sochlarda uzoq muddat havo pufakchalari to’planishi natijasidir.

Shuni bilish kerakki, soch tarkibining atigi 1 foizi uning rangini belgilaydigan pigmentdan iborat. Odamlarda bu pigmentlar asosan eumelanin (to’q rangli pigment) va feomelanin (qizg’ish rangli pigment) sanaladi. Faqat ularning nisbati sochlarning rangini aniqlaydi, xususan:

  • Eumalanin (qora tus) — odamlarning 90 foizida ustunlik qiladi;
  • Feomelanin (sochlarning qizil va och rangli tuslari) ustunligi 1,8 foiz hollarda kuzatiladi;
  • Qolgan holatlar ularning kombinatsiyasidan iborat bo’ladi.

Soch oqarganda shaffof bo’lib qoladi, ammo ma’lum burchak va yorug’lik ostida qaralganda unda yengil sariq rangni sezish mumkin — aslida bu optik illyuziyadir.

Oqargan sochlar havo pufakchalari to’play boshlaydi, ularning mag’z qatlami po’st qatlamidan ustunroq bo’la boshlaydi, buning natijasida sochlar kuchini va elastikligini yo’qotadi va chigallashishga moyil bo’lib qoladi.

Oqargan sochlarni bo’yash paytida qo’shimcha rangsizlantirish talab qilinmaydi. Natijasida birinchidan sochlar kimyoviy moddalar ta’siri bo’lmagani tufayli kamroq shikastlanadi, ikkinchidan, sochlarda pigment yo’qligi sababli, rang oq qog’ozga yotgani kabi osonlikcha qabul qilinadi.

Erkak va ayollarda soch oqarishi farqi

Erkak va ayollarda soch turlicha oqara boshlaydi, ularda ushbu jarayonga moyil bo’lgan sohalar farq qiladi. Erkaklarda dastlab chakka va soqol sohalari qamrab olinadi, jarayon ertaroq va kengroq hajmda boshlanadi.

Ayollarda esa sochga oq tushishi dastlab tepa-ensa sohalarida kuaztiladi. Ular dastavval yakka soch tolalari sifatida namoyon bo’lib, keyinchalik tobora ortib boradi.

Ba’zida erkaklarda va ba’zi androgin ayollarda soch oqarishi qarish jarayonida androgen alopetsiya, ya’ni erkaklarga xos bo’lgan soch to’kilishi bilan birga kechadi.

Soch oqarishiga qarshi kurashish

Katta yoshlarda sochlarning oqarishini fiziologik, erta muddatlarda esa patologik holat deb hisoblash qabul qilingan. Ammo oq sochlar odatiy tolalardan kamroq sog’lom deb aytib bo’lmaydi. Sochlar shunchaki qisman xususiyatlarini o’zgartiradi. Bu faqatgina estetik nuqson sanaladi va bunda har bir kishining ushbu masalaga munosabati muhimdir.

Bugungi kunda soch oqarishi bilan kurashishning asosiy usuli ularni bo’yashdir. Rangi ketishi qiyin bo’lgan bo’yoqlar sochning tuzilishiga zarar yetkazadi, turg’un bo’lmagan bo’yoqlar ko’p zarar yetkazmaydi, biroq ular kerakli rangni bera olmasligi mumkin.

Bo’yoq turi kishining jinsi va yoshi, sochining quyuqligi, oqargan sochlarning miqdoriga qarab individual ravishda tanlanishi kerak.

Sochlarni bo’yashda eng katta kosmetik ta’sirga turg’un bo’yoqlar qo’llanilganda erishiladi. Bo’yash sochning butun uzunligi bo’ylab amalga oshiriladi va keyinchalik sochlarning o’sib borishi sayin har 1,5-2 oyda bir marta soch ildizlari bo’yab turiladi. Agar oq tushgan tolalar miqdori ko’p bo’lmasa, unda turg’un bo’lmagan bo’yoqlar yoki shampunlardan foydalanish mumkin, ammo ularni tez-tez ishlatish talab etilishi mumkin.

Oqargan sochlar juda kam bo’lsa, alohida tolalarni ildiziga yaqin qilib kesib tashlash kifoya. Ammo ularni yulib tashlash og’riqdan tashqari soch follikuliga zarar yetishiga olib keladi, natijada tola umuman o’smay qo’yishi ehtimoli mavjud.

Parvarish usullari

Oqargan sochlar uchun maxsus muolajalar mavjud emas. Shu bilan birga, qon aylanishini yaxshilash, sochlarning o’sishi va hujayralarning melanin ishlab chiqarishini rag’batlantiradigan fizioterapiya, mezoterapiya, qo’shimcha vitamin va mikoelementlar qabuli, shuningdek plazmoterapiya qo’llanilishi mumkin.

Sochlar faol oqara boshlasa, nisbatan keng sohalarni qamrab olsa yoki to’kilishi kuzatilsa, buning aniq sabablarini aniqlash uchun trixolog-shifokor bilan bog’lanish lozim. Aksariyat hollarda bunday vaziyatda qalqonsimon bezning holati tekshiriladi, ovqatlanish tartibi o’rganiladi. Ba’zi hollarda ikkilamchi omil bartaraf etilganda sochlar normal holatga qaytadi.

Jamiyat fikri

So’nggi paytlarda kosmetologiya va estetika sohasida tabiiylikka intilish paydo bo’ldi: ayollar ham, erkaklar ham tabiiylikni tanlashmoqda. Natijada, oq sochlarga nisbatan bag’rikenglik munosabati shakllandi.

Hozirgi vaqtda ko’pchilik erkaklar oqargan sochlarni bo’yashmaydi, ba’zi ayollar esa ixtiyoriy ravishda sochlarini rangsizlantirishmoqda.

Oqargan sochlarni bo’yash uchun mahsulotlar bozorida ko’plab vositalar paydo bo’lishda davom etmoqda — bu kosmetika kompaniyalari uchun butun sanoatdir. Shu bilan birga, ular mahsulotlari sifatini yaxshilab borishga intilishadi. Bugungi kunda bo’yoqlardan keyin sochlarning salomatligini tiklaydigan konditsionerlar keng tarqalgan, qolaversa bo’yoqlarning tarkibiga sochlarga zarar yetkazishni kamaytirish uchun turli oziqlantiruvchi moddalar qo’shilmoqda.

Jami baholar 4.8 / 5. Ovozlar soni: 5

Reklama

1 ta izoh qoldirilgan

  1. Assalomu alekum meni ismim Kamola yoshim23da oqargan sochlarni asl holiga qaytariw uchun qanday vitaminlar qabul qilsa qanday davo choralari i qoʻllasa tez va samarali foyda beradi

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.