Tuklarni yo’qotish — zamonaviy muolajalar, uy sharoitida vositalar tayyorlash
Tanadagi keraksiz tuklarni yo’qotish usullari talaygina. Xususan, salon muolajalari va soch o’sishi sekinlashtirishga yordam beradigan uy sharoitida tayyorlanadigan xalqona vositalar yordamga kelishi mumkin.
Mundarija
Muammo sabablari
Tanadagi tuklarning haddan tashqari ko’payib ketishi, jinsga yoki yoshga mos kelmasligi, tuk chiqishiga xos bo’lmagan joylarda chiqishi bilan ifodalanadigan kasallik gipertrixoz deb ataladi. Ko’pincha bu patologiyadan ayollar aziyat chekadi.
Gipertrixozli bemorga terini mexanik yoki kimyoviy vositalar bilan ta’sirlantirish, parafinli niqoblar bilan davolash tavsiya etilmaydi, massaj usullari qarshi ko’rsatiladi.
Bunga quyidagi omillar turtki bo’lishi mumkin:
- Stressli vaziyatlar;
- Uzoq davom etgan depressiya;
- Asab tizimining turli patologiyalari;
- Gormonal buzilish.
Girsutizm kasalligi
Ba’zan iyakda, qorin va bel yuqorisida, to’sh sohasida nozik va sezilmas tuk o’rniga qalin va uzun tuklar o’sib chiqishi kuzatiladi. Bunday «erkakcha» tuk o’sishi «girsutizm» deb nom oladi. Kasallik irsiy emas, balki orttirilgan patologiya bo’lib, androgen (erkak gormonlari, xususan testosteron) ortishi natijasida rivojlanadi.
Gormonal buzilish tuxumdonlarda kista yoki o’smalar bo’lishi, buyrak usti bezi funktsiyasining buzilganligi sabab yuzaga kelgan bo’lishi mumkin. Soch o’sishi yoki gormonlar ishlab chiqarilishini rag’batlantiruvchi, shuningdek immunosupressant vositalar ham o’z ta’sirini o’tkazishga qodir.
Yosh qizlarda tuklar o’sishi kuchayganda endokrinolog bilan maslahatlashish, ichki a’zolar tekshiruvidan o’tish tavsiya etiladi.
Yosh bilan bog’liq o’zgarishlar
Ko’pincha ayollarda 50 yoshga kelib tuk o’sishi kuchayadi, bu tuxumdonlar faoliyatining zaiflashishi natijasidir. Agar yuz yoki ko’krakda qo’shimcha tuklar paydo bo’lsa, muammo sababini aniqlash darhol shifokor bilan maslahatlashish kerak.
Barcha tekshiruvlardan so’ng shifokor tegishli tashxis qo’yadi va kerak bo’lganda davolanish tartibini belgilaydi.
Tuklarni yo’qotish uchun salon muolajalari
Go’zallik salonlari tanadagi tuklarni kamaytirishga qaratilgan keng spektrdagi muolajalarni taklif qiladi. Ammo ularning hammasi ham og’riqsiz va xavfsiz emas.
Elektroepilyatsiya
Elektroepilyatsiya jarayonida soch follikulasiga elekt toki ta’sir ettiriladi va natijada ular nobud bo’ladi. Qoniqarli natijaga erishish uchun bir nechta seans kerak bo’lishi mumkin. Chunki ba’zi follikullar uyqu holatida bo’ladi va ularni darhol yo’q qilib bo’lmaydi.
Elektroepilyatsiyani sifatli bajarish uchun tolalar uzunligi kamida 2 mm bo’lishi kerak. Agar bundan kam bo’lsa, elektrod (igna shaklida bo’ladi) follikulaga tegishi muammoli bo’ladi.
Muolajani o’tkazishdan oldin kosmetologlar shugaring, elektrik epilyatordan foydalanmaslikni tavsiya qilishadi.
Ushbu muolajaning lazlerli epilyatsiyadan asosiy farqi — soch tolalarining rangi ahamiyatga ega emasligida.
Elektroepilyatsiyaga tayyorgarlik
Tayyorgarlik teri turidan kelib chiqib biroz farq qiladi:
- Quruq terini bir kun oldin yengil piling qilish va unga oziqlantiruvchi krem surtish tavsiya etiladi;
- Yog’li teri muolajadan bir kuni oldin losyon yordamida tozalanishi lozim;
- Normal teri egalariga dush qabul qilish yetarli bo’ladi.
Elektroliz jarayoni yetarlicha og’riqli, shuning uchun uni boshlashdan 20 daqiqa oldin mahalliy ta’sirga ega og’riq qoldiruvchi kremlar ishlatiladi. Muolaja tana qismiga qarab 20 daqiqadan 1 soatgacha vaqt talab qiladi.
Qarshi ko’rsatmalar va oqibatlari
Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar:
- Yurak faoliyatida muammolar;
- Onkologiya;
- Virusli kasalliklar va o’tkir infektsiyalar;
- Allegriya;
- Homiladorlik va emizish.
Ushbu muolajani hatto eng qimmat go’zallik salonlarida o’tkazgan taqdirda ham, ba’zi oqibatlar namoyon bo’lishi ehtimoli yuqori bo’ladi:
- Qizil toshmalar;
- Chandiqlar;
- Qichishish;
- Terining infektsion kasalliklari (noto’g’ri parvarish oqibatida).
Bunday oqibatlarni bartaraf etish uchun muolaja mutaxassis tomonidan amalga oshirilishi va undan so’ng teri to’g’ri parvarishlanishi kerak:
- 24 soat davomida dush qabul qilishdan bosh tortish;
- 7 kun muddatga sport zali, solyariy va hammomga bormaslik;
- Ikki hafta avtozagar uchun kremlarni ishlatmaslik.
Fotoepilyatsiya
Zamonaviy usullardan biri bo’lib, epidermisga mexanik ta’sir o’tkazmaydi va natijada og’riq sezilmaydi. Ushbu muolaja yorug’lik impulslari yordamida soch follikulalarini nobud qilishni nazarda tutadi. Bunday impulslar melanin tomonidan yaxshi ushlanib qoladi va natijada soch follikulasi butunlay yo’q bo’lib ketadi.
Ushbu usul yordamida tananing deyarli barcha qismlaridagi istalmagan tuklardan xalos bo’lish mumkin, xususan:
- Bikini sohasi;
- Lablar yuqorisidagi soha;
- Qo’ltiq osti;
- Sonlar;
- Qo’l va oyoqlar.
Yana bir ijobiy xususiyat shundaki, jarayon davomida terining elastikligiga mas’ul bo’lgan kollagen ishlab chiqariladi.
Fotoepiltatsiya ham qarshi ko’rsatmalarga, noxush oqibatlarga ega. Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar:
- Krem yoki yorug’lik impulslariga allergiya;
- Yurak kasalliklari;
- Varikoz;
- Saraton;
- Tatuirovkalar;
- Homiladorlik;
- Qandli diabet;
- Endokrin tizim kasalliklari.
Muolajadan keyin kuzatilishi mumkin bo’lgan asoratlar:
- Pigmentli dog’lar;
- Terining qipiqlanishi va qizarishi;
- Teri qichishi;
- Shishlar;
- Kapillyarlarning kengayishi;
- Kuyishlar;
- Allergik reaktsiya.
Pigmentli dog’lar paydo bo’lishi ehtimoli yuqori bo’lganligi sababli 18 yoshgacha bo’lgan qizlarga fotoepilayatsiya taqiqlanadi.
Hozirgi kunda muolajaning IPL, ELOS, LHE, QOOL kabi turlari mavjud.
Lazerli epilyatsiya
Kosmetologiyadan lazerdan foydalanishning birinchi urinishlari 1960-yillarda amalga oshirilgan. Tijoriy muolajalar o’tgan asrning 90-yillarida paydo bo’la boshladi.
Ushbu muolajada soch follikulalari lazer yordamida yo’q qilinadi. Shu tariqa ularning o’sishi susayadi yoki butunlay to’xtaydi. Yorug’lik chaqnashi harorati 80 darajadan oshadi. Lazer faqat faol soch follikulalariga ta’sir qiladi (umumiy miqdorning 30 foizi). Tuklardan batamom qutulish uchun bir nechta seans talab etilishi mumkin.
Afzalliklari
Bugungi kunda bu eng ommalashgan muolajalardan biri va uning bir qancha afzalliklari bor, xususan:
- Xavfsiz;
- Og’riqsiz;
- Teriga shikast yetkazmaydi.
Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar
- Teri kasalliklari;
- Xollar (ishlov beriladigan joyda);
- O’tkir infektsiyalar;
- Teri kuyishlari.
Lazerli epilyatsiyadan keyin bir muddat quyosh nurlaridan himoyalanish kerak.
Tayyorgarlik
- Dermatolog bilan maslahatlashish;
- Muolajani o’tkazishdan 30 kun oldin quyoshda toblanmaslik;
- Ikki hafta oldin barcha epilyatsiya usullarini (qirishdan tashqari) cheklash;
- Epilyatsiya o’tkaziladigan soha tuklarini kalta qilish (tola 1-2 mm uzunlikda bo’lishi lozim).
Har bir soha uchun tuklarning tavsiya etiladigan uzunligi qabul qilingan va bu ko’rsatkich biroz farq qilishi mumkin. Shuning uchun muolajadan oldin mutaxassis bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. Bugungi kunda rubinli, aleksandritli, neodimli, diodli lazer turlari mavjud, ular uzunligi, ta’sir qilish vaqti va impulslar chastotasi boyicha farq qiladi.
AFT-epilyatsiya
AFT — Advanced Fluorescene Technology (yaxshilangan flyuorestsent texnologiya). Ushbu yangi muolajaning ta’sir mexanizmi lazerli va fotoepilyatsiya oralig’ida yotadi. Uslub Alma Lasers kompaniyasida ishlaydigan isroillik olimlar tomonidan ishlab chiqilgan.
Bunday texnolgoiyaga ehtiyoj fotoepilyatsiya kuyish va qizarish yuzaga keltirish sababli paydo bo’lgan. AFT-epilyatsiya esa yangi avlod vakili. Uning mohiyati noyob filtrdan foydalanishda. Muolaja HarmonyXL apparatning maxsus uchi yordamida amalga oshiriladi.
Tayyorgarlik
- Seansdan bir kun avval ortiqcha tuklar qirib tashlanadi;
- Amaliyotdan ikki hafta oldin quyoshli vannalardan qochish zarur.
Qo’llash mumkin bo’lmagan holatlar
- Onkologiya;
- Teri yaralari;
- Infektsiyalar mavjudligi;
- Toblanganlik.
Agar AFT-epilyatsiya tajribali kosmetolog tomonidan bajarilgan bo’lsa va bemorda qarshi ko’rsatmalar bolmasa, unda salbiy oqibatlar (kuyish, qizarish) deyarli kuzatilmaydi.
Xalqona vositalar
Uy sharoitida tayyorlangan vositalar yordamida tuklarni yo’q qilish mushkul vazifa. Biroq ularning o’sishini sekinlashtirish va zichligini kamaytirishga chindan ham erishish mumkin. Bu holda, ko’p pul sarflash zarur emas, salbiy ta’sirlar ham minimal darajada bo’ladi.
Yong’oq
- Yosh yong’oqning mag’zni ajratib turuvchi qismiga etil spirti quyiladi;
- Yetti kun davomida qorong’i, salqin joyda qoldiriladi;
- Muammoli joylarga bir yarim soatga surtiladi, so’ng yuvib tashlanadi;
- Muolaja kuniga ikki marta takrorlanadi, natija esa bir necha oydan keyin sezila boshlaydi.
Damlama tayyorlash
- Yosh yong’oq mevasi qobig’i bilan birga eziladi;
- So’ng 1 osh qoshiq gudron qo’shiladi va ikki yoki uch hafta davomida qorong’i, salqin joyda qoldiriladi.
- Aralashmadan kuniga ikki yoki uch marta losyon sifatida foydalaniladi.
Qichitqi o’t
Kerakli masalliqlar
- 45 gramm o’simlik urug’i (yangi va kukun holatigacha maydalangan);
- 120 gramm o’simlik moyi (qovoq yoki zaytun);
- Qora shishadan idish.
Urug’lar solingan idish moy bilan to’ldiriladi va 2-8 hafta davomida qorong’i, salqin joyda qoldiriladi, keyin doka orqali suzib olinadi. Tayyor bo’lgan vosita kuniga ikki marta ortiqcha tuklar bo’lgan sohaga surtiladi. Natija bir necha oy ichida seziladi.
Kashtan
- 500 g kashtan po’stlog’idan tozalanadi, so’ng mag’zi ajratib olinadi;
- 1:1 nisbatda qaynoq suv quyiladi;
- Massa quyuqlashguncha qaynatiladi va oxirida 1 osh qoshiq o’simlik moyi qo’shiladi.
Sovugach, aralashma depilyatsiya uchun ishlatiladi.
Shugaring
Shugaring deb atalmish usul — shakar siropi yordamida keraksiz tuklarni yulib olishni nazarda tutadi. Buning uchun 10 bo’lak shakar ozroq suvda eritilib, chorakta limon sharbati qo’shiladi. Aralashma jigarrang tusga kirguncha va barmoqlarga yopishishi to’xtaguncha past olovda qaynatiladi.
Tayyor vositani muammoli sohaga surtib, qotishini kutish kerak. Shundan so’ng u keraksiz tuklar bilan birga keskin yulib olinadi.
Nashatir spirt va yod
- 30 g etil spirti;
- 5 g nashatir spirt;
- 1,5 g yod;
- 5 g kanakunjut yog’i.
Barcha masalliqlar aralashtirilib, istalmagan tuklar bo’lgan teri qismiga kuniga bir necha marotaba surtiladi.
Bangidevona o’ti
250 g bangidevona o’tiga bir litr sovuq suv quyib, yarim soat davomida past olovda qaynatiladi. Tayyor damlama sovutiladi va suzib olinadi. Kuniga uch marta muammoli sohaga surtiladi.
Dengiz karami
100 g quruq dengiz karami kukun holatigacha maydalanib, biroz nashatir spirti qo’shiladi va qaymoq kabi quyuqlikkacha yetguncha aralashtiriladi. Keyin 1 osh qoshiq o’simlik moyi qo’shiladi va yaxshilab aralashtiriladi. Uch kundan keyin aralashma to’liq tayyor bo’ladi, muammoli sohaga yupqa qavat qilib surtiladi va taxminan 10-15 daqiqa qoldiriladi. So’ng yuvib tashlanadi.
Margansovka
- Choy qoshiq uchida miqdordagi kaliy permanganatga 250 ml issiq suv solib, aralashtiriladi;
- Tayyor bo’lgan eritma iliq suvga solinadi va tuklarni yo’q qilish kerak bo’lgan soha suvda 25-30 daqiqa ushlab turiladi. Muolaja har kungi takrorlanadi. Ikki-uch oy ichida ijobiy natija qayd etiladi.
Vodorod peroksidi
Yuz va qo’ldagi tuklarni yo’qotishning sodda va shu bilan birga samarali usullaridan biri vodorod peroksid bilan muammoli hududlarni tez-tez artib turishdir. Muolaja og’riqsiz, tez orada tuklar ingichkalashib, ranggi sezilmaydigan, sinuvchan bo’lib qoladi.
Ushbu usulni ishlatishdan oldin vodorod peroksid eritmasi (3-10%) kontsentratsiyasi bilan tajriba o’tkazib, ta’sir qilishning optimal davomiyligini tanlash, teri ta’sirlanmasligiga ishonch hosil qilish kerak bo’ladi.
Retseptlar:
- Qo’llar va oyoqlardagi tuklarni yo’qotish uchun 50 ml 3% li vodorod peroksidiga yarim choy qoshiq nashatir spirti qo’shiladi. Aralashma soqol olish uchun ko’pik bilan aralashtiriladi, keraksiz tuklar bo’lgan joylarga qo’llab, qurish uchun qoldiriladi, so’ng iliq suv bilan yuvib tashlanadi. Bir nechta muolajadan so’ng ular ingichkalashadi, rangini yo’qotadi, deyarli ko’rinmas holga keladi.
- Soch to’kilishi ta’siriga erishish uchun 10 qism suvga bir qism 3 foizli vodorod peroksidi, 2-3 tomchi nashatir spirt, ozgina un qo’shiladi. Hosil bo’lgan bo’tqani tuklar rangini yo’qotmaguncha har kuni bir soat vaqtga qo’llash kerak.
Tuklar o’sishini sekinlashtirish
- Kurkuma. Chinni idishiga 2-3 osh qoshiq kukurma kukuni solinadi, iliq suv qo’shib, bir xil massa hosil bo’lguncha aralashtiriladi. Aralashmani epilyatsiyadan keyin surtib, ustidan oziq-ovqat plyonkasi bilan o’raladi va yarim soat kutiladi, so’ng yuvib tashlanadi.
- Limon sharbati. Soch o’sishini kamaytirish uchun ajoyib masalliq. Buning uchun epilyatsiyadan keyin yarimta limonni teriga surtish kerak.
- Efir moylar. Eng samaralilar choy daraxti va yalpiz moylari sanaladi. Ular losyon sifatida ishlatilishi mumkin.
Menga tanadagi tukni yuqotishga yordam kerak
Menga tanadagi tukni yuqotishga yordam bera olasizlarmi?
Shugaring qayerda sotiladi
Parfyumeriyada
Menga tanadagi tuklarni yoqatishga yordam bera olasizlarmi
Yuzdagi oshiqcha tuklarni qanday yo’qotsabo’ladi!
Lazer yordamida tuklarni yuqotsa buladimi
Narxi qancha qayerda davolaysila
Nomerlaringni neringla