Allergiya — rivojlanish sabablari, turlari, alomatlari, davolash, oldini olish

Allergiya (qad. yun. ἄλλος — yot, begona + ἔργον — ta’sir) — immunopatologik jarayon bo’lib, organizmga ta’sir qiladigan yoki tana bilan aloqada bo’lgan, masalan, hayvonlar juni, chang yoki ari zahari kabi moddalarga immun tizimining reaktsiyasidir.
Allergiya haqida

Allergik reaktsiyani keltirib chiqaradigan modda «allergen» deb ataladi. Buday moddalar oziq-ovqat, ichimliklar va atrof-muhitda mavjud bo’ladi. Ularning aksariyati zararsiz, ya’ni ko’pchilikda allergiya chaqirmaydi.

Epidemiologiya

Allergiya yer yuzida juda keng tarqalgan patologiya. Sog’liqni saqlash tashkilotlari ma’lumotiga binoan Shimoliy Amerika va G’arbiy Yevropada taxminan 20% odamlar pollinozga (allergik rinokonyuktivit, allergik rinit) duchor bo’lishgan.

Butun dunyoda allergiya bilan kasallanganlar soni oshishi kuzatilmoqda. «Allergy UK» ma’lumotlariga ko’ra, taxminan 30-40% odamlar hayotining muayyan bir qismida allergiyaga to’qnash keladi. Ushbu holatdan bolalar eng ko’p aziyat chekadi, ayniqsa oziq-ovqatga nisbatan.

Allergiya rivojlanishi sabablari

Inson immuniteti allergenga patogen (tashqi zararli moddalar) deb javob beradi va uni begona bakteriya, virus, zamburug’ yoki toksin kabi yo’q qilishga harakat qiladi. Biroq allergenning o’zi zararli emas, shunchaki immun tizimi bu moddaga juda sezgir bo’lib qolgan.

Immun tizimi allergen ta’sir qilganda uni yo’q qilish uchun antitanalar turi — immunoglobulin E (IgE) chiqaradi. U esa o’z navbatida organizmda allergik reaktsiyaga olib keladigan kimyoviy moddalar ajratadi.

Ushbu kimyoviy moddalardan biri gistamin deb ataladi. Gistamin mushaklarning qisqarishiga olib keladi, shu jumladan qon tomirlarining devorlari va nafas yo’llarida ham. U shuningdek burunda shilliq ajralishiga hissa qo’shadi.

Patologiyaning noxush alomatlarida bemor allergenni ayblaydi — do’stining uy hayvoni, o’simlik changi yoki changni. Biroq, bu noto’g’ri tushuncha. Muammo patologiyani qo’zg’atgan moddada emas, balki bemorning immun tizimida yotadi.

1989-yilda David P. Strachan tomonidan ilgari surilgan Gigienaning ta’siri nazariyasiga ko’ra, gigiena qoidalariga amal qilishga o’tish inson organizmnining ko’plab antigenlar bilan aloqa qilishini oldini oladi. Bu esa immun tizimiga yetarlicha yuk tushmaslikka sabab bo’ladi (ayniqsa bolalarda).

Inson organizmni doimo muayyan xavfga qarshi kurashishga moslashgan qilib yaratilganligi bois, xavf bo’lmaganda immun tizimi bexatar sanaladigan moddalarga ham reaktsiya qila boshlaydi. Ushbu nazariya angliyada ko’p farzandli oilalaridagi bolalar bitta farzandli oilalardagi bolalarga nisbatan ekzema va allergik rinit bilan kamroq kasallanishi sababini tushuntirib berish uchun ishlab chiqilgandi.

Alomatlari

Bemor allergen bilan to’qnashganda reaktsiya darhol yuzaga kelmaydi. Immun tizimi asta-sekin moddaga nisbatan sezgirlikni oshiradi. Vaqt o’tib, organizm o’ziga xos yuqori sezgirlikka ega bo’ladi — bu jarayon sensibilizatsiya deb ataladi.

Sensibilizatsiya bir necha kundan bir necha yilgacha davom etishi mumkin. Ko’pgina holatlarda sezuvchanlik jarayoni oxirigacha yakunlanmaydi va bemorda ba’zi alomatlar yuz beradi, ammo to’liq allergik reaktsiya kuzatilmaydi.

Immun tizimi allergenga ta’sir qilganda, yallig’lanish va qo’zgalish xususiyati paydo bo’ladi. Namoyon bo’ladigan belgi va alomatlar uning turiga bog’liq. Allergik reaktsiyalar ichakda (ovqat hazm qilish tizimi), terida, sinuslarda, havo yo’llarida, ko’zlar va burun yo’llarida paydo bo’lishi mumkin.

Chang va changchiga allergiya simptomlari quyidagicha:

  • Burun bitishi;
  • Ko’z, burunda qichishish;
  • Rinit;
  • Ko’zlarning shishishi, yoshlanishi;
  • Yo’tal.

Terida, masalan ekzema quyidagicha namoyon bo’ladi:

  • Terining qipiqlanishi, quruqlashishi;
  • Qichishish;
  • Qizg’ish toshmalar toshishi.

Oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan reaktsiyada:

  • Qayt qilish;
  • Til, lab, yuz va tomoqning shishishi;
  • Og’izdagi achishish;
  • Oshqozon spazmi;
  • Nafas olishning buzilishi;
  • Rektal qon ketish (bolalar kamdan-kam hollarda);
  • Diareya;
  • Anafilaksiya (anafilaktik shok) — juda jiddiy, ko’pincha hayot uchun xavfli bo’lgan allergik reaktsiya.

Hasharotlar chaqishiga javoban:

  • Ovozning xirillashi;
  • Chaqilgan joyining shishishi;
  • Qon bosimining keskin pasayishi;
  • Teri qichishi;
  • Bosh aylanishi;
  • Yo’tal;
  • Nafas olish qiyinligi;
  • Tashvishlanish;
  • Anafilaksiya.

Dori vositalarga allergiya quyidagi belgilarga ega bo’lishi mumkin:

  • Ovozning xirillashi;
  • Til, yuz, lab shishishi;
  • Anafilaktik shok belgilari;
  • Terida toshmalar toshishi;
  • Qichish.

Anafilaktik shok

Anafilaktik shok tezda boshlanadigan jiddiy allergik reaktsiya. Bu holat hayot uchun xavfli bo’lishi mumkin va shoshilinch tibbiy yordam kerak bo’ladigan holat sifatida qaralishi kerak.

Allergik reaktsiyaning bu turi allergen ta’siridan keyin bir necha daqiqadan o’tgach paydo bo’lishi mumkin bo’lgan bir nechta turli alomatlarni aks ettiradi. Agar allergen to’gridan-to’gri qonga ta’sir qilsa, allergik reaksiya odatda 5-30 daqiqa ichida sodir bo’ladi. Oziq-ovqatlar allergeniga bo’lgan reaktsiya ko’proq vaqt talab etadi.

Anafilaksiya — shoshilinch tibbiy yordam talab etiladigan holat.

Namoyon bo’lishi

Bunda tananing barcha qismlari qizarishi va qichishi kuzatiladi. Zararlangan to’qimalar ham shishadi (angiodistrofiya). Ba’zilar terida achishish sezganligini aytishadi. Taxminan 20% hollarda til va tomoq shishishi kuzatiladi. Agar teri g’alati moviy rangga bo’yalsa, bu gipoksiyaning (kislorod yetishmasligining) belgisi bo’lishi mumkin.

Ba’zi bemorlarda burun bitishi qayd qilinadi. Ko’zlarning old qismi va qovoqlarning ichki qismini qoplovchi shilliq qavat (kon’yunktiva) yallig’lanishi mumkin. Bundan tashqari nafas olish tizimi tomonidan quyidagi belgilar aniqlanadi:

  • Nafas olish qiyinligi;
  • Bronxlar spazmi sababli nafas olish paytida hushtak chiqishi;
  • Stridor — nafas olishda kuchli titraydigan ovoz;
  • Ovozning bo’gilishi;
  • Odinofagiya — yutinishda og’riq;
  • Yo’tal.

Kardiovaskulyar o’zgarishlar

Koronar arteriya spazmi — yurakda gistamin chiqaradigan hujayralar tufayli arteriya devoridagi mushaklarning keskin qisqarishi (vaqtinchalik). Bu miokard infarkti, disritmiya (anomal yurak ritmi) yoki yurak xurujiga olib kelishi mumkin.

Kam qon bosimi yurak urishining tezlashishiga sabab bo’la oladi. Arterial qon bosimining to’satdan pasayishi tufayli bosh aylanadi, ba’zida hushni yo’qotish mumkin. Ba’zi holatlarda anafilaksiyaning yagona belgisi — qon bosimining pastligi bo’lishi mumkin.

Oshqozon-ichak tizimidagi o’zgarishlar

  • Qorin bo’shlig’i tortishishi;
  • Diareya;
  • Qusish;
  • Siydik chiqarish nazoratini yo’qotish;
  • Qorin og’rig’i.

Xavf omillari

Tibbiyotda xavf omillari deb kasallik yoki bemor holatini yomonlashtiradigan omillar tushuniladi. Misol uchun, chekish o’pka kasalligi uchun xavf omilidir.

Quyida ushbu patologiya uchun xavf omillarining ayrimlari keltirilgan:

  • Oilada astma bilan og’riydigan inson bo’lishi — ota-ona, bobo-buvida astma kasalligi bo’lganligi;
  • Oilada allergik bo’lishi — yaqin qarindoshlardan biri allergik bo’lsa;
  • Bolalarda allergiya kattalarga qaraganda ko’proq uchraydi. Ijobiy tarafi shundaki, ko’p bolalarda ulg’aygach u yo’qolib ketadi;
  • Astma bilan kasallanganlik — astmatik bemorlarda allergiya rivojlanishi ehtimoli ko’proq;
  • Quyosh nurining yetarlicha ta’sir etmasligi. Yevropa atrof-muhitni muhofaza qilish va inson salomatligi markazi olimlari hamda turli avstraliya markazlari tadqiqotchilari quyosh nurlari kam bo’lgan hududlarda yashovchi bolalarda gipersezuvchanlik ko’rsatkichi yuqori ekanligini aniqlashdi.

Eng keng tarqalgan allergenlar

Allergen — ayrim sezgir shaxslarda allergik reaktsiyaga sabab bo’ladigan modda. Ularning ba’zi bir turlari aksariyat bemorlarda reaktsiyaga sabab bo’ladi.

Hayvonlar:

  • Chang burgalari — ularning najasi;
  • Jun;
  • Mo’yna;
  • Kepak;
  • Fel d1 — mushukning yog’ va so’lagida aniqlanadigan oqsil.

Tibbiy:

  • Penitsillin;
  • Salitsilatlar — odatda aspirinda mavjud salitsil kislotasining tuzi;
  • Sulfanamidlar.

Oziq-ovqat mahsulotlariga:

  • Yong’oqlar, dukkaklilar, jo’xori, loviya, qovoq, selderey, kunjut;
  • Dengiz mahsulotlari, tuxum;
  • Sut mahsulotlari, asal.

Hasharotlar:

  • Ari, chumolilar zahari;
  • Burga, chivin, boshqa zaharli hasharotlar chaqishi.

Tashxislash

Patologiyani aniqlashning bir necha yo’li bor. Shifokor bemorga allergiyaning kelib chiqishi, qachon paydo bo’lishi, uning simptomlari haqida savollar beradi. Bundan tashqari, oilaning boshqa a’zolarida shunday holat mavjudligini so’raydi.

Allergiya mavjudligini aniqlash uchun bir qator testlar mavjud. Quyida ba’zi misollar keltirilgan:

  • Qon tahlili— immunitet tizimi tomonidan chiqarilgan IgE antitanalari darajasini o’lchaydi. Ushbu sinov ba’zida radioallergosorbent test (RAST) deb ham ataladi.
  • Terini tilish testi ham turli antibiotiklarni qabul qilishdan oldin test sifatida tanilgan. Teri shpritsning uchi bilan tirnaladi va jarohatga biroz allergen qo’llaniladi. Agar terida reaktsiya kuzatilsa, tashxis tasdiqlanadi.
  • Patch testi — dermatit bo’lgan bemorlarda qo’llaniladi. Belga shubha qilinayotgan allergen kerakli miqdorda maxsus metall disklarga qo’yib biriktirialdi. Shifokor 48 soatdan keyin terining reaktsiyasini tekshiradi.

Allergiyani davolash usullari

Davolashning eng samarali usuli — allergen ta’siriga duch kelmaslik hisoblanadi. Biroq, ba’zida allergendan to’la qutulishning imkoni bo’lmaydi. Bemorlarni sezgir bo’lgan moddalarga qay tarzda to’g’ri aniqlash o’rgatish muhimdir.

Dori vositalari

Dorilar allergiya belgilarini bartaraf etishga yordam beradi, ammo uni davolay olmaydi. Har qanday dori vositasini ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish kerak.

  • Antigistaminlar (gistamin antagonistlari): ular allergik reaktsiyaning bir qismi bo’lgan, tanada ishlab chiqariladigan gistaminning ta’sirini to’xtatadilar. Ba’zi antigistaminlar bolalar uchun mos emas.
  • Burun uchun tomchilar: Ba’zi bemorlar pollinoz bo’lgan hollarda burun uchun tomchilar yordam beradi, deb aytishadi. Burun uchun tomchilar qisqa muddatli ta’sir ko’rsatadi.
  • Leykotrien retseptorlari antagonistlari (antileykotrienlar): astmada yoki boshqa davo vositalari foyda bermaganda buyuriladi. Ushbu guruh preparatlari leykotrien — shishga olib keladigan kimyoviy moddalar ta’sirini bloklaydi. Leykotrien allergik reaktsiya vaqtida organizmda ishlab chiqariladi.
  • Steroid tomchilar: burun bitishini kamaytirishga yordam beradi.
  • Enterosorbentlar: oziq-ovqat va dori vositalariga bo’lgan allergiyani davolash uchun ishlatiladi.

Immunoterapiya

Bundan tashqari giposensibilizatsiya deb ham ataladi. Bunday terapiya immun tizimning normal faoliyat ko’rsatishini qayta tiklaydi. Shifokor bir necha yillar davomida allergen dozalarini asta-sekin ta’sir ettiradi. Maqsad uzoq muddatli tolerantlikka olib keladi, bu esa IgE hosil qilishni pasaytiradi. Immunoterapiya faqat kuchli allergiya turlari uchun ishlatiladi.

Immunoterapiyaning boshqa usuli vena ichiga anti-IgE monoklonal antitanalarni kiritish hisoblanadi. Ular B-limfositlar yuzasidagi IgE bilan erkin IgE`ni bog’lab qo’yishadi, bu ularning buzilishi uchun signal bo’lib xizmat qiladi. Ular bazofillar va mastositlar yuzasida fiksatsiyalangan IgE bilan Fc-retseptorlar vositasida bog’lanmaydi, aks holda ular allergik reaktsiya rivojlanishini chaqirishi mumkin bo’lar edi. Ushbu guruhdagi birinchi antigen omalizumab hisoblanadi.

Bunday in’yektsiyalar muntazam ravishda qilinadi, doza esa tobora oshirib boriladi. Immunoterapiya o’tkazilishida bir necha oy davomida haftasiga 2 marta shifokor ko’rigiga kelib turish zarur. Bunda preparatning kerakli dozasi tanlanmaguncha u har safar oshirib boriladi. Agar u yordam bera boshlasa, shifokorga ko’rinish 2-4 haftada bir martagacha kamaytiriladi, tashfirflar bir necha yil davom etadi. Bu vaqtda allergiyalar soni kamroq, kuchi zaifroq bo’ladi, hatto to’liq yo’qolib ketishi ham mumkin.

Muqobil usullar

Allergiya qisqa muddatli emas, surunkali xarakterga ega ekanligi va uning yuzaga kelishi infektsiya bilan bog’liq emasligi tufayli terapiya uzoq muddatli ta’sirga ega usullarni  o’z ichiga olishi kerak. Shu sababli hayot tarzini, atrof muhitni, bemorning odatlarini o’zgartirish eng samarali davolash usullari sanaladi.

Oldini olish

Davolash allergiya simptomlarini yengillashtirishga yordam berishi mumkin bo’lsa-da, bemorlar ba’zi allergen ta’siridan qochishlari kerak. Ba’zi hollarda bu oson ish emas. Bahor va yoz oylarida o’simlik changidan qochish deyarli imkonsiz. Hatto eng toza uylarda ham zamburug’ sporalari yoki chang mavjud. Shunday qilib:

Chang burgalari ta’sirini kamaytirish

  • Gilamlarni boshqa, qattiq qoplamalar bilan almashtirish (masalan, laminat);
  • An’anaviy pardani rulonli parda bilan almashtirish;
  • Muntazam ravishda yostiq, stul va yumshoq o’yinchoqlarni tozalash. Iloji bo’lsa, ularni qaynoq suvda yuvish;
  • Junli yoki tukli yostiqlardan foydalanmanmaslik.

Mushuk va itlarga allergiya

Agar uy hayvonlari bo’lgan xonadonga tashrif buyurish kerak bo’lsa, bundan oldin antigistaminlar qabul qilish kerak.

E’tiborli jihati, allergiyani hayvonlarning o’zi emas, ularning siydigi, so’lagi, junida mavjud oqsillar chaqiradi. Agar kerak bo’lmasa, uy egasidan hayvonni boshqa xonada saqlashini yoki boshqa xonaga o’tishni iltimos qiling.

Uy hayvonlariga joyingizda uxlashga yo’l qo’ymang. Uy hayvonlari uchun mo’ljallangan yumshoq o’yinchoq va to’shamlar qaynoq suvda muntazam ravishda yuvib turilishi lozim.

Mog’or zamburug’iga

  • Uyda mog’or zamburugi bor-yo’qligini tekshirish;
  • Suv quvurlari tekshiring. Suv oqishi namlikni hosli qiladi, u esa mog’or zamburug’i uchun eng qulay muhitdir;
  • Ko’lami kichkina mog’orlagan joylarni mustaqil ravishda tozalash mumkin. Maxsus xizmat esa oson erishib bo’lmaydigan joylarda mog’orni tozalashga yordam berishi mumkin;
  • Gipsokarton mog’orlagan bo’lsa, uni kesib, almashtirish;
  • Barcha qattiq yuzalar mog’or bosmaganligiga ishonch hosil qilish;
  • Uyning nam bo’ladigan joylariga gilam to’shamaslik, mog’orlagan gilamlarni almashtirish;
  • Hammom yaxshi shamollashiga ishonch hosil qilish;
  • Konditsioner uyni quruq saqlashga yordam beradi. Filtrlarni muntazam almashtirib turish.

Oziq-ovqatga

Muayyan mahsulotni sotib olish va foydalanishdan oldin, yorliqdagi masalliqlar ro’yxatini ko’ring. Ko’p oziq-ovqatda sut, tuxum yoki yer yong’oq kabi allergenlar bo’lishi mumkin. Ko’pgina mamlakatlarda allergiya chaqirishi mumkin bo’lgan oziq-ovqat mahsulotlari aniq belgilanishi talab qilinadi.

Restoran va kafelarda ofitsiantga qaysi mahsulotga allergiyangiz borligini aniq tushuntiring.

Pollinozni oldini olish

Pollinozdan aziyat cheksangiz, bahor va / yoki yozgi oylarni tobora yengliroq o’tkazish uchun ba’zi choralarni ko’rish mumkin.

  1. Antigistaminlardan foydalanish. Ko’pgina bemorlar uchun ular pollinozning klassik alomatlarini kamaytirishda juda samaralidir.
  2. Uyda hamma eshik va derazalarni yopiq holda saqlash. Bu chang kirishini oldini oladi.
  3. Ertalab yoki chang miqdori yuqori bo’lgan vaqtlarda ko’chaga kamroq chiqish. Shamolli kunlarda uyda qolgan afzal.
  4. Mashina boshqarishda mashina oynalarnini yopib yurish. Avtomashinaning havo filtri muntazam tozalanib turishi kerak.
  5. Tashqariga chiqqanda, uyga qaytib kiyimlarni o’zgartirish va dush qabul qilish. Chang kiyimda, terida va sochlarda to’planib qolishi mumkin.

Anafilaktik shokni oldini olish

  1. Anafilaktik shok paydo bo’lish xavfi mavjud bo’lsa, «harakat rejasi» mavjudligiga ishonch hosil qilish.
  2. Ota-onalar bolaning allergiyasi va favqulodda vaziyatlarda nima qilish kerakligi to’g’risida uning maktabi, bolalar bog’chasi va boshqa tashkilotlarni xabardor qilishlari.
  3. Favqulodda vaziyatda qanday chora ko’rish kerakligini do’stlarga aytish.

Jami baholar / 5. Ovozlar soni:

Reklama

Yuklanmoqda...

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.