Homila qimirlashi — his-tuyg’ular, kam va ko’p harakat sabablari, tavsiyalar
Homilador bo’lgani haqida xabar topgach, bo’lajak ona homilaning birinchi harakatlarini intiqlik bilan kuta boshlaydi. Ammo, yetarlicha tajribaga ega bo’lmagan holda, ular homila qimirlashi qanday his etilishi va harakatlarni qanday qilib tanib olish mumkinligi haqida savol berishadi. Quyida shu mavzu haqida batafsil.
Mundarija
Homilaning birinchi qimirlashi qanday bo’ladi
Ko’pgina hollarda homila harakatlanishida ayol kichik silkinishlarni his qiladi. Ammo homiladorlikning dastlabki bosqichlarida ular yaqqol ifodalanmaydi. Qoida tariqasida, harakatlar homiladorlikning 19-21 haftalaridan boshlab aniq his etila boshlaydi.
Homilaning birinchi marta qimirlashi paytida ayol boshidan kechirgan tuyg’ularini tasvirlash juda mushkul. Ba’zi onalar bu hissiyot ichak peristaltikasining kuchayishi bilan o’xshashliklarga ega ekanligini ta’kidlaydilar. Boshqa ayollarning aytishicha, chaqaloqning harakati kapalakning qanot qoqishi, buyumlarning yumalashi yoki baliqning suzishini eslatadi. Qanday bo’lmasin, bunday his-tuyg’ular ona uchun mutlaqo og’riqsizdir va homiladorlikning butun davomida noqulaylik tug’dirmaydi.
Homilaning o’sishi sayin ayol harakatlarni aniqroq his qila boshlaydi. Homila qay darajada faol qimirlashi kun vaqti, onaning harakatlari va uning fiziologik ritmlariga bog’liq.
Har bir ayol organizmining individualligini hisobga olganda, homilaning birinchi harakatlari va ularning boshlanish sanasi o’rtacha olingan ko’rsatkichlarga mos kelmasligi mumkin.
Shunisi e’tiborga loyiqki, birinchi homiladorlikda harakatlar ikkinchi va undan keyingi bora homilador bo’lgan ayollarga nisbatan ancha kechroq boshlanadi. Buning sababi, birinchi marta homilador bo’lgan ayollarda bachadon devorlarining sezgirligi ancha past bo’ladi.
Homila harakatlarining tabiati
Qiziq fakt — embrion birinchi marta homiladorlikning yettinchi haftasida harakatlana boshlaydi. Biroq, bu harakatlar shunchalik zaifki, ona ularni sezmaydi. Agar ayol homiladorlikning yigirma haftaligida homilaning harakatlarini sezmasa, shifokor chaqaloqning normal rivojlanishiga ishonch hosil qilish uchun unga ultratovushli tekshiruvdan o’tishni maslahat berishi mumkin.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ortiqcha tana vazniga ega bo’lgan ayollar homila qimirlashini juda zaif his qilishlari mumkin va aksincha, ozg’in ayollar harakatlarning aniq ifodalanishini qayd etishadi. Bundan tashqari, bu homilador ayolning faolligiga ham bog’liq. Harakat paytida homilador ona chaqalog’ining nozik harakatlarini sezmay qolishi mumkin. Demakki, to’liq dam olish holatida, ayol bolaning harakatlarini sezish uchun ideal imkoniyatga ega.
Homiladorlikning 28-haftasida homilaning harakatlanish tezligi oshadi. Bu vaqtda, homilador onalar chaqaloqning deyarli doimiy ravishda qimirlashlarini sezishlari mumkin. Ona o’zi va homilasining biologik soatlari bir-biriga mos kelishi uchun homila faolligini nazorat qilishni o’rganishi kerak.
Agar homilador ayol tasodifan anatomik nuqtai nazardan noto’g’ri holatni egallagan bo’lsa, homila to’satdan keskin harakatlar qilishni boshlaydi. Odatda bu ayol chalqancha yotganida yoki bir oyog’ini ikkinchisiga chiqarib o’tirgan holatida sodir bo’ladi. Qoida tariqasida, bunday noto’g’ri holat o’zgartirilganda, homilaning tepinishlari to’xtaydi. Ammo, agar harakatlarning soni bir necha soat ichida pasaymagan bo’lsa, ayol homilada gipoksiyani istisno etishi uchun shifokorga murojaat qilishi zarur.
Homilaning ko’p qimirlashi
Homilaning juda kam yoki juda tez-tez harakatlanishi ba’zi muammolar mavjudligidan dalolat berishi mumkin.
Homiladorlik muddati 24-haftaga yetganida, homila soatiga 15 martagacha harakat qilishi mumkin. Biroq, ba’zida harakatlar bir necha soatga to’xtaydi, bu bo’lajak onani bezovta qilmasligi lozim, chunki bu vaqtda chaqaloq shunchaki uyquga ketgan bo’ladi. Agar homila 12 soat davomida umuman qimirlamasa, bu tibbiy yordamga murojaat qilish uchun sabab sanaladi.
Agar harakatlarining tabiati va soni qandaydir darajada o’zgarganligini sezilsa, bu holda ham akusher-ginekolog bilan bog’lanish kerak. Homila faolligidagi ilgari kuzatilmagan har qanday o’zgarish onani sergak torttirishi kerak.
Homilaning harakat qilish tezligini ishonchli baholash uchun maxsus Pirson testi mavjud. Bunda homiladorlik muddati 32 haftadan oshgandan so’ng, ona homilaning har o’ninchi harakati vaqtini muntazam ravishda qayd qilib borishi zarur. Bunday kuzatuvlar davri sifatida ertalab soat 9:00 dan kechki 21:00 gacha bo’lgan vaqtni tanlash tavsiya etiladi.
Agar qaydlar soni o’ntadan kam bo’lsa, bu bolada kislorod yetishmovchiligi rivojlanishini ko’rsatishi mumkin. Bu albatta e’tiborsiz qoldirilmasligi kerak, chunki bunday holat homilaning nobud bo’lishiga olib kelishi mumkin. Homilador ayol ushbu muammoni hal etish uchun imkon qadar tezroq shifokor bilan maslahatlashishi talab etiladi.
Ko’plab bo’lajak onalar homilaning qimirlashlari kechga yaqin sezilarli darajada ko’payishini ta’kidlashadi, bu ham normal holat sanaladi. Shuningdek, ayol homiladorlikning 24 va 32-haftalari orasida homila eng faol bo’lishini bilishi joiz. Uchinchi trimestr yaqinlashganda, harakatlar kamayishi mumkin. Bu, ayniqsa, tug’ruqdan oldin yaqqol namoyon bo’ladi.
Ammo shuni esda tutish kerakki, bola harakatlarining intensivligi avvalgidek bo’lishi kerak, shunda barchasi me’yorda deb baholash mumkin bo’ladi.
Homiladorlikning uchinchi trimestrida
Uchinchi trimestr homiladorlikning yettinchi oyidan boshlanadi. Bu vaqtda bola deyarli shakllanib bo’ladi. Ushbu bosqichda uning a’zolari va tizimlari rivojlanishi yakunlanadi va homiladorlikning birinchi oylariga nisbatan homila tez suratlarda o’sish va vazn olishda davom etadi. Homila ushbu bosqichda kuchga to’lishi tufayli bo’lajak ona qimirlashlar va tepinishlarning kuchliroq bo’layotganini sezishi mumkin.
Shunisi e’tiborga loyiqki, homiladorlikning uchinchi trimestri boshida homila bachadon bo’shlig’ida yetarlicha bemalol harakatlanib, turli holatlarni egallashi mumkin. Ammo muddat 30 yoki 32-haftaga yetganida, homila kattalashib, shundan so’ng bitta holatda qoladi.
Ko’pgina homiladorliklarda chaqaloq bachadon bo’shlig’ida boshi bilan pastga qarab joylashgan bo’ladi. Homilaning boshda yotishi deb nomlangan ushbu holat anatomik jihatdan eng to’g’ri deya hisoblanadi va chaqaloqqa tug’ruq yo’llaridan osonlikcha o’tishiga imkon beradi. Ammo, ba’zi hollarda, homilaning chanoqda yotishi kabi holat kuzatiladi. Bunday holda uning oyoqlari pastga tomon bo’lib joylashadi, bu esa tabiiy tug’ruqni qiyinlashtiradi yoki imkonsiz qiladi.
Homilani tabiiy tug’ruq uchun zarur bo’lgan holatga keltirish uchun akusherlikda maxsus usullar qo’llaniladi, ularning yordami bilan shifokor qorinning ma’lum joylariga bosib, uning holatini keraklisiga o’zgartiradi.
Homiladorlikning uchinchi trimestri boshida, homilador ona o’z his-tuyg’ulariga ko’ra, bola qanday holatni egallaganini aniqlay oladi. Qoida tariqasida, homilaning boshda yotishida, ayol bachadonning yuqori qismida uning faol harakatlarini sezadi. Agar homila bachadonda oyoqlarini pastga qaratib joylashgan bo’lsa, harakatlar qorinning pastki qismida seziladi.
Homiladorlikning uchinchi trimestri boshlanishi bilan, ona homilaning uyqusi va uyg’onish tartibini aniqlay oladi. Bundan tashqari, u homila kislorod ochligini boshdan kechirmasligi uchun uxlash paytida qanday holatda yotish kerakligini ham bilishi tavsiya etiladi.
Harakatlarga e’tibor berish
Homila uchun eng xavfli holatlardan biri — bu yo’ldoshga qon kelishining buzilishi natijasida yuzaga keladigan gipoksiya sanaladi, bu homilaga kislorod yetishmasligini bildiradi.
- Birinchidan, bu bolaning asab va yurak-tomir tizimida turli xil nuqsonlar paydo bo’lishi bilan tahdid soladi.
- Agar bola uzoq vaqt davomida yetarli miqdorda kislorod olmasa, bu bolaning aqliy va jismoniy rivojlanishi darajasiga ta’sir qilishi mumkin.
Bunday holat bir xil ehtimollik bilan bunday holat homiladorlikning ham erta, ham oxirgi bosqichlarida sodir bo’lishi mumkin.
Homilada uzoq muddatli kislorod ochligini oldini olish uchun ayol muntazam ravishda uning harakatlari soni va tabiatini kuzatishi zarur. Qolaversa homiladorlikning dastlabki kunlaridan boshlab ayol yetarlicha harakat qilishi, oqilona ovqatlanishi, shuningdek uxlash va dam olishga yetarli vaqt ajratishi kerak.
Bo’lajak onalarga o’z vaznlarini doimiy ravishda kuzatib turish tavsiya etiladi. Ortiqcha vazn ayolda hansirash paydo bo’lishiga olib keladi, bu chaqaloq uchun ham, onaning o’zi uchun ham juda zararlidir.
Salomat bo’lish va homiladorlikni muammolarsiz o’tkazish uchun ayol shifokorning barcha tavsiyalariga amal qilishi, mahalliy akusher-ginekolog kuzatuvida bo’lishi, to’g’ri va turlicha taomlar bilan ovqatlanishi, toza havoda sayr qilib turishi, uyqu tartibiga rioya etishi kerak. Homila qachon dunyoga kelishini bilish uchun esa maxsus kalkulyatordan foydalanish mumkin.