Homiladorlik testi — turlari, qachon va qanday qilinishi, noto’g’ri natija berishi

Homiladorlik testi yaratilguniga qadar insoniyat homiladorlik boshlanganligini taxmin qilish uchun turli usullarni qo’llagan. Bugungi kunda ekspress-diagnostika uchun turfa xil testlarning mavjudligi ular qachon va qanday bajarilishi, natijani tushunish va qaysi testlardan foydalanish yaxshiroq ekanligini bilishni talab qiladi.

Homiladorlik testi tasviri

Homiladorlik testi ishlash tamoyili

Homiladorlik boshlanganda peshob tarkibida odam xorionik gonadotropini (OXG) paydo bo’ladi. Testlar aynan OXG darajasini o’lchash bilan shug’ullanadi.

Agar siydikda OXG konsentratsiyasi testning sezuvchanligi darajasi uchun yetarli bo’lgan miqdorda bo’lsa, test yuzasidagi kimyoviy preparat va gormon o’rtasida kimyoviy reaktsiya boshlanadi. Agar siydikda gormon mavjud bo’lmasa yoki uning konsentratsiyasi yetarli darajada bo’lmasa, reaktsiya yuzaga kelmaydi va natija salbiy bo’ladi.

Venoz qonda OXG gormoni xorion kiprikchalarining bachadon devorlariga kiritilgandan 2-3 kun o’tgach aniqlanadi. OXG ko’pchilik testlar uchun talab etiladigan darajaga organizmda ishlab chiqarila boshlanganidan bir hafta o’tib yetadi.

Sotuvda mavjud bo’lgan testlarning o’rtacha sezgirligi 25 mUi ni tashkil qiladi. OXG bu ko’rsatkichga odatda, urug’lantirishdan ikki hafta o’tib yetadi. Yuqori sezuvchanlikka ega bo’lgan testlar gormon miqdori kamroq bo’lganda ham reaktsiya beradi va homiladorlikni oddiy testlarga qaraganda 3-4 kun oldinroq aniqlay oladi.

Ishlatish qoidalari

  • Testni ishlab chiqaruvchi tomonidan taqdim etilgan tartibda saqlash;
  • Shikastlangan o’ramdagi testdan foydalanish tashxis natijalarini buzishi mumkin. O’ramni bevosita sinovdan oldin ochish;
  • Yaroqlik muddati tugagan testdan foydalanmaslik;
  • Sinov o’tkazish uchun maqbul vaqt — ertalab, tungi uyqudan keyin;
  • Agar test oqimli bo’lmasa, siydikni to’plash uchun toza idish ishlatish;
  • Sinovdan oldin tashqi jinsiy a’zolarni yuvish;
  • Foydalanish bo’yicha ko’rsatmalarga qat’iy rioya qilish.

Muntazam hayz siklida

Tuxum hujayrani uning uch kunlik hayot sikli davomida urug’lantirish mumkin. U spermatozoid bilan birlashganidan keyin urug’lantirilgan tuxum hujayra 4-5 kun davomida bachadon bo’ylab implantatsiya joyigacha migratsiya qiladi, shundan so’ng OXG ishlab chiqarish boshlanadi.

Agar urug’lantirishga 2 kun, urug’lantirilgan tuxum hujayraning migratsiyasi uchun 4 kun vaqt ketsa va siydikda gormon konsentratsiyasi yetarli darajaga yetishi uchun ketadigan vaqt hisobga olinsa, yuqori sezuvchan testlar ovulyatsiyadan 10 kun keyin, ya’ni o’rtacha 28 kunlik sikl bo’lganda hayz siklining 24-kunida homiladorlikni ko’rsata olishi mumkin.

Yanada ishonchliroq ma’lumot olish uchun, yuqori sezuvchan homiladorlik testini ovulyatsiyadan 12 kun o’tib, oddiy testlarni esa ovulyatsiyadan 15-16 kun o’tib o’tkazish tavsiya etiladi.

Nomuntazam hayz siklida

Agar hayz sikli muntazam bo’lmasa, menstruatsiyalar orasidagi kunlar o’zgaruvchan bo’lsa, testdan foydalanish vaqti ovulyatsiya sanasiga bog’liq bo’ladi.

Ovulyatsiyani sub’yektiv tuyg’ular (ba’zi ayollarda tuxumdonlardan biri tomonda xarakterli sanchish hissi, kengayish hissi, shish, sezuvchanlik, kayfiyatdagi o’zgarishlar kuzatiladi), shuningdek bazal haroratni o’lchash va maxsus testlarni qo’llash yordamida aniqlash mumkin.
Ovulyatsiya kunini aniqlash kalkulyatori→

Ovulyatsiya boshlanishi va urug’lantirish sodir bo’lgan kun aniqlangach, homiladorlik testi belgilangan kundan 15 kun o’tib ishlatiladi.

Homiladorlik testi qachon qilinadi

Ko’pgina zamonaviy testlar kunning qaysi vaqtida o’tkazilishini cheklamaydi: ulardan ertalab, kunduzi, tunda foydalanish mumkin. Biroq mutaxassislar, ko’p miqdorda suyuqlik iste’mol qilingandan keyin siydikda OXG konsentratsiyasi tabiiy ravishda kamayishi mumkinligini hisobga olgan holda, homiladorlik testini ertalab o’tkazishni tavsiya qiladi.

Kun davomida organizmga suyuqlik kirganda, gormon konsentratsiyasi pasayadi. Ovulyatsiyadan 18 kundan ortiq vaqt o’tganidan keyin buning ahamiyati sezilarli emas. Ammo ovulyatsiya muddati doim ham taxmin qilingan kunga to’g’ri kelmaydi.

Yanada aniqroq ma’lumot olish uchun mutaxassislarning tavsiyalariga rioya qilgan ma’qul. Agar homiladorlik testi kunduzi yoki kechqurun o’tkazilishi zarur bo’lsa, test OXG konsentrasiyasi darajasini saqlab turish uchun 4 soat hojatga chiqishdan va suyuq mahsulotlar iste’mol qilishdan saqlanib, shundan so’ng bajarilgani yaxshi.

Foydalanish yo’riqnomasi

Ekspress-testlarning turli xillari mavjud. Har bir turdagi test foydalanish yo’riqnomasi bilan birga beriladi. Ulardan foydalanish qoidalarini buzish ko’pincha noto’g’ri natijalar paydo bo’lishiga olib keladi.

Homiladorlikni aniqlash lozim bo’lganda, test ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan vaqtda qo’llaniladi. Agar hayz kechikishining dastlabki kunlaridan boshlab testni o’tkazish tavsiya etilsa, unda reagentning sezuvchanligi yoki o’ziga xos xususiyatlari homiladorlikni belgilangan vaqtdan oldinroq aniqlay olishi ehtimoli mavjud.

Testning narxi ko’pincha uning ishonchliligi bilan bevosita bog’liq. Uning narxi qanchalik arzon bo’lsa, kimyoviy reagentning tannarxi va ishlab chiqarish qiymati shunchalik past bo’ladi. Mos ravishda noto’g’ri natijalar ehtimoli ko’proq bo’ladi.

Bugungi kunda sotuvda testlarning to’rtta modifikatsiyasi keng tarqalgan. Har bir turi o’z xususiyatlariga va foydalanish bo’yicha ko’rsatmalarga ega. Ba’zi ishlab chiqaruvchilar turli tipdagi testlarni yagona brend ostida chiqaradi (Evitest, Frautest va hokazo). Xarid qilishda uning turiga ham e’tibor berish kerak.

Strip test

Strip test

Strip-test — mustaqil ishlatish va natijalarni tezkor olish uchun dastlabki variantlaridan biridir. Eng keng tarqalgan va arzon variant Itest Plus.

Reagentlar bilan singdirilgan qo’shimcha ichki qavatli qog’oz-plastikli testlar siydik bilan aloqa qilganda bir yoki ikkita joyida bo’yaladi.

  • Bitta chiziq testning ishlayotganligini tasdiqlaydi;
  • Ikkita chiziq esa homiladorlikni tasdiqlash uchun oXG gormonining yetarli kontsentratsiyasi mavjudligini ko’rsatadi.

Foydalanish qoidalari:

  1. Birinchi ertalabki siydikni toza idishga to’plab, test belgilangan chegaragacha suyuqlikka tushiriladi;
  2. Suyuqlikda kerakli muddat ushlab turiladi (odatda 20-30 soniya);
  3. So’ng chiqarib olib, quruq gorizontal yuzaga qo’yiladi.

Tashxis natijalari gormon konsentratsiyasiga qarab 1-10 daqiqaga ichida namoyon bo’ladi. Ba’zi testlar shuningdek, nazorat chizig’ining bo’yalganligi darajasini o’zgartirishi mumkin. Rangi qanchalik ochroq bo’lsa, homiladorlik muddati shunchalik kamroq bo’ladi.

Planshet tipli testlar

Planshetli testlar strip-testlar bilan bir xil ishlash tamoyiliga asoslanadi. Yuzaning ma’lum qismi siydik bilan aloqa qilganda reagent va OXG gormoni o’rtasida kimyoviy reaktsiya sodir bo’ladi. Xatolik ehtimolini kamaytirish uchun suyuqlik miqdori dozlanadi, aloqa joyi esa maxsus oynacha bilan cheklangan bo’ladi.

Yo’riqnomaga ko’ra, ilova qilingan toza idishga siydik to’plash, keyin pipetka yordamida olib, planshet-testning kichik oynachasiga 4 tomchi tomizish kerak. Natijalar keyingi oynada baholanadi: turiga qarab, bir yoki ikkita chiziqcha hosil bo’ladi.

Oqimli test

Ushbu turdagi test eng aniq va sezgirlardan biri hisoblanadi, shuningdek, qo’shimcha qurilmalar va manipulyatsiyalarni talab qilmaydi. Test peshob oqimi ostida 10 soniya davomida ushlab turiladi. Zarur bo’lsa, siydikni avval idishga to’plab, so’ng unga testni tushirish ham mumkin.

Natijalar gormon konsentratsiyasiga qarab, 1-10 daqiqa ichida baholanadi. Yuqoridagi variantlardan farqli o’laroq, oqimli testlar kutilganidan hayz kelishidan 5 kun oldin qo’llanilishi mumkin.

Elektron test

Oddiy testlarning elektron modifikatsiyasi. Test OXG gormoni kontsentratsiyasini baholaydi va siydik ichiga botirilishni talab qiladi. Natija (sinov turiga qarab) elektron mini-displeyda ko’rsatiladi yoki USB-port orqali ulangan kompyuter ekranida paydo bo’ladi.

Natijalarni noto’g’ri talqin qilish imkonsizligi tufayli bu variant eng yaxshi deb hisoblanadi. Biroq, raqamli testlarning sezuvchanligi oqmili testlar bilan bir xil. Ulardan hayz ko’rish kutilgan sanadan 3-4 kun oldin foydalanish mumkin. Hayz boshlanishidan 2 kun oldin bajarilganda, 99% aniqlikka kafolat beriladi.

Testining noto’g’ri natija berishi

Ko’pgina holatlarda testlar kam sezuvchan bo’lsa, juda erta qo’llanilsa yoki saqlash va foydalanish bo’yicha ko’rsatmalarga rioya qilinmasa, noto’g’ri natija ko’rsatishi mumkin. Shuningdek kech ovulyatsiya va kech urug’lantirilish hollarida ham homiladorlik testi salbiy natija ko’rsatishi mumkin — bunday vaziyatda gormonal fon hayz sikliga mos ravishda kutilganidan sekinroq o’zgaradi.

Endokrin tizim kasalliklari, gormonal fon buzilishlari ham test salbiy natija berishiga olib keladi. Homila tushishi xavfi uchun OXG gormonining homiladorlik muddatiga mos kelmaydigan ravishda o’sishi xarakterlidir. Bu esa OXG konsentratsiyasi ikkita chiziq ko’rsatishi uchun yetarli bo’lishi kerak bo’lgan muddatda ham testda bitta chiziq ko’rsatilishiga sabab bo’ladi.

Ba’zi manbalarda sinovni o’tkazishdan oldin ko’p miqdorda suyuqlik ichish natijalarda xatolikka olib kelishi aytib o’tilgan.

Testlardan gestatsiyanig faqat birinchi trimestrida foydalanish mumkinligini unutmnaslik kerak. OXG gormoni konsentratsiyasi butun homiladorlik davomida saqlanib turmaydi. Shu tufayli agar testi homiladorlikning 2-3 oyligidan keyingi muddatda o’tkazilsa, natijalar salbiy bo’ladi.

Yolg’on ijobiy natija

Homilador bo’lmagan ayollarda testning ijobiy natija berishi holatlari oz bo’lsada kuzatiladi. Bu ko’p hollarda kasalliklar mavjudligidan dalolat beradi (tuxumdonlar disfunktsiyasi, gormonlar ishlab chiqaruvchi reproduktiv a’zolarda o’sma shakllanishi va boshqalar).

Tug’ruqdan keyingi dastlabki ikki oyda va testning yaroqlik muddati o’tgan hollarda ham sinov ijobiy natija ko’rsatishi mumkin.

Ektopik yoki rivojlanmayotgan homiladorlikda

Bachadondan tashqari (ektopik) va/yoki rivojlanmayotgan homiladorlikda o’tkazilgan test natijalari ijobiy bo’ladi: kutilayotgan hayz kunlarida ko’pincha testda ikkinchi chiziq mavjudligi qayd etiladi. Ammo bunday hollarda gormon darajasining o’sishi yuz bermaydi.

Homiladorlik testi qayta o’tkazilganda chiziq rangi ochroq bo’lishi yoki umuman ko’rinmasligi mumkin. Bunday hollarda darhol shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Hayz vaqtida

Ba’zi ayollarda homiladorlik menstruatsiyaga o’xshash ajralmalar ajralishi bilan kechadi. U normal mensturatsiyada kuzatiladigan belgilar, uning miqdori va kelish vaqtiga mos keladi. Odatda, ajralmalar kelishi birinchi trimestrda tugaydi. Biroq, bunday hodisalarning butun homiladorlik davrida namoyon bo’lishi hollari kuzatilgan. Bunday holatlarda qon tahlili bo’yicha tashxislashga murojaat qilish tavsiya etiladi, ammo testlardan foydalanish ham mumkin.

Har qanday test peshobda gormon konsentratsiyasini baholashga asoslangan va unga hayz ajralmalarining tushishi testning samaradorligiga ta’sir qilmaydi.

Agar test natijalari shubha uyg’otsa

Ba’zan ekspress-tashxis natijalarini tushunish oson emas: ikkinchi ko’rsatkich-chiziq biroz sezilarli, testning ichki tomonidan ko’rinadigan bo’lishi mumkin. Ba’zan bu arzon, qog’ozdan tayyorlangan sifatsiz testlar tufayli yuzaga keladi. Reagent nam bo’lganda, quruq shaklga qaraganda sezilarliroq bo’ladi.

Ko’rinarli, lekin rangi juda och bo’lgan chiziq ko’pincha OXG past darajada ekanini ko’rsatadi. Bunday holatda sinovni 1-2 kundan keyin qayta o’tkazish yoki boshqa, sezuvchanligi yuqoriroq bo’lgan testni ishlatish zarur.

Yetarli darajada bo’yalmagan chiziq testni noto’g’ri saqlash, foydalanish ko’rsatmalarning buzilishi natijasida ham kuzatilishi mumkin. Har holda, shubha bo’lganda sinovni takroran o’tkazish va/yoki OXG uchun qon tahlili topshirish tavsiya etiladi.

Jami baholar 4.1 / 5. Ovozlar soni: 35

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.