Homiladorlikda qorin og’rishi — sabablari, xavfli va xavfsiz holatlar, yordam choralari

Homiladorlik — ayol hayotidagi eng muhim va tashvishli davrlaridan biri. Homiladorlikda qorin og’rishi ayolning qo’rqib ketishiga sabab bo’lishi mumkin, ammo birinchi navbatda shuni bilish kerakki, bu davrda qorin umuman og’rimasligi deyarli imkonsizdir. Sababi bu vaqtda organizmda sezilarli o’zgarishlar yuz beradi, jumladan gormonal o’zgarishlar ham. Bundan tashqari, o’zi haqida ilgari belgi bermagan surunkali kasalliklar yanada kuchayishi ham mumkin.

Homiladorlikda qorin og'rishi

Yordam choralari

Barchasi tartibda ekanligidan dalolat beradigan belgilar: og’riq juda kuchli emas, bo’shashganda, tana holatini o’zgartirganda yoki hojat chiqargach yo’qoladi. Bu holda yordam algoritmi quyidagicha bo’ladi:

  1. Qulay holatni egallash.
  2. Dam olish va bo’shashishga harakat qilish. Qulay holatni egallash va tinim olish uchun yarim soat vaqt ajratish.
  3. Og’riqqa nima sabab bo’lishi mumkinligi haqida o’ylab ko’rish: oxirgi marta qachon hojatga chiqqanlik yoki qay turdagi mahsulot iste’mol qilganlik.
  4. Qindan shubhali ajralmalar kelmayotganligini tekshirish.

Qachon tez yordam chaqirish kerak:

  1. Qorin og’rig’i fonida qindan qon ajralsa.
  2. Qisilishlar yoki og’riq muntazam ravishda his etilsa.
  3. Agar og’riq kuchayib, dam olgandan so’ng ham 30-60 daqiqadan keyin yo’qolmasa.

Qachon shifokorga murojaat qilish lozim:

  1. Har qanday noodatiy vaginal ajralmalar kuzatilsa.
  2. Peshob chiqarish paytida og’riq sezilsa.
  3. Bel og’rig’ini his etilsa.

Homiladorlikda qorin og’rishi sabablari

Birinchidan, qorin og’rig’i homiladorlik bilan bevosita bog’liq bo’lmagan keng tarqalgan sabablarga ko’ra yuzaga kelgan bo’lishi mumkin: noto’g’ri ovqat iste’moli, me’yoridan ortiq tanovul qilish, yengil infektsiya yoki shunchaki dispepsiya (hazm bo’lmaslik). Ehtimol buning sababi davolanmagan ginekologik kasalliklardir. Bunday omillarning barchasi homiladorlikdan oldin paydo bo’lgan va unga hech qanday aloqasi yo’q.

Ikkinchidan, homiladorlik paytida ich qotishi xavfi ortadi, bu ham qorin og’rishiga sabab bo’lishi mumkin. Shu sababli hojat chiqarish muntazam bo’lishi uchun taomnomani diqqat bilan kuzatib borish va ko’proq kletchatka (ya’ni yangi meva va sabzavotlar) iste’mol qilish lozim. Agar parhez yordam bermasa, homilador ayollar uchun ruxsat berilgan ich yumshatuvchi vositalardan foydalanish kerak. Masalan, laktuloza siropi yoki oddiy glitserinli shamchalar.

Uchinchidan, og’riqning o’ziga xos sabablari mavjud, ular ayni homiladorlik bilan bog’liq. Va ularni ikkita katta guruhga bo’lish mumkin: xavfsiz va xavfli.

Xavfsiz holatlar

Homiladorlik ayol organizmida ko’plab jarayonlarni o’zgartiradi. O’zgarishlar qorin sohasida jamlanishi tufayli ba’zida og’riq ko’rinishida namoyon bo’ladi.

O’sish og’riqlari

Homila kattalashganda bachadon cho’ziladi, albatta bu yoqimsiz his-tuyg’ular bilan kechadi. Biroq bachadon bilan birgalikda uni ushlab turuvchi boylamlar ham cho’ziladi. Bunday holda kimlargadir omad kulib boqib, 9 oy davomida noxushliklar sezilmasa, kimdir homila kattalashgani sari doimo qulay holatni izlashga ehtiyoj sezadi.

A’zolarning siljishi

Bachadon o’sadi, qorin bo’shlig’ida tobora ko’proq makon egallaydi va natijada qolgan a’zolarga «siljishga» to’g’ri keladi. Ushbu harakatlar ham qorinning turli qismlarida og’riq va noqulayliklarga olib kelishi mumkin.

Soxta to’lg’oqlar

Ular uchinchi trimestrda, tug’ruqqa yaqin qolgan muddatlarda yuzaga keladi. Bunda bachadon bo’yni ochilmaydi, homiladorlikka hech narsa tahdid qilmaydi. Ularning chin to’lg’oqlardan farqi intensivlik (juda yengil) va muntazamlik bilan ajralib turadi. Haqiqiy to’lg’oq tobora kuchayib boradi, soxta yoxud «repetitsion» turi esa xohlagan paytda boshlanadi va o’tib ketadi.

Xavfli holatlar

Xavfli deya homila yoki homilador ayolga tahdid soladigan holatlar hisoblanadi. Ammo, qoida tariqasida, ular har ikkasiga ham xavf tug’diradi.

Bachadondan tashqari homiladorlik

Homiladorlik testi ikkita chiziqni ko’rsatsa, ultratovushli tekshiruv hali amalga oshirilmagan va qorinda to’satdan yuzaga keladigan va chidab bo’lmas darajada intensivlikka ega og’riq sezilsa, imkon qadar tezroq shifoxonaga borish zarur. Homiladorlikning boshlang’ich muddatlaridagi o’tkir og’riqlar bachadondan tashqari homiladorlikning belgisi bo’lishi mumkin.

Odatda tuxum hujayra bachadon naylarida urug’lantiriladi. So’ng urug’lantirilgan shaklda u bachadon tomonga «suzadi» va uning devoriga birikadi. Ba’zida bu jarayon noto’g’ri ketadi va urug’lantirilgan tuxum hujayra to’g’ridan-to’g’ri bachadon naylari devoriga birikadi. Ammo naylar bachadon o’rnini bosa olmaydi: hech bo’lmaganda naylar bachadon kabi cho’zila olmasligi tufayli.

Homila naylar uchun juda katta bo’la boshlaganda, u yorilib, ichki qon ketishga olib keladi. Bu shoshilinch operatsiyani talab qiladigan xavfli holat sanaladi. Bunday holda bachadon naylarini saqlab qolish juda qiyin, shu tufayli uni olib tashlashga to’g’ri kelishi mumkin.

Aynan shu sababli erta bosqichlarda ultratovushli tekshiruvdan voz kechmaslik tavsiya etiladi.

UTT tuxum hujayraning to’g’ri joylashganligini aniqlashga yordam beradi va agar bachadondan tashqari homiladorlik aniqlansa, bachadon naylarining faoliyatini saqlab qolgan holda operatsiya o’tkazish imkonini yaratadi.

Homila tushishi

Homila tushishi bu spontan abort sanaladi. Bu holat yuzaga kelishining sabablari turlicha — homilaning hayotchanlikka ega emasligidan boshlab fanga noma’lum bo’lgan sabablargacha. Qanday bo’lmasin, davolash choralarini faqat shifokor tayinlashi mumkin, shuning uchun homila tushishining asosiy belgilari — og’riq va qon ketishida shoshilinch tez yordam chaqirish kerak.

Spontan abort homiladorlikning har qanday trimestrida sodir bo’lishi mumkin. Faqat 24-haftadan keyin u muddatidan oldin tug’ilish deb nomlanadi. Va bu holat tug’ruq muddatiga qanchalik yaqin bo’lsa, ayniqsa 34-haftadan so’ng, barchasi ona uchun ham, bola uchun ham muvaffaqiyatli yakunlanishi ehtimoli ko’proq bo’ladi.

Yo’ldoshning ko’chishi

Yo’ldosh (platsenta) homilani bachadon bilan bog’laydigan vaqtinchalik a’zo. Homila o’zi o’sishi uchun zarur bo’lgan barcha narsalarni aynan yo’ldosh orqali oladi. Odatda yo’ldosh bachadonga zich birikib turadi va faqat bola tug’ilgandan keyin ajraladi. Ammo ba’zida yo’ldoshni qisman yoki to’liq ko’chishi muddatidan oldinroq sodir bo’ladi.

Bu holat qattiq og’riq bilan kechadi va homila hamda ona uchun xavfli bo’lishi mumkin. Najot bitta — qorin bo’shlig’idagi og’riqlar dam olish va tana holatini o’zgartirishdan so’ng ham o’tmasa, zudlik bilan tez yordam chaqirish. Yo’ldosh ko’chishida qon ketish ichki bo’lishi mumkin va uni sezmay qolish oson. Shuning uchun homiladorlik paytida shifokorlar yordamiga murojaat qilib turishdan tortinmaslik tavsiya etiladi.

Appenditsit

Homilador ayollarda ba’zan (har mingta holatdan bittasida) appendiksning yallig’lanishi kuzatiladi. Ehtimol buning sababi ichki a’zolarning siljishi bo’lishi mumkin.

Xavf shundaki, yallig’langan appendiksni tashxislash qiyin. Masalan, bachadon ko’richakni orqaga «sijitib» yuborgan bo’lsa. O’z vaqtida sezilgan appenditsit, qoida tariqasida, homiladorlik uchun xavf tug’dirmaydi. Operatsiya va umumiy og’riqsizlantirish (narkoz), albatta, homila uchun juda foydali emas, ammo homilaning keyingi rivojlanishi uchun biron bir tahdid tug’diradi degani ham emas.

Jami baholar 4.1 / 5. Ovozlar soni: 20

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.