Homila tushishi — sabablari, alomatlari, davolash usullari, oldini olish

Homila tushishi, spontan abort — homiladorlikning (gestatsiyaning) o’z-o’zidan patologik uzilishi. Klinik ravishda aniqlangan gestatsiya holatlarining 15-20 foizi spontan abort bilan yakunlanadi. Bu raqamlar quyi chegaradir, chunki ko’p hollarda homila tushishi erta muddatlarda yuzaga keladi. Ayol homilador bo’lganini anglashga ulgurmaydi, patologiya belgilari esa ko’pincha ko’p miqdorda hayz kelishi bilan adashtirib yuboriladi.

Homila tushishini tasvirlovchi illyustratsiya

Homila tushishi xavfli patologiya bo’lib, ayrim hollarda statsionar davolanishni talab qiladi. U maqsadli tibbiy abortdan farq qiladi, ba’zi hollarda uyda amalga oshiriladigan abortlar aynan spontan abort hisoblanadi.

Homila tushishi turlari

JSSTning 2009-yil «Yoramchi reproduktiv texnologiyalar atamasi lug’ati»da homila tushishining quyidagi turlari farqlanishi ko’rsatilgan:

  • Biokimyoviy homiladorlik (preklinik spontan abort) — klinik bosqichga yetib bormagan va qon zardobi yoki siydikda xorionik gonadotropinni tahlil qilish natijalari bilan aniqlanadi;
  • Spontan abort — rivojlanayotgan bolaning hayotiyligini ko’rsatadigan gestatsiya davriga yetib borishidan oldin ayol organizmi tomonidan chaqirilgan abort. Hozirgi kunda homiladorlikning bu muddati JSST tomonidan 22 hafta sanaladi;
  • Sun’iy tushirish (abort) — homilani qasddan, ongli ravishda tushirish;
  • Muvaffaqqiyatsiz homila tushishi — gestatsiyaning 28-haftasigacha homilalik tuxumning tashqariga chiqarib yuborilmasidan homilaning bachadon ichida nobud bo’lishi.

Homiladorlikning 22 va 37 to’liq haftalari oralig’ida yuz beradigan tirik yoki o’lik tug’ilish muddatidan oldin tug’ilish deya tasniflanadi.

Tasnifi

Xavf soladigan spontan abortning klinik ko’rinishi homilaning hayotchanligigacha (uni baholash kerak) bo’lgan davrda har qanday qon ketishlar bilan namoyon bo’ladi. Tekshiruvlar davomida homilaning yashashga qodirligi va gestatsiya boshqa muammolarsiz davom etishi mumkinligi aniqlanishi mumkin.

Shu bilan bir qatorda, homiladorlik davom etmayotganligini ta’riflash uchun muqobil sifatida quyidagi atamalar ham qo’llaniladi:

  • Anembrioniya— bu homilalik xaltasi normal rivojlanishda, embrional qism esa yoki yo’q, yoki juda erta muddatlarda o’sishdan to’xtaganligi holatidir. Boshqa nomi — bo’sh homilalik tuxumi;
  • Muqarrar abort — bu holatda bachadon bo’yni allaqachon kengaygan va ochilib bo’lgan, ammo homila hali itarib chiqarilmaganligini ifodalaydi. Qoida tariqasida, bu holat to’liq abortgacha davom etadi;
  • To’liq abort — barcha urug’lantirish mahsulotlarini (trofoblast, vorsinkalar, xorion, embrion, homila va hokazo) chiqarib tashlanishi;
  • Chala abort — to’qima tashqariga chiqqan, lekin homila yoki embrionning ayrim qismlari bachadon ichida qolishi;
  • Muzlagan (rivojlanmayotgan) homiladorlik — homila yoki embrionning o’lishi va uning tushmasligi.

Homila tushishi belgilari

Homila tushishining eng keng tarqalgan alomati qon ketishdan iborat (xavf soladigan abort). Gestatsiya paytida qon ketishidan shikoyat qilib tibbiy yordamga murojaat qilgan ayollarning yarmida spontan abort qayd qilinadi. Qolgan alomatlar abort bilan statistik jihatdan bog’liq emas.

Homila tushishi UTT yoki odam xorionik gonadotropini (oXG) darajasining seriyali o’lchovlari orqali aniqlanishi mumkin. Rivojlanayotgan bola hayot emasligi rasman tasdiqlansa, gestatsiyani tugatishning tibbiy usullari yordamida uni bachadondan chiqarib tashlash usullari qo’llanilishi mumkin.

Psixologik alomatlar

Homila tushganidan keyin ayol jismonan tez tiklanishiga qaramasdan, psixologik reabilitatsiya uzoq vaqt talab qilishi mumkin. Ko’p narsa shaxsiy xususiyatlarga bog’liq: ba’zilarga «o’ziga kelishi» uchun bir necha oy yetarli bo’lsa, boshqalarga bir yildan ortiq vaqt kerak bo’ladi.

GHQ-12 (General Health Questionnaire, Umumiy Sog’liqni Saqlash So’rovnomasi) o’tkazgan so’rovnomada homiladorligi uzilgan ayollarga savol berilganda, ularning yarmidan ko’pi (55%) abortdan so’ng sezilarli darajada ruhiy buzilishga duch kelishgani aniqlangan: 25 foizida 3-oy davomida, 18 foizida 6 oygacha va 11 foizida bir yil davomida.

Yo’qotish hissi, boshqalarning tushunmasligi katta ahamiyatga ega. Homila tushishini boshdan kechirmagan kishilarning bu hissiyot bilan tanish bo’lganlarga hamdardlik qilishi qiyin. Spontan abort mavzusi ko’pincha muloqotda ochiq gapirilmaydi, chunki u juda og’riqli sanaladi. Bu ayolni o’zini boshqalardan ajralgandek his qilishiga olib kelishi mumkin.

Muddatiga qarab

Jismoniy belgilar muddatga qarab farq qiladi va quyidagilarni o’z ichiga olishi mumkin:

  • 6-haftagacha muddat mobaynida faqat kichik qon lahtalari bo’lishi mumkin, ehtimol, yengil tortishish va vaqti-vaqti bilan og’riq hamrohlik qiladi;
  • 6 dan 13-haftagacha bo’lgan muddatlarda 5 sm gacha uzunlikdagi qon lahtalari, homila qismlari kelishi kuzatilishi mumkin. Bu jarayon bir necha soatni talab qilishi, muntazam ravishda to’xtashi va davom etishi, bir necha kungacha cho’zilishi mumkin. Alomatlar keng farqlanib, ko’ngil aynishi va ich ketishi ham qayd qilinadi;
  • 13-haftadan boshlab homila bachadondan osongina chiqib ketishi mumkin, ammo yo’ldosh bachadonda to’liq yoki qisman qolishi ehtimoli mavjud, bu esa chala abortga olib keladi. Jismoniy alomatlar: qon ketishi, erta muddatlarda homila tushishini eslatadigan, biroq kuchliroq va tug’ruqdagiga yaqin bo’lgan tortishish va og’riqlar.

Sabablari

Homila turli sabablarga ko’ra tushishi mumkin, ammo ularning hammasi o’z vaqtida aniqlanmaydi. Asosiy sabablar:

  • Genetik kasalliklar;
  • Gormonal fonning buzilishi;
  • Ayolning infektsion kasalliklari;
  • Surunkali kasalliklar;
  • Jinsiy a’zolar tuzilishi anomaliyalari va boshdan o’tkazilgan abortlar;
  • Immunologik sabablar (xususan rezus ziddiyat);
  • Og’ir jismoniy zo’riqish.

Birinchi trimestrda

Aksariyat klinik homila tushishlari (66% yoki 75%, turli tadqiqotlarda turlicha) aynan birinchi trimestrda yuz beradi. Dastlabki 13 hafta ichida sodir bo’lgan spontan abortlarda embrionlarning yarmidan ko’pida xromosomal anomaliyalar aniqlanadi. Genetik muammoli homiladorlik 95% hollarda homila tushishi bilan tugaydi.

Xromosoma muammolarining ko’pchiligi tasodifan kelib chiqqan bo’lib, ularning ota-onalar bilan hech qanday aloqasi yo’q va qayta takrorlanishi kuzatilmaydi. Biroq, ota-onaning xromosomal patologiyalari bundan istisno — bu holda abort qayta-qayta kuzatilishi mumkin.

Takroriy tushishlarda bolaning ota-onasidan birida genetik buzilish mavjudligidan shubha qilish mumkin. Bundan tashqari, ota-onaning boshqa farzandlari yoki yaqin qarindoshlarida nogironlik yoki poroklar bo’lsa, ushbu sababni e’tiborga olish lozim. Genetik muammolar ko’proq yoshi kattaroq ota-onalar bilan bog’liq bo’ladi.

Homilaning erta tushishiga yana bir sabab — progesteron yetishmasligi bo’lishi mumkin. Biroq bu hali o’z tasdig’ini topmagan.

Ikkinchi trimestrda

Ikkinchi trimesterdagi homiladorlikning uzilishi 15 foizigacha bachadon porogi, bachadondagi neoplazma (mioma) yoki bachadon bo’yni muammolari bilan bog’liq bo’lishi mumkin. Ushbu holatlar shuningdek muddatidan oldin tug’ruqqa olib kelishi ham ehtimollidir.

Bir tadqiqot natijalariga ko’ra, homiladorlikning ikkinchi trimesterdagi uzilishlarning 19 foizi kindik muammolari bilan bog’liq. Yo’ldosh bilan bog’liq muammolar esa kech muddatlarda homila tushishi sabablarining katta ulushini egallaydi.

Umumiy xavf omillari

  • Homilador ayolning yoshi (45 yoshdan keyin bu ehtimollik deyarli 75% ga teng);
  • Ko’p homilali homiladorlik;
  • Dekompensatsiya bosqichidagi (nazoratsiz) qandli diabet kasalligi;
  • Polikistoz tuxumdonlar sindromi;
  • Arterial bosimning ortishi (preeklampsiya);
  • Og’ir gipotireoz;
  • Ayrim infektsion kasalliklar: qizamiq, qizilcha, xlamidioz va boshqalar;
  • Chekish (otaning chekishi ham);
  • Giyohvand moddalarga qaramlik;
  • Jismoniy jarohatlar, atrof-muhit toksinlarining ta’siri;
  • Urug’lantirish vaqtida BIS ishlatilganligi;
  • Spontan abortga olib kelishi mumkin bo’lgan paroksetin va venlafaksin kabi antidepressantlar qabul qilish.

Tashxis

Homila tushishini maxsus ultratovushli uskunalar yordamida aniqlash mumkin. Spontan abortning mikroskopik anomal belgilarini aniqlashda tasvirni ko’rish kerak. Mikroskopik deganda vorsinkalar, trofoblast, homilaning qismlari tushuniladi. Anomal xromosomalarni aniqlash uchun genetik testlarni o’tkazish ham mumkin. Morfologik tadqiqotlar roli spontan abortlardan olingan materialning morfologik o’zgarishlarini aniqlash va o’rganishdan iborat.

Homiladorlikning erta muddatlarida qon ketish mazkur patologiyaning eng ko’p uchraydigan belgisidir. Qon yo’qotish va / yoki og’riqlar mavjud bo’lsa, transvaginal ultratovush tekshiruvi o’tkaziladi. Agar ultratovush tekshiruvi bachadon ichida rivojlanayotgan bolaning hayotiyligini aniqlamasa, bachadondan tashqari homiladorlikni istisno qilish uchun muayyan tekshiruvlar o’tkazish kerak.

Davolash

Agar qon ketish kuchli bo’lmasa, shifokorga borish tavsiya etiladi, agar qon ketishi jiddiy bo’lsa, og’riqlar yoki isitma kuzatilsa, u holda shifokor bilan maslahatlashish shart hisoblanadi.

Chala abort, bo’sh xalta yoki muzlagan homiladorlik holatida uchta davolash usuli mavjud:

  • Davolash qo’llanilmasa (kutish taktikasi), barchasi tabiiy ravishda ikki-olti hafta ichida yuz beradi. Bu yondashuv dori-darmonlar va jarrohlik oqibatida kelib chiqishi mumkin bo’lgan nojo’ya ta’sirlardan saqlaydi;
  • Medikamentoz davolash odatda mizoprostoldan foydalanishni o’z ichiga oladi va spontan abortning tugatilishiga yordam beradi;
  • Jarrohlik muolajalari (ko’pincha vakuum-aspiratsiya) abortni yakunlashning eng tezkor usulidir. Bundan tashqari, ushbu yondashuvda qon ketishining davomiyligini va intensivligi, homilaning tushishi bilan bog’liq og’riqlar eng minimali hisoblanadi. Takroriy holatlarda esa vakuum-aspiratsiya kariotipni tahlil qilishga to’qima namunasi olish uchun ham qulay usuldir. Biroq, bu operatsiya natijasida asoratlar rivojlanishi ehtimoli ham yuqori, jumladan bachadon va uning bo’yni shikastlanishi, bachadon perforatsiyasi, chandiqlar. Bu kelajakda yana homilador bo’lish istagi bo’lgan ayollar uchun muhimdir.

Asoratlari

  • Septik abort o’tkazilgan yoki chala abortdan qolgan to’qimalar zararlanganda paydo bo’ladi. Bachadon infektsiyasi infektsiyaning tarqalib ketishi (sepsis) xavfini tug’diradi va ayolning hayotiga jiddiy tahdid soladi;
  • Homiladorlikning davriy yo’qotilishi yoki takroran homila tushishi (shifokorlar buni odatiy abort deb atashadi ) — ketma-ket uch marta tushishga aytiladi. Agar bitta tushish bilan yakunlanadigan gestatsiyaning ulushi 15% bo’lsa, demak, spontan abortlar bir-biridan mustaqil ravishda sodir bo’ladi deb olinsa, ketma-ket ikki marta tushish ehtimoli 2,25%, uch marta tushishi esa 0,34% ni tashkil etadi. Biroq, bu hodisalar bir-biriga bog’liq va homiladorlikning davriy yo’qotish chastotasi 1% ni tashkil qiladi. Ikki marta homilasi tushgan ayollarning aksariyatida (85%) keyingi homiladorlik normal kechadi.

Oldini olish

Aksariyat hollarda bola tushishi tabiat qonuni sanaladi. Ona organizmni ushbu homilani ko’tarish kerak emasligini qay tarzda baholashini hech kim aniq bilmaydi. Ko’pchilik hollarda bu holatda ota-onaning aybi bo’lmaydi, bu achchiq bo’lsada, murakkab tanlanish mexanizmidir.

Hozirgi kunda homila tushishini oldini olishning hech qanday usuli yo’q. Shunga qaramay, ekspertlar uning sabablarini aniqlab olish keyingi homiladorliklarda u takrorlanishini oldini olishga yordam berishi mumkinligini ta’kidlashadi.

Jami baholar 4.1 / 5. Ovozlar soni: 13

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.