Ich qotishi (qabziyat) — kattalar va bolalarda sabablari, davolash, oldini olish
Ich qotishi, qabziyat — oshqozon-ichak tizimi a’zolarining asosiy belgi: defakatsiya (hojat chiqarish) tartibining buzilishi va / yoki ichakning to’liq bo’shatilmasligi bilan bog’liq holat. Ich qotishi mustaqil kasallik emas, balki organizm faoliyatining buzilishi, kasalliklar va turli xil tizimlar funktsiyasining ishdan chiqqanligi alomatidir.
Qabziyat 30-50% kattalar va 5-20% bolalarda tashxislanadi. Keksalarda ushbu holat yoshlarga qaraganda 5 marta ko’proq qayd qiliadi. Muammo sabablari noto’g’ri ovqatlanish, ba’zi bir dori vositalar qabuli, infektsion kasalliklar va surunkali ich qotishiga olib kelishi mumkin bo’lgan jiddiy patologiyalar sanaladi.
Mundarija
Qabziyat belgilari
Turli tasniflarga ko’ra, turlicha holatlar qabziyat deya sanalishi mumkin: katta yoshli ayol va erkaklarda 48 soat davomida, chaqaloqlarda esa ruxsat etilgan bir necha sutka davomida defakatsiyaning bo’lmasligi. Ko’p hollarda ich qotishiga tashxis qo’yish uchun quyidagi belgilar mavjud bo’lishi kerak
Yosh guruhi | Defakatsiyalar soni |
---|---|
Kattalarda | Haftasiga 3 martadan kam |
Emizikli chaqaloqlarda | Kuniga 2 martadan kam |
Qo’shimcha aralashmalar beriladigan emizikli chaqaloqlarda |
Kuniga 1 martadan kam |
3-7 yoshli bolalarda | Haftasiga 5 martadan kamligi |
7 yoshdan katta bolalarda | Haftasiga 3 martadan kamligi |
Yuqoridagilarga qo’shimcha ravishda, tashxis qo’yish uchun hojat chiqarish jarayonida uzoq vaqt davomida kuchanish kerakligi, najas zich va quruq bo’lishi ham kuzatilishi zarur.
Qabziyat quyidagi kabi his-tuyg’ular bilan birga kechishi mumkin:
- Hojat chiqargandan so’ng ichaklarning to’liq bo’shalmaganligi hissi;
- Qorinning kengayib og’rishi (ayniqsa pastki qismda), damlanishi;
- Defakatsiya jarayoni og’riqli bo’lishi;
- Defakatsiyadan so’ng to’g’ri ichak bo’shlig’ida tiqin mavjudligi hissi.
Asosiy simptomlardan tashqari, ushbu patologiyaga ko’ngil aynishi, ishtaha pasayishi, bosh og’rig’i, jig’ildon qaynashi, og’izdan noxush hid kelishi, uyqusizlik, til yuzasida karash hosil bo’lishi hamrohlik qilishi mumkin.
Tasnifi
Hozirgi paytda qabziyatning yagona tasnifi mavjud emas, ammo patologik holat sifatida u bosqichi va sabablariga qarab farqlanadi.
Kattalarda va bolalarda ich qotishining sabablari sifatida quyidagi buzilishlarni ajratib ko’rsatish mumkin:
- Birlamchi. Tug’ma yoki orttirilgan patologiya, to’g’ri ichak anomaliyalari va innervatsiyasi tufayli;
- Ikkilamchi. Jarohatlar, kasalliklar, shuningdek medikamentoz terapiyaning nojo’ya ta’siri tufayli;
- Idiopatik. Aniqlanmagan sabablarga ko’ra ichak motorikasining buzilishi tufayli.
Patogenetik tasnifga ko’ra:
- Alimentar. Suyuqlik, kletchatka yetishmovchiligi yoki umuman oziq-ovqat hajmining kamayishi natijasida;
- Mexanik. Ichak bo’shlig’i diametrining torayishi, boshqa organik o’zgarishlar sababli;
- Diskinetik. Hazm qilish a’zolari funktsiyasining buzilishi, ichak innervatsiyasi va boshqalar tufayli.
Klinik tasvirga qarab, ichak devorlarining tonusidan kelib chiqqan holda:
- Atonik — tonusning kamayishida. Ichaklar peristaltikasi sust, najas massasi asta-sekin harakatlanadi, bu esa ularning to’planishiga va defekatsiyaning kechikishiga olib keladi. Atonik ich qotishi ko’p hollarda gipodinamiya, ovqatlanishning buzilishi (muntazam ovqatlanmaslik ichak peristaltikasi faolligini pasaytiradi) bilan bog’liq. Bundan tashqari, atoniya ko’pincha keksalik davrida mushak tolalari va sfinkterlar tonusining o’zgarishi oqibatida rivojlanadi;
- Spastik — defakatsiya paytida og’riq kuzatilmasligi bilan ajralib turadi, ammo unga qorin dam bo’lishi, og’irlik, qorinning kengayishi hissi, ichak spazmlari (sanchiqlari) hamrohlik qiladi. Defekatsiya paytida najas oz miqdorda chiqariladi, shu bilan birga uzoq muddat hojat chiqarmaslik qayd etilmaydi.
Spastik ich qotishi ichakning ba’zi qismlarida mushak to’qimalarining spazmlari tufayli yuzaga keladi. Natijada najas massasi yig’ilib, ichak bo’shlig’ida qiyinchilik bilan harakatlanadi. Kattalardagi spastik qabziyatning eng keng tarqalgan sabablari — endokrin kasalliklar, ichak devorlari tonusining ortishi, stressli holatlardir.
Vaziyatning jiddiyligi va davomiyligiga qarab, qabziyatning o’tkir yoki surunkali shakllari ajratiladi. Agar bir necha kun davomida defekatsiya kuzatilmasa, o’tkir ich qotishi tashxisi qo’yiladi. Ushbu holatning sabablari:
- Jarohat oqibatida mexanik to’siqlar mavjudligi;
- O’smalar, yallig’lanishlar, spazm;
- Uzoq muddatli gipodinamiya (yotoq rejimida, tananing pastki qismi falajligida);
- Nerv impulslari uzatilishi buzilishi bilan kechadigan bosh-kalla shikastlanishlari;
- Ba’zi dori-darmonlarning nojo’ya ta’siri.
Kattalarda ich qotishi sabablari
Qabziyat sabablari sifatida ham tibbiy, ham ijtimoiy jihatdan bir qator omillar xizmat qilishi mumkin. Deyarli har bir kishi vaqti-vaqti bilan ovqatlanish muvozanatsizligi, kasalliklar yoki ba’zi dori-darmonlarni qabul qilish, vaqtinchalik sayohat va hokazolar tufayli bu muammo bilan to’qnash keladi.
Funktsional ich qotishi ko’pincha homiladorlik davriga hamrohlik qiladi: homilador ayollar organizmidagi fiziologik o’zgarishlar najas massalarining harakatlanishi va ichaklarni bo’shatishda qiyinchiliklarga olib keladi.
Ovqatlanish
Yetarli miqdorda suyuqlik ichmaslik, kletchatka ulushi kam bo’lgan parhezlar, nomuntazam ovqatlanish va jismoniy faollikning yetishmasligi keng tarqalgan sabablar qatoriga kiradi. Iste’mol qilingan mahsulotlarda dag’al kletchatkaning yetishmasligi peristaltika (ichak mushaklarining qisqarishi) yomonlashishiga olib keladi, bu esa fekal massa harakatlanishi va chiqib ketishini zaiflashtiradi.
Kletchatka yetarli miqdorda sabzavotlar, mevalar, yorma va donlarda mavjud. Taomnomada bu kabi mahsulotlarning yetishmasligi va oson hazm bo’ladigan mahsulotlar, ayniqsa yuqori uglevodli mahsulotlar (oq non, pishiriqlar, shirinliklar) ko’pligi natijasida ichak mushak tolalarining qisqarish tezligi va kuchi kamayadi. Bu omillarga kamharakatlik ham qo’shilsa, xavf ehtimoli bir necha barobarga ortadi.
Katta yoshdagi kishi uchun kletchatka iste’moli miqdori kuniga 25-30 gramm oralig’ida bo’lishi kerak.
Turmush tarzi
Defakatsiya jarayoni qisman nazorat qilinadi, shu tufayli hojatxonaga tashrif bir muncha vaqtga qoldirilishi mumkin. Hojatga kirishni keyinga qoldirish odati vaqt o’tishi bilan chaqiriq yuzaga kelishi uchun ko’proq qo’zg’atuvchi omil — ichakda ko’proq najas massasi bo’lishini talab qila boshlaydi. Qolaversa, toqat qilish najasning quruqligini oshiradi.
Psixogen omillar
Depressiyalar, uyqu, dam olish tartibining buzilishi, nizolar, qo’rquvlar va atrof-muhit o’zgarishlari kabi psixogen omillar surunkali ich qotishining 33% hollarda kuzatiladigan sababchisidir. Noqulay sharoit ham defakatsiya jarayonini buzadi.
Dori vositalari
Ba’zi holatlarda dori-darmonlar va ozuqaviy qo’shimchalar qabuli ich qotishi ko’rinishidagi nojo’ya ta’sirga ega bo’ladi. Qo’llab-quvvatlovchi yoki ichak tonusiga ta’sir etuvchi preparatlarni tayinlashda oldindan profilaktik choralarni qo’llash lozim.
Bunday nojo’ya ta’sirga ega preparat guruhlari NYQP (nosteroid yallig’lanishga qarshi preparatlar, masalan ibuprofen), spazmolitik dorilar, og’riq qoldiruvchi, yaraga qarshi vositalar, absorbentlar, tizimli va ichakda ta’sir ko’rsatadigan antibiotiklar, antidepresantlar, antiepileptik, zamburug’larga, tuberkulyozga qarshi va boshqa vositalarni o’z ichiga oladi. Ko’p hollarda qabziyat rivojlanishi uchun uzoq muddatli terapiya kursi kerak bo’ladi.
Ich surgi vositalarni ham uzoq muddat yoki muntazam ravishda qabul qilish ichak mushaklarining tonusini va ichak florasi muvozanatining pasayishini keltirib chiqaradi. Bu ikkinchi darajali ich qotishiga olib keladi.
Boshqa sabablarga:
- Ichakda yallig’lanish, qon aylanishi buzilishi mavjudligi;
- Hazm qilish tizimi kasalliklari, endokrin bezlar disfunktsiyasi;
- Mexanik to’siqlar tufayli ichak tutilishi;
- Chanoq sohasi mushak to’qimalarining innervatsiyasi, atrofiyasi;
- Gemorroyda, to’g’ri ichak shilliq qavati, anus yoriqlari, anal sfinkteri spazmida defakatsiya vaqtidagi og’riq.
Qabziyat rivojlanishiga uzoq muddatli intoksikatsiya (organizmning qo’rg’oshin va simobning ba’zi birikmalari bilan zaharlanishi) ham sababchi bo’lishi mumkin.
Bolalarda qabziyat
Emizikli chaqaloqlar asab tizimining yetuk emasligi, hazm qilish tizimining yangi hayotga moslashishi tufayli ich qotishidan aziyat chekishi mumkin. Qo’shimcha ovqatlarni erta kiritish, ovqatlantirish bo’yicha tavsiyalarni bajarmaslik, suyuqlik yetishmasligi (ayniqsa issiq mavsumda yoki haddan tashqari ortiqcha o’rab qo’yishda), mushak distoniyasi, D vitamini yetishmasligi, sun’iy oziqlantirishga noto’g’ri o’tish, berilayotgan aralashmalarni boshqa turga o’zgartirish, oziq-ovqatga allergiya, ferment yetishmovchiligi va boshqa sabablar xavf omillari sanaladi.
1 yoshdan 3 yoshgacha bo’lganlarda noto’g’ri ovqatlanish, ovqatlanish tartibi yo’qligi, dag’al kletchatka va suyuqlikning yetishmovchiligi, ichak mikroflorasining nomutanosibligi qabziyatga sabab bo’ladi.
Erta bolalik davrida qabziyatning psixologik etiologiyasi bolani hojatga chiqishni o’z vaqtida o’rgatmaslik, majburlab tuvakka o’tqizish, hojatni tuta olmasligi uchun qattiq jazolash, shuningdek maktabgacha ta’lim muassasalariga bora boshlashda sharoit o’zgarishi, jamoat hojatxonalariga borish kerakligi tufayli stresslar bilan bog’liq bo’lishi mumkin.
Ich qotishini davolash
Har qanday etiologiyali ich qotishini davolash va oldini olishda muvozanatli va tartib bilan ovqatlanish muhim o’rin tutadi. Muammoning surunkali shaklidan aziyat chekayotgan bemorlar ichakni bo’shatishni yaxshilashga yordam beruvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan xabardor bo’lishi darkor.
Tanin deb nomlanuvchi modda saqlaydigan mahsulotlar muammo kelib chiqishida katta rol o’ynaydi. Quritilgan smorodina, kakaoli mahsulotlar (shu jumladan shokolad), achchiq qora choy, qizil vino, shuningdek pyure qilingan, ezilgan taomlar, guruch va manna bo’tqasi, kisellar shular qatoriga kiradi.
Taomnomaga quyidagi mahsulotlarni kiritish ichni yumshatishga yordam beradi:
- Javdar noni, kepak miqdori yuqori bo’lgan pishiriqlar;
- Ishlov berilmagan sabzavot va mevalar, shuningdek, quritilgan mevalar (asosan olxo’ri);
- Grechixa, suli, arpadan bo’tqa va garnirlar;
- Sarhil sut mahsulotlari;
- Tabiiy marinadlangan, tuzlangan, fermentatsiyalangan mahsulotlar;
- Ko’p miqdorda suyuqlik ichish (mineral va oddiy ichimlik suvi, sharbatlar, mevali morslar, kompotlar);
- Ko’p miqdorda biriktiruvchi to’qimalar saqlovchi yog’siz go’sht va boshqalar.
Qabul qilinadigan taomlarni kun davomida 5 qismga bo’lib qabul qilish kerak. Qarshi ko’rsatmalar mavjud bo’lmasa, qabul qilinadigan suyuqlik miqdori kuniga 2 litrgacha oshirilishi tavsiya etiladi. Spastik ich qotishida iliq mineral suv ichish afzal.
Shunga qaramasdan, qabziyatga moyillikni kamaytiradigan parhezga o’tishdan oldin, ushbu kasallikning sababini aniqlash uchun shifokor bilan maslahatlashish talab etiladi. Chunki ba’zi hollarda ko’p miqdorda dag’al kletchatka qabul qilish qorin dam bo’lishi, ichak spastik hodisalarini kuchaytirishi, og’riq chaqirishi mumkin.
Bunday hollarda, parhez gaz hosil bo’lishini kuchaytiruvchi mahsulotlarni istisno qiladigan yoki cheklaydigan tarzda belgilanadi. Terapiya antispastik dorilarni qabul qilish qatorida taomnomaga dag’al kletchatkani oz miqdorda kiritish bilan boshlanadi.
Boshqa omillar bilan birgalikda jismoniy fallik yetishmasligidan kelib chiqqan qabziyatda ichak harakatini yaxshilaydigan mashq kurslari buyuriladi.
Ich yumshatuvchi vositalar
Bunday hollarda ich yumshatuvchi yoxud surgi dorilardan foydalanish juda bahsli masala. Uzoq muddat qo’llanilganda organizmda bunday vositalarga o’rganib qolish rivojlanadi. Bu nafaqat dori vositalarining samarasini kamaytiradi, balki muammoni kuchaytirib ham yuboradi. Ba’zi tadqiqotlarga ko’ra, aksariyat hollarda ich qotishida ich yumshatuvchi vositalar qabul qilish shart emas.
Ichakni bo’shatishni yaxshilash uchun ishlatiladigan dori vositalari turli ta’sir ko’rsatadi, xususan:
- Peristaltikani kuchaytiradigan vositalar (bisakodil, senna, rovoch, itshumur ekstrakti va hokazo)
- Osmotik ta’sir tufayli ichakda suv miqdorini oshiradigan preparatlar (magniy sulfat, natriy sulfat, laktuloza, makrogol preparatlari va boshqalar.)
- Kombinativ vositalar (Regulaks, Agiolaks, Kafiol, Kalifig va boshqalar).
- Huqna yoki mini-huqnalar (Mikrolaks).
Muntazam foydalanish uchun mo’ljallangan dori-darmonlar sabablar aniqlanganidan keyin faqat shifokor tomonidan belgilanadi. Ichakning mexanik obstruktsiyasi va spastik etiologiyali ich qotishida, boshqa holatlarda bo’lgani kabi, dori vositalarini o’zboshimchalik bilan qabul qilish mumkin emas.
Xalqona vositalar
Ich qotishini uy sharoitida davolashga vaqti-vaqti bilan kuzatiladigan hollarda murojaat qilish mumkin. Muammo muntazam kuzatilganda, bunday vositalar birlamchi sababni yashirib, uning yanada kuchli rivojlanishiga zamin yaratishi mumkin.
- Bir litr sabzi sharbatiga 300 ml`dan lavlagi va bodring sharbati qo’shiladi. Barchasi aralashtiriladi, so’ng ovqatlanishdan oldin 100 ml`dan yoki kun davomida bir qultumdan qabul qilinadi.
- Ikki qism olma sharbatiga bir qism lavlagi sharbati qo’shib, aralashtiriladi. Ertalab nonushtadan oldin bir stakandan qabul qilinadi.
- Ikkita o’rtacha kattalikdagi sabzi qirg’ichdan chiqariladi, so’ng uning sharbati suzib olinadi. Unga bitta olmani qirg’ichdan chiqarib, siqib olingan sharbati va bitta apelsin sharbati qo’shiladi. Ovqatlanishdan oldin 50 ml`dan qabul qilinadi.
Meteorizm (ichaklarda ortiqcha gaz hosil bo’lishi) kuzatiladigan bemorlarga yuqoridagi retseptlar qarshi ko’rsatilishi mumkin.
800 ml qaynatilgan suvga 140 gramm quritilgan olxo’ri va 15 gramm senna o’ti solinadi. Idish yaxshilab o’raladi va aralashma 3 soat tindiriladi, so’ng suzib olinadi. Vosita ichak funktsiyasi me’yorga kelmaguncha har soat 4 osh qoshiqdan qabul qilib turiladi. Odatda ta’sir 5-6 soatdan keyin kuzatiladi. Ko’ngil aynishi va qorin sanchishi ko’rinishida nojo’ya ta’sirlari bo’lishi mumkin.
Bundan tashqari, zig’ir urug’laridan tayyorlangan damlamalar ham samarali vositalardan biri sanaladi.
Asoratlari
Garchi bu holat kasallik emas, organizmdagi buzilishlar alomati bo’lsa-da, uni tashxislash va davolash zaruriy sanaladi. Turmush tarzi, ovqatlanish turidan kelib chiqadigan muntazam ich qotishining xavflari:
- Mahalliy va umumiy immunitetning pasayishi, ovqat hazm qilish jarayonlarining buzilishi, vitaminlar, mikroelementlar, oziq moddalar yetishmovchiligi rivojlanishi, disbakterioz;
- Oshqozon-ichak trakti disfunktsiyasi va kasalliklari (divertikuloz, gemorroy, yallig’lanish jarayonlari va boshqalar);
- Najas uzoq muddat ichak bo’shlig’ida saqlanganda organizm intoksikatsiyasi;
- Ichak poliplari, o’smalari shakllanishi;
- Ichak tutilishi.
Assalom aleykum manda tuxumdon kistasi bor edi.shifokorga borsam kistaga doimiy ich qotishi ham sabab buladi deb aytdi bu qanchalik tugri javob uchun oldindan rahmat uygotganiz