Sil kasalligi (tuberkulyoz) — sabablari, alomatlari, davolash va oldini olish
Sil kasalligi, tuberkulyoz (lot. tuberculum — do’mboqcha) — Mycobacterium tuberculosis complex guruhi mikobakteriyalari tomonidan chaqiriladigan dunyoda keng tarqalgan infektsion kasallik. Bakteriya odatda o’pkani shikastlaydi. Kasallik nafaqat salomatlik, balki ijtimoiy holatga ham bog’liq: sil qo’zg’atuvchisiga immuniteti pasaygan, to’yib ovqatlanmaydigan, gigiena standartlariga rioya qilmaydigan va kambag’al ijtimoiy sharoitlarda yashaydigan kishilar eng ta’sirchandir. Biroq, sil yoshi va jinsidan qat’iy nazar butun aholi qatlamiga xavf tug’diradi.
O’lim holatlarining yuqoriligi (yiliga taxminan 3 million kishi) va kasallikning keng tarqalganligiga nafaqat ijtimoiy omillar, balki sil kasalligining hech qanday alomatlarsiz (yashirin) davri uzoq davom etishi ham ta’sir ko’rsatadi. Bu davr uni davolash uchun eng qulay vaqt hisoblanadi. Infektsiya mavjudligini aniqlash uchun organizm Mantu sinov reaktsiyasiga baholanadi.
Mundarija
Epidemiologiya
M. tuberculosis bilan yer aholisining uchdan bir qismi infektsiyalangan va har soniyada yangi infektsiya holati sodir bo’ladi degan tushuncha bor. Butun dunyoda har yili tuberkulyoz bilan kasallanadigan insonlar ulushi o’zgarmaydi yoki kamaymaydi. Biroq aholi sonining oshishi tufayli yangi holatlarning mutlaq soni oshib bormoqda.
2007-yilda asosan rivojlanayotgan mamlakatlarda surunkali faol tuberkulyozning 13,7 million hollari qayd qilinishi, 9,3 million yangi kasallanish hollari va 1,8 million o’lim hollari hisoblangan. Bundan tashqari, rivojlangan mamlakatlarda insonlar tuberkulyoz bilan tobora ko’proq infektsiyalanmoqda, chunki ularning immun tizimi immunosupressiv preparatlar qabul qilish natijasida zaiflashib bormoqda, ayniqsa OIV-infektsiyalarda.
Sil kasalligi butun dunyo bo’ylab teng ravishda tarqalmagan. Ko’pchilik osiyo va afrika mamlakatlari aholisining taxminan 80%da tuberkulinli sinov ijobiy natija beradi. Solishtirish uchun AQSh aholisi orasida bu ko’rsatkich 5-10% ni tashkil etadi.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti bergan ma’lumotlarga ko’ra, 2015-yilda dunyoda 10,4 millionga yaqin tuberkulyoz bilan kasallanish hollari qayd etilgan. Ulardan 5,9 millioni (56%) erkaklarga, 3,5 millioni (34%) ayollarga va 1,0 millioni (10%) bolalarga to’g’ri keldi. OIV bilan infektsiyalangan bemorlar 1,2 millionni (11%) tashkil etdi.
JSST kasallik haqida bergan ma’lumotlga ko’ra, 2015-yilda sil tufayli 1,4 million bemorning o’limi qayd etildi, ular ichida 0,4 millioni OIV bilan aloqador edi.
Tuberkulyoz bilan kasallanish noqulay sharoit (stressli holatlar), shuningdek inson organizmining individual xususiyatlari (masalan qon guruhi yoki yoshi) bilan bog’liq ekanligi qayd qilingan. Kasallanganlar orasida 18-26 yosh guruhi dominantlik qiladi.
Insonni silga bo’lgan ta’sirchanligini oshiradigan bir nechta omillar mavjud:
- Dunyo bo’yicha eng ahamiyatlisi — OIV;
- Chekish (ayniqsa kuniga 20 tadan ortiq sigareta) — kasallanish ehtimolini 2-4 martaga oshiradi;
- Diabet.
Klinik shakllari
Ko’pincha tuberkulyoz nafas olish (asosan o’pka va bronxlar) va siydik-tanosil tizimini shikastlaydi. Tuberkuylozning suyak-bo’g’im shakllarida ko’pincha umurtqa va son suyaklarining shikastlanishi uchraydi. Shu sababli kasallikning ikki turi ajratiladi: o’pka va o’pkadan tashqari.
O’pka tuberkulyozi
O’pka tuberkulyozi turli shakllarga ega bo’lishi mumkin:
- Birlamchi tuberkulyoz kompleks (tuberkulyozli pnevmoniya o’chog’i + limfangit, ko’ks oralig’i limfadeniti);
- Tuberkulyozli bronxoadenit, ko’krak ichi limfa tugunlarining izolyatsiyalangan limfadeniti.
Tarqalganligi darajasidan kelib chiqib, quyidagi sil turlari farqlanadi:
- Latent (yashirin);
- Disseminatsiyalangan;
- Miliar;
- O’choqli (cheklangan);
- Infiltrativ;
- Kavernoz;
- Firbroz-kavernoz;
- Sirrotik;
- Kazeoz pnevmoniya;
- Tuberkulyoma.
Kamdan-kam hollarda plevra, halqum, traxeya tuberkuylozi qayd qilinadi.
O’pkadan tashqari
O’pkadan tashqari tuberkulyoz insonning har qanday organida lokalizatsiyalanishi mumkin. Uning quyidagi shakllari farqlanadi:
- Ovqat hazm qilish tizimi — ko’pincha ingichka ichakning distal bo’limi va ko’richak shikastlanadi;
- Siydik-tanosil tizimi — buyak, siydik yo’llari, jinsiy a’zolar shikastlanishi;
- Markaziy asab tizimi va miya qobiqlari — orqa va bosh miya, bosh miyaning qattiq qobig’i shikastlanishi (tuberkulyozli meningit);
- Suyak va bo’g’imlar — ko’incha umurtqa suyaklari shikastlanadi;
- Teri va ko’z tuberkuylozi.
Sil qo’zg’atuvchisi
Kasallik inson organizmi Mycobacterium bakteriyasi yoki Kox tayoqchasi bilan infektsiyalangandan so’ng rivojlanadi. Bu mikroorganizmlar past haroratlarda hayotiyligini saqlab qoladi, tashqi muhit ta’sirlariga va yuqori haroratga chidamli bo’ladi.
Kox tayoqchasi o’ta yuqumli infektsiya hisoblanmaydi, biroq kasallangan infektsiya tashuvchisi bakteriyalarni tashqi muhitga tarqatadi. Sog’lom odam bu bakteriyalar bilan kasallanishi ehtimoli juda past. Ko’p hollarda silga chalingan bemor kasallikning faol bo’lmagan shaklida kasalxonaga yotishi talab qilinmaydi va uning harakatlari, ijtimoiy faoliyati cheklanmaydi.
Sil bilan kasallangan kishi bilan doimiy kundalik aloqada bo’lish, masalan oila sharoitida, bemorning sog’ligi to’g’risida qayg’urishdan tashqari quyidagilarni ham talab etadi:
- Uyda gigienaga to’gri rioya qilish;
- Boshqa oila a’zolarining immunitetini mustahkamlash;
- Kasallanishni ertaroq aniqlash uchun (agar yuqgan bo’lsa) tez-tez organizmning Mantu probasiga reaktsiyasini aniqlash.
Sabablari va yuqish yo’llari
Sil kasalligi yuqishining asosiy yo’li — havo-tomchi yo’llari sanaladi. Kamroq hollarda kundalik aloqalar va transplatsental yuqish holatlari qayd etiladi. Bakteriya nafas olish yo’llari orqali organizmga kiradi. So’ng bronxlar shilliq qavati va alveolalarga o’tadi va qon orqali butun tanaga tarqaladi.
Inson tanasi uchun Kox tayoqchasi yot mikroorganizmdir. Odatda bunday bakteriyalar organizmga tushsa va rivojlana boshlasa, immun hujayralari ularga hujum qilib, ko’payishi va rivojlanishini oldini oladi. Biroq quyidagi ikki holatda kasallik rivojlanishi ehtimoli mavjud bo’ladi:
- Immun tizimi zaiflashga, antitanalar ishlab chiqarilishi buzilgan, immunitet tanqisligi holati mavjud bo’lsa, tananing mudofaa qobiliyati boshqa kasalliklar tufayli zaiflashgan yoki boshqa ijtimoiy yoki yosh omili tufayli yetarli darajada shakllanmagan bo’lsa;
- Kasallik qo’zg’atuvchisi bilan aloqa uzoq, uzluksiz bo’lsa, batsilla tashuvchida kasallikning ochiq shakli jarayoni kechayotgan bo’lsa va tegishli davolash choralari qo’llanilmasa.
O’ziga xos immunitetni pasaytiruvchi va kasallik rivojlanishiga hissa qo’shadigan omillar orasida quyidagilar ajratiladi:
- Bronx-o’pka kasalliklarining rivojlanishi (masalan, surunkali bronxit) omili sifatida tamaki chekish;
- Alkogolli ichimliklarni ortiqcha iste’mol qilish;
- Giyohvandlikning barcha turlari;
- Nafas olish tizimi a’zolarida surunkali yallig’lanish jarayonlari mavjudligi sababli respirator kasalliklariga moyillik;
- Surunkali kasalliklar, boshqa a’zo va to’qimalarda yallig’lanish o’choqlari mavjudligi;
- Qandli diabet, endokrin kasalliklar;
- Yetarlicha ovqatlanmaslik, ovqatlanish ratsionida vitaminlarning yetishmasligi;
- Nevrotik buzilishlar, depressiv vaziyatlar;
- Homiladorlik davri;
- Salbiy ijtimoiy va yashash sharoitlari.
Alomatlari
Odatda tuberkulyoz asta-sekin namoyon bo’la boshlaydi. Patogen bakteriyalar bemor organizmida juda uzoq vaqt davomida o’zini haiqda belgi bermaydi, ko’pincha o’pka to’qimalarida rivojlanadi va ko’payadi.
Sil kasalligining dastlabki bosqichlarida hech qanday alomatlar kuzatilmaydi. Dastlabki bosqichdan so’ng kasallikning yashirin yoki latent davri keladi, unda quyidagi simptomatika kuzatilishi mumkin:
- Umumiy salomatlikning yomonlashishi;
- Charchoq, kuchsizlik, asabiylashish;
- Beixtiyor vazn yo’qotish;
- Tunda ortiqcha terlash.
Yo’tal, yuqori tana harorati kasallikning birinchi bosqichi uchun xos emas, bunday alomatlar o’pka to’qimalarining keng shikastlanishlarida kuzatiladi. Kasallikning dastlabki bosqichlari sezilarli bo’lmaganligi bois tashxislash faqat sil probalari (Diaskin-test, Mantu sinov reaktsiyasi va hokazo) yoki qonning PZR tahlili yordamida amalga oshiriladi.
Kasallikning keyingi, latent (yashirin) bosqichi — «yopiq» shakldagi tuberkulyoz bilan tavsiflanadi. Bu bosqichda qo’zg’atuvchi tashqi muhitga tarqatilmaydi va kasallik sekin rivojlanganligi va organizmning qarshiligi tufayli salomatlikka deyarli zarar yetkazmaydi.
Kasallikning yashirin shakli faol kasallik bosqichiga o’tishi ehtimoli bilan xavfli, u nafaqat boshqalarga xavf tug’diradi, balki organizmga juda salbiy ta’sir ko’rsatadi.
Faol shakldagi kasallik ikkilamchi bosqichga o’tadi, patogen bakteriyalar tez ko’payadi va tananing boshqa a’zolariga tarqaladi. O’limga olib kelishi mumkin bo’lgan jiddiy jarohatlar va kasalliklar yuzaga keladi.
Faol bosqichda
Kasallikning o’tkir davrida belgilar quyidagicha bo’ladi:
- Balg’am ajralishi bilan uzoq (uch haftadan ortiq) davom etadigan nam yo’tal;
- Balg’amda qon mavjudligi;
- Subfebril oralig’ida isitma (37-38 °C);
- Tana vaznining pasayishi;
- Charchoqning kuchayishi, o’zini yomon his qilish, zaiflik, bezovtalanish, ishtaha pasayishi, mehnat qobiliyatining yomonlashishi va umumiy intoksikatsiyaning boshqa belgilari.
Yo’tal nam, aniq seziladi, tez-tez huruj qilib turadi, kunning ertalabki vaqtida xarakterli kuchayishi bilan namoyon bo’ladi. Bu bosqichda sigaret chekadigan odamlar odatda buni «chekuvchi yo’taliga» yo’yishadi.
Kasallikning yanada agressiv rivojlanish sur’atlarida klinik ko’rinish quyidagi belgilar bilan to’ldirilishi mumkin:
- Febril oralig’ida isitma (tana harorati 38-39 °C);
- Yelka sohasi va qorin bo’shlig’ida og’riqlar;
- Yo’tal vaqtida og’riqlar;
- Yo’talning quruqlashishi, nafas olish qiyinlashishi.
Sil kasalligi belgilari nafas olish tizimining boshqa virusli va bakterial etiologiyali kasalliklari klinik ko’rinishiga o’xshaydi. Differentsiyal diagnostika faqat mutaxassis tomonidan amalga oshiriladi.
O’pkadan tashqari belgilari
Kox tayoqchasi nafaqat o’pka to’qimalariga ta’sir qilishi, balki boshqa organlarda ko’payishi va yallig’lanishni keltirib chiqarishi mumkin. Ichki organlar va tizimlarning sil bilan kasallanishi odatda, boshqa kasalliklar va patologiyalarni bartaraf etish orqali aniqlanadi. Klinik ko’rinish jarayonning og’irligiga va bakteriya ta’sir qilgan organ yoki to’qimalarning joylashuviga bog’liq.
- Bosh miyada — tana haroratining oshishi, asab tizimi va uyquning buzulishlari, ortiqcha asabiylashish, ensa va bo’yin mushaklarining tortilishi va kattalashishi bilan namoyon bo’ladi. Oyoqlarni uzatganda, orqa va boshni oldinga egganda bel sohasidagi xarakterli og’riq sindromi kuzatiladi. Kasallik asta-sekin rivojlanib boradi. Xavf guruhida — maktabgacha yoshdagi bolalar, qandli diabet va OIV bilan kasallanganlar;
- Ovqat hazm qilish tizimida — defakatsiyaning muntazam buzilishlari, qorin damlanishi, ichak sohasidagi og’riqlar, gemorragik qon ketishi belgilari (najasda qon mavjudligi), tana haroratining 40 °C gacha ko’tarilishi;
- Bo’gim va suyaklarda — ta’sirlangan sohalardagi og’riq bilan namoyon bo’ladi, bo’gimlarning harakatchanligi cheklanadi. Alomatlar tayanch-harakat tizimining boshqa kasalliklari bilan o’xshashligi tufayli tashxislash nisbatan murakkab;
- Siydik-tanosil tizimida (urogenital tuberkulyoz) — odatda buyrak va / yoki chanoq a’zolarida aniqlanadi. Tez-tez siyish, shu jumladan, siydikda qon uchrashi va isitma kuzatiladi;
- Terida — teri bo’ylab tarqaladigan toshmalar shaklida ifodalanadi, toshmalar paypaslab ko’rilganda tugunchalarni eslatadi.
Turli a’zolar jarohatlanganda boshqa alomatlar ham kuzatilishi mumkin. Qon oqimiga kirib, bakteriyalar organizmning hamma joylariga tarqaladi. Deyarli har qanday organ, to’qima yoki a’zolar tizimini jarohatlashi mumkin. Bunday holatlarda kasallikning klinik belgilari boshqa etiologiyali yallig’lanish jarayonlaridan farqlanmaydi.
O’pkadan tashqari sil shakllarni davolash prognozi tashxis vaqtiga, patologik jarayonning lokalizatsiyasiga, uning bosqichiga, organning shikastlanish darajasiga, bemorning umumiy salomatligiga bog’liq.
Tashxislash
Tibbiyotning tuberkulyoz bilan shug’ullanadigan sohasi ftiziatriya, uning mutaxassislari esa ftiziatrlar deb ataladi.
Tashxis organizmda kasallik sababchisini aniqlashga imkon beradigan tahlillar asosida qo’yiladi. Diagnostik chora-tadbirlar anamnezni yig’ish va bemorlarning shikoyatlarini tahlil qilish, tibbiy tarixni o’rganish bilan boshlanadi.
Tashxisni tasdiqlash yoki rad etish uchun bir qator tekshiruvlar o’tkaziladi:
- Mantu reaktsiyasi yoki Pirke testini tahlil qilish sil kasalligi mavjudligini aniqlaydigan eng keng tarqalgan tadqiqot usullaridan biri. Tuberkulin teri ustiga yoki ostiga qo’yiladi. Tuberkulin tekshiruvi Kox tayoqchasi bilan aloqani baholash imkonini beradi, ammo bu tashxisni tasdiqlamaydi. Bu diagnostik usuli boshqa turdagi mikobakteriyalar bilan aloqani ham ko’rsatishi mumkinligi tufayli sil mutaxassislar va boshqa mutaxassislar tomonidan tanqid qilinadi. Bundan tashqari, bu usul bo’yicha tashxislash BCG (silga qarshi vaktsina) bilan emlashdan so’ng noto’g’ri natijalarga olib kelishi mumkin. Mantu testi shuningdek emlashdan oldin asosiy komponentlarga bo’lgan allergik reaktsiyalarni aniqlash uchun uchun ishlatiladi;
- Diaskin testi ham teri tadqiqotlari qatoriga kiradi va mantu reaktsiyasi usuli bilan sil tashxisini takomillashtirishga qaratilgan. Bu o’ziga xos sinov bo’lib, u faqat sil kasali mikobakteriyalarga reaktsiya ko’rsatadi;
- Kvantiferon test yoki IFA — immunoferment diagnostik test, tuberkulinga allergiyasi bo’lgan kishilar uchun tavsiya etiladi. Tadqiqot biologik materiallarda (qon) amalga oshiriladi va eng ishonchli sinov hisoblanadi (faqat 2% noto’gri javob, Mantu sinovida esa 30%). Kasallikning yashirin va o’pkadan tashqari shakllarini aniqlash uchun tavsiya etiladi;
- Mikroskopik tahlil — yo’tal bilan ajralgan balg’amda patogen organizmni izlash uchun amalga oshiriladi. Agar mikroskop orqali Mikobakteriyalar aniqlansa, bakteriylarni sun’iy sharoitda o’stirib o’rganiladi;
- PZR — bugungi kunda eng to’g’ri tadqiqot usullari, biologik suyuqliklarda mikobakteriya DNKsi borligini aniqlash imkonini beradi;
- Biopsiyadan olingan to’qimalarning gistologik tekshiruvi suyak to’qimalarining silini aniqlashda qo’llaniladi.
Rentgenofraiya va flyuorografiya usullari o’pka to’qimasida yallig’lanish o’choqlari mavjudligini ko’rsatib beradi.
Sil kasalligini davolash
Tuberkulyozni, ayniqsa uning o’pkadan tashqari shakllarini davolash murakkab ish bo’lib, ko’p vaqt va sabrni talab qiladi.
Bugungi kunda asosiy davolash usuli polikomponent tuberkulyozga qarshi kimyoterapiya sanaladi. Bunga qo’shimcha sifatida bemorning intensiv, sifatli va turfa xil ovqatlanishiga, vazni pasaygan bo’lsa, vazn olishga, gipovitaminozlar, anemiya, leykopeniyani korrektsiya qilishga katta e’tibor berilishi kerak.
Muayyan ko’rsatmalarga binoan immunosupressiv preparatlar qabul qiluvchi bemorlar mumkin bo’lgan hollarda ularning dozasini imkon qadar kamaytirish yoki butunlay cheklashga harakat qilishlari kerak. OIV-infektsiya bilan kasallanganlarga maxsus anti-OIV terapiya belgilanadi, shuningdek rifampitsin qo’llash qarshi ko’rsatiladi.
Davolash antibakterial preparatlar, silga qarshi vositalar, immunomodulyatorlar, immunostimulyatorlar, probiotiklar va vitaminlarga asoslanadi va uzoq muddatli, keng qamrovli bo’ladi. Terapevtik kursning majburiy qismi — parhezli ovqatlanish va jismoniy faollik hisoblanadi.
Sil kasalligini davolashda glyukokortikoidlar juda cheklangan miqdorda qo’llaniladi, sababi ular kuchli immunosupressiv ta’sirga ega. Glyukokortikoidlarni tayinlash uchun asosiy ko’rsatmalar kuchli, o’tkir yallig’lanish, sezilarli intoksikatsiya va boshqalardir. Shu holda ham ular juda qisqa muddatga, minimal dozalarda va kuchli (5-komponentli) kimyoterapiya fonida buyuriladi.
Davo choralari orasida sanatoriya-kurortli davolanish ham muhim rol o’ynaydi. Tuberkulyoz mikobakteriyalari yaxshi oksigenatsiyani yoqtirmasligi anchadan buyon ma’lum. Tog’li kurortlarda zichligi kam bo’lgan havodan nafas olishda nafasning intesifikatsiyasida kuzatiladigan oksigenatsiyaning kuchayishi mikobakteriyalar o’sishi va ko’payishini sekinlashtiradi. Shu maqsadlarda (mikobakteriyalar to’plangan joylarda giperoksigenatsiya holatini yaratish uchun) ba’zida giperbarik oksigenatsiya qo’llaniladi.
Kasallikning faol bosqichida boshqalarga yuqtirish ehtimolligini kamaytirish uchun davolash sil dispanserida amalga oshiriladi. Dispanserda qolish davomiyligi jarayon turi va bosqichiga bog’liq ravishda bir necha oydan bir yilgacha yoki undan ham ko’pga cho’zilishi mumkin. O’zboshimchalik bilan davolash va kasallikni to’xtatishga urinish ko’pincha kasallikning qaytalanishi yoki rivojlanishiga, og’ir asoratlarning rivojlanishiga va hatto o’limga olib kelishi mumkin.
O’ta og’ir hollarda jarrohlik aralashuvi orqali sun’iy pnevmotoraks va pnevmoperitoneum qo’yish, shikastlangan o’pka yoki uning bir bo’lagini olib tashlash, kaverna, plevra empiemasini drenajlash talab etilishi ehtimoli mavjud.
Oldini olish
Ushbu kasallikdan tiklanish ehtimoli kasallikning bosqichi, shiksatlanish maydoni, bemorning umumiy salomatligi asosida hisoblanadi. Dastlabki bosqichlarda tashxis qo’yish kasallikni davolashni samarali kursini belgilash imkonini beradi.
Kasallikning rivojlanishi immunitet darajasiga bog’liq, shuning uchun asosiy profilaktik chora — sog’lom turmush tarziga rioy qilish hisoblanadi. Bolalarni emlash, kasallikni dastlabki bosqichlarida aniqlash uchun muntazam sinovlar va testlarni o’tkazish ham muhim rol o’ynaydi.