Skarlatina — sabablari, alomatlari, tashxislash, davolash va oldini olish

Skarlatina (lot. scarlatinum — yorqin qizil) — A guruh gemolitik streptokokk (Streptococcus pyogenes) tomonidan chaqiriladigan infektsion kasallik. Kichik o’lchamdagi toshmalar, isitma, organizmning umumiy zaharlanishi bilan namoyon bo’ladi.

Skarlatina kasalligi
Skarlatinada infektsiyaning tarqalish manbai inson sanaladi. Bu quyidagi toifa kishilar bo’lishi mumkin:

  1. Angina, skarlatina yoki streptokokkli faringit bilan og’rigan bemorlar. Bunday shaxslar atrofdagilar uchun kasallikning dastlabki kunlarida ayniqsa xavflidir.
  2. Rekonvalestsent — bu kasallikni boshdan o’tkazib, so’ng tiklangan odam. U hali yana bir muddat streptokokkni tarqatib yurishi mumkin. Bunday tashuvchanlik uch haftagacha davom eta oladi.
  3. Sog’lom tashuvchi — kasallik belgilari kuzatilmaydi, ammo A guruhi streptokokklari uning burun-halqum shilliq qavatlarida yashaydi va atrof muhitga chiqariladi. Bunday kishilar soni yetarlicha ko’p (jami aholining 15 foizigacha).

Streptokokkning patogenlik omillari

  • Septik omil — mikroblarning bodomsimon bezlar atrofidagi to’qimalarga, qon oqimiga kirganda esa — ichki organlarda tarqalishini belgilaydi. Skarlatinaning og’ir shakllari butun organizm bo’ylab streptokokllar tarqalish o’choqlari shakllanishi bilan kechishi mumkin.
  • Toksik omil — epidermis yuqori qatlamining buzilishi va ko’chishi, shuningdek, bosh miya va yurak funktsiyasining buzilishini belgilaydi. Skarlatina kasalligining o’ziga xos xususiyati — «skarlatinali yurak» — a’zoga toksik omil ta’siri tufayli bemor yuragining kattalashishidir.
  • Allergik omil — kasallikning o’tkir bosqichida toshmalar toshishini belgilab beradi va tiklanish davrida ichki a’zolarning, revmatizm yoki vaskulit tipi bo’ycha biriktiruvchi to’qimalarining ko’plab shikastlanishlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Inkubatsion davr

Kasallikning inkubatsion davri odatda 2-3 kundan 12 kungacha davom etadi. Boshlang’ich davr, odatda juda qisqa bo’lib (bir necha soat), kasallikning birinchi alomatlari sezila boshlagan vaqtdan toshma paydo bo’lishigacha bo’lgan vaqtni o’z ichiga oladi. Kasallik to’satdan boshlanishi mumkin.

Bemor skarlatinaning birinchi alomatlari paydo bo’lishidan bir kun oldin kasallik tarqatuvchisiga aylanadi. Yuqimlilik davri davomiyligi bir necha kundan bir necha haftagacha cho’zilishi mumkin, ammo penitsillin fonida va murakkabliklar kuzatilmasa bemor bola 7-10 kundan so’ng boshqalarga epidemik xavf tug’dirmaydi.

Alomatlari

Skarlatina kasalligi belgilari quyidagicha namoyon bo’ladi:

  • Zaharlanish — isitma, umumiy holsizlik, bosh og’rig’i.
  • Skarlatina toshmasi — kichik nuqtali, shisha shpatel bilan yengil bosganda aniqroq ko’rinadi. Qattiqroq bosilsa o’rni sarg’ish-tillarang tusga kiradi. Kasallikning 1-3 kunida toshmalar asosan tananing yon tomonlarida, chov sohasi, yonoqlarda joylashgan bo’ladi. Lab-burun uchburchagi terisida toshma toshmaydi. Toshma odatda 3-7 kun saqlanib turadi, keyin dog’ qoldirmagan holda yo’qolib ketadi. Toshmalarning qo’l-oyoqning bukiladigan qismlarida zich joylashishi xarakterlidir.
  • Skarlatinada til ko'rinishi
    Skarlatina bilan xastalangan bolaning tili ko’rinishi
    Til qizarishi — skarlatinaning indikativ alomati. Kasallikning 2-4 kunida, bemorning tili sezilarli darajada donador bo’lib, yorqin qizil rangga kiradi.
  • Angina — kasallikning doimiy belgisi. Oddiy anginadan ko’ra og’irroq kechishi mumkin.
  • Terinining qipiqlanishi — toshmaning yo’qolishidan keyin paydo bo’ladi: kaft va oyoq panjalari sohasida yirik plastinkasimon bo’ladi va barmoq uchlaridan boshlanadi. Gavda, bo’yin, quloq suprasida qipiqlanish kepaksimon ko’rinishda bo’ladi.

Tashxis

Kasallikni tashxislashda bolaning teri holati va toshma toshishi alohida rol o’ynaydi:

  • Qorin sohasidagi teri 10-15 soniya bosib turilsa, unda oq iz qoladi;
  • Yuzda toshma bo’lsa-da, lab-burun uchburchagi oqligicha qoladi, tilning ildizida oq karash kuzatiladi;
  • Yonoqlar rangi yorqin qizil tusda, kasallikning boshlanishidan 5-6 kun davomida til ham shunday rangda bo’ladi;
  • 2-3 hafta davom etadigan kaft va oyoqlarda terining qipiqlanish va ko’chishi;
  • Bukilish sohalarida toshmalarning zich joylashishi.

Skarlatinani davolash

Davolash odatda uy sharoitida amalga oshiriladi. Statsionar davolanish og’ir va asoratlar rivojlanish ehtimoli yuqori bo’lgan holatlarida talab etiladi. Tana harorati me’yorga tushgunga qadar bemorlar yotoq tartibiga amal qilishlari kerak.

Kasallikning o’tkir davrida ko’p miqdordagi suyuqlik qabul qilish (limon choy, meva sharbatlari), oqsillarni biroz cheklagan holda suyuq yoki yarim suyuq ovqatlar iste’mol qilishi lozim. Bemorlarga Pevzner parhez tizimi bo’yicha stol № 2 tavsiya etiladi.

Medikamentoz terapiya sifatida tabletka shaklida penitsillin qatoridagi antibiotiklar (fenoksimetilpenitsillin, retarpen, amoksitsillin, amoksitsillin + klavulan kislotasi) 7-10 kun davomida qabul qilish ko’rsatiladi. Bundan tashqari, qo’shimcha ravishda vitaminli terapiya (B vitaminlari, C vitamini) buyurilishi mumkin.

Og’ir holatlarda intoksikatsiyani kamaytirish uchun infuzion terapiya buyuriladi (vena ichiga glyukoza eritmasi yoki gemodez quyish).

Hozirgi kunda davolanish va prognoz bo’yicha ikkita nuqtai nazar mavjud. Ulardan biri antibiotiklar kashf etilishi bilan zamonaviy skarlatinaning kechishi yengillashganini nazarda tutadi. Boshqa mualliflar ovqatlanish va yashash sharoitlarining yaxshilanishi kasallik davom etishi va o’lim darajasining kamayishiga katta ta’sir ko’rsatgan deb hisoblashadi.

Ikkinchi nutai nazar foydasiga muhim dalillar — skarlatina ko’pincha antibiotiklar qo’llamagan hollarda ham (ba’zan ongli ravishda, ammo aksariyat hollarda tashxisning kech qo’yilishi tufayli) osonlikcha o’tib ketishi. Bolalar tegishli parvarishlansa, kasallik asoratlar qoldirmaydi va o’limga olib kelmaydi.

Qayta kasallanish

Normada, skarlatina bilan kasallanib tuzalgach, organizmida eritrotoksinga qarshi antitanalar ishlab chiqariladi. Ammo, agar immunitet juda zaif bo’lsa, tiklanish sodir bo’lmasidanoq patogenlar tomonidan qayta «hujum» kuzatilishi mumkin. Bu holda aftidan tuzalayotgan bolada kasallik yanada jiddiyroq bosqichga ko’tariladi.

Skartatina bilan uzoq vaqtdan so’ng qayta kasallanish 2-4% hollarda qayd etiladi. Buning sababi kasallikning dastlabki kunlaridan antibiotiklardan foydalanish oqibatida inson organizmi eritrotoksinga qarshi antitanalar ishlab chiqishga ulgurmasligi deb hisoblanadi.

Biroq ikkincha marta skarlatina, odatda, ancha yengil shaklda kechadi. Davolash yuqoridagi tarzda amalga oshiriladi, faqat shifokor birinchi marta qo’llanilgan antibiotik turidan farq qiluvchi vosita tavsiya qilishi mumkin.

Oldini olish

Bugungi kunda ushbu kasallikka qarshi vaktsina kashf etilmagan. Shu tufayli asosiy profilaktik chora-tadbirlar bemorlarni izolyatsiya qilish, shuningdek bemor bola qatnagan maktabgacha ta’lim muassasalari yoki maktablarda bir haftalik karantin e’lon qilishni o’z ichiga oladi.

Bolalarga o’qishga kasallik boshlanishidan 22 kun o’tgach qaytishga ruxsat beriladi. Agar bola statsionar sharoitda davolangan bo’lsa, kasalxonadan chiqqach, 12 kun o’tgach o’qishga qaytishi mumkin.

Kasallikni oldini olishning samarali usullaridan biri shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilish, xususan ovqatlanishdan oldin qo’llarni sovun bilan yuvish, bolaning shaxsiy buyumlari, o’yinchoqlarini dezinfektsiya qilish, odamlar gavjum bo’ladigan joylarga tashrif buyurishni cheklash sanaladi.

Jami baholar 4.3 / 5. Ovozlar soni: 14

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.