Tomir tortishishi — sabablari, yengillashtirish usullari, davolash va oldini olish

Tomir tortishishi (mushaklar tirishishi) — bu bir yoki bir nechta mushaklarning to’satdan va ko’pincha beixtiyoriy qisqarishi. Odatda tomir tortishishi oyoqlarda kuzatiladi: bunda kichik boldirning orqa mushaklari, shuningdek, sonning old va orqa mushaklari qamrab olinadi. Ba’zida bu holat qo’l, bilak, qorin devori va yelka kamari mushaklarida ham kuzatiladi.

Tomir tortishishi

Ko’pgina hollarda shifokorlar bu holatni og’riqli bo’lsa-da, ammo zararsiz deb hisoblashadi. Ayniqsa, agar tirishish bir martalik xarakterga ega bo’lsa va uzoq davom etmasa. Biroq, shifokorga shoshilinch ravishda ko’rinishni talab qiladigan alomatlar kombinatsiyasi mavjud.

Dastlab tomir tortishishining eng keng tarqalgan sabablari haqida.

Tomir tortishishi sabablari

Tomir tortishishi qayerdan kelib chiqishi fanga to’liq ma’lum emas. Ko’pincha uning sababni aniqlab bo’lmaydi (darhaqiqat agar spazm bir martalik bo’lsa, aniqlashga ko’p harakat ham qilinmaydi).

Ammo tirishishga moyillik yaratadigan holatlar mavjud. Ular orasida eng keng tarqalganlari quyidagilardir:

1. Mushaklarning ortiqcha zo’riqishi

Ko’pincha tirishishlar sport zalida haddan tashqari kuchli mashqlarni bajarish natijasi bo’ladi. Bu paytda yuzaga kelgan cho’zilish va boshqa mikrojarohatlar tuzalish davomida nafaqat og’riq hissi, balki tomir tortishishini ham chaqirishi mumkin.

2. Qon aylanishining buzilishi

Klassik misol bu tunnel sindromidir. Bu kompyuter qarshisida sichqonchani ushlagan holatda ko’p vaqt sarflaydiganlarda kuzatiladi. Bilakning uzoq muddat g’ayritabiiy holatda turishi tufayli mushaklarda qon aylanishi buziladi. Buning oqibati ham og’riq, ham mushaklarning kuchsizligi va tortishishlar bo’lishi mumkin.

Yana bir nechta keng tarqalgan holatlar:

  • Noqulay poyabzal. G’ayrioddiy baland poshnali, orqa qismi yo’q oyoq kiyimlar bunga misol bo’la oladi. Mushaklar tabiiy bo’lmagan stressga shunchalik o’rganib qoladiki, oxir-oqibat oyoqlar noqulaylikdan xalos bo’lganda, mushaklar bo’shasha olmaydi va tirishishlar yuzaga keladi;
  • Noqulay uyqu holati. Uvishib qolgan qo’l, oyoq, bo’yin — bularning hammasi qon aylanishi buzilishi belgisidir va tunda tomir tortishishiga sabab bo’lishi mumkin.

3. Qizib ketish va / yoki suvsizlanish

Haddan tashqari qizib ketishga nima sabab bo’lganligi muhim emas: yozning jaziramasi, qizg’in jismoniy mehnat yoki infektsiyalar tufayli yuqori harorat. Asosiysi shundaki, ajralayotgan ter bilan birgalikda organizm nafaqat suyuqlik, balki asab impulslarini to’g’ri yetkazish uchun zarur bo’lgan elektrolitlarni ham yo’qotadi. Mushaklar bunga javoban tortisha boshlaydi.

4. Mineral yetishmasligi

Kaliy, kaltsiy yoki magniy yetishmasligi mushaklarning bo’shashishiga to’sqinlik qilishi mumkin. Bu o’z navbatida tomir tortishishlariga olib keladi.

5. Asabiy zo’riqish yoki nevrologik kasalliklar

Bunday sharoitda ko’pincha mushaklar bo’shashishi qiyinlashadi.

6. Homiladorlik

Oyoqda tomir tortishishi ko’plab bo’lajak onalarga tanish hodisa. Buning sabablari shifokorlar uchun hali ham aniq emas.

7. Ba’zi kasalliklar va muayyan dorilar qabuli

Mushak tirishishlari ko’pincha qandli diabet, buyrak muammolari va qalqonsimon bez kasalliklar kabi patologiyalarga hamrohlik qiladi. Shuningdek bu holat ba’zi dorilarning nojo’ya ta’siri tufayli yuzaga kelgan bo’lishi mumkin. Masalan, furosemid va boshqa diuretiklar, shuningdek stenokardiya, osteoporoz, Altsgeymer kasalligi va boshqalarni davolash uchun ishlatiladigan dorilar ana shunday nojo’ya ta’sirga ega.

Tomir tortishganda nima qilish kerak

Ko’p hollarda mushak tirishishidan xalos bo’lish juda oson. Birinchi tez yordam choralari quyidagicha:

1. Tortishgan mushakni cho’zib, yengil massaj qilish

Bu spazmga duchor bo’lgan mushaklarning bo’shashishiga yordam beradi. Masalan, juda keng tarqalgan oyoq tortishishlarini yengillashtirish uchun qulay holatda o’tirib, oyoqlarni yozing va tortishgan oyoq barmoqlarini o’zingiz tomon egib torting.

2. Sovuq yoki issiq kompresslar qo’llash

Tirishib qolgan mushakka issiq suvda namlangan sochiq yoki isitish elementi bo’lgan choyshab qo’ying. Bundan tashqari issiq dush yoki gidromassajga murojaat qilish ham mumkin.

Sovuq ta’siri ham samarali bo’ladi. Sochiqqa muz yoki muzlatilgan sabzavotlarni solingan polietilenni o’rab, mushaklarni yengil massaj qilish kifoya.

3. Og’riq qoldiruvchi dorilar qabul qilish

Masalan, ibuprofen. Bunday vositalar ham mushaklarni bo’shashtirishga yordam beradi.

Xavfli holatlar

Mushaklarning tirishishi ichki a’zolar yoki umuman organizmning ishida jiddiy nosozlik mavjudligi alomati bo’lishi mumkin. Masalan, jigar sirrozi, I tip qandli diabet, rivojlanayotgan nevrologik kasalliklar, xususan, epilepsiya ko’pincha tomir tortishishlari bilan o’zini namoyon qiladi.

Yana bir xavf mavjud. Spazm nafaqat katta mushak guruhlariga, balki ichki a’zo membranalarini tashkil etuvchi silliq mushaklarga ham ta’sir qilishi mumkin. Bunday mushaklarning spazmi ba’zida xavfli bo’ladi. Masalan, bronxospazm nafas olishning buzilishiga, toj arteriyalari spazmi yurak faoliyatining yomonlashishi yoki hatto to’xtashiga olib kelishi mumkin.

Mayo klinikasi tadqiqot markazi tavsiyasiga ko’ra, agar tomir tortishishlari quyidagicha shaklda bo’lsa, iloji boricha tezroq tibbiy yordamga murojaat qilish kerak:

  1. Agar holat tez-tez — kuniga bir necha marta yoki bir necha kun ketma-ket takrorlansa.
  2. Jiddiy, deyarli chidab bo’lmaydigan noqulayliklarni keltirib chiqarsa.
  3. Shish, qizarish yoki terining rangi va tuzilishidagi har qanday o’zgarishlar bilan birga kechsa.
  4. Isitma va bosh og’rig’i hamrohlik qilsa.
  5. Mushaklarning kuchli zaifligiga sabab bo’lsa.

Agar yuqorida sanab o’tilgan alomatlar kuzatilmasa, yengil nafas olish mumkin: yuqori ehtimollik bilan bunday spazmlar hech qanday tahdid solmaydi. Shunga qaramay, ularning kelib chiqishini tushunishga harakat qilish tavsiya etiladi. Hech bo’lmaganda kelajakda bunday og’riqli hislardan xalos bo’lish uchun.

Tomir tortishishini davolash

Agar tomir tortishishi noqulaylik tug’dirsa (tunda uyg’otib yuborsa yoki massaj va kompresslarga qaramay uzoq davom etsa), terapevtga murojaat qilish kerak. Organizmdagi nosozliklarni aniqlash uchun shifokor bir nechta savol berishi mumkin, masalan:

  1. Tomir tortishishi qanchalik tez-tez kuzatiladi?
  2. U qaysi mushaklarga ta’sir qiladi?
  3. Biron bir dori ichayapsizmi?
  4. Qanchalik tez-tez alkogolli ichimliklar ichasiz?
  5. Turmush tarzingiz va jismoniy faolligingiz qanday?
  6. Kuniga qancha suyuqlik ichasiz?

To’liq tashxis qo’yish uchun qon va siydik tahlili talab qilinishi mumkin. Ularning yordami bilan shifokor organizmdagi mikroelementlarn darajasini bilib oladi, shuningdek buyraklar va qalqonsimon bezning holati haqida ma’lumotga ega bo’ladi. Ba’zi hollarda elektromiografiya buyurilishi mumkin. Bu mushaklarning faoliyatini o’lchaydigan va ularning ishida anomaliyalarni tashxislaydigan tadqiqot usulidir.

Bularning natijasida shifokor spazmlarga sabab bo’layotgan kasallikni aniqlaydi va tegishli davo choralarini buyuradi.

Oldini olish

Mushaklar qisqarishining eng keng tarqalgan sabablarini hisobga olgan holda, ularning oldini olish uchun quyidagilarga rioya qilish tavsiya etiladi:

  1. Suvsizlanishni oldini olish uchun ko’p miqdorda suv ichish.
  2. Alkogolli ichimliklarni suiste’mol qilmaslik. Boshqa zararlari qatorida, u kuchli diuretik sanaladi va suyuqlik yo’qotilishiga olib keladi.
  3. Qon aylanishi buzilishini oldini olish uchun muntazam ravishda jismoniy mashqlar bajarish.
  4. Qulay poyabzal kiyish.
  5. Stress va asabiylashishlardan qochishga harakat qilish. Dam olish va uxlash ham me’yorda bo’lishi kerak.
  6. Taomnomada kaliy, magniy va kaltsiyga boy ovqatlar yetarlicha bo’lishi zarur: sut mahsulotlari, donlar, bargli ko’katlar, yong’oq va boshqalar shular qatorida.
  7. Agar lozim bo’lsa, mineral komplekslar va bioqo’shimchalar qabul qilish. Tabiiyki, bunday preparatlar terapevt bilan maslahatlashgandan so’ng qabul qilinishi kerak.

Jami baholar 4.6 / 5. Ovozlar soni: 9

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.