Tomoq og’rig’i — sabablari, xavf omillari, davolash usullari, oldini olish
Tomoq og’rig’i — tomoqda achishish, qichishish va ko’pincha yutinish vaqtida kuchayadigan og’riq bilan namoyon bo’ladigan holat. Tomoq og’rishining eng keng tarqalgan sabablaridan biri virusli inkfetsiya sanaladi, masalan shamollash va gripp. Virus tomonidan chaqirilgan yallig’lanish o’z-o’zidan shifo topadi.
Streptokokkli kasallik (streptokokkli infeksiya) — tomoq og’rig’ining bakteriyalar tomonidan chaqiriladigan kamroq tarqalgan turi bo’lib, jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin, shu sababli tegishli davolanishni talab qiladi. Kasallikning yanada kamroq tarqalgan boshqa sabablari murakkabroq terapiyani talab qilishi mumkin.
Mundarija
Alomatlari
Tomoq og’rig’i alomatlari uni keltirib chiqargan sababga qarab farq qiladi. Belgilar asosan quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Tomoqda achishish yoki og’riq hissi;
- Yutinish yoki gapirish vaqtida kuchayadigan og’riq;
- Yutinish qiyinligi;
- Bo’yin yoki jag’da limfa tugunlarining shishishi, og’rishi;
- Bodomsimon bezlarning qizarishi, shishishi, ularning ustida oq karash mavjudligi;
- Ovozning bo’g’iq yoki xirillagan bo’lishi.
Umumiy infektsiya tarqala boshlasa, boshqa belgilar ham kuzatilishi mumkin, jumladan:
- Isitma;
- Yo’tal;
- Tumov;
- Aksirish;
- Tana, bosh og’rig’i;
- Ko’ngil aynishi yoki qayt qilish.
Qachon shifokorga murojaat qilish kerak
Bolalarda tomoq og’rig’i erta tongda dastlabki suyuqlik ichish bilan o’tib ketmasa, ularni shifokorga olib borish tavsiya etiladi. Quyidagi belgilar kuzatilganda esa darhol shifokorga murojaat qilish zarur:
- Nafas olish qiyinligi;
- Yutinish qiyinligi;
- G’ayritabiiy so’lak oqishi (yutina olmaslikka ishora qiladi).
Amerika Otorinolaringologiya Akademiyasi tavsiyasiga ko’ra, katta yoshli bemorlar quyidagi muammolardan birontasi kuzatilganda shifokorga uchrashishlari kerak:
- Tomoq og’rig’i kuchli bo’lishi yoki bir haftadan ortiq davom etishi;
- Yutinish, nafas olish, og’izni ochish qiyinligi;
- Bo’g’imlarda og’riq;
- Quloq og’rig’i;
- Toshmalar;
- Tana haroratining 38,3 °C dan yuqori bo’lishi;
- So’lak yoki balg’amda qon bo’lishi;
- Holatning tez-tez takrorlanib turishi;
- Tomoqda yot jism mavjudligi hissi;
- Ovozning ikki haftadan ortiq vaqt davomida xirillashi.
Sabablari
Tomoq og’rig’iga ko’pincha shamollash va grippga olib keladigan viruslar sabab bo’ladi, kamroq hollarda esa — bakteriyalar.
Virusli infektsiyalar
- Shamollash;
- Gripp;
- Mononukleoz (mono);
- Qizamiq;
- Suvchechak;
- Bo’g’ma (krup).
Bakterial infektsiyalar
Eng keng tarqalganlari orasida Streptococcus pyogenes yoki A guruh streptokokklari ajratiladi.
Boshqa sabablar
- Allergiya. Xususan uy hayvonlari juni, mog’or, chang va gullar changiga allergiya. Ushbu muammo postnazal tomchilash bilan murakkablashishi mumkin.
- Quruqlik. Xona havosi quruq bo’lishi, ayniqsa isitish mavsumida, ertalab uyg’onganda tomoqda qattiqlik va qichishish seziladi. Og’izdan nafas olish (ko’pincha surunkali burun bitishi tufayli) ham shunday muammolarga olib keladi.
- Qo’zg’atuvchilar. Tashqi yoki xona ichidagi havo ifloslanishi (tamaki tutuni yoki kimyoviy moddalar bilan) ham tomoqdagi surunkali og’riqlarga sabab bo’ladi. Tamaki, alkogolli ichimliklar va achchiq taomlar iste’mol qilish shilliq qavatlarga qo’zg’atuvchi ta’sir ko’rsatadi.
- Mushaklar zo’riqishi. Tomoq mushaklari uzoq muddat tinimsiz gapirish, musobaqalarda baland ovozda baqirish tufayli zo’riqishi mumkin.
- Gastroezofageal reflyuks kasalligi (GERK). GERK oshqozon kislotasi yoki oshqozonning boshqa tarkibi qizilo’ngachga ko’tarilishi bilan ifodalanadigan kasallik. Ushbu patologiyada kuzatiladigan boshqa alomatlar jig’ildon qaynshi, ovoz xirillashi va tomoqda yot jism mavjudligi hissini o’z ichiga oladi.
- OIV infektsiya. Kasallanishdan keyin erta muddatlarda tomoq og’rig’i va boshqa grippga o’xshash alomatlar paydo bo’ladi. Shuningdek, OIV infektsiyasiga chalingan bemor zamburug’li infektsiya yoki sitomegalovirus kabi ikkilamchi infektsiya tufayli surunkali yoki tez-tez qaytalanadigan tomoq og’rishidan aziyat chekishi mumkin.
- O’smalar. Xususan tomoq, til yoki ovoz apparati saratoni. Boshqa belgilar yoki alomatlar ovoz xirillashi, yutinish qiyinligi, shovqinli nafas olish, tomoqda yot jism mavjudligi hissi va so’lak yoki balg’amda qon mavjudligi bilan ifodalanadi.
Kamdan-kam hollarda tomoq og’rishiga infektsiyalangan to’qima qismi (abstsess) va epiglottit olib kelishi mumkin. Har ikkala sabab ham havo yo’lini to’sib qo’yishi ehtimoli tufayli tezkor tibbiy yordamni talab qiladi.
Xavf omillari
Har bir inson tomoq og’rishiga duch kelishi mumkin bo’lsa-da, ba’zi bir omillar kasallanishga yanada moyil qilib qo’yadi, jumladan:
- Yosh. Ushbu holatdan ko’proq bolalar va o’smirlar aziyat chekishadi. Shuningdek bakterial etiologiyali yallig’lanish aynan bolalarda ko’p uchraydi.
- Tamaki tutuni ta’siri. Faol va passiv chekish tomoqni ta’sirlantirishi mumkin. Tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish og’iz, tomoq va ovoz apparati saratoni xavfini oshiradi.
- Allergiya. Mavsumiy allergiyalar yoki chang, mog’or yoki hayvonlar juniga allergiya yallig’lanish rivojlanishiga hissa qo’shadi.
- Kimyoviy qo’zg’atuvchilar ta’siri. Qazilma yoqilg’ilar va turli kimyoviy moddalar yonishi oqibatida ajralib chiqadigan zarrachalar yallig’lanishga olib kelishi mumkin.
- Surunkali yoki tez-tez sinus infektsiyalari. Burundan oqadigan drenaj tomoqni ta’sirlanishi yoki yoki infektsiyalanishiga sabab bo’la oladi.
- Yopiq xonalar. Virusli va bakterial infektsiyalar bolalar markazlari, sinfxonalar, idoralar yoki samolyot kabi yopiq joylarda osonlikcha tarqaladi.
- Immunitet zaiflashuvi. Organizm qarshiligi kam bo’lsa, umuman har qanday infektsiyalarga chalinish ehtimoli ancha yuqori bo’ladi. Immunitet pasayishining keng tarqalgan sabablari — OIV, qandli diabet, steroidlar yoki kimyoterapevtik vositalar bilan davolanish, stress, charchoq va yomon ovqatlanish sanaladi.
Tomoq og’rig’ini davolash
Ushbu holat ko’pchilik hollarda minimal darajada davolashni talab qiladi yoki umuman talab qilmaydi. Yuqorida keltirilgan xavfli alomatlar kuzatilmasa, bemorlarga yotoq tartibiga amal qilish, yetarli miqdorda suyuqlik ichish ko’rsatiladi.
Og’riq va diskomfortni yengillashtirish uchun mahalliy vositalar qo’llash mumkin. Kasallik vaqtida uy sharoitida tomoqni iliq sho’r suv yoki moychechak damlamasi bilan chayish va ovoz apparatiga dam berish tavsiya etiladi. Shilliq qavatlarning qurib qolishini oldini olish uchun xona havosini namlab turish kerak.
Faol terapiyasiz alomatlar ikki kundan yetti kungacha saqlanib turadi.
Oldini olish
Tomoq og’rig’ini oldini olishning eng samarali usuli — patogen mikroblardan qochish va shaxsiy gigienaga amal qilishdir. Quyidagi tavsiyalarga rioya qilish va farzandlarni ham ularga amal qilishga o’rgatish kerak:
- Qo’llarni yaxshilab va tez-tez yuvib turish. Ayniqsa, hojatxonadan chiqqach, ovqatlanishdan oldin va aksa urish yoki yo’taldan keyin.
- Oziq-ovqatlar, qoshiq, piyola kabi anjomlardan umumiy foydalanmaslik.
- Faqat ro’molcha yoki salfetkaga aksa urish yoki yo’talish. Ular bo’lmaganda tirsakka aksa urish.
- Sovun va suv mavjud bo’lmaganda qo’llarni yuvishga muqobil sifatida alkogol saqlanuvchi tozalash vositalarini qo’llash.
- Jamoat telefonlari va suv ichish uchun favvorachalarga og’iz bilan tegmaslik.
- Telefonlar, televizor pultlari va kompyuter klaviaturasini muntazam ravishda dezinfektsiyalovchi vositalar bilan tozalash.
- Bemor insonlar bilan yaqin aloqa qilmaslik.