Tuxumdon kistasi — sabablari, alomatlari, tashxislash, davolash, oldini olish

Tuxumdon kistasi (yun. Κύστις — xalta, pufakcha) — tuxumdon tuzilmasida paydo bo’ladigan va uning hajmini bir necha barobar oshiradigan suyuq yoki yarim suyuq tarkibga ega bo’lgan pufak shaklidagi hosila.

Tuxumdon kistasi

Sabablari

Tuxumdonda kista paydo bo’lishining sabablari hali to’liq aniqlanmagan. Kista rivojlanish mexanizmida apoptoz va gonadotrop gormonlarning buzilishi rol o’ynashi mumkin.

Bundan tashqari, turtki bo’luvchi omillar qatoriga reproduktiv yoshda ham homilador bo’lmaslik, abortlar va endokrin tizim kasalliklari ham kiradi. Ushbu omillar kista shakllanishi xavfini oshiradi, shuning uchun ko’pincha katta yoshli ayollarda klimask davrida ushbu kasallik tashxisi qo’yiladi.

Tasnifi

Funktsional kistalar (follikulyar, lyuteinli) tuxumdonning tabiiy strukturalari — follikul va sariq tanadan hosil bo’ladi:

  • Follikulyar kistalar sodir bo’lmagan ovulyatsiya va follikul o’sishining davom etishi oqibati hisoblanadi.
  • Lyuteinli kistalar (sariq tana kistalari) ovulyatsiyadan keyin hosil bo’lgan sariq tanada ortiqcha suyuqlik to’planishi natijasidir.

Funktsional kistalar qisqa vaqt davomida (2-3 oygacha) mavjud bo’lib, o’z-o’zidan yo’qolib ketadi.

Endometrioid kistalar (endometriomalar) tuxumdon endometriozi tufayli paydo bo’ladi. Endometrioz o’chog’idan har oyda kichik qon ketishlar tuxumdonda qon bilan to’lgan bo’shliq paydo bo’lishiga olib keladi. Uning ichidagi qon vaqt o’tishi bilan quyuqlashadi, qorayadi va tuzilishi va rangiga ko’ra suyuq shokoladga o’xshash bo’ladi. Shuning uchun bunday kistalar «shokoladli» deb ham ataladi.

Kistoz o’smalar haqiqiy o’simtalarga oid sanaladi, ammo ularda kistaning tashqi belgilari ham mavjud. Kista va kistoz o’smalarni ba’zan faqatgina gistologik tekshiruvdan keyin ajratish mumkin. Kistoz o’smalar seroz va mutsinoz sistadenomalarni, shuningdek yetuk teratomalarni (dermoid kistalarni) o’z ichiga oladi.

Alomatlari

Tuxumdon kistalari ko’pincha hech bir belgi namoyon qilmay, profilaktik tekshiruvlar yoki boshqa sababga ko’ra ultratovushli tekshiruv o’tkazish paytida aniqlanadi.

Og’riq odatda qorinning pastki qismida bir tomonlama qayd etiladi, tortuvchi yoki simillovchi tabiatga ega va jinsiy aloqa paytida yuzaga kelishi yoki kuchayishi mumkin. Ko’pincha bu shunchaki og’irlik hissi sifatida namoyon bo’ladi. Og’riq kuchayishi, bundan tashqari ko’ngil aynishi, qusish bilan kechishi, qorin bo’shlig’iga tarqalishi va asoratlar rivojlanishida (kistaning buralishi yoki yorilishida) to’g’ri ichakka o’tishi mumkin. Dermoid kistalar ko’pincha buralib qolsa, lyuteinli kistalarda yorilish ko’proq kuzatiladi. Follikulyar kistaning yorilishiga qisqa muddatli og’riq hamrohlik qilishi mumkin, ammo u salomatlik uchun xavf tug’dirmaydi.

Hayz siklining buzilishi menstruatsiyaning kechikishi yoki bachadondan disfunktsional qon ketishi ko’rinishida namoyon bo’lishi mumkin. Qorinning kattalashishi faqat katta kistoz o’smalarda kuzatiladi.

Tashxislash

Tuxumdonda hajmli hosila paydo bo’lishi shifokor tomonidan ko’rik vaqtida aniqlanishi mumkin, ammo kista tashxisi ultratovushli tekshiruvdan so’ng qo’yiladi. UT tekshiruvning u yoki bu belgilariga ko’ra, ma’lum bir ehtimollik bilan tuxumdon kistasining ma’lum bir turini taxmin qilish mumkin. Agar kista devorida zich tuzilmalar bo’lsa, saraton kasalligini istisno etish uchun onkomer CA-125 (saraton antigeni) uchun sinov o’tkaziladi.

Davolash

Agar UTT bo’yicha biron bir o’simtaning aniq belgilari (qattiq kiritmalar) aniqlanmasa, kichkina (1 sm gacha) bo’lgan kistalar uchun kutish taktikasi qo’llaniladi.

Konservativ terapiya gormonal kontratseptivlarni qabul qilish orqali kistalarning o’sishini kamaytirish yoki oldini olishga qaratilgan.

Jarrohlik amaliyotiga 2-3 hayz sikli davomida kutish taktikasi kistaning yo’qolib ketishiga olib kelmagan hollarda murojaat qilinadi. Jarrohlik paytida laporoskopiya usuli qo’llanilib, kista reproduktiv yoshdagi ayollarda sog’lom tuxumdon to’qimasini maksimal darajada saqlab qolgan holda olib tashlanadi.

Kista og’riq bilan namoyon bo’lsa, tuxumdon funksiyasi buzilishi 2 hayz siklidan ortiq davom etsa va o’sma belgilari aniqlanmasa, uning ultratovushli skan nazorati ostida punktsiyasi va aspiratsiyasi amalga oshirilishi mumkin. Bu holda vaginal ultratovushli uzatkich va punktsion nasadkadan foydalanib, kista bo’shlig’iga igna kiritiladi. Kista tarkibi aspiratsiyalanadi va sitologik tekshiruvdan o’tkaziladi. Bo’shliqqa sklerozlovchi xususiyatga ega 10-15 ml etil spirti yuboriladi. Aspiratsion terapiya usullari reproduktiv yoshdagi ayollarda o’zini to’liq oqlagan.

Jami baholar 4.3 / 5. Ovozlar soni: 16

Reklama

2 ta izoh qoldirilgan

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.