Yurak-tomir kasalliklari — tasnifi, turlari, alomatlari, oldini olish choralari

Yurak-tomir kasalliklari (YTK) — yurak va qon tomir patologiyalarining umumiy nomlanishi. Hozirgi kunda bu kasalliklar guruhi dunyoda, jumladan, O’zbekistonda ham o’lim va nogironlikning yetakchi sababchisi bo’lib kelmoqda.

Yurak-tomir kasalliklari haqida

Epidemiologiya

Magistral arteriyalarning (koronar, bosh miya) aterosklerotik shikastlanishidan kelib chiqqan yurak-qon tomir kasalliklari butun dunyoda aholi o’limning asosiy sababchisi sanaladi.

JSST ma’lumotlariga ko’ra, 2016-yilda dunyo bo’ylab YTK tufayli 17,9 million kishi vafot etgan, bu barcha o’limlarning 31 foizini tashkil etadi. Ularning 85 foizi miokard infarkti va insult hissasiga to’g’ri kelgan. O’lim holatlarining 75% dan ortig’i erkaklar va ayollar orasida deyarli teng darajada past va o’rta daromadli mamlakatlarda qayd qilingan.

O’zstat ko’rsatkichlari

O’zbekiston Davlat statistika qo’mitasi bergan ma’lumotlarga ko’ra, 2019-yil birinchi choragida o’lim holatlarining deyarli 64% aynan YTK hissasiga to’g’ri kelgan. Xususan:

Patologiya turi O’lim ko’rsatkichi, %
Yurak-tomir kasalliklari 63.8
O’simtalar 9.0
Hazm qilish tizimi kasalliklari 5.2
Nafas olish tizimi kasalliklari 5.1
Baxtsiz hodisalar tufayl 4.3
Infektsion va parazitar kasalliklar 1.4
Boshqa kasalliklar 11.2

Yurak-tomir kasalliklari turlari

Arterial gipertoniya

Arterial gipertoniya (AG) — qon bosimini 140/90 mm.sim.ust va undan yuqori bo’lishi. Birlamchi, essentsial arterial gipertoniya (shuningdek, gipertonik kasallik) patologik jarayonlar mavjudligi bilan bog’liq emas va zamonaviy sharoitlarda bartaraf etishning imkoni mavjud bo’lgan sabablar tomonidan chaqiriladi. Bu eng keng tarqalgan yurak-tomir patologiyasi hisoblanadi.

Simptomatik yoki ikkilamchi gipertoniya yurak va qon tomir kasalliklari, endokrin tizim patologiyasi yoki boshqa holatlarning oqibati sanaladi.

Yurak ishemik kasalligi

Yurak ishemik kasalligi (YIK) (shu jumladan barqaror va beqaror stenokardiya, miokard infarkti) — koronar arteriyalar bo’ylab qon aylanishining buzilishi oqibatida yuzaga kelgan miokard shikastlanishi. Ko’pincha YIK sababi — dislipidemiya fonida koronar arteriyalar aterosklerozi sanaladi.

Kasallikning xavfli shakllari va o’limning asosiy sabablaridan biri — miokard infarktidir.

Serebrovaskulyar kasalliklar

Serebrovaskulyar kasalliklar yoki bosh miya qon tomir kasalliklari — miyaga qon olib kelishga mas’ul bo’lgan tomirlarning zararlanishini o’z ichiga oladigan kasalliklar guruhi. O’tkir serebrovaskulyar kasalliklar orasida eng xavfli turi insult bo’lib, u jahonda o’lim sabablari bo’yicha ikkinchi o’rinda turadigan, nogironlikka olib keladigan yetakchi patologiyadir.

Insult ikki xil bo’lishi mumkin:

  1. Ishemik (miya infarkti) — o’tkir fokal ishemiya tomonidan chaqiriladi.
  2. Gemorragik — tomirlarning yorilishi tufayli miyaga qon quyilishi bilan tavsiflanadi.

Yurak ritmi va o’tkazuvchanligi buzilishi

Ushbu atama yurakning elektr impulslari hosil qilish chastotasi, muntazamligi va manbaidagi o’zgarishlar bilan tavsiflanadigan bir necha holatlarni birlashtiradi.

JSST ekspertlari ishchi guruhining ta’rifiga ko’ra, yurak ritmi buzilishi — normal sinusli ritmidan har qanday chetlashish hisoblanadi. Kardial aritmiyalar — deyarli har qanday yurak patologiyasi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo’lgan keng tarqalgan klinik fenomendir.

Kardiomiopatiya

Miokardning birlamchi shikastlanishi bilan bog’liq kasalliklar. Bugungi kunga kelib kardiomiopatiyaning umumiy ta’rifi va tasnifi mavjud emas.

Yevropa kardiologiya jamiyatining (2008) miokard va perikard kasalliklari bo’yicha ishchi guruhi ta’rifiga ko’ra, kardiomiopatiya — YIK, arterial gipertoniya, orttirilgan va tug’ma yurak poroklari bo’lmagan holda yurak mushaklarida tizimli va funktsional o’zgarishlar mavjudligi hisoblanadi.

Tug’ma va orttirilgan yurak poroklari

Tug’ma poroklarning ko’plab tasniflari mavjud. Ular shartli ravishda 2 guruhga bo’linadi:

1. Oq (arteriya va venoz qon aralashmaydi, qonning chap-o’ng oqimi bilan). 4 guruhni o’z ichiga oladi:

  • Kichik qon aylanish doirasini boyitilishi bilan (ochiq arterial nay, bo’lmachalararo va qorinchalararo to’siq nuqsoni, AB-kommunikatsiya va boshqalar);
  • Kichik qon aylanish doirasini zaiflashtirilishi bilan (izolyatsiyalangan pulmonal stenoz va boshqalar);
  • Katta qon aylanishi doirasini zaiflashtirilishi bilan (izolyatsiyalangan aortal stenoz, aortaning koarktatsiyasi va boshqalar);
  • Tizimli gemodinamikaning sezilarli buzilishisiz (yurakn dispozitsiyalari — dekstro-, sinistro-, mezokardiyalar, yurak distopiyasi — bo’yin, ko’krak, qorinli).

2. Ko’k (qonning o’ng-chap oqimi bilan, arterial va venoz qon aralashadi). 2 guruhni o’z ichiga oladi:

  • Kichik qon aylanishi doirasini boyitilishi bilan (magistral tomirlarning to’liq transpozitsiyasi, Eyzenmenger kompleksi va boshqalar).
  • Kichik aylanish doirasini zaiflashtirilishi bilan (Fallo tetradasi, Ebshteyn anomaliyasi va boshqalar).

2000-yilda tug’ma poroklarni umumiy tasniflash tizimini yaratish uchun Xalqaro Nomenklatura ishlab chiqilgan.

Orttirilgan poroklar:

  • Mitral yurak poroklari: mitral stenoz, mitral regurgitatsiya (yetishmovchilik).
  • Yurakning aortal poroklari: aortal stenoz (kattalarda keng tarqalgan yurak kasalligi), aorta yetishmovchiligi.

Yurak yetishmovchiligi

Yurak yetishmovchiligi — qon bosimi me’yordaligi va tomirlarda to’lib oqishiga qaramasdan, yurakning to’qimalar talabini qondiradigan darajada kislorod yetkazib bera omlasigiga olib keladigan yurak tuzilmasi va funktsiyasining buzilishidir.

Patologiya tinch holatda yoki biroz faollikda hansirash, tez charchash, shishlar, tirnoqlar va lab-burun uchburchagi sianozi (ko’karishi) bilan namoyon bo’ladi.

Infektsion endokardit

Yurak ichki membranasida yallig’lanishli o’zgarishlar natijasida shikastlangan hududda vegetatsiyalar paydo bo’lishi, tarqalgan infektsiya belgilari va qon aylanishi buzilishlari kombinatsiyasi bo’lgan kasallik.

Miokarditlar

Miokardit — miokardning infektsion yoki autoimmun tabiatli yallig’lanishi isbotlangan yoki asosli shubha qilinganda yurak to’qimasining (kardiomiotsitlar, biriktiruvchi tizim, o’tkazuvchi tizim hujayralari va boshqalar) klinik va morfologik o’zgarishlari kombinatsiyasi.

Perikardit

Perikard seroz membranalarining yallig’lanishi bo’lib, uning bo’shlig’ida ekssudat paydo bo’lishi va bitishish hamda qobiqlarning chandiqli tiklanishi ehtimoli mavjudligi bilan xarakterlanadi.

Yurak o’smalari

O’smalar yaxshi sifatli (barcha o’smalarning taxminan 70%) va yomon sifatli (taxminan 30%) bo’lishi mumkin.

Yurak shikastlanishi

Yurak jarohatlari — penetratsiya yoki penetratsiyasiz mexanik kuch natijasida yurak shikastlanishi.

Aorta kasalliklari

Aorta anevrizmasi — tomir devorining kuch va egiluvchanligini pasayishiga olib keladigan turli patologik mexanizmlar tufayli aorta bo’shlig’ining yarim yoki undan ortiq martaga kengayishi.

Periferik qon tomir kasalliklari

Periferik arteriya kasalliklari ekstrakranial, vistseral va buyrak arteriyalari, qorin aortasi va qo’l-oyoq arteriyalarning zararlanishi bilan bog’liq bo’lgan sindromlardir.

Tarqalganlik nuqtai nazaridan eng muhimlari ateroskleroz va qandli diabetning tomirlarda aks etgan asoratlari hisoblanadi. Shu bilan birga, tomirlar patologiyasi tufayli yuzaga kelgan boshqa bir qator nozologiyalar mavjud. Masalan arterial yo’llarning degenerativ shikastlanishlari tomonidan chaqirilgan kasalliklar (Elers-Danlos, Marfan sindromi, Erdgeym o’smasi, neyrofibromatoz) anevrizma shakllanishiga va qavatlanishlarga olib kelishi mumkin. Fibromushakli displaziya ko’pincha buyrak, uyqu va yonbosh arteriyalari shikastlanishiga olib keladi.

Tizimli vaskulyit va biriktiruvchi to’qima kasalliklarida qon tomirlarining ko’plab shikastlanishlari qayd etiladi:

  • Yirik tomirlar (aorta va uning qismlari) — gigant hujayrali arteriit (Horton kasalligi), Takayasu kasalligi, Bexchet sindromi, artropatiyaga hamrohlik qiluvchi vaskulit;
  • O’rta diametrli arteriyalar — tugunli periarteriit, gigant hujayrali arteriit, Vegener granulematozi, Cherga-Straus sindromi, Kavasaki kasalligi, qon tomirlarinign radiatsiya tomonidan shikastlanishi;
  • Kichik tomirlar (arteriola va kapillyarlar) — tizimli skleroderma, tizimli qizil volchanka, revmatoid artrit.

Bundan tashqari, alohida ravishda Byurger kasalligini ajratib ko’rsatish mumkin. U qo’l-oyoq arteriya va venalarining trombozi, o’tkir yallig’lanishi bilan ifodalanadi.

Vazospastik kasalliklarga (ularning asosida mushak tipli tomirlarning vazokonstriktsiyasi yotadi) migren, Reyno sindromi va kasalligi kiradi.

O’pka gipertenziyasi

O’pka gipertenziyasi — o’ng qorincha yetishmovchiligi rivojlanishiga va insonning muddatidan oldin o’limiga olib keladigan o’pka tomiri qarshiligining progressiv o’sish bilan tavsiflanadigan kasalliklar guruhi.

Venoz tromboembolik asoratlar

Teri osti, chuqur venalar, shuningdek o’pka tromboemboliyasini birlashtiradigan umumiy tushuncha.

Hayotga tahdid soladigan YTK belgilari

Miokard infarkti belgilari:

Kasallikning asosiy belgisi bu kuchli og’riqdir. Miokard infarkti bilan kechadigan og’riq ko’ks ortida joylashgan bo’lib, u yonish hissi va xanjar urilgandek hissiyotlar bilan ifodalanadi, ba’zi bemorlar og’riq «yorib tashlagudek» bo’ladi deya ta’riflaydi. Og’riq chap qo’l, pastki jag’, kuraklar orasiga tarqalishi mumkin.

Ushbu holatning rivojlanishi har doim ham jismoniy zo’riqishdan keyin kelmaydi, ko’pincha og’riq sindromi dam olish vaqti yoki kechqurun yuz beradi.

Yurak xurujiga quyidagilar hamrohlik qilishi mumkin:

  • Nafas olish qiyinlishuvi, nafas qisilishi, yo’tal;
  • Ko’ngil aynishi, qusish;
  • Bosh aylanishi;
  • Zaiflik, hushni yo’qotish;
  • Sovuq ter, titroq, oqarib ketish;
  • Yurak urishi, yurak ishida uzilishlar;
  • Emotsional qo’zg’alish, qo’rquv.

Miokard infarktining taxminan 25 foizi biron-bir alomatlarsiz yuz beradi.

Insult belgilari:

  • Bir qo’l va / yoki oyoqning keskin zaiflashuvi;
  • Yuzning bir tomoni yoki bir tarafdagi oyoq-qo’lning to’statdan uvishishi;
  • Yuz assimetriyasi;
  • To’satdan nutqning buzilishi;
  • Ong chalkashligi yoki hushni yo’qotish;
  • Bir yoki har ikkala ko’zning keskin ko’rmay qolishi;
  • Noma’lum sabablarga ko’ra keskin og’ir bosh og’rig’i.

YTK xavf omillari

Yurak-tomir tizimi ishemik kasalliklari rivojlanishining asosiy sababi aterosklerozdir. Bu kasallik uzoq vaqt davomida alomatlarsiz kechishi mumkin va faqatgina bir muddat o’tgach stenokardiya, surunkali serebrovaskulyar yetishmovchilik, miokard infarkti, insult, to’satdan o’limga olib kelishi mumkin.

Aterosklerozning asosiy xavf omillari:

Yosh Erkaklar > 40 yosh, ayollar > 50 yosh yoki erta menopauza
Chekish Hatto oz miqdorda sigaret chekishda ham
Gipertoniya Qon bosimi ≥140 / 90 mm.sim.ust yoki antigipertenziv vositalardan muntazam foydalanish
2-toifa qandli diabet Och qoringa glyukozaning > 6.1 mmol / l (110 mg / dl) bo’lishi
Yaqin qarindoshlarda erta YIK boshlanishi <55 yoshli erkaklarda, < 65 yoshli ayollarda miokard infarkti yoki beqaror stenokardiya
Oilaviy giperlipidemiya IIa, IIb va III turdagi giperlipidemiya
Abdominal semizlik Bel aylanasi: erkaklar uchun> 94 sm, ayollar uchun> 80 sm yoki tana massasi indeksi ≥ 30 kg / m2
Surunkali buyrak kasalligi TFT <60 ml / daqiqagacha pasayishi bilan SBY yokiglomerulonefrit, tubulointerstitsial nefrit, pielonefrit, buyraklarning tuzilmaviy patologiyasi

JSST ma’lumotlariga ko’ra, alkogolli ichimliklarni suiste’mol qilish ham YTK uchun jiddiy xavf omili sanaladi.

Profilaktika strategiyasi

YTKni oldini olish uchun ikkita asosiy strategiya mavjud: butun aholi masshtabida (populyatsion strategiya) va individual choralar («yuqori xavf» strategiyasi deb ham ataladi). Har ikki turdagi chora-tadbirlar yuqori samaradorlikka ega va hatto resurslar kam bo’lganda ham amalga oshirilishi mumkin.

Populyatsion strategiya

  • Tamaki chekishga qarshi qaratilgan keng qamrovli siyosat;
  • Yog’, shakar va tuz miqdori yuqori bo’lgan ovqatlar iste’molini kamaytirish uchun soliq solish;
  • Aholining jismoniy faollik darajasini oshirish uchun yo’lak va velosiped yo’llari qurish;
  • Alkogolli ichimliklar suiste’molini kamaytirish;
  • Maktablarda bolalarning to’g’ri ovqatlanishini ta’minlash;
  • Sog’lom turmush tarzini targ’ib qiluvchi ta’limiy tadbirlar.

Yuqori xavf strategiyasi

Ushbu strategiya aholi o’rtasida yurak-qon tomir xavfi yuqori bo’lgan shaxslarni maksimal erta muddatlarda aniqlash va ushbu xavf omillarini minimallashtirishga qaratilgan faol profilaktik tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan.

Yurak-tomir kasalliklari rivojlanishi xavfi yuqori bo’lgan shaxslar toifasini aniqlash asosan klinik dispanserizatsiya doirasida amalga oshiriladi. Profilaktik choralar sifatida o’zgartirilishi mumkin bo’lgan xavf omillari to’g’rilanadi. Ba’zi hollarda maxsus preparatlar buyurilishi mumkin.

Oldini olish

YTKning birlamchi va ikkilamchi profilaktikasi farqlanadi. Birlamchi profilaktika — kasallik rivojlanishini oldini olish, ikkilamchi profilaktika — yurak-qon tomir kasalliklari asoratlarini oldini olish (masalan, takroriy miokard infarkti yoki insultni). Ikkilamchi profilaktika ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  1. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida kardiolog va tuman shifokorlari tomonidan bemorlarni muntazam ravishda dispanser ko’rikdan o’tkazish;
  2. Ixtisoslashtirilgan, shu jumladan yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko’rsatish, tibbiy reabilitatsiyani amalga oshirish, sanatoriya-kurortli davolash.

YTK bo’lgan barcha bemorlarga kasallikning qaytalanishisiz davolanishni va asoratlarni oldini olishlari uchun quyidagilar o’tkazilishi kerak:

  • O’z vaqtida mutaxassis shifokor konsultatsiyasi;
  • Maxsus davolash uchun ko’rsatmalar mavjudligini tekshirish uchun tahlillar o’tkazish;
  • Ko’rsatmalar mavjudligida ixtisoslashtirilgan, shu jumladan yuqori texnologik davolash;
  • Profilaktik konsultatsiya va salbiy omillarni oldini olish;
  • Tibbiy reabilitatsiya.

Jami baholar 4.3 / 5. Ovozlar soni: 10

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.