Buyrak og’rig’i — sabablari, tashxislash, davolash choralari, xalqona vositalar

Buyrak og’rig’i — ushbu a’zoning kasalliklarida eng ko’p uchraydigan alomatlardan biri. Og’riqni davolash taktikasi ko’p jihatdan kasallik belgilari va turiga bog’liq sanaladi.

Buyrak og'rig'i

Xususiyatlari

Muayyan belgilarga ko’ra og’riq boshqa a’zolarda emas, aynan buyraklarda yuzaga kelganini aniqlash mumkin. Ularga:

  • Buyrak yallig’lanishida bemorlar bel va uning yuqori qismida noqulaylik his qilishadi. Ushbu alomatga tez-tez peshob chiqarish hamrohlik qiladi. Yana bir xususiyat — peshob chiqarish yengillik keltirmaydi va achishish bilan birga kechadi. Ushbu alomatlardan tashqari, bemorlarda isitma kuzatiladi;
  • Buyrak-tosh kasalligida peshob chiqarish jarayoni o’tkir chidab bo’lmas og’riqlarga olib kelishi mumkin;
  • Ertalab buyrak sohasida noqulaylik paydo bo’lsa, bu buyraklar yallig’langanligidan dalolat berishi mumkin. Patologik jarayon sababchilaridan biri sovqotish sanaladi;
  • Chap yoki o’ng tomonda joylashgan buyrak sanchig’i, ba’zi bir manipulyatsiyalardan so’ng yanada kuchliroq namoyon bo’ladi. Ushbu belgi Pasternatskiy alomati deb ataladi, bunda shifokor og’riq sohasiga biroz urib ko’radi;
  • Ham o’ng, ham chap tomonda seziladigan og’riqlar buyrak tushishida paydo bo’ladi;
  • Erkaklarda og’ir jismoniy mashqlar yoki og’irliklarni ko’tarishda a’zo sohasida og’riqning kuchayishi a’zo patologiyasiga ishora qiladi;
  • Sovuqdan keyin buyraklarda kuchli og’riq yuzaga kelishi ulardagi patologik jarayon rivojlanishini ko’rsatadi, bu past harorat ta’sirida faqat yomonlashadi;
  • Buyraklar sohasidagi teri o’zining tabiiy pushtiroq rangini yo’qotib, keskin kulrang tus olishi jiddiy signal sanaladi. Bunday o’zgarishlar shifokor bilan maslahatlashish va buyrak kasalligi bor-yo’qligini tekshiruvdan o’tkazish uchun arzirli sabab hisoblanadi.

Sabablari va alomatlari

Buyrak og’rig’i nafaqat o’tkir bo’lishi mumkin. Bunda quyidagi og’riq turlari farqlanadi:

  • Simillovchi;
  • Tortuvchi;
  • O’tmas;
  • Sanchuvchi.

Og’riq davomiyligi bilan ham farq qiladi. U bemorni doimiy ravishda yoki ba’zi-ba’zida bezovta qilishi mumkin. Ifodalanish darajasiga ko’ra: yengil, o’rtacha intensivlikdagi va kuchli og’riq turlari ajratiladi.

Buyrak-tosh kasalligi belgilari:

  • Isitma;
  • Siydikda qon bo’lishi;
  • Ko’ngil aynishi;
  • Bo’shashishga tez-tez va samarasiz chorlash.

Pielonefrit quyidagi alomatlar to’plami bilan tavsiflanadi:

  • Bir vaqtning o’zida ham simillovchi, ham o’tmas og’riq mavjudligi;
  • Tana haroratining ko’tarilishi;
  • Siydikda aralashmalar mavjudligi, uning rangi xira bo’lishi;
  • Qayt qilish xurujlari;
  • Ishtaha yo’qolishi;
  • Qiyin, doimiy og’riq bilan kechadigan peshob chiqarish;
  • Shishlar.

Glomerulonefritli bemorlarda kuzatiladigan alomatlar:

  • Vaqti-vaqti bilan bezovta qiladigan buyrak og’rig’i;
  • Chiqarilgan peshob miqdorining muntazam ravishda kamayib borishi. Unda qon elementlari mavjudligi, xiraligi;
  • Qon bosimi ko’tarilishi;
  • Shishlar;
  • Ishtahaning pasayishi;
  • Chakka va peshona sohalarida og’riq;
  • Yurakda sanchiqlar sezilishi.
Boshqa kasalliklarda
Kasallik turi Alomatlari
Gidronefroz Ko’plab alomatlariga ko’ra glomerulonefritga o’xshash. Ammo unda qorin bo’shlig’ida og’irlik hissi, uvishish, titroq kabi alomatlar ham kuzatiladi.
Buyrak yetishmovchiligi Tana harorati ko’tarilmaydi, ammo unda ajraladigan peshob miqdori kamayadi yoki umuman ajralmay qo’yadi.
Buyrak tushishi Chap tomondan tortib og’rishi, ayniqsa kechga yaqin. Tushish mexanik shikastlanish yoki a’zoda tosh mavjudligi sababli yuzaga kelgan bo’lishi mumkin.
Buyrak saratoni Simillab og’rishga tushuntirib bo’lmaydigan charchoq hamrohlik qiladi.

Buyrak og’rig’i yaqin joylashgan a’zolar: jigar, oshqozon yoki taloqqa tarqalishi mumkin.

Homiladorlikda buyrak og’rishi

Homilador ayollarda buyrak og’rig’i juda keng tarqalgan alomat sanaladi. Ayol organizmi ayni paytda ikki kishi uchun ishlashi kerak va shuning uchun barcha tizimlar va a’zolarga tushadigan yuk ikki baravar ko’payadi. Bunday sharoitda patologiya rivojlanishi osonroq.

Buyrak og’rig’i quyidagi xastaliklarda o’zini namoyon qiladi:

  • Pielonefrit (uning kuchayishi). Buyrak og’rishidan tashqari, ayolda yuz va bo’yinning shishishi, teri rangining oqarishi va tana haroratining ko’tarilishi kuzatiladi. Homiladorlik boshlanishidan oldin pielonefrit tashxisi qo’yilgan bemorlarda bu davrda kasallik kuchayishi xavfi mavjud;
  • Buyrak-tosh kasalligi. Uning belgisi buyrak sanchig’i sanaladi;
  • Glomerulonefrit. Ushbu kasallikning belgisi — o’tkir xarakterli og’riq.

Homiladorlikning so’nggi muddatlarida kuzatiladigan bel og’rig’i doim ham buyrak bilan bog’liq muammolardan dalolat bermaydi. Uning paydo bo’lishiga umurtqa pog’onasiga tushadigan yukning ortishi ham ta’sir qilishi mumkin.

Eng asosiysi: mustaqil davolanish bilan shug’ullanmaslik. Darhaqiqat, har bir qo’llanilgan chora nafaqat ayolning, balki uning homilasi salomatligida ham o’z aksini topadi. Yagona to’g’ri yo’l — shifokorga murojaat qilish.

Buyrak og’riganda nima qilish kerak

Buyrakdagi surunkali og’riqni davolash strategiyasi terapevt yoki nefrolog tomonidan tanlanadi. O’tkir og’riq sezilganda harakatlar algoritmi quyidagicha bo’ladi:

  • Tez yordam xizmatiga qo’ng’iroq qilish;
  • Yotgan holatni egallash. Buning uchun tekis sirt mos keladi. Ushbu holatda nafasni normal holatga keltirishga harakat qilish kerak. Organizmning ortiqcha harakatlarnishini oldini olish tavsiya etiladi;
  • Og’riq seziladigan sohaga tana haroratidan biroz baland darajali issiq qo’yish. Juda issiq ta’sir tavsiya etilmaydi, chunki u yallig’lanish mavjudligida bemor holatini og’irlashtirishi mumkin;
  • Agar og’riq zaiflashmasa yoki aksincha kuchaysa, spazmolitiklar qabul qilish tavsiya etiladi. Qabul qilingan dori-darmonlar haqida tez tibbiy yordam guruhiga xabar berish shart.

Davolash

Yengil va o’rtacha darajada og’irlikdagi buyrak kasalliklari uy sharoitida davolanadi. Og’ir klinik holatlarda terapevtik muolajalar faqat shifoxona sharoitida olib boriladi.

Og’riqni keltirib chiqaradigan har bir buyrak kasalligi individual terapiya turini talab qiladi:

  • Buyrak-tosh kasalligi keltirib chiqargan og’riqlarni davolashda og’riqni kamaytiradigan va infektsiyani zararsizlantiradigan dorilarni qabul qilish talab etiladi. Minerallashgan cho’kmalarni eritib yuboradigan vositalar ham bemorning holatini yengillashtirishi mumkin;
  • Glomerulonefritda kuzatiladigan o’tkir og’riqlarni bartaraf etish ucun yallig’lanishga qarshi dorilar (Prednisolon, Voltaren), antibiotiklar (eritromitsin), gipotonik vositalarni (Reserpine, Diazoksid) qabul qilish tayinlanadi.

Shishlar kuzatilganda «Furosemid» ichish tavsiya etiladi. Parhez — og’riqlarni davolashda dori vositalarini qabul qilish kabi muhim ahamiyatga ega. Noxush alomatlarni kamaytirish uchun bemor parhezda quyidagi qoidalarga amal qilishi joiz:

  • Oqsil va tuz iste’mol qilishni minimallashtirish;
  • Tuzlangan, submahsulotlar, dudlangan mahsulotlarni rad etish;
  • Shokolad, pishloq, qo’ziqorinlardan saqlanish;
  • Ratsionga ko’katlar, sabzavotli sho’rvalar kiritish.

Xalqona vositalar

O’simlik preparatlaridan tayyorlanadigan damlama va tindirmalardar infektsiyaga qarshi, peshob haydovchi ta’sir ko’rsatishi mumkin.

  • Kalendula, boychechak, kashnich urug’lari, dala qirqbo’g’imi asosida tayyorlangan to’plam bemorga buyrakdagi tortuvchi va o’tkir og’riqlardan xalos bo’lishga, organizmni toksinlardan tozalashga imkon beradi;
  • Brusnika, rezavorlar va qirqbo’g’im nafaqat toshlarni «maydalaydi», balki buyraklar faoliyatini ham tiklaydi;
  • Buyraklar sohasidagi kichik sanchiqlarni bartaraf etish uchun ortosifon, tolokyanka va brusnika o’tlaridan foydalanish mumkin.

Xalqona vositalar buyrak kasalliklarini davolay olmaydi, har qanday holatda an’anaviy tibbiyot ko’rsatmalariga rioya qilish va mustaqil davolanishdan saqlanish zarur.

Jami baholar 4.5 / 5. Ovozlar soni: 11

Reklama

1 ta izoh qoldirilgan

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.