Prostata bezi adenomasi — sabablari, belgilari, davolash, oldini olish
Prostata bezi adenomasi (prostataning yaxshi sifatli giperplaziyasi, PYSG) — a’zoning bezli epiteliyi yoki stromal komponentidan rivojlanadigan o’sma. Kasallik odata 40-50 yoshdan oshgan erkaklarda uchraydi va uning rivojlanishi ehtimoli yoshga qarab oshib boradi. Bu bog’liqlik gormonal fondagi o’zgarishlar bilan tushuntiriladi.
Prostata bezi siydik chiqarish yo’lining bir qismini qamrab olganligi sababli, uning kengayishi ushbu yo’llarni qisib qo’yadi va peshob chiqarish qiyinlashuviga olib keladi.
Mundarija
Sabablari
Bugungi kunda PYSG rivojlanishining sabablari oxirigacha o’ganilmagan. Olimlar buning sababi bemorlardagi gormonal o’zgarishlar: erkak jinsiy gormonlari (testosteron) darajasining pasayishi va ayol gormonlari (estrogen) miqdorining oshishi deya taxmin qilishmoqda. Yosh erkaklarda bu kasallik juda kam uchraydi. Qandli diabet, yurak kasalliklari, semizlik, irsiyat kasallik rivojlanishi uchun moyillik yaratishi mumkin.
Prostata adenomasi hamda jinsiy faollik, jinsiy orientatsiya, tamaki va alkogol iste’moli, boshdan kechirilgan jinsiy a’zolarning infektsion va yallig’lanishli kasalliklari orasida bog’liqlik aniqlanmagan.
Prostata bezi adenomasi belgilari
Kasallikning alomatlari asosan peshob chiqarish buzilishi bilan namoyon bo’ladi, xususan:
- Tez-tez peshob chiqarish, bunda kuchanish kerakligi;
- Tunda siydik chiqarishga chaqiriqlar;
- Peshob chiqishi bosimining zaifligi, oqimining ingichka bo’lishi va uzilib-uzilib qolishi;
- Chaqiriq bo’lishi bilan darhol hojatga borish zarurati;
- Qovuqning to’liq bo’shalmaganligi hissi, 5-10 daqiqali oraliq bilan ikki marta hojatga chiqish;
- Qovuq to’la bo’lsa, siydik tuta olmaslik yuz berishi.
Prostata adenomasi bosqichma-bosqich rivojlanib, uch bosqichdan o’tadi.
- Kasallikning birinchi bosqichida peshob chiqarish buzilishi minimal darajada bo’ladi. Hojatga chiqishlarning biroz tezlashishi (ayniqsa tunda) va oqim kuchining zaiflashishi kuzatiladi. Birinchi bosqichning davomiyligi individual bo’lib, 1 yildan 10-12 yilgacha davom etishi mumkin.
- Ikkinchi bosqichda buzilishlar yaqqolroq namoyon bo’ladi: peshob oqimi uzilib-uzilib qoladi, kuchanishga to’g’ri keladi va siydik pufagining to’liq bo’shalmaganligi hissi seziladi. Shundan so’ng qovuqda siydik qolib keta boshlaydi, bu uning siydik yo’llarida tutilishi va shilliq qavatlarning yallig’lanishiga olib keladi. Bu holat og’riqlar, peshob chiqarish jarayonida achishish hissi, dumg’aza va qov usti sohasida og’riqlar bilan namoyon bo’ladi. Ikkinchi bosqich deyarli har doim uchinchi bosqichga o’tadi.
- Uchinchi bosqichda siydik vaqti-vaqti bilan yoki doimiy ravishda beixtiyor chiqib keta boshlaydi (dastlab tunda, so’ng kunduzi ham). Natijada maxsus qurilmalar taqib yurish talabi yuzaga keladi.
Kasallikning so’ngi bosqichida bemor organizmining o’z siydigi bilan zaharlanishi alomatlari paydo bo’la boshlaydi. Bunda ishtaha pasayishi, holsizlik, og’iz qurishi, ich qotishi kuzatiladi.
Asoratlari
Kasallik uzoq muddat bemorning hayot sifatiga ta’sir o’tkazmagan holda rivojlanishi mumkin va aksariyat erkalarda asoratlar rivojlanmaydi. Jiddiy holatlarda esa kasallik asosan quyidagi salbiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoli mavjud.
Siydik tutilishi
O’tkir siydik tutilishi yoxud ishuriya peshob chiqara olmaslik bilan namoyon bo’ladi. Hojatga chiqish uchun og’riqli chaqiriqlar, qov ustida og’riq yuzaga kela boshlaydi. Bu holatga quyidagi omillar turtki bo’lishi mumkin:
- Alkogolli ichimliklarni suiste’mol qilish;
- Ich qotishi;
- Gipotermiya;
- Majburiy yotoq tartibi;
- O’z vaqtida peshob chiqarmaslik.
Bunday holatda zudlik bilan jarrohga murojaat qilish kerak.
Siydik chiqarish yo’llarining yallig’lanishi
Siydik chiqarish tizimida siydik dimlanishi oqibatida uretrit, sistit, pielonefrit rivojlanadi. Bu o’z navbatida infektsiya, peshob chiqishining buzilishi esa siydik-tosh kasalliklari rivojlanishi uchun qulay muhit yaratadi. Jiddiy buzilishlar gidronefroz va buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.
Tashxislash
Diagnostika bemorning xarakterli shikoyatlari, klinik ko’rik o’tkazish va quyidagi usullar yordamida amalga oshiriladi:
- Palpatsiya. Usul bezning kattaligi va konsistentsiyasi, og’riqliligi, prostata bo’laklari orasida ariqchalar mavjudligini aniqlash imkonini beradi.
- Laborator tahlillar. Umumiy siydik tahlili, qonning biokimyoviy tahlili, PSA darajasini aniqlashni o’z ichiga oladi.
- Ultratovushli tekshiruv. Bezning har bir bo’lagi o’lchami haqida aniq tasavvurga ega bo’lish, uning parenximasi holati, qoldiq peshob haqida ma’lumot olishga yordam beradi.
Ma’lum bir hollarda urofloumetriya va rentgenologik tadqiqot usullari talab etilishi mumkin.
Prostata adenomasini davolash
Prostata bezining yaxshi sifatli adenomasini davolashning ko’plablab usullari mavjud. Ularning har biri o’ziga xos ravishda samarali hisoblanadi va uchta katta guruhga ajratiladi:
- Medikamentoz terapiya
- Operativ usulda davolash
- Nooperativ usullar
Kasallikning dastlabki alomatlari sezila boshlaganda medikamentoz terapiya qo’llaniladi. Davolash kichik chanoq a’zolarida qon aylanishini yaxshilash, bezning giperplaziyalangan to’qimalari o’sishini sekinlashtirish, hamrohlik qiluvchi yallig’lanishni kamaytirish, ich qotishini oldini olish, siydik dimlanishini bartaraf etishga qarartilgan bo’ladi. Bemorga harakatchan hayot tarzi, kechki payt kamroq suyuqlik ichish tayinlanadi.
Davolash vaqtida va undan keyin alkogolli ichimliklar, tamaki, achchiq va ziravorlarga boy taomlar qarshi ko’rsatiladi. Qo’shimcha ravishda shifokor ikkilamchi kasalliklarni (pielonefrit, prostatit va sistit) davolash uchun terapiya belgilashi mumkin.
Medikamentoz terapiya
Prostata adenomasini davolash uchun asosan ikki turdagi dori vositalari qo’llaniladi:
- Alfa-1-adrenoblokatorlar (silodozin, terazozin, doksazozin va tamsulozin). Ushbu preparatlar prostata bezi va siydik pufagi bo’ynining silliq mushaklarini bo’shashtiradi va natijada siydik o’tishini yaxshilaydi. Ularning ta’siri qisqa yoki uzoq muddatli bo’lishi mumkin.
- 5-alfa-reduktaza ingibitorlari (finasterid, duasterid, permikson). Ushbu guruh dori vositalari digidrotestosteron (testosteronning biologik faol shakli) hosil bo’lishiga to’sqinlik qiladi. Bu bez o’lchamining kichiklashishiga hissa qo’shib, uretra qisilishini kamaytiradi.
Operativ davolash usullari
Qoida tariqasida jarrohlik aralashuviga og’ir hollarda murojaat qilinadi. Bunda giperplaziyalangan to’qimaning kesib olinishi (adenoektomiya) yoki bezning butunlay olib tashlanishi (prostatektomiya) qo’llaniladi.
Jarrohlik aralashuvi ochiq (transvezikal adenoektomiya) va kam invaziv (kesmasdan, siydik kanali orqali) bo’lishi mumkin.
Nooperativ usullar
Davolashning operatsiyasiz usullariga quyidagilar kiradi:
- Bezning ballonli dilatatsiyasi;
- Torayish sohasiga prostatik stentlar o’rnatish;
- Prostataning mikroto’lqinli koagulyatsiyasi yoki termoterapiya usuli;
- Yuqori intensivlikdagi fokuslangan ultratovush;
- Transuretal ignali ablyatsiya;
- Kriodestruktsiya.
Prognoz
Kasallikni erta bosqichlarida bartaraf etish mumkin. Agar shifokorga o’z vaqtida tashrif buyurib, u tayinlagan davolash kursiga amal qilinsa, prostata hajmi kattalashmaydi va peshob chiqarish buzilishlari yuzaga kelmaydi. Kasallikning keyingi bosqichlari bemorning hayot sifatini sezilarli darajada pasaytiradi va asoratlar bilan tahdid soladi.
Oldini olish
- Tana vaznini nazorat qilish (tana massasi qanchalik ko’p bo’lsa, bez shuncha kattaroq bo’ladi);
- Parhez tutish — qizil go’sht, hayvon yog’lari (sariyog’, margarin, sut), oson hazm bo’ladigan uglevodlar iste’molini cheklash, taomnomada sabzavot va mevalarni ustun qilish;
- 45 yoshdan oshgan har bir erkak har yili urolog tomonidan tekshiruvdan o’tib turishi va PSA darajasini tekshirtirishi.
O’tkir siydik tutilishi oldini olish uchun quyidagilardan qochish kerak:
- Ich qotishi;
- Sovqotish;
- Qovuqning to’lib ketishi;
- Alkogolli ichimliklar (ayniqsa pivo), achchiq, ziravorli taomlar iste’moli.
Prostata adenomasi mavjud bo’lsa, bemorga har 1,5-2 yilda nazoratli tekshiruvdan o’tib turish tavsiya etiladi.