Qon bosimi oshishi — sabablari, belgilari, gipertoniyani davolash, oldini olish

Qon bosimi oshishi, gipertoniya (qad. yun. ὑπέρ — «yuqori» + τόνος — «taranglik, tonus») — bugungi kunda yurak-tomir tizimining eng keng tarqalgan kasalliklaridan biri hisoblanadi. Kasallik arterial qon bosimining 140/90 ga yetishi yoki unda oshib ketishi bilan ifodalanadi.

Qon bosimi oshishi yoxud gipertoniya

Yuqori arterial bosim qon tomirlarga salbiy ta’sir ko’rsatadi, chunki ular qisqa vaqt davomida birdan torayadi. Juda kuchli bosim ta’siriga esa ba’zi qon tomirlar bardosh bera olmay yoriladi va buning natijasida ichki qon ketish kuzatiladi. Gemorragik infarkt elastikligi yo’qolgan va sinuvchanlikka moyil bo’lgan tomirlar joylashgan a’zolarda sodir bo’lishi sababi ham shunda.

Tavsifi

Gipertoniya — qon tomirlarning nerv-funksional faoliyati buzilishi natijasida kelib chiqadigan kasallik. Asosan 40 yoshdan kattalarda uchraydi, lekin so’nggi yillarda yoshlarda ham tez-tez kuzatilishi qayd qilinmoqda. Gipertoniyadan ayollar ham, erkaklar ham bir xil aziyat chekishadi. Kasallik kattalarning 20-30 foizida tashxislansa, 65 yoshdan keyin bu ko’rsatkich 50-65% ni tashkil etishi mumkin. Qon bosimi oshishi yurak-tomir tizimi kasalliklari bo’lgan bemorlar ichida yetakchi o’lim sabablaridan biri hisoblanadi.

Ko’plab mutaxassislarning fikricha, gipertoniya ko’pincha qon aylanishi buzilishlari natijasida sodir bo’ladi. Yurak yetishmovchiligi ham uning sababchilari ro’yxatiga kiradi. Mazkur kasallik bemorlarda ikkilamchi kasalliklar rivojlanishiga turtki bo’lishi mumkin, jumladan insult, yurak xurujiga.

Olimlar necha o’n yilliklar davomida bu kasallikni o’rganish bilan band. Tadqiqotlarga ko’ra, gipertoniya sayyoramizdagi nogironlikning asosiy sabablaridan biridir. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, qon bosimi oshganda birinchi yordam kech ko’rsatilsa, bemorlarning ahvoli juda og’irlashishi, hatto o’lim kuzatilishi ham mumkin.

Gipertoniya tasnifi

Arterial gipertoniya darajalari (arterial bosim (AB) ko’rsatkichlari)
AB kategoriyasi SAB DAB
Optimal < 120 < 80
Normal 120 – 129 (< 120*) 80 – 84 (< 80*)
Me’yordan yuqori 130 – 139 (120-129*) 85 – 89 (< 80*)
1-darajarli AG 140 – 159 (130-139*) 90 – 99 (80-89*)
2-darajarli AG 160 – 179 (140-159*) 100 – 109 (90-99*)
3-darajarli AG ≥ 180 (≥ 160*) ≥ 110 (≥ 100*)
Izolyatsiyalangan sistolik AG ** ≥ 140 < 90

* — 2017-yil bo’yicha AG`ning yangi tasnifi
** — ISAG sistolik AB darajasiga ko’ra 1, 2 va 3-darajalarga bo’linadi

Alomatlari

Gipertoniyaning asosiy alomati — bu miya tomirlarining spazmi va torayishi tufayli bosh og’rig’idir. Shuningdek, ko’pincha quloqlarda shovqin, ko’rish o’tkirligining pasayishi, holsizlik, uyquning buzilishi, bosh aylanishi, boshda og’irlik hissi, yurak urishining tezlashishi namoyon bo’ladi. Bu alomatlar kasallikning erta bosqichlarida seziladi. Keyinchalik yurakning uzoq vaqt davomida zo’riqib ishlashi tufayli yurak yetishmovchiligi yuzaga keladi.

Bundan tashqari, ko’plab bemorlarda quyidagi belgilar uchraydi:

  • Osonlikcha burun qonashi;
  • Ko’ngil aynishi, qayt qilish;
  • Uyqusizlik;
  • Xotira buzilishi;
  • Har qanday jismoniy faollikdan so’ng teri yuzasining qizarishi;
  • Ko’zdagi kuchli bosim (bemor atrofga qaraganda ko’zlarda og’riq paydo bo’ladi, shuning uchun ular dam olishni va ko’zlarini yopiq tutishni afzal ko’rishadi);
  • To’qimalarda shishlar paydo bo’lishi;
  • Charchoq.

Qon bosimi oshishi sabablari

Kasallik rivojlanishining sababi uzoq vaqt davomida stress va tushkunlik holatida yurish, tez-tez psixologik zo’riqshlardir. Ko’pincha bularni doimiy emotsional taranglikni talab etadigan ish faoliyati keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, miya chayqalishiga uchragan bemorlar ham xavf guruhiga kiradi. Irsiy moyillik ham sabablar qatorida: agar kishining avlodida bu kasallik uchragan bo’lsa, unda ham ushbu kasallik rivojlanishi xavfi bir necha barobarga ortadi.

Kasallik rivojlanishiga ta’sir o’tkazuvchi omillardan asosiysi — bu kamharakat turmush tarzidir. Yosh o’tib borgani sari insonlarda ateroskleroz rivojlanishi mumkin, bu o’zgarish fonida qon bosimining oshishi esa vaziyatni yanada jiddiylashtirib yuboradi. Bu hayot uchun o’ta xavfli hisoblanadi, chunki toraygan qon tomirlar orqali miya, yurak, buyraklarning bir qismiga qonning bormay qolishi yoki yetarli bormasligi kuzatiladi.

Agar qon tomir devorlarida tromb va xolesterin to’planmalari bo’lsa, ular kuchli bosim vaqtida ajralib, kapillyar qon tomirlarda tiqilib, qon o’tishiga to’sqinlik qilishi mumkin. Bu holda miokard infarkti yoki insult yuzaga keladi.

Ayollarda qon bosimi oshishiga sabab menopauza davridagi gormonal o’zgarishlar bo’lishi mumkin. Tuz, yoki aniqrog’i, unda mavjud natriy, shuningdek chekish, alkogolli ichimliklarni suiste’mol qilish, semizlik ham yurak-tomir tizimiga bosim o’tkazadi.

Umumiy olganda, gipertoniya rivojlanishiga ta’sir etuvchi omillar quyidagilardan iborat:

  • Ortiqcha vazn, metabolik kasalliklar, endokrin kasalliklar, kamharakat turmush tarzi;
  • Muntazam emotsional stresslar, ruhiy tushkunlik, fojeali voqealarni boshdan o’tkazish, yaqin insonlarni yo’qotish;
  • Biznesdagi, ishdagi muammolar tufayli kuchli asabiy taranglik;
  • Bosh miya jarohatlari (avtohalokat, yiqilish, gipotermiya);
  • Yurak-tomir tizimiga salbiy ta’sir qiladigan surunkali kasalliklar (qandli diabet, podagra, revmatoid artrit);
  • Irsiy moyillik;
  • Infektsion kasalliklar (meningit, sinusit, gaymorit);
  • Qon tomirlarida yosh bilan bog’liq o’zgarishlar;
  • Qonda xolesterin miqdorining yuqori bo’lishi (natijada qon tomir devorlarida to’planmalar hosil bo’ladi);
  • Menopauza davrida bo’lgan, 40 yoshdan o’tgan ayollar (organizmning muhim gormonal o’zgarishlari paytida ko’pincha yashirin kasalliklar rivojlana boshlaydi va ular gipertoniya yuzaga kelishiga ta’sir ko’rsatishi mumkin);
  • Zararli odatlar (chekish, alkogolli ichimliklar ichish, me’yordan ortiq qahva iste’moli);
  • Kun davomida ko’p miqdorda tuz iste’mol qilish;
  • Qonda adrenalin oshishi;
  • Kompyuter qarshisida uzoq vaqt o’tirish;
  • Ochiq havoda kam yurish va hokazo.

Gipertonik kriz

Gipertonik kriz — kasallik cho’qqisining namoyon bo’lishidir. Bu holatda qon bosimi tezda ko’tariladi, yuqorida keltirilgan belgilarning hammasi kuzatiladi, bunga qo’shimcha ravishda bemorlarda ko’ngil aynishi, qusish, terlash, ko’zning qorong’ulashishi yuzaga keladi.

Bunday krizlar bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etishi mumkin. Yurak urishi sezilarli darajada tezlashadi, bemorda qo’rquv va hayajon paydo bo’ladi. Bu holatda yonoqlar qizaradi, siydik va najas chiqarish nazorati yo’qoladi. Mazkur holat ko’pincha kunning ikkinchi yarmida yoki kechqurun yuzaga keladi.

Gipertonik krizning yana bir ko’rinishi uzoq vaqt davomida shakllanadi va u bemorga 4-5 soat, hatto bir necha sutka davomida azob berishi mumkin. Bu holat kasallikning oxirgi bosqichlarida namoyon bo’ladi va arterial qon bosiming ko’tarilishi fonida yuzaga keladi. Bunday vaqtda bemorda miya faoliyatining, xususan nutqning va qo’l-oyoqlarda sezuvchanlikning pasayishi kuzatiladi.

Birinchi yordam ko’rsatish

Shifokor kelguniga qadar quyidagi chora tadbirlar amalga oshirilishi kerak:

  1. Bemorni qulay joyga joylashtirish, tananing yuqori qismini biroz koʻtarish (har qanday jismoniy harakatdan cheklash, bemorni qimirlatmaslik);
  2. Bemorning tor kiyimlarini (bo’yin tugmalari, kamarni) boʻshatish;
  3. Toza havo kirishini taʼminlash uchun oynalarni ochish, zarur hollarda shaboda qilish.
  4. Bemorga qon bosimini tushiruvchi preparatlar avvaldan yozib berilgan boʻlsa, navbatdan tashqari qabul qildirish. Tez yordam sifatida Nifedipin yoki Kaptopril tabletkalaridan bir donasini til ostiga soʻrish uchun berish mumkin (shifokor tavsiyasiga koʻra). Koʻkrak va koʻkrak orti sohasida ogʻriq boʻlsa, Nitroglitserin tabletkasidan berish;
  5. Sedativ vositalar berish (Korvalol, Valokordin);
  6. Iliq muolajalar (xantallar, grelkalarni oyoqqa qoʻyish) qon ko’proq oyoqqa ketishini ta’minlaydi, bu bosh hayotiy zarur a’zolarda gemorragiyani oldini oladi.
  7. Tez yordam chaqirish.

Tashxislash

Bemorga aniq tashxis qo’yish uchun shifokor bir nechta laboratoriya tahlillari va apparat tekshiruvlari o’tkazishi kerak bo’ladi. Tashxisning maqsadi kasallikning bosqichi va gipertoniya darajasini aniqlash hisoblanadi. Ushbu ma’lumotlar asosida shifokor samarali davolash usulini tanlash imkoniyatiga ega bo’ladi.

Diagnostika usullari quyidagilarni o’z ichiga oladi:

  • Qon bosimini o’lchash: maxsus qurilma — tonometr yordamida amalga oshiriladi.
  • Tibbiy anamnez: shifokor bemordan ilgari qanday kasalliklar bilan xastalangani, mavjud shikoyatlar haqida so’raydi. Xavf omillari baholanadi (chekish, qandli diabet, xolesterin miqorining yuqoriligi).
  • Jismoniy ko’rik: Asosan yurakni fonendoskop bilan o’rganishni o’z ichiga oladi. Yurakda shovqin mavjudligi, xarakterli tonlarning o’zgarishi, noodatiy ovozlarni aniqlashga yordam beradi.
  • Elektrokardiogramma (EKG): maxsus lentada yurakning elektrik potentsiallarini qayd etish imkonini beradigan usul. Yurak faoliyati buzilishlarini aniqlashda o’rni bosilmas diagnostik usullardan biri.
  • Boshqa usullar, xususan exokardiografiya, arteriografiya, dopplerografiya, qonning biokimyoviy tahlili, qalqonsimon bez UT tekshiruvi. Nisbatan kam hollarda qo’llaniladi.

qon bosimini tonometr yordamida o'lchash

Kasallikning dastlabki bosqichlari yashirin kechganligi bois, ko’pchilik bemorlar shifokor huzuriga kech tashrif buyurishadi. Kasallikni so’nggi bosqichlarda butunlay davolash juda mushkul hisoblanadi. Shuning uchun uni o’z vaqtida oldini olish, shubhali belgilar paydo bo’lsa shifokor ko’rigidan o’tish zarurdir.

Uy sharoitida har bir inson o’z qon bosimini muntazam o’lchab turishi lozim, eng optimal ko’rsatkich 120/80 mm sim.ust (quyida birlik deb keltiriladi) ga teng, yoshi kattalar uchun 130/90. Atrof-muhit ta’siri yoki jismoniy faollik natijasida bosim 5-10 birlikka ortishi mumkin.

Quyi va yuqori bosim o’rtasidagi juda katta farq ham havotir uchun belgi bo’ladi — odatda bu ko’rsatkich 50 birlikdan oshmasligi kerak. Agar arterial bosimning tez-tez o’zgarishi kuzatilsa, shifokor bilan uchrashish tavsiya etiladi.

Davolash

Kasallikni davolashda malakali shifokor har bir bemor uchun individual ravishda tanlanadigan dorilar bilan terapiya kursini belgilaydi. Ko’p hollarda quyidagi vositalar yoki ularning kombinatsiyasi buyuriladi:

  • Tiazid diuretiklar — bu dorilar organizmda suyuqlik darajasini kamaytirish natijada qon bosimi pasaytiradi;
  • Sartanlar (angiotenzin II retseptorlari blokatori) — 1990-yillardan buyon ishlatiladi. Zamonaviy dorilar qatoriga kiradi, bir martalik qabuldan keyin 24 soat davoimda qon bosimini me’yorda ushlaydi;
  • Kalsiy antagonistlari — qon tomilar silliq mushaklarining sarkoplazmiga kaltsiy oqimini bloklab, vazospazmga to’sqinlik qiladi va buning natijasida gipotenziv ta’sirga erishiladi. Yurak anomaliyalari, aritmiyalar, stenokardiya va miya aterosklerozi kuzatilganda tayinlanadi;
  • Beta-adrenoblokatorlar — yurak qisqarishlari sonini kamayitish natijasida bilvosita gipotenziv ta’sir ko’rsatadi (bir daqiqada haydaladigan qon miqdorini kamaytirish oqibatida);
  • Alfa-adrenoretseptor blokatorlari — qon tomirlarni juda ehtiyotkorlik bilan kengaytiradi.
  • AAF-ingibitorlari — vazodilatatori bradikininni transformatsiyalovchi va angiotenzin I ni angiotenzin II ga aylantiruvchi angiotenzin aylantiruvchi fermentni (kininaza II) bloklaydi. So’nggisi kuchli vazokonstriktor sanalib, uni ingibitsiyalash vazodilatatsiya va arterial bosimning pasayishiga olib keladi.

Ikkilamchi gipertoniyada asosiy kasallikni davolash qon bosimi oshishini ham bartaraf etadi. Davolash paytida bemorlarga har qanday stress yoki hissiy zo’riqishdan yiroq bo’lish tavsiya etiladi. Ularga ochiq havoda, hovuz atrofida, bog’da, o’rmonda sayr qilish foydali bo’ladi. Gipertoniyani muvaffaqiyatli davolashda to’g’ri ovqatlanish muhim hisoblanadi.

Ovqatlanish tartibi

Avvalo, kundalik ratsiondan «yomon» xolesterin va ko’p miqdorda tuz saqlagan mahsulotlarni chiqarib tashlash kerak. Ularga:

  • Yog’li go’sht;
  • Charvi;
  • Qovurilgan ovqatlar;
  • Dudlangan mahsulotlar;
  • Tuzlamalar.

Oldini olish

Qon bosimi baland bo‘lishining oldini olish uchun avvalo uning sababini sinchiklab tekshirib ko‘rish lozim. Mabodo bosim tashqi muhit salbiy ta’sirlari sababli ko‘tarilayotgan bo‘lsa, bemor tinchlanish choralarini ko’rish, salbiy omilni bartaraf etishga harakat qilishi kerak.

Taomnomaga servitamin, minerallarga boy bo’lgan va kasallikka qarshi kurashishga yordam beruvchi mahsulotlardan ko’proq kiritish darkor. Ularga:

  • Sabzavotlar;
  • Mevalar;
  • Rezavorlar;
  • Ko’katlar;
  • Sut mahsulotlari;
  • Parhezbop go’sht;
  • Loviya;
  • Guruch, grechka kabilar.

Tandirdan uzilgan yangi non o’rniga bir-ikki kun turgan nonni iste’mol qilish foydali. Qon bosimi yuqori yuradigan bemorlarga osh tuzi iste’molini kamaytirish tavsiya etiladi.

Jami baholar 3.5 / 5. Ovozlar soni: 10

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.