Tish og’rig’i — sabablari, tezda qoldirish usullari, davolash uchun vositalar

Tish og’rig’i — eng noxush xastaliklardan biri. U kayfiyat va uyquni buzadi, ovqatlanishga to’sqinlik qiladi, mehnat faoliyatini cheklaydi. Tish og’rishi ko’pincha isitma, yonoq va milklarning yallig’lanishi, umumiy ahvolning yomonlashuvi bilan birga kechadi. Bu signallarning barchasi zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerakligidan dalolat beradi. Kuchli og’riq bo’lganda bemorni klinikada navbatsiz qabul qilishlari lozim.

Tish og'rig'i haqida

Sabablari

  1. Karies. Dastlabki bosqichlarida og’riq sezilmas bo’ladi va issiq yoki sovuq ta’siri natijasida, shirin va nordon mahsulotlar iste’moli vaqtida yuzaga keladi. Karies chuqurlashganda ovqatlanish yoki tishlarini yuvish vaqtida ham kuzatila boshlanadi.
  2. Tish emalining yupqalashishi yoki unda yoriqlar mavjudligi tishlarning sezuvchanligini oshiradi.
  3. Pulpit. Pulpaning yallig’lanishida og’riq kutilmaganda sodir bo’ladi (odatda kechasi) va chakka yoki quloqqa tarqaladi.
  4. Parodontit — tishning yuqori qismi atrofidagi to’qimalarning yallig’lanishi. Og’riq ko’pincha lo’qqillovchi tabiatga ega, tishga, milkka teginilganda kuchayadi. Milkning yallig’lanishi, tishning qimirlab qolishi bilan birga kechishi mumkin.
  5. Periodontit — tish atrofidagi suyak to’qimasining yallig’lanishi. Ko’pincha infektsiya tushishi natijasida yuzaga keladi, kista hosil bo’lishi xavfi mavjud.

Tish og’rig’ini qoldirish usullari

Tish og’rig’ini davolashda yordam beradigan besh asosiy usulni ajratib ko’rsatish mumkin:

  • Analgetiklar (og’riq qoldiruvchi vositalar) va NYQP qabul qilish;
  • «Xalq» tabobatidan foydalanish;
  • Massaj yoki nuqtali uqalash;
  • Stomatologik davolash;
  • Tishni olib tashlash.

Birinchi uch usul tish og’rig’ini faqat vaqtincha qoldirishga qodir. Muayyan qarshi ko’rsatmalar, individual intolerantlik, homiladorlik vaqtida ehtiyotkorlik bilan qo’llanilishi kerak. Tishni olib tashlash so’nggi chora hisoblanadi va odatda unga o’tkir periodontit, tishlarning jiddiy jarohatlari mavjudligida murojaat qilinadi.

Ehtimol, tish og’rig’idan xalos bo’lishning eng xavfsiz usuli — bu shifokorga borish va ungacha quyida keltiriladigan uy sharoitida tayyorlanadigan ba’zi vositalardan foydalanish bo’ladi. Tabiiyki, turli xil o’simlik va damlamalarni qo’llashda ehtiyotkorlik talab etiladi. Sababi ular asosiy kasallikka qo’shimcha ravishda allergik reaktsiyaga sabab bo’lishi ham mumkin.

1. Analgetik dorilar

Tish og’rig’ini to’xtatish uchun eng samarali NYQP — ketoprofen («Ketanov», «Ketorol», «Ketorolak» va boshqalar) va Deksketoprofen («Deksalgin») saqlovchi vositalar hisoblanadi. Ushbu preparatlar og’riqni 5-6 soat davomida bartaraf etishi mumkin va bir vaqtning o’zida yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega. Shuningdek, ushbu propion kislotasi unumlari guruhidagi ibuprofen (Nurofen, MIG, Faspik va boshqalar), naproksen (Sanaproks, Naprios) va flurbiprofenni (Flugalin) ham ta’kidlab o’tish joiz.

Tish og’rig’ini qoldiuvchi dori vositalari
Preparat nomi Ta’rifi
Diklofenak,
atseklofenak
Juda kuchli og’riq qoldiruvchi va yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega preparatlar. Ular fenilsirka kislotasi unumlari guruhiga kiradi, biroq stomatologiyada keng qo’llanilmaydi.
Nimesulid («Nayz») Kislotasiz unumlar qatorida, aniqrog’i sulfonamidlar guruhiga kiradi.
Analgin, paratsetamol Tish og’rig’ini qoldirish uchun eng ommabop dori vositalari. Faqat yengil og’riq holatlarida yordam berishi mumkin.
Indometazin Juda samarali yallig’lanishga qarshi va og’riq qoldiruvchi ta’sirga ega.

Ushbu dorilarni erta bolalik davrida, homiladorlikda (parasetamoldan tashqari, uni ikkinchi trimestrdan boshlab qo’llash mumkin) va keksalik davrida qo’llashda ehtiyotkor bo’lish kerak. Ularning ko’pchiligi kislotali NYQP ekan, demak oshqozon-ichak traktini ta’sirlantiradi. Shu sababli ularni me’yorda qabul qilish tavsiya etiladi. Bemorda oshqozonda yaralar va eroziyalar, jigar va buyrak o’tkir kasalliklari, bronxial astma bo’lsa, bu vositalarni qo’llash qarshi ko’rsatiladi.

Har qanday holda, davolovchi shifokor buyurgan dorini qabul qilish lozim. Bolalarda tish og’rig’ini qoldirish uchun analgetik vositalardan foydalanish bo’yicha stomatologning maxsus ko’rsatmalariga rioya qilish joiz.

2. Uy sharoitida xalqona vositalar qo’llash

Tish og’rig’ini bartaraf etishda xalq tabobati vositalarini qo’llash biroz yumshoq, asosiysi mahalliy ta’sir ko’rsatadi:

  • Muz qisqa muddatga og’riqni qoldirishga yordam beradi. Xasta tishga muz bo’lakchasi qo’yish orqali mahalliy narkoz ta’siri bilan tenglashadigan natijaga erishiladi. Faqatgina ta’sir 5 daqiqadan keyin yo’qoladi.
  • Og’izni iste’mol sodasi eritmasi bilan chayish. Bir stakan suvga 1 choy qoshiq soda solinadi. Eritmaga bir choy qoshiq tuz va bir necha tomchi yod eritmasi qo’shish ham mumkin.
  • Chayish uchun mavrak (shalfey) damlamasi. Uni tayyorlash uchun 1-2 choy qoshiq o’tga qaynoq suv solinadi va suv hammomida 15-20 daqiqa davomida ushlab turiladi. Damlamani qo’llashdan oldin uni iliq haroratga keltirib olish zarur. Aks holda issqlik og’riqni kuchaytirishi va agar yiring mavjud bo’lsa, uning tarqalib ketishiga olib kelishi mumkin. Mavrak o’rniga moychechak va dalachoy o’simliklari, yalpizdan foydalanishga ham ruxsat etiladi.
  • Turli yog’lar qo’llash. Buning uchun choy daraxti, qalampirmunchoq (gvozdika), pixta yog’lari ishlatilishi mumkin. Vosita paxta bilan shimdirib olinadi va og’riqli joyga qo’yiladi. Agar ularni topish imkoni bo’lmasa, valeriana, evkalipt, propolis eritmalaridan foydalanish mumkin.

3. Nuqtali uqalash

Nuqtali uqalash muqobil tibbiyot usuli sifatida tish og’rig’ini vaqtincha qoldirishga yordam beradi. Ta’sir quyidagi nuqtalarni bosganda yuzaga keladi:

  • Bosh va ko’rsatkich barmoq o’rtasidagi chuqurcha. Homiladorlikning so’ngi bosqichlarida ushbu uqalov tavsiya etilmaydi, chunki bu muddatidan oldin tug’ruqqa sabab bo’ladi deb hisoblanadi.
  • Og’riyotgan tishning qarama-qarshi tomonidagi quloqning yumshoq qismi. U bosh va ko’rsatkich barmoq bilan biroz bosib uqalanishi kerak.
  • Pastki jag’ va yonoq o’rtasidagi chuqurcha. Bosh barmoq bilan biroz bosish yuqori jag’ tishlaridagi og’riqni yengillashtirishga yordam beradi.
  • Pastki jag‘ burchagi. Uning massaji pastki tishlar og’rig’ini yengillashtiradi.
  • Ko’rsatkich barmoqining yoni (bosh barmoq tarafidan), tirnoqdan 2-3 mm pastdagi nuqta.

Xitoy an’anaviy tibbiyotiga ko’ra, ushbu nuqtalarning massaji nafaqat og’riqni yengillashtiradi, balki uni butunlay bartaraf ham qiladi. Nuqtalarga ta’sir qilish davomiyligi 2-3 daqiqadan oshmasligi kerak. Bunday ekzotik usulga ehtiyotkorlik bilan murojaat qilish va umumiy holatning har qanday yomonlashuvi sezilishi bilan massajni to’xtatish zarur.

Shuni yodda tutingki, an’anaviy choralar, nuqtali uqalov, tabletkalar tish og’rig’ining asosiy sababini bartaraf etmaydi, ular faqat og’riqni to’xtatishga qaratilgan. Ushbu usullardan faqat og’riqni kamaytirish uchun va stomatologga borishdan oldingi davolash usuli sifatida foydalanish kerak.

Homiladorlikda tish og’rishi

Homiladorlikni rejalashtirishda shifokorlar ayollarga oldindan stomatologga borishni tavsiya etishadi. Ammo tanadagi gormonal o’zgarishlar, vitamin va minerallar yetishmasligi, toksikoz holati homiladorlik vaqtida tish va milk kasalliklariga olib kelishi mumkin.

Og’riq qoldiruvchi dorilardan homilador ayollarga odatda «Paratsetamol» tavsiya qilinadi. Bu vosita boshqa a’zolarga ta’sir qilmasdan faqat og’riq manbaiga ta’sir qiladi.

  • Paratsetamol. Preparatning tarkibiy qismlari yo’ldoshga kirib borishga qodir, ammo homilaga salbiy ta’sir ko’rsatmaydi. Ushbu vosita boshqa dori-darmonlar kabi yetarli darajada kuchli emas, lekin tish og’rig’ini biroz yengillashtirishga yordam beradi.
  • Analgin. Homilador ayollarga oz miqdorda qabul qilishga ruxsat berilishi mumkin. Uzoq muddatli foydalanishda bu preparat bo’lajak bolaga zarar yetkazishi va qon tarkibidagi o’zgarishlarga olib kelishi mumkin. Biroq omiladorlikning dastlabki uch oyida va homiladorlikning so’nggi besh haftasida har qanday miqdorda qarshi ko’rsatmaga ega.
  • Nurofen. uchinchi trimesterda qo’llanilmaydi, chunki u amniotik suyuqlik miqdorini kamaytiradi. Dastlabki davrlarda oz miqdorda ishlatilishi mumkin.

Har qanday preparatlarni qo’llashdan oldin uning qarshi ko’rsatmalari bilan tanishib chiqish kerak. Me’da-ichak kasalliklari, jigar va buyrak yetishmovchiligi, bronxial astma kabi holatlarda ba’zi dori vositalari kasallikni jiddiylashtirib yuborishi mumkin. Shu sababli faqat shifokor tomonidan tavsiya etilgan og’riq qoldiruvchi vositalarni qo’llash maqsadga muvofiqdir.

Homiladorlik davrida tishlarni davolash va olib tashlashga qarshi ko’rsatma mavjud emas. Bu holatda shifokorlar ruxsat berilgan og’riq qoldiruvchi vositalardan cheklangan miqdorda foydalanishadi. Shunday qilib, tish og’rig’i kuzatilganda homilador ayollar mutaxassisga murojaat qilishdan qo’rqmasliklari kerak. Hatto tishlar bezovta qilmasa ham, homiladorlik davomida bir yoki ikki profilaktik ko’rikdan o’tgan afzal.

Kuchli tish og’rig’i salomatlikka e’tibor qaratish va imkon qadar tezroq stomatologga borish uchun jiddiy signaldir. Bunday og’riqlar keng tarqalganiga qaramasdan, ularni hadeb dorilar bilan qoldiravermaslik joiz — bu sog’ligingiz uchun ikki barobar qimmatga tushishi mumkin. Chunki dori vositalarining nojo’ya ta’siri xavfi bilan birga, og’riqni keltirib chiqaradigan asl sabab bartaraf etilmaydi, faqatgina yashiriladi.

Jami baholar 4.3 / 5. Ovozlar soni: 19

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.