Yo’talni davolash usullari — xalqona vositalar, kompresslar, nafasni yengillashtirish

Yo’tal — bu refleks, organizmning bir himoya reaktsiyasi, nafas yo’llarini tozalash usullaridan biri sanaladi. Ko’pincha u virusli infektsiyalar, ya’ni shamollash tufayli paydo bo’ladi.

Yo'talni davolash usullari

Sabablari

Nafas yo’llarining shilliq qavatida viruslarning ta’siri tufayli balg’am ishlab chiqariladi, bu esa erkin nafas olishga to’sqinlik qiladi. Yo’tal esa aynan o’sha balg’amdan xalos bo’lishga yordam beradi.

Yo’talish tumov oqibatida ham yuzaga kelishi mumkin. Burundan ajralgan shilliq halqum bo’ylab pastga tushadi, nerv tolalarini qo’zg’atadi va nafas olishiga to’sqinlik qiladi. Natijada nafas yo’llarini tozalash mexanizmi faollashadi.

Yo’talning boshqa sabablariga:

  • Chekish;
  • Allergiya;
  • Nafas yo’llari infektsiyalari: bronxit, pnevmoniya, faringit, ko’kyo’tal;
  • Astma;
  • Boshqa nafas yo’llari kasalliklari: surunkali obstruktiv o’pka kasalligi;
  • Reflyuks yoki jig’ildon qaynashi;
  • Havo yo’llariga yot jism tushishi.

Yuqoridagi barcha holatlarda yo’tal shamollashdagi kabi emas, balki boshqacha tarzda davolanadi. Shuning uchun, ushbu maqolada faqat O’RVI tufayli paydo bo’lgan odatiy yo’talni davolash haqida so’z yuritiladi.

Shamollash natijasidagi yo’tal belgilari

Shamollash yo’tali jiddiy muammo emas. Bunday yo’tal o’tkir respiratorli virusli infektsiyalar natijasida yuzaga keladi va virusli kasallikning boshqa belgilari bilan kechadi: burun oqishi, bosh og’rig’i va tana haroratining biroz ko’tarilishi. Ammo buni yanada jiddiyroq sabablarga ko’ra paydo bo’lgan yo’tal bilan adashtirib yubormaslik kerak.

Kasallikni o’tkazib yubormaslik uchun quyidagi holatlarda shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi:

  • Yo’talish asosiy alomat emas va bemorga ko’proq tana haroratining ko’tarilishi yoki uzoq vaqt tushmaydigan isitma, kuchli bosh og’rig’i, holsizlik, toshma noqulaylik tug’dirsa;
  • Yo’tal uch haftadan ko’proq davom etsa yoki kuchaysa, og’irlashsa, unga chidab bo’lmasa;
  • Vaqt o’tishi bilan yo’talga boshqa alomatlar qo’shilsa, masalan takroriy isitma, holsizlik;
  • Ko’krakda og’riq yuzaga kelsa;
  • Tomoq og’riy boshlasa yoki shishib ketsa;
  • Nafas olish qiyinlashsa (shu jumladan yo’talish xurujlari tufayli);
  • Balg’am noodatiy rangda: jigarrang, yashil yoki hatto qon bilan bo’lsa;
  • To’satdan tana vazni pasayib ketsa.

Ko’krakda kuchli og’riqlar, nafas qisilishi va balg’amda qon kuzatilishida zudlik bilan tez yordam chaqirish kerak.

Surunkali, ayniqsa immunitetni zaiflashtiradigan kasalliklari bo’lgan bemorlar, hatto mo’tadil yo’tal kuzatilganda ham o’z shifokorlariga murojaat qilishlari kerak. Immunitet qandli diabet, kimyoterapiyalar, immunotanqislik holatlarida (OITS) ayniqsa zaiflashadi.

Davolash

Yo’tal — bu organizmning virus faoliyatiga qarshi javobi, shuning uchun alomatning o’zini bostirish befoyda. Organizm kasallikni yenggach ushbu alomat o’z-o’zidan yo’qolib ketadi. Shamollashda yo’tal odatda uch hafta ichida bartaraf bo’ladi.

Agar boshqa barcha alomatlar — isitma, burun oqishi, tomoq og’rig’i bemorni ma’lum vaqtga kelib bezovta qilishdan to’xtasada, yo’tal yana bir muddat saqlanib turishi mumkin va bu mutlaqo normal holatdir. Vahimaga o’rin yo’q va dorixonadagi vositalarning yarmini sotib olish shart emas.

Albatta, uning o’zi tuzalib ketishini kutish deyarli imkonsizligi aniq. Har bir bemor holatni yengillashtirmoqchi bo’ladi va buni quyidagi usullar bilan amalga oshirish mumkin.

Ko’proq suyuqlik ichish

Eng yaxshi davo chorasi — bu dam olish va ko’proq suyuqlik ichish sanaladi. Bu bronxlarda to’planadigan balg’amning suyuq bo’lishini ta’minlaydi. Bu holda uni yo’talish orqali nafas yo’llaridan chiqarib tashlash osonroq kechadi. Yo’talning o’zi ham yengilroq bo’ladi va tezroq tugaydi.

Bemor yetarli miqdorda suyuqlik ichmasa, organizmda suyuqlik tanqisligi yuzaga keladi va balg’am quyuqlashadi. Uni nafas yo’llaridan ajralishi qiyinroq bo’ladi, mos ravishda yo’tal ham og’irlashadi va balg’amning o’zi bakteriyalar uchun ko’payadigan muhitga aylanib, asoratlar va bakterial infektsiyalar rivojlanishi xavfini oshiradi.

Shamollashda quruq ham, nam yo’talda ham bir xil muolajalar ko’rsatiladi.

Ko’pgina hollarda asoratlarni oldini olish uchun ko’p miqdorda iliq suyuqlik ichishni o’zi yetarli bo’ladi. Hatto bolalar uchun ham yo’talni bostiradigan, balg’am ko’chiruvchi siropi, mukolitiklar va ekstraktlar berish zarur emas.

Suyuqlik miqdori har kungi odatiy miqdordagi choy, suv va boshqa suyuqliklarga qo’shimcha ravishda yana 3-5 stakan asal, limon qo’shilgan choy qabul qilish orqali mo’l miqdorga yetkaziladi.

Nafas olishni yengillashtirish

Yo’talni yengillashtirishning yana bir usuli — bu bemorning optimal havo bilan nafas olishini ta’minlashdir. Agar xonada juda ko’p chang bo’lsa, uning havosi haddan tashqari issiq yoki quruq bo’lsa, havo shilliq qavatlarni qo’shimcha ravishda ta’sirlantiradi.

Buning oldini olish uchun:

  • Tez-tez xonani tozalash. Pollarni namlab yuvish va uyni ifloslantirmaslik;
  • Shamollatish. Toza havo xonaning turg’un havosidan ancha yaxshiroqdir;
  • Yo’talayotgan bemor uxlayotgan xonadan chang «akkumulyatorlari» — gilam va yumshoq o’yinchoqlarni chiqarib tashlash;
  • Tana harorati me’yorda bo’lganda issiq hammom yoki dush qabul qilish. Keng tarqalgan noto’g’ri tushunishga qaramay, bu O’RVI alomatlarini kuchaytirmaydi, balki yordam beradi;
  • Havoni namlantirgichdan foydalanish. U xona havosining optimal nisbiy namligini (40-60%) saqlashga yordam beradi.

Burunga fizeritma quyish

Natriy xlorid eritmasi bu tuzlangan suvdir. U oddiy tayyorlanadi: bir litr suvda siz bir choy qoshiq tuz (do’ngchasiz) eritish joiz. Ushbu eritma yordamida O’RVI davrida burun tez-tez chayib turilishi kerak. Bu tumovni davolashning eng oddiy va eng arzon usulidir.

Tumov kuzatilmasa, demak shilliq ham ajralmaydi va o’z navbatida yo’talni qo’zgatuvchi omil ham yo’qqa chiqadi.

Tomir toraytiruvchi tomchilar

Ba’zi hollarda burun shilliq ajralmasi tomoqni ta’sirlantirishi sababi — uni shunchaki burundan chiqib keta olmasligidir. Bunday hollarda oksimetazolin, fenilefrin, ksilometazolin saqlagan tomir toraytiruvchi tomchilari yordamga keladi.

Biroq, ularni me’yoriy (odatda 5 kun) muddatdan ortiq qo’llash tavsiya etilmaydi, bunda nojo’ya ta’sir va boshqa asoratlar yuzaga kelishi mumkin.

Xalqona vositalar

Sut

Sutning tarkibida tomoqdagi qichishish va mos ravishda yo’tal xurujlarini qisqartirishga yordam beradigan maxsus moddalar mavjud. Yo’talning dastlabki belgilari kuzatilishida iliq sigir yoki echki sutidan foydalanish mumkin.

Ammo yo’tal barqaror, xurujsimon shaklga o’tsa, unda davolash uchun sutga asoslangan xalqona retseptlardan foydalanish yaxshiroq:

  • Sut va asal. Qo’llashning birinchi kunidayoq tunggi yo’tal xurujlaridan xalos etadi. Vositani tayyorlash uchun bir stakan issiq sutga bir choy qoshiq asal qo’shish kerak. Ammo tabiblar sutga nafaqat asal, balki bir chimdim oddiy iste’mol sodasi yoki ¼ choy qoshiqdan vanillin/dolchin, 1 ta dafna yaprog’i va 2 dona yanchilmagan murch qo’shishni ham tavsiya etishadi. Agar sutga yuqoridagi qo’shimcha komponentlar qo’shilsa, sutni avval qaynagunigacha qizdirish, shundan so’ng sovutib ichish kerak bo’ladi. Tavsiya etiladigan doza — kuniga 2 stakan, issiq shaklda kichik ho’plamlar bilan ichish.

E’tibor bering: asal va boshqa komponentlar qo’shilgan issiq sut qabul qilinganda, bemor juda kuchli terlaydi va yo’talish paytida yetarlicha ko’p darajada balg’am ajraladi.

  • Sut va sarimsoq. Ushbu vositaga afzallik berishdan oldin, bir narsani bilish kerak — uning ta’mi juda yoqimsiz bo’ladi, ammo ta’siri yaxshi va tezkordir. Vositani tayyorlash juda oson — 1 bosh sarimsoqqa (sarimsoqni boshchalarga ajratib, ularni mayda qilib kesish kerak) 1 litr sut quyib, sarimsoq yumshagunicha past olovda qaynatish kerak. Keyin vosita suzib olinadi va har 60 daqiqada 2 osh qoshiqdan ichiladi (agar bolalarda yo’tani davolash uchun ishlatiladigan bo’lsa, doza har 60 daqiqada 1 osh qoshiq bo’ladi). Vosita ta’mini yaxshilash uchun unga biroz asal qo’shish mumkin.
  • Sut va mineral suv. Ushbu vositani quruq yo’talni davolash uchun qo’llash ayniqsa foydalidir. Sut va mineral suv balg’amning yopishqoqligini kamaytirishga va uni tezroq chiqib ketishiga yordam beradi. Mazkur vositani tayyorlash uchun teng miqdorda sut va ishqorli (!) mineral suv olish kerak, bunda sutni oldindan isitib olgan ma’qul.
  • Sut va banan. Tayyorlash uchun 300 ml sut, 1 ta banan, 2 osh qoshiq tez eruvchan kakao va 1 choy qoshiq asal olish kerak. Masalliqlarning barchasi yaxshilab aralashtiriladi (bananni oldindan blenderda maydalab olish lozim) va issiqligida kichik ho’plamlar bilan ichiladi. Ushbu kokteylni kechqurun ichgan afzal, ertalab esa yo’talning ancha yengillashganini sezish mumkin.
  • Sariyog’ bilan sut. Issiq sutga biroz sariyog’ qo’shish quruq yo’talni yumshatishga yordam beradi, bemorni tomoq qirilishi va tomoq og’rig’idan xalos etadi. Miqdoriy nisbatda 1 stakan sut uchun 50 gramm sariyog’ kerak bo’ladi.

Eslatma: Ba’zi manbalarda sut va kakao yog’idan tayyorlanadigan yo’talga qarshi vosita retsepti ko’rsatiladi. Bu retsept uchun kakao yog’i faqat mukammal sifatga ega bo’lishi kerak — aynan shu holda u tiklovchi, immunitetni qo’llab-quvvatlovchi va profilaktik (masalan pnevmoniya yoki bronxial astma rivojlanishini oldini olish) ta’sirga ega bo’ladi.

  • Sut va zanjabil. Zanjabil xususiyatlari va foydaliligiga ko’ra sarimsoq va piyozga yaqin, shuning uchun ham u xalq tabobatida keng qo’llaniladi. Mutaxassislar sut va zanjabildan tayyorlangan ichimlikni yotishdan oldin ichishni tavsiya etishadi. U quyidagicha tayyorlanishi mumkin: yarim stakan sut, 2 choy qoshiq ko’k choy va kichikroq zanjabil ildizini idishga solib, 3 marta qaynatish kerak, har bir qaynatish oralig’ida damlamani tindirish uchun 5 daqiqadan kutish talab etiladi.
  • Propolis bilan sut. Asalarichilik mahsulotlari odatda yo’talni uy sharoitida davolashda juda keng qo’llaniladi, ammo sut va propolisning kombinatsiyasi eng samarali hisoblanadi. Terapevtik preparatni tayyorlash uchun 1/3 stakan sutga propolisning suvli tindirmasidan 2 tomchi qo’shish kifoya. Aralashmani uyqudan oldin ichish kerak.
  • Anjir va sut. Bu vosita ilgari bolalarda shamollash va ko’kyotalni davolash uchun ko’p qo’llanilgan. Uni tayyorlash juda oson — 2-4 ta anjirni yaxshilab yuvib, sutga solib bir daqiqa qaynatish kifoya. Tayyor mikstura kuniga 3-4 marta yarim stakandan ichiladi.

Asal

Uyquga ketishdan oldin bir qoshiq asal iste’mol qilish — samarasi haqiqatdan ham isbotlangan vositadir. U yo’talni yengillashtirish va yaxshi uxlashga yordam beradi.

Yo'talda asaldan foydalanish

Faqat kichik bolalarga asal berish tavsiya etilmaydi. Kamida bir yoshgacha bo’lgan bolalarga asal taqiqlanadi: ichak mikroflorasining xususiyatlari tufayli chaqaloqlarda botulizmning og’ir shakli rivojlanishi mumkin.

O’simlik asosli vositalar

Sutdan tashqari, xalqona tibbiyotda boshqa o’simlik va mahsulotlar ham progressiv yo’talda samarali ta’sirga ega. Quyida quruq va nam yo’taldan tezda xalos bo’lishga yordam beradigan bir necha retseptlar keltiriladi:

  1. Arpa damlamasi. 20 gramm arpa donlarini olib, ularni maydalash (masalan, qahva maydalagichda) va ustidan 300 ml suv quyish kerak. Olingan aralashma kamida 5 soat davomida tindiriladi va 10 daqiqa davomida qaynatiladi. Arpa damlamasini 1 osh qoshiqdan kuniga 5-6 marta ichish kerak. Ushbu vosita tomoqni yumshatadi va qobiq bilan o’raydi, yo’talish xurujlari sonini kamaytiradi.
  2. Glitserin va limon. 1 ta limonni butunligicha 10 daqiqa davomida sekin olovda qaynatish kerak. Keyin limonni kesib, hosil bo’lgan yarimlaridan sharbatini siqib olish, unga 2 choy qoshiq tibbiy glitserin qo’shish va barchasi stakanga solish kerak. So’ng dorivor vositaga stakan to’lgunicha asal qo’shiladi. Kuniga uch marta 1 choy qoshiqdan qabul qilinadi, lekin bemor uzoq vaqtdan buyon yo’talayotgan bo’lsa, dozani 2 choy qoshiqqacha oshirish mumkin.
  3. Zaytun yog’i va asal. Ushbu vosita quruq yo’talda ham, nam yo’talda ham «ish beradi». Buning uchun shunchaki teng miqdorda zaytun yog’i va asal aralashtiriladi va kuniga 5-6 marta 1 choy qoshiqdan qabul qilinadi.
  4. Shakar yoki asal bilan turp. Oldindan archilgan qora turpni ingichka plastinalar qilib kesib, ustidan xohishga bionan miqdorda shakar sepish kerak. 4-6 soatdan keyin turp o’zidan ko’p miqdorda sharbat chiqaradi, o’sha sharbatni kuniga 4-5 marta 1 choy qoshiqan iste’mol qilish kerak. Agar xuddi shunga o’xshash dorini asal bilan tayyorlashni istasangiz, unda qora turpni ichini kosacha qilib biroz o’yib olish va unga asal solish lozim. Bir necha soatdan keyin chuqurchada sharbat paydo bo’ladi — uni har 2-3 soatda 1 choy qoshiqdan ichish kerak. Odatda kuchli, uzoq muddatli yo’taldan qutulish uchun qora turpdan 3 kun foydalanish kifoya bo’ladi.
  5. Igir ildizi tindirmasi. Igir ildizi dorixonada sotiladi, shuning uchun biron maxsus narsa tayyorlashga hojat yo’q. Yo’tal xurujlari sonini kamaytirish va balg’amni nafas olish yo’llaridan tezroq chiqarish uchun 1 osh qoshiq maydalangan igir ildizdan olib, ustidan 200 ml qaynoq suv quyib, 20 daqiqa davomida tindirish kerak. Tindirmani kuniga uch marta 2/3 stakandan ichish kerak, uning ta’mini yaxshilash uchun 1 choy qoshiq asal qo’shish mumkin.

Kompresslar

Ko'krak qafasiga kompresslar qo'yish

Yo’talni davolashda kompresslar qo’llash uzoq vaqtdan buyon samarali ekanligi ma’lum, ammo ular faqatgina kasallikning o’tkir davri o’tganidan keyin ko’rsatiladi.

E’tibor bering: kompresslarni qo’llash isitma bo’lganida, O’RVI`ning o’tkir bosqichi, yurak kasalliklari, yuqori arterial qon bosimi va boshqa kasalliklarda qarshi ko’rsatiladi. Agar yo’talni kompreslar bilan davolashning maqbulligi haqida shubha tug’ilsa, mutaxassislardan maslahat olish oqilona yo’l bo’ladi.

Har qanday kompress uchta qatlamdan iborat bo’lishi kerak:

  • Nam qatlam — bu dori vositasi bilan namlangan paxta yoki doka bo’lishi mumkin;
  • Izolyatsion qatlam — dori ichki qatlamdan sizib chiqishiga yo’l qo’ymaslik uchun polietilen paket yoki mum qog’oz;
  • Issiq qilib o’rash uchun qatlam — bu qalin sochiq, issiq sharf yoki bint bo’lishi mumkin.

Kompress ko’krak qafasining yuqori qismiga qo’yiladi, yurakning anatomik joylashuvi qismi har doim ochiq bo’ladi. Kompresslarning ishlash tamoyili — ular tomonidan hosil qilinadigan issiqlik tomirlarga kirib, ularni kengaytiradi va shu sohada qon aylanishini yaxshilaydi. Bu esa, o’z navbatida, balg’amning tezroq ko’chishiga va uning yopishqoqligini kamaytirishga yordam beradi. Bir yoshgacha bo’lgan bolalarga kompress qo’yish taqiqlanadi.

Yo’talga qarshi kompress qo’yish uchun quyidagi usullardan foydalanish mumkin:

  1. Qaynatilgan kartoshka. Kartoshka issiqligicha polietilen paketga solinib, unga ozroq o’simlik moyi qo’shiladi, so’ng po’stlog’idan tozalamasdan yaxshilab eziladi. Hosil bo’lgan pyure bemorning ko’kragiga sochiq yoki ikki-uch marta qatlangan matoga o’rab qo’yiladi.
  2. Suyuq asal. Ko’krakning yuqori qismiga asal surtiladi, ustidan pergament qo’yiladi va issiq qilib o’raladi.
  3. Tuzli eritma. Eritma tayyorlash uchun 1 litr suv uchun 90 gramm tuz kerak bo’ladi. Shundan so’ng kompress klassik usulda qo’llaniladi — nam qatlam, izolyatsiya va issiq o’ram.

E’tibor bering: ko’pchilik odamlar yo’tal va tomoq og’rig’ida kompress uchun etil spirtidan foydalanishni maslahat berishadi, ammo shifokor bilan maslahatlashmasdan, bu usulni qo’llamash tavsiya etilmaydi. Bunday muolaja ko’plab teri kasalliklari, kompress qo’yish sohasida kichik teri jarohatlari mavjudligida qarshi ko’rsatmaga ega.

Shifokor nima buyurishi mumkin

Yo’tal uzoq vaqt tuzalmasa, shifokor undan tezroq xalos bo’lishga yordam beradigan dori-darmonlarni buyurishi mumkin.

  • Yo’talga qarshi dorilar. Bu vositalar miyadagi yo’tal markazini tormozlaydigan va refleksni bostiradigan dorilar sanaladi. Bunday preparatlar tarkibida kodein, butamirat, dekstrometorfan yoki boshqa faol moddalar mavjud. Ular balg’am bo’lmaganda, quruq yo’talda buyuriladi;
  • Balg’am ko’chiruvchi vositalar. Ular balg’amni suyultirishga (mukolitiklar) va nafas yo’llari bo’ylab chiqib ketishiga yordam beradi. Ushbu guruhga o’simlik ekstraktlari saqlagan dorilar, shuningdek ambroksol, bromgeksin, atsetilsistein kiradi.

Qarshi ko’rsatmalar

Ko’p odamlar yo’talga qarshi dorilarni tanlash oson deb o’ylashadi. Quruq bo’lsa — yo’talga qarshi, nam bo’lsa — mukolitiklar qabul qilish kifoya deb. Aslida hammasi ancha murakkab.

Birinchidan, ba’zi tadqiqotlar shuni ko’rsatdiki, ko’plab yo’talni bostiradigan dorilar tiklanishni tezlashtirishga yordam bermaydi.

Ko’p miqdorda suyuqlik ichish va havoning tozaligi foydasi tabletkalar va siroplardan qolishmaydi, hatto ulardan ustun bo’lishi ham mumkin: toza havo nojo’ya ta’sir ko’rsatmaydi va peredozirovka xavfi yo’q.

Ikkinchidan, mustaqil ravishda davolanish vaziyatni faqatgina yomonlashtirishi mumkin. Quruq yo’tal deya xato taxmin qilib, unga qarshi dori vositasi qabul qilinsa, refleks bostiriladi. Yo’tal bilan birga balg’amning chiqib ketishi ham to’xtaydi. Natijada unda bakteriyalar ko’paya boshladi, bu esa o’pka yallig’lanishiga olib keldi.

Xuddi shu kabi nam yo’talda bemor balg’am ko’chiruvchi vositalarni qabul qila boshlasa, ular balg’amni suyultirib, uning miqdorini yanada oshirishadi va holatni og’irlashtiradi.

Yo’talga qarshi, balg’am ko’chiruvchi vositalar bronxit, ko’kyo’tal, pnevmoniya va boshqa kasalliklarni davolash uchun qo’llaniladi. Ammo bu barcha holatlarda yo’tal yagona alomat emas va kerakli dori-darmonlar ro’yxatini faqatgina shifokor tuzishi kerak.

Odatiy O’RVIdan keyingi shamollash yo’tali qo’shimcha dori vositalarisiz ham davolanishi mumkin.

Jami baholar 4.3 / 5. Ovozlar soni: 7

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.