Soch to’kilishi — sabablari, davolash usullari, oldini olish

Soch to’kilishi fiziologik (normal) yoki patologik (muammolar tufayli) bo’lishi mumkin. Patologik to’kilish sochning bir tekisda siyraklashishiga, qisman yoki to’liq kallikka olib keladi. Bu holat vitaminlar va mikroelementlar yetishmasligi, dori vositalarining nojo’ya ta’siri, gormonal va infektsion kasalliklar, stress, irsiyat, noto’g’ri parvarishi tufayli yuzaga kelishi mumkin. Ko’pincha, ularni tuzatish muammoning bartaraf bo’lishi bilan yakunlanadi.

Erkaklarda soch to'kilishi

Soch to’kilishi

Soch to’kilishi tabiiy jarayondir. Har kuni kishi 60-100 tola soch yo’qotadi. Odatda, yangi o’sib chiqqan va to’kilgan tolalar miqodir bir xil bo’ladi. Ammo ma’lum sharoitlarda ikkinchisining miqdori ortib ketadi.

Soch umrining o’rtacha davmiyligi 7 yil bo’ladi va bu vaqt davomida u 3 bosqichdan o’tadi:

  • Birinchi bosqich — tola nozik va ingichka bo’lib, keyinchalik faol o’sa boshlaydi. Bu davr 2-7 yil davom etadi.
  • Ikkinchi bosqich — katagen faza, ya’ni to’kilishga tayyorlanish bosqichi. 2-4 hafta davom etadi.
  • Uchinchi bosqich — to’kilishi bosqichi. U follikul (soch ildizi) joylashuvining chuqurligiga qarab 3-4 oy davom etadi.

Shu sababli muammoning sababini kamida uch oy oldin ta’sir ko’rsatgan omillardan qidirish kerak.

Sabablari

Patologiya rivojlanishiga ichki yoki tashqi omillar ta’sir o’tkazishi mumkin.

Ichki omillar

Soch to’kilishining eng ko’p uchraydigan sabablaridan biri — organizmda temir mikroelementining yetishmasligidir. Ayollar hayz paytida tabiiy qon yo’qotishlari tufayli ko’pincha temir tanqisligi anemiyasidan aziyat chekadi va uning birinchi klinik ko’rinishi aynan tirnoq, teri va sochlarda seziladi.

Yuqori jismoniy faollik, muvozanatsiz va ozish uchun qat’iy parhezlar ham kamqonlik rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Oqibatda sochlar rangsiz, quruq va mo’rt bo’lib qoladi. Anemiya davolanmasa, muammo faqatgina kuchayadi.

Stressli vaziyatlar va vegetativ asab tizimining buzilishlari bosh terisidagi tomirlarning torayishiga sabab bo’ladi. Uzoq cho’ziladigan stress holatida tomirlar normal holatga qaytmaydi. Soch tolalarining oziqlanishi buzilishi oqibatida ular to’kiluvchan bo’lib qoladi.

Tananing surunkali kasalliklari, ayniqsa endokrin kasalliklar ham sababchilar qatoriga kiradi. Qalqonsimon bez kasalliklari, tuxumdon polikistozi, pnevmoniya va sifilis (zaxm) kabi kasalliklar bunga misol bo’ladi. Shu sababli muammo ko’proq estetik bo’lsa-da, bunday alomatlar kuzatilganda bemorlar keng qamrovli ko’rikdan o’tishlari kerak.

Ko’pincha bunday muammo irsiy moyillik tomonidan chaqirilgan bo’lishi mumkin.

Tashqi omillar

Ba’zi dorilarni qabul qilish (masalan aspirin uzoq muddat qabul qilinganda) soch to’kilishiga turtki bo’ladigan nojo’ya ta’sirga ega. Ularga asosan oral kontratseptivlar, antidepressantlar, gipotenziv va steroid preparatlar kiradi.

Qomatni saqlash uchun o’z tarkibida og’ir metal tuzlari va selen saqlagan preparatlar sochlarga yaxshi ta’sir ko’rsatmaydi. Ushbu dorilar asosan ich surgi bo’lganligi bois, ularni qabul qilish vitamin va minerallarning so’rilishi buzilishiga olib keladi. Bundan tashqari, og’ir metal tuzlari bilan surunkali zaharlanish va anemiya rivojlanishi mumkin.

Boshqa sabablar orasidan quyidagilarni ajratib ko’rsatish mumkin:

  • Sochni bo’yash, kimyoviy o’rash, fen bilan keragidan ortiq quritish;
  • Uzoq muddat pariklar, ulama sochlar taqib yurish;
  • Gigienik vositalarini noto’g’ri qo’llash;
  • Sovuq mavsumda bosh kiyimlarini kiyganda sochga beparvolik qilish;
  • Kofein saqlagan ichimliklarni suiste’mol qilish.

Ko’pincha soch ko’chirib o’tkazgan bemorlarda ularning to’kilib ketishiga qayd qilinadi. Bu holat organizmning normal reaktsiyasi bo’lib, yangi joyga ko’chirilgan follikullar stressni boshdan kechiradi va qisqa tanaffusdan keyin normal o’sishda davom etadi.

Tashxislash

Alopetsiya (kallik) asosan erkaklarda kuzatilsa, ayollarda tez-tez soch to’kilishi bilan bog’liq muammolar uchraydi.

Alopetsiyaning oddiy soch to’kilishidan muhim farqi shundaki, ikkinchisida follikul patologiyasi kuzatilmaydi, ya’ni salbiy omillarni bartaraf etilsa, ularning o’sishini tiklash mumkin.

Muammo mavjudligini aniqlash uchun oson test mavjud. Buning uchun soch bir necha kun yuvilmaydi, so’ng boshning tepa qismi yoki yonlaridan qo’l bilan tortiladi. Agar qo’lda beshdan ortiq soch tolasi qolsa, bu to’kilish me’yordan yuqori ekanligini ko’rsatadi.

Ba’zi hollarda sochlarning me’yordan ortiq to’kilishi kasallik yoki tashqi sabablar bilan bog’liq bo’lmaydi, masalan organizmdagi gormonal o’zgarishlar vaqtida. Gormonlar miqdori me’yorga qaytgach, muammo o’z-o’zidan bartaraf bo’ladi. Bunday davrlarga bolaning 3-6-oyligi, balog’at davri, tug’ruqdan keyingi davr, homiladorlikning uzilishi va menopauza kiradi.

Soch to’kilishining sababini aniqlash uchun trixolog konsultatsiyasi lozim. Bunda keng ko’lamli tahlillar o’tkaziladi. Xususan qon tahlili, gormonal fonni tahlil qilish, sochlarning spektral tahlili va alopesiyani istisno etish uchun tekshiruvlar.

Soch to’kilishini davolash

Teri, tirnoq va sochlar holati tananing ichki holatini aks ettiradi, shuning uchun muammo kuzatilganda uning birlamchi sababini bartaraf etishga harakat qilish kerak. Davolash davomida sochga zararli ta’sir ko’rsatuvchi omillar qo’llanilmasligi kerak, masalan fen bilan quritish, bo’yash. Bundan tashqari, soch laki, muss va gellar ishlatish ham tavsiya etilmaydi.

Ayollarda soch to'kilishini davolash

Birinchi raqamli maqsad — asosiy sabablarni bartaraf etish. Soch o’sishini rag’batlantiruvchi vositalar esa ikkilamchi yordam sifatida qaraladi. Agar soch dori-darmonlar tufayli to’kilsa va ularni bekor qilib bo’lmasa, shifokor masalahti bilan ularni shunday ta’sirga ega boshqa turdagi dorilarga almashtirish mumkin.

Soch to’kilishi jarayoni tugashi bilan, ular yana o’sa boshlashi uchun follikullarning tiklanishiga biroz vaqt kerak bo’ladi. Shu sababli ko’rilgan choralar darhol natija bermasa, umidsizlikka tushmaslik kerak.

Zamonaviy trixologiyada qo’llaniladigan samarali usullar bosh terisi massaji va apparatli davolash usullarini o’z ichiga oladi. Ularning ta’siri soch o’sishini rag’batlantirish va ularning to’kilishini kamaytirishga asoslangan.

Terapevtik muolajalar

  • Mikrotokli terapiya. Follikullarga elektr energiyasi bilan ta’sir qilish va teri ostiga faol moddalar kiritish imkonini beradi. Terapevtik fiziomuolajalardagi tokning kuchlanishi juda past, shuning uchun ular salomatlikka zarar yetkazmaydi va yoqimsiz hissiyotlar chaqirmaydi.
  • Vakuum massaji. Bunda bosh terisi ustiga kichkina chashkachalar o’rnatiladi va bu pulsatsiya qiluvchi vakuum hosil qiladi. Muolaja qon aylanishini yaxshilaydi, follikullarni uyg’otadi va o’sish bosqichida bo’lgan sochlarni yaxshi oziqlanishini ta’minlaydi.
  • Mezoterapiya. Bosh terisi ostiga soch o’sishini rag’batlantiradigan va to’kilishini kamaytiradigan moddalarni yuborishni nazrada tutadi. Muolaja to’qimalarda mikrosirkulyatsiyani, follikullarda modda almashinuvini yaxshilaydi.
  • Ichki a’zolar faoliyatini me’yorga keltirish. Bu holda birlamchi sabab bartaraf etilganligi bois sochlarning o’sishi o’z joyiga qaytadi.

Agar soch to’kilishi kimyoterapiya yoki nurli terapiya natijasi hisoblansa, ular qayta o’sib chiqqach tuzilishi va rangida o’zgarish bo’lishi mumkin.

Vitamin komplekslar

Muammoning sababi vitamin yetishmasligi natijasida yuzaga kelgan bo’lsa, quyidagi vitaminlar tayinlanishi mumkin:

  • B guruhi vitaminlari. Xususan B2 shikastlangan tuzilmani tiklaydi, sinuvchanlik va gullash muammosini bartaraf etadi.
  • Vitamin F asabiylik oqibatlarini tuzatadi.
  • A vitamini ildizlari sohasida qon aylanishini yaxshilaydi, erkin radikallar ta’siridan himoyalaydi.
  • E vitamini qonda kislorod aylanishini me’yorlashtiradi, soch o’sishini rag’batlantiradi.
  • Vitamin C immun tizimini mustahkamlaydi va follikullarni qon bilan ta’minlanishini yaxshilaydi.

Bugungi kunda ko’plab vitamin komplekslari mavjudligiga qaramasdan, ularni faqat mutaxassis konsultatsiyasidan keyin qabul qilish kerak.

Xalqona vositalar

Birlamchi sabablar bartaraf etilgach, sochlarni mustahkamlash va o’sishini rag’batlantirish uchun uy sharoitida tayyorlanadigan ba’zi vositalardan foydalanish mumkin. Ularni qo’llashdan avval mutaxassis konsultatsiyasi zaruriy hisoblanadi.

  • Piyoz, asal va tuxum asosli oziqlantiruvchi niqob. Bir bosh piyoz go’shtqiymalagichdan o’tkaziladi, so’ng unga 3 choy qoshiq suyuq va biroz isitilgan asal va bitta xom tuxum qo‘shiladi. Hosil bo‘lgan aralashma boshga yengil massaj harakatlari bilan surtiladi va 30 daqiqaga qoldiriladi. So‘ng bolalar shampuni bilan yuvib tashlanadi, asalni yuvish oson ish emasligini inobatga olish kerak. Niqobni haftada 2 martadan ortiq qo’llash tavsiya etilmaydi.
  • Tuxum sarig‘i va tuzli niqob. 2-3 ta tuxum sarig‘i ajratilib, unga 2-3 osh qoshiq tuz qo‘shiladi va mikserda aralashtiriladi. Bunda tuz kristallari oxirigacha erib ketmasligi kerak. Tayyor bo‘lgan aralashma bilan soch ildizlari 5-7 daqiqa tuz to‘liq erib ketgunga qadar massaj qilinadi, keyin yuvib tashlanadi.
  • Qatiqli niqob. Yarim stakan ilitilgan qatiqqa 1 osh qoshiq qora sedana moyi va bir necha tomchi choy daraxti moyidan qo’shiladi. Aralashma boshga surtilib, 15-20 daqiqa qoldiriladi, so’ng yuvib tashlanadi.
  • Chakamug’ yoki kanakunjut yog’i. Yog’ teng nisbatda etil spirti bilan aralashtiriladi va bosh terisiga massaj harakatlar bilan surtiladi. Yarim soatdan so’ng oddiy shampun bilan yuvib tashlanadi. Kanakunjut yog’iga shuningdek piyoz sharbati va bitta tuxum sarig’i qo’shib, niqob tayyorlash ham mumkin.

Albatta, agar muammoning asl sababi bartaraf etilmasa, yuqoridagi vositalar besamar hisoblanadi.

Oldini olish

Soch to’kilishini oldini olish usullari umumiy salomatlikni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan:

  • Oqsillar iste’mol qilish. Soch oqsildan tashil topganligi sababli, kundalik ratsionda ular yetarli miqdorda bo’lishini nazorat qilish zarur;
  • Vitamin va mikroelementlar. Temir, kalsiy, rux va B vitamini sochlarning o’sishiga ijobiy ta’sir qilibgina qolmay, ularning to’kilishini oldini olishda ham muhim rol o’ynaydi;
  • Tezda vazn tashlamaslik. Qat’iy parhezlar va tezda vazn tashlash bo’linayotgan follikullarga shok sifatida ta’sir ko’rsatadi;
  • Bosh terisi gigienasi. Boshning sochli qismida yog’ning ortiqchaligi achitqi zamburug’larining ko’payishiga sharoit yaratadi. Ular o’z navbatida yog’larni yog’ kislotalarigacha parchalab, bosh terisiga qo’zg’atuvchi ta’sir ko’rsatadi. Bunda tez-tez yuvish ham, uzoq vaqt yuvmaslik ham salbiy ta’sirga ega.

Sochni me’yordan ortiq tortib o’rash va uzoq muddat shu holatda qoldirish, sochiq bilan qattiq artish, fen bilan tez-tez quritish ham sochlarga shikast yetkazadi. Bu omillarning ta’sirini minimal darajagacha cheklash kerak.

Jami baholar 4.4 / 5. Ovozlar soni: 14

Reklama

4 ta izoh qoldirilgan

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.