Bachadon tonusi oshishi — sabablari, oqibatlari, tashxislash, davolash

Bachadon tonusi oshishi — uning qisqaruvchanligi ortishi demakdir. Bachadonning qisqarish qobiliyati mavjudligi sababli bola dunyoga keladi. Ammo normada bunday qisqarish faqat tug’ruq paytida bo’lishi kerak.

Bachadon tonusi oshishi

Agar tonus homiladorlik davomida yuzaga keladigan bo’lsa va hatto bir necha daqiqa davom etsa, bu bolaning normal oziqlanishiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, oxir-oqibat bolaning rivojlanishida buzilishlar kuzatilishi va hatto homiladorlikning muzlashiga olib kelishi mumkin. Bunga yo’l qo’ymaslik uchun bachadon tonusi nima va uning oldini olish uchun nima qilish kerakligi haqida ma’lumotga ega bo’lish zarur.

Ko’pgina omillar bachadonning qisarishiga olib kelishga qodir, ammo gormonal o’zgarishlar boshqalariga qaraganda ko’proq qayd etiladi.

Bachadon tonusi sabablari

Shifokorlar tonus oshishining bir nechta keng tarqalgan sabablarini ajratishadi:

  1. Bachadonda jarrohlik amaliyotlari o’tkazilganligi, shu jumladan abortlar.
  2. Bachadonning anomal rivojlanishi (ikki shoxli, bitishishlar, bukilish va boshqalar).
  3. Endokrin kasalliklar mavjudligi (tuxumdonlar polikistozi, qandli diabet va boshqalar).
  4. Ayolning yoshi (21 yoshdan oldin va 40 yoshdan keyin).

Ayolning gormonal foniga va yuqorida sanab o’tilgan sabablarga qo’shimcha ravishda, boshqa ta’sir etuvchi omillar ham bor. Ularning orasida asosiylari:

  • Asab tizimining holati. Buning sababi asab tizimidagi bezovtalik tufayli oksitotsin va adrenalin darajasi ko’tariladi. Agar asablar faoliyati optimal bo’lsa, bu holda gormonlar darajasi me’yordan yuqori bo’lmaydi va bachadonning silliq mushaklari tinch holatida qoladi. Agar ushbu gormonlar darajasi biroz oshadigan bo’lsa ham bachadon qisqarishni boshlaydi. Bejizga tug’ruq vaqtida uni stimulyatsiya qilish uchun ayolga oksitotsin berilmaydi.
  • To’laqonli uyqu. Homildorlik davomida optimal uyqu miqdori 9 soat sanaladi. Bunga qo’shimcha ravishda tushlikda 2 soatlik uyqu foydali bo’ladi.
  • Foliy kislotasi va vitamin E yetishmasligi. Shu sababli shifokordan kerakli vitamin kompleklsarini yoki barcha kerakli moddalar saqlovchi muvozanatli parhez buyurishni so’rash lozim.

Oqibatlari

Kasallikning yengil alomatlarini sezgan ko’plab ayollar shifokorga shikoyat qilishga shoshmaydilar. Biroq ba’zi hollarda yuqori tonus homiladorlikka tahdid soladigan jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin. Ushbu holatning eng ayanchli oqibatlaridan biri — spontan abort yoki oddiy qilib aytganda homila tushishi bo’lishi mumkin.

Homiladorlikning so’nggi haftalarida bachadon tonusi ba’zida homiladorlikning erta yakunlanishiga va muddatidan oldin tug’ruqlarga sabab bo’ladi.

Ushbu holat tahdid soladigan yana bir muammo — bu homilaning rivojlanishdan to’xtashidir.

  • Normal homiladorlik davrida ayolning qon tomirlari yo’ldosh orqali homilaga uning rivojlanishi uchun zarur bo’lgan kislorod va turli xil oziq moddalarni yetkazib beradi;
  • Tonusning ortishi ushbu moddalar miqdorining sezilarli darajada kamayishiga yoki umuman yetishmasligiga olib keladi. Natijada homila gipoksiyadan aziyat chekadi va hatto nobud bo’lishi mumkin;

Qorin sohasida yengil tortishish hissi paydo bo’lganda ba’zi ayollar bunga ahamiyat berishmasa, boshqalari esa darhol eng yomon holatdan shubhalana boshlashadi. Homilador ayollarning qaysi toifasiga mansub bo’lishdan qat’iy nazar, har qanday shubhali holatlarda imkon qadar tezroq shifokorga ko’rinish tavsiya etiladi. Faqatgina u noqulaylikning asl sababini aniqlaydi va agar talab etilsa, to’g’ri davolash choralarini buyuradi.

Tashxislash

Homiladorlikning erta muddatlarida bachadon tonusini aniqlash qiyin vazifa emas. Shifokor dastlab bemor shikoyatlarini tinglab, dastlabki tashxis qo’yadi.

  • Shundan so’ng, homilador ayol ultratovushli tekshiruvga yuboriladi, bu bachadon tonusi oshganligini tasdiqlaydi yoki rad etadi;
  • Ko’plab ginekologlar muammoni palpatsiya orqali ham aniqlay olishadi.

Davolash

Bachadon tonusini bartaraf etish uchun birinchi navbatda uning sababini aniqlash talab etiladi. Maxsus gormon testlari ayol organizmida progesteron miqdorini aniqlashga yordam beradi. Agar uning darajasi pasaygan bo’lsa, shifokor ma’lum bir dori-darmonlarni buyuradi.

Umuman olganda, bachadon tonusini davolash quyidagi harakatlardan iborat:

  1. Avvalo, bo’lajak onaning hissiy va ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko’rsatadigan har qanday omillarni bartaraf qilish kerak. Homilador ayol sog’lom va qulay muhitda bo’lishi, nizolardan, qo’rquvdan, haddan tashqari asabiylikdan qochishi, o’zini faqat ijobiy his-tuyg’ular va ularni beradigan odamlar bilan o’rab olishga harakat qilishi zarur.
  2. Haddan tashqari charchoq va dam olmaslik vaziyatni og’irlashtiradi, shuning uchun ayol ortiqcha charchamaslikka imkon beradigan normal ish tartibini tashkil qilishi kerak.
  3. Bachadon tonusini davolashda muhim shartlar qatoriga yaxshi ovqatlanish va sog’lom uyqu ham kiradi. O’rtacha darajada jismoniy faollik haqida unutmaslik kerak, u birinchi navbatda zavq bag’ishlaydi.
  4. Og’ir holatlarda, tonusning ko’tarilishi homila tushishi xavfini tug’dirsa, ayol statsionar davolanish uchun kasalxonaga yotqiziladi. Ushbu davrda, shuningdek undan bir muddat keyin, bemorga yotoq tartibida dam olish va jinsiy aloqadan saqlanish buyuriladi.
  5. Medikamentlar sifatida miometriy bo’shashishiga hissa qo’shadigan dorilar, gormonal, sedativ va boshqa vositalardan foydalanish mumkin. Tinchlantiuvchi vositalar sifatida, o’tlar asosida tayyorlanadigan deyarli zararsiz preparatlar, masalan, valeriana ishlatiladi. Agar bu vosita samarasiz bo’lib, ayolning hissiy holati normal holatga qaytmasa, unda «Nozepam», «Trioksazin» yoki «Sibazol» buyurilishi mumkin.
  6. Bachadon mushaklarining kuchlanishini yengillashtirish uchun ko’plab shifokorlar No-shpa qabul qilish yoki papaverinli rektal shamchalardan foydalanishni maslahat berishadi. Ba’zida, bachadon zo’riqishini yengillashtirish uchun kaltsiy kanallari blokatorlari ishlatiladi.
  7. Agar progesteron uchun testlar gormon yetishmovchiligini ko’rsatsa, shifokor, yuqori ehtimollik bilan Dyufaston yoki Utrojestan kabi vositalarni tayinlashi mumkin. Bunday terapiya faqat homiladorlikning erta muddatlarida o’rinli bo’ladi.
  8. Agar jinsiy yo’llardan qon ketishi bilan spontan abort tahdidi mavjud bo’lsa, shifoxonada gemostatik vositalar ham qo’llaniladi.

Tavsiyalar

  1. Uyqu va uyg’oqlik tartibini nazorat qilish.
  2. Uy yumushlarining bir qismini boshqa oila a’zolariga topshirish.
  3. Yoqimsiz, asabbuzar odamlar bilan suhbatlashmaslik.
  4. Jinsiy aloqada, ayniqsa homiladorlikning 3 va 7 oyligida ehtiyot bo’lish.

Homiladorlikning butun davomida mutlaqo xotirjamlikni saqlab bo’lmaslik aniq, ammo hech bo’lmaganda asosiy lahzalarda urinib ko’rishga arziydi. Agar barchasi to’g’ri bajarilgan bo’lsa, chaqaloq sog’lom va nuqsonlarsiz tug’iladi.

Jami baholar 4.3 / 5. Ovozlar soni: 52

Reklama

1 ta izoh qoldirilgan

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.