Egarsimon bachadon — sabablari, belgilari, homiladorlikka ta’siri, davolash

Egarsimon bachadon — ikki shoxli bachadon turi sanalib, bunda uning tubi egar shaklida ajralgan bo’ladi. A’zo tubining ikki shoxga bo’linish darajasi turlicha bo’lsa-da, u doimo egar shaklini eslatadi. Mazkur patologiya hech bir buzilishlarsiz kechishi yoki homiladorlikning uzilishi ehtimoli yuqoriligi, muddatidan oldin tug’ruqlar, tug’ruq jarayonining zaifligi va diskoordinatsiyasi, tug’ruqdan keyingi qon ketishlar bilan tahdid solishi mumkin.

Egarsimon bachadon

Bachadonning egar ko’rinishidagi deformatsiyasiga ko’pincha boshqa rivojlanish nuqsonlari hamrohlik qiladi. Patologiya aksariyat hollarda tasodifan — UT tekshiruv, gisteroskopiya yoki MRT vaqtida aniqlanadi. Bunday holat homiladorlikning normal rivojlanishiga to’sqinlik qiladigan hollarda jarrohlik aralashuvi ko’rsatiladi.

Umumiy ma’lumot

Egarsimon bachadon ikki shoxli bachadonning tez-tez namoyon bo’ladigan shaklidir. Bunda a’zo tubining tashqi yuzasida egar shaklida kichik botiqlik paydo bo’ladi. Ginekologiyada bachadon nuqsonlari umumiy sonining 23 foizi ushbu patologiya hissasiga to’g’ri keladi. Ikki shoxga bo’linish darajasi turlicha bo’ladi: ko’ndalang o’lchamning kengayishi, tubning yassilanishi va biroz ikki shoxga bo’linishi. Barcha holatlarda a’zoning kesimi shakli egarga o’xshaydi.

Bunday nuqsonga ko’pincha siydik tizimi nuqsonlari, bachadon ichi to’siqlari, chanoqning torligi hamrohlik qiladi. Shuning uchun uning mavjudligi birlamchi bepushtlik, homiladorlikning turli patologiyalari, tug’ruq jarohatlari, tug’ruqdan keyingi asoratlar, homilaning bachadon ichida nobud bo’lishi xavfini tug’diradi.

Sabablari

Bachadonning egarsimon deformatsiyasi embriogenezning 10-14-haftalari oralig’ida mezonefral naylarning birlashuvi vaqtida shakllanadi. Embrional rivojlanish bosqichida bachadon bo’shlig’i dastlab saggital to’siq bilan ajratilgan ikki bachadon-qin bo’shlig’idan iborat bo’ladi. Homilaning dunyoga kelishiga yaqin muddatlarda to’siq asta sekin so’rilib ketadi. Ya’ni dastlab ikki shoxli bachadon egar shakliga, so’ngra normal, noksimon, bir bo’shliqli shaklga o’tadi.

Qiz homilaning tug’ilishi vaqtiga kelib bachadonning to’liq shakllanmasligi holatlarida a’zoning tubi sohasida botiqlik saqlanib qoladi. Bu tug’ma nuqsonga — egarsimon bachadonga olib keladi. Tubning ajralishidan tashqari doimo bachadonning ko’ndalangiga kengayishi kuzatiladi.

Disembriogenez va a’zoning patologik shaklda bo’lishiga homiladorlik davomida a’zolar shakllanishiga salbiy ta’sir ko’rsatuvchi turli shikastlovchi omillar sabab bo’ladi, xususan:

  • Onaning zaharlanishi (alkogolli ichimliklar, nikotin, giyohvand moddalar, dori vositalari, kimyoviy vositalar bilan);
  • Vitamin yetishmovchiligi;
  • Stress;
  • Endokrinopatiya (tireotoksikoz, qandli diabet);
  • Yurak poroklari.

Homilador ayolning infektsion kasalliklari — qizamiq, gripp, qizilcha, sifilis, toksoplazmoz va boshqalar — organogenezga juda salbiy ta’sir ko’rsatadi. Homiladorlikning toksikoz sharoitida kechishi, homilaning surunkali gipoksiyasi ham bunday jarayonga o’z hissasini qo’shadi.

Egarsimon bachadon belgilari

Homiladorlik bo’lmagan davrlarda ayol bunday muammo mavjudligidan xabardor bo’lmasligi ham mumkin. Bachadon tubining biroz egarsimon deformatsiyasi homiladorlik boshlanishiga to’sqinlik qilmaydi, uning kechishi va tug’ruqni murakkablashtirmaydi.

Sezilarli o’zgarishlar mavjudligida esa spontan abort, yo’ldosh patologiyasi (lateral yoki past joylashuvi, yo’ldoshning yotishi, muddatidan oldin ko’chishi), homilaning ko’ndalang joylashuvi, homilaning chanoqda yotishi, muddatidan oldin tug’ilish xavf tug’dirishi mumkin.

Tug’ruq paytida bu patologiya jarayonning zaifligi va diskoordinatsiyasi sababchisi bo’lishi mumkin. Ba’zan akusherlik amaliyotida egarsimon bachadon aniqlanganda kesarcha kesishga murojaat qilinadi. Bachadonning anatomik va funktsional yetuk emasligi tug’ruqdan keyingi qon ketishini keltirib chiqarishi mumkin.

Homiladorlik kechishi davomida bo’lajak ona tegishli kuzatuv ostida bo’lmagan taqdirda perinatal o’lim xavfi ortadi. Bachadon tubining jiddiy deformatsiyalari mavjud hollarda birlamchi bepushtlik kuzatilishi mumkin.

Tashxis

Egarsimon bachadonni tashxislashda instrumental tadqiqotlar — UTT, exogisterosalpingoskopiya (ExoGSS), gisteroskopiya, gisterosalpingografiya, magnit-rezonans tomografiya hal qiluvchi rol o’ynaydi. Ushbu patologiyani aniqlashda standart ginekologik tekshiruv yetarlicha ma’lumot bermaydi.

Kichik chanoqning exografiyasida (UTT) egarsimon bachadon belgilari doimo ham aniqlanmaydi. Sezilarli deformatsiyalarda ko’ndalang skaning bachadon tubi kengligining 68 mm gacha kattalashishi, tub miometriyining 10-14 mm gacha qalinlashishi va uning a’zo bo’shlig’iga shishib chiqishini aniqlash imkonini beradi.

Patologiyani aniqlash uchun ultratovushli tekshiruvni siklning ikkinchi fazasida endometriy yetarlicha qalin bo’lganda vaginal sensor yordamida amalga oshirish afzalroq.

Deformatsiyaning eng ishonchli belgilaridan biri gisterosalpingografiya davomida aniqlanadi: rentgenogrammalarda fallopiy naychalarining ikki og’izchasi aniqlanadi, tub sohasida bachadon ichiga tushib turuvchi egar ko’rinishida bo’lgan botiqlik yaqqol ko’rinadi. YMRT o’tkazish davomida analogik belgilar kuzatiladi.

Gisteroskopiya bachadon bo’shlig’ini bevosita ko’zdan kechirish uchun ishlatiladi. Homiladorlik davomida bemor ayollar bachadon-yo’ldosh qon oqimining dopplerografiyasi monitoringi, kardiotokografiya, homila fonokardiografiyasi o’tkaziladi.

Davolash

Egarsimon bachadonda jarrohlik taktikasi faqatgina urug’lantirish sodir bo’lmasligi (boshqa sabablar bo’lmaganda) yoki odatiy homila tushishlari kuzatilgan hollarda qo’llaniladi. Bachadon bo’shlig’ini rekonstruktsiya qilish gisteroskopiya jarayoni davomida tabiiy yo’llar orqali, kesmagan holda amalga oshiriladi. Nuqson tuzatilgach homilador bo’lish ehtimolligi o’nlab barobarga ortadi.

Bemor ayollar homiladorlikning boshlang’ich muddatlaridan boshlab akusher-ginekologning nazoratida bo’lish, uning barcha tavsiyalariga qat’iy amal qilish zarur. Hatto eng kichik darajadagi buzilishlar aniqlanganda ham akusherlik yordamiga murojaat qilish lozim.

Homiladorlik kechishi murakkablashganda ayollarga yotoq tartibiga amal qilish, spazmolitik vositalar, o’simlik asosli tinchlantiruvchi vositalar, gestagenlar, buzoqlarning deproteiniatsiyalangan qon gemoderivati, essentsial fosfolipidlar buyuriladi.

Jami baholar 3.3 / 5. Ovozlar soni: 3

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.