Jigar kasalliklari — alomatlari va belgilari, turlari, davolash, oldini olish
Jigar o’ndan ortiq hayotiy vazifalarni bajaradi, uni ulkan zavodga qiyoslash mumkin. Uning xodimlari — gepatotsitlar — o’ziga xos jamoalar tashkil etadi. Jigarda bunday funktsional birliklar juda ko’p va ular nobud bo’lgan hamkasblarining ishlarini o’z zimmasiga olishga qodir. Shuning uchun, agar bu bez kasallanadigan bo’lsa, patologiya alomatlari darhol paydo bo’lmasligi mumkin.
Mundarija
Jigarning asosiy kasalliklari
Ko’pgina jigar kasalliklari davolash mumkin bo’lgan bosqichida yashirin ravishda kechadi. Alomatlar jigar allaqachon sezilarli darajada shikastlanganda va jiddiy buzilishlar yuzaga kelganida sezila boshlaydi. O’ta murakkab holatlarda jigar kasalligi bemorning o’limiga olib kelishi mumkin.
Ushbu a’zoning keng tarqalgan va xavfli sanaladigan patologiyalari orasida sirroz yetakchi o’rinlardan birini egallaydi. Ammo sirroz juda kamdan-kam hollarda «o’z-o’zidan» rivojlanadi. Istisno holatlari — birlamchi biliar sirroz, bunda jigar hujayralariga immun tizimi tomonidan shikast yetkaziladi. Aksariyat hollarda esa u davolash choralari ko’rilmagan surunkali muammolar natijasida yuzaga keladi.
Tibbiy statistika
Jigar og’rig’idan shikoyat qiladigan ambulator bemorlarda ko’pincha alkogolsiz yog’ kasalligi (JAYK) aniqlanadi. 2015-yilda o’tkazilgan tadqiqotlarga ko’ra, kasallik ulushi 37,3% ni tashkil etgan. Bu yetti yil ichida ko’rsatkichning deyarli 35% ga oshgani demakdir.
Hozircha ushbu muammolar bilan shug’ullanadigan alohida mutaxassislik mavjud bo’lmagani kabi, jigar kasalliklarining yagona tasnifi ham yo’q. Ko’pincha jigar og’rig’idan shikoyat qiladigan bemorlarni gastroenterologlar, infektsion kasalliklar bo’yicha mutaxassislar va terapevtlar qabul qilishadi.
Jigar kasalliklarini shartli ravishda bir necha guruhga bo’lish mumkin.
- Gepatit va gepatozlar:
- Virusli gepatitlar;
- Jigarning alkogolsiz yog’ kasalligi;
- Alkogolli gepatit;
- Autoimmun gepatit;
- Jigarning toksik shikastlanishlari (dorilar, zaharli qo’ziqorinlar, kimyoviy moddalar bilan).
- Jigar o’smalari yoki metastazlar.
- Jigarning distrofik shikastlanishlari:
- Jigar fibrozi;
- Jigar sirrozi;
- Birlamchi biliar sirroz.
- Jigar jarohatlari.
- Jigarning boshqa infektsion kasalliklari:
- Jigar tuberkulyozi, sifilitik shikastlanishlar;
- Parazitar invaziyalar (alveokokkoz, exinokokkoz, opistorxoz, leptospiroz, askaridoz);
- Jigar abstsessi.
- Irsiy kasalliklar:
- Gemoxromatoz;
- Vilson-Konovalov kasalligi;
- Jigarning tug’ma nuqsonlari;
- Jilbert sindromi.
Jigar kasalligi sabablari
Jigar hujayralariga zarar yetishiga quyidagi omillar olib kelishi mumkin:
- Lipid almashinuvi buzilishi. Natijada jigar hujayralarida yog’ to’planib qoladi. Buning oqibatida birinchi navbatda steatoz, so’ngra steatogepatit rivojlanadi;
- Alkogol. Alkogol va uning qayta ishlangan mahsulotlari (atsetaldegid) jigar hujayralariga zarar yetkazadi. Alkogolli ichimliklarga nisbatan sezuvchanlik genetika va boshqa omillarning kombinatsiyasiga bog’liq. Kuniga 30 grammdan ortiq etanol iste’mol qilishda jigarning shikastlanish xavfi bir necha barobarga ortadi. Kuniga 120-160 gramm dozada etanol jigar uchun mutlaqo zaharli hisoblanadi;
- Zaharlanish. Kimyoviy moddalarning jigar hujayralari faoliyatini buza olish qobiliyati gepatotoksiklik deb ataladi. Bularga dori-darmonlar, sanoat kimyoviy moddalari, zamburug’ va bakteriya zaharlari kiradi;
- Viruslar. Gepatit A, B, C, D, E viruslari farqlanadi, ulardan eng keng tarqalgani — gepatit B va C viruslari sanaladi. Zararlanish jinsiy aloqa, in’yektsiya, tibbiy muolajalar paytida va onadan bolaga yuqadi. Kasallik o’zini hech qanday namoyon qilmasligi mumkin, shu bilan birga odam infektsiya manbai bo’lib qoladi.
E’tibor bering
JSST ma’lumotlariga ko’ra, dunyoda 257 million kishi gepatit B bilan, 71 million odam gepatit C bilan yashaydi. Virusli gepatit siroz va jigar saratoni rivojlanishining asosiy sababchisi sanaladi.
- Xoletsistit, pankreatit, o’t-tosh kasalligi natijasida safro dimlanishi va o’t yo’llarining yallig’lanishi;
- Jigarning qon ta’minoti izdan chiqishi. Bu yurak va qon tomirlari kasalliklarida qonning dimlanishi, qon tomirlarning o’smalar tomonidan qisib qo’yilishi va boshqalar bo’lishi mumkin;
- Atrofdagi to’qimalarni siqib qo’yadigan va ularning oziqlanishini buzadigan o’smalar;
- Jigar hujayralariga qaratilgan immun reaktsiyalar, shuningdek biriktiruvchi to’qimaning tizimli kasalliklari.
Xavf omillari
Ko’pincha kasallik sabablari bir vaqtning o’zida xavf omillari ham sanaladi, ya’ni bir nechta sabablarning kombinatsiyasida ularning ta’siri kuchayadi.
- 2-toifa qandli diabet. Insulin darajasining ko’tarilishi va insulinorezistentlik hujayra ichida yog’ to’planishiga olib keladi, shu jumladan jigar hujayralarida ham.
- Semizlik lipid almashinuvining buzilishi bilan birga kechadi va jigarning yog’li degeneratsiyasi rivojlanishiga hissa qo’shishi mumkin.
- Himoyalanmagan jinsiy aloqa, giyohvand in’yektsiyalari virusli gepatitning tarqalishiga yordam beradi.
- Tezda vazn yo’qotish, kofein, nikotin, gormonlar ta’siri ostida periferik yog’ zahiralarini faol ravishda parchalanishi. Bunday holda, erkin yog’ kislotalari jigar tomonidan ko’p miqdorda ushlanishi mumkin.
- Ko’p miqdorda glyukoza va fruktoza iste’mol qilish. Barcha uglevodlar orasida sof glyukoza va fruktoza tezda yog’ kislotalariga aylanib, jigarda saqlanish xususiyatiga ega.
- Genetik to’planish kasalliklari. Masalan, Vilson-Konovalov kasalligida mis metabolizmi buziladi va u jigar hujayralarida to’plana boshlaydi.
- Jigar ferment tizimlarining irsiy zaifligi.
Shikastlanish mexanizmi
Izoh
Jigarning aksariyat kasalliklari ma’lum bir stsenariy bo’yicha rivojlanadi: shikastlanish → gepatit → fibroz → sirroz → jigar saratoni.
Gepatit
Gepatit — bu jigar hujayralarining yallig’lanishi. Yallig’lanish — bu organizmning shikastlanishga bo’lgan universal reaktsiyasidir. Bunda organizm zararlangan hududni cheklashga va patogen bakteriyalar kabi kasallikning sababchilarini yo’q qilishga intiladi. Ushbu kurashda hujayra devorlari yoxud membranalari ham shikastlanishi mumkin, buning oqibatida jigar fermentlari qon oqimiga kiradi, hujayralarning o’zlari nobud bo’ladi. Gepatit virusli va virusli bo’lmagan (alkogolli, alkogolsiz, autoimmun va boshqalar) turlarga bo’linadi.
Gepatit shuningdek o’tkir va surunkali bo’lishi mumkin. O’tkir, tezda yuzaga keladigan yallig’lanish, agar ta’sir qiluvchi salbiy omil bartaraf etilsa, oqibatlarsiz tuzalib ketishi mumkin. Agar yallig’lanish jarayoni 6 oy yoki undan ko’proq vaqtga cho’zilsa va surunkali shaklga o’tsa, unda o’lik gepatotsitlar o’rnida asta-sekin fibroz paydo bo’la boshlaydi.
Fibroz
Fibroz — jigar to’qimasi o’rnini biriktiruvchi to’qima tolalari bilan almashtirilishi. Har qanday jarohatni tuzalishida bo’lgani kabi, jigardagi shikastlanish joyida ham chandiq paydo bo’ladi. U kollagen, elastin va odatda hujayralararo bo’shliqda joylashadigan boshqa moddalarga boy bo’lgan mustahkam to’qimadan iborat. Faqat fibroz jarayonida ushbu moddalar odatdagidan ko’ra 10 baravar ko’proq to’planadi.
Chandiq to’qima endi nobud bo’lgan jigar hujayralarining vazifalarini bajara olmaydi. Fibroz jarayoni tez bo’lishi va juda uzoq vaqtga cho’zilishi mumkin. Fibrozning yakuniy natijasi sirrozdir.
Jigar saratoni
Omon qolgan jigar hujayralari vaziyatni to’g’irlashga urinishga harakat qiladi va faol ravishda bo’linishni boshlaydi. Ammo, bu boshqa omillar bilan birgalikda ko’pincha jigar saratoni — gepatosellyulyar karsinoma rivojlanishiga olib keladi.
Jigar funktsiyasining og’ir buzilishi — jigar yetishmovchiligi deb nom oladi.
Belgilari va alomatlari
Afsuski, jigar juda uzoq vaqt biron bir signal bermasligi mumkin, kasallik belgilari namoyon bo’lishi ham juda xilma-xildir. Aksariyat alomatlar bir nechta kasalliklarda uchraydi, shuning uchun aniq tashxis qo’yish maqsadida shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi. U qo’shimcha tekshiruvlar natijasida qaysi mutaxassis bilan bog’lanish kerakligini maslahat beradi.
- Sariq kasallik Jigar hujayralarining parchalanishida qonga ko’p miqdordagi bilirubin pigmenti kiradi. Ushbu holat shuningdek, jigar bilan bog’liq bo’lmagan safro chiqarishda yuzaga kelgan muammolarda ham kuzatilishi mumkin.
- Dastlab sarg’ish tus ko’zlarning oqlarida, keyin terida ko’rinishi.
- Najasning rangi och, loy kabi bo’lishi.
- Siydik rangining qora pivoning rangi kabiligi.
- Bilirubinning teriga bezovta qiluvchi ta’siri tufayli qichishishlar.
- Qon tomirlari faoliyati va qon ivishining izdan chiqishi.
- Tananing yuqori qismi va qo’llarda mayda tomirli yulduzchalar (telangiektaziyalar).
- Qo’l va oyoq kaftlarining qizarishi.
- Tirnoqlarning shaffof bo’lmasligi («oq tirnoqlar»).
- Yuqori qon ketuvchanlik.
- Epigastriya sohasida varikoz kengaygan venalar.
- Modda almashinuvi buzilishi.
- Ksantoma va ksantemalar — mayda yog’ to’planmalari — qovoq, bilak, tirsak bukilmalari va boshqa joylarda paydo bo’lishi.
- Qorin bo’shlig’i hajmining oshishi qorin bo’shlig’ida suyuqlik to’planishi belgisi bo’lishi mumkin (astsit).
- Qonda albumin miqdori kamayishida butun tanaga bo’ylab kuzatiladigan shishlar.
- Ammiakning mochevinaga aylanishining buzilishi tufayli yoqimsiz shirin hid.
- Jinsiy gormonlar almashinuvining buzilishi — ayollarda hayz siklining buzilishi, erkaklarda libidoning zaiflashishi va sut bezlarining kattalashishi.
- Ensefalopatiya — miyaga ta’sir qilishi.
- Uyquchanlik, letargiya, apatiya, «jigarli dangasalik».
- Kichik motorikaning buzilishi, husnixatning o’zgarishi, qo’l titrashi.
- Ko’pincha virusli shikastlanishlar bilan birga kechadigan o’tkir gepatitning belgilari.
- Ko’ngil aynishi va qusish.
- Qorin og’rig’i — ko’proq o’ng qovurg’a ostida, ammo butun qorin bo’shlig’iga tarqalishi mumkin. Ovqatlanish bilan bog’liq emas.
- Yuqori isitma, bosh og’rig’i, bo’g’imlardagi og’riq.
Davolash va oldini olish
Jigar kasalliklari profilaktikasi medikamentoz va nomedikamentoz bo’lishi mumkin. Ikkinchisi ovqatlanish va turmush tarziga o’zgarishlar kiritishni nazarda tutadi. Hayot tarzini o’zgartirmasdan faqatgina dorilar qabul qilish jigar muammolaridan himoya qila olmaydi.
Ovqatlanish
Jigar xastaligida ovqatlanish tartibi №5 parhezga asoslangan bo’ladi. Asosiy qoida — muntazamlik. Kuniga 4-5 marta kam-kamdan ovqatlanish tavsiya etiladi, ochlik qat’iyan taqiqlanadi. Taomni qaynatish, dimlash yoki pechda pishirish ko’rsatiladi.
Tavsiya etilmaydi | Ruxsat etiladi |
---|---|
Qo’zg’atuvchi, achchiq, ziravorlarga boy taomlar. | Vegetariancha, sutli yoki ikkilamchi bulyonda tayyorlangan sho’rvalar. |
Yog’li go’sht, baliq, submahsulotlar. | Kam yog’li go’sht, parranda go’shti va baliq. Tuxum (faqat oqi). |
Har qanday turdagi alkogolli ichimliklar. | Yog’siz sut, tvorog, achchiq bo’lmagan pishloq. |
Shokolad. | Shakar, asal, murabbo — oz miqdorda. |
Achchiq choy, qahva. | Har xil xom va pishirilgan holdagi sabzavotlar. Turli xil meva va rezavorlar. |
Tort, pishiriqlar. | Quritilgan qora va oq non, suxarilar, shakarsiz pechenye va galetlar. |
Turmush tarzi
Jigarni sog’lom holatda saqlash uchun:
- Yomon odatlardan voz kechish, alkogolli ichimliklarni iste’mol qilishni kamaytirish yoki yo’q qilish.
- Virusli gepatit B va C uchun tahlillar topshirish, kontratseptsiyaning baryer usullaridan foydalanish.
- Tana vaznini nazorat qilish.
- Dori-darmonlarni shifokor retseptisiz qabul qilmaslik.
Yodda bo’lsin!
Har yili dunyoda 2,5 million kishi alkogolli ichimliklarni suiste’mol qilish bilan bog’liq sabablar tufayli vafot etadi.
Dori vositalari
Jigar kasalliklarini davolashda virusga qarshi preparatlar, yallig’lanishga qarshi dorilar va simptomatik terapiya qo’llaniladi. Shuningdek, keng tanlovda gepatoprotektorlar mavjud, bunday vositalar guruhiga quyidagilar kiradi:
- O’simlik moddalari (silibinin);
- Aminokislotalar (ademetionin);
- Yog’ kislotalari (alfa-lipoik kislota);
- Safro kislotasi analoglari (ursodezoksixol kislota);
- Fosfolipidlar.
Jigarni himoya qiladigan dorilar bir o’zida nechta faol moddalarni birlashtirishi mumkin. Aksariyat preparatlarning ta’siri hujayra devorining zararlanishini kamaytirishga qaratilgan bo’ladi, ammo ideal gepatoprotektor nafaqat jigar hujayralari tuzilishini tiklashga yordam beradigan, balki yallig’lanish darajasini kamaytiradigan moddalarni ham o’z ichiga oladi (masalan, glitsirrizin kislota). Dori vositalarini tayinlash va terapiya kursini nazorat qilish uchun shifokor javobgar.
Salomatlikni asrash uchun kasallik alomatlarini kutish shart emas. Jigar kasalliklarini oldini olish uni davolashdan ko’ra osonroqdir. Ammo kasallik tashxisi qo’yilgan bo’lsa — umidsizlikka tushmaslik kerak. Zamonaviy dorilar ko’p hollarda patologiya rivojlanishini to’xtatishga va salomatlikni tiklashga qodir.
Рахмат сизга катта.