Homiladorlikda ajralmalar — turlari, rangi bo’yicha sabablari, norma va patologiya

Homiladorlikda ajralmalar qaysi muddatda normal hodisa, qaysi davrda esa xavotirli signal sanaladi va qay holatlarda shifokorga murojaat etish kerakligi haqida quyida batafsil.

Homiladorlikda qindan ajralmalar kelishi

Albatta qindan ajralmalar ajralishi har bir ayolda kuzatiladi. Ularning miqdori, rangi va konsistentsiyasi ko’plab omillarga bog’liq, xususan:

  • Sikl fazasi — masalan, tuxum hujayraning yetilishi va ovulyatsiya davrida ular juda ko’p bo’ladi, hayzdan keyin esa deyarli kuzatilmaydi;
  • Ayolning salomatligi — jinsiy a’zolar infektsiyasi, kichik chanoq a’zolarida yallig’lanish jarayonida. Bunda ko’pincha ajralmalarning rangni o’zgaradi, yoqimsiz hid paydo bo’ladi.
  • Ayol kompleksiyasi — ozg’inroq ayollarda ajralmalar to’lacharoq ayollarga qaraganda ko’proq bo’ladi.
  • Boshqa omillar — jinsiy faollik, vaginal dezodorantlar, intim gigiena vositalaridan foydalanish, sintetik tolali matolardan tayyorlangan ichki kiyim va hokazo.

Va, albatta, ajralmalar tabiatiga homiladorlik ham ta’sir qilishi mumkin. Uning boshlanishi bilan ayol ular odatdagidan ko’ra ko’proq kuzatilayotganini sezishi mumkin.

Homiladorlik paytida yorqinroq rangli ko’p miqdorda ajralmalar odatiy holdir. Ularning kuchayishi homiladorlikning boshlanishi bilan ayol organizmida faol ishlab chiqarila boshlaydigan progesteron gormoni bilan bog’liq.

Agar ajralma rangi o’zgarishi, qichishish, achishish, oraliq to’qimalarining shishishi, yoqimsiz hiddan shikoyatlar bo’lmasa, tashvishlanish va ortiqcha tekshiruvlardan o’tish shart emas (masalan, bakterial ekishga), shunchaki flora uchun surtma bilan cheklanish mumkin. Homiladorlikning erta muddatlarida turli ajralmalar infektsiyalar va homilador tushishi xavfida kuzatilishi mumkin.

Ajralma turlari

Homiladorlikda ajralma turli xil ranglarda (oq, sariq, yashil, qonli), konsistentsiyada (quyuq, suyuq, tvorogsimon), neytral yoki yoqimsiz hidga ega bo’lishi mumkin. Ba’zi hollarda, ular salomatlik uchun xavf tug’dirmaydi, normaning bir varianti deb hisoblanadi, boshqa hollarda esa, aksincha, ular homiladorlikka tahdid haqida ogohlantiruvchi signal hisoblanishi mumkin va shoshilinch tibbiy yordamga murojaat qilish uchun arzirli sabab sanaladi.

Yorqin rangli

Odatda, ko’pchilik ayollarda vaginal ajralmalar faqat oqish rangga ega bo’ladi. Ular hidsiz yoki biroz nordon hidli sanaladi. Miqdori — kuniga 4 ml`gacha.

Homilador ayollarda, agar homiladorlik yaxshi davom etayotgan bo’lsa, ajralmalar rangi va hidi, qoida tariqasida, o’zgarmaydi, ammo progesteron gormoni ta’sirida miqdori biroz ko’payishi mumkin. Bu normal holat.

Oq ajralmalar

Oq ajralmalar ham normaning varianti bo’lishi mumkin, agar ayolni boshqa alomatlar bezovta qilmasa. Ammo agar oq ajralmalar tvorogsimon xarakterga ega bo’lsa, jinsiy a’zolarda qichishish va achishish rivojlansa, unda bunday klinik tasvir, ehtimol, vaginal kandidoz (molochnitsa) rivojlanishini ko’rsatishi mumkin.

Vaginal kandidoz homiladorlik paytida juda keng tarqalgan patologiya, undan ayollarning 90 foizigacha qismi aziyat chekadi. Uning yuzaga kelishiga  gormonal fonning o’zgarishi, ya’ni sikl va ovulyatsiya davriyligining yo’qligi va progesteronning ortiqcha sekretsiyasi turtki bo’ladi. Agar ayolda o’ziga xos shikoyatlar: ajralma xarakterining o’zgarishi, nordon hid, qinda qichishish qayd qilinsa, kasallikni davolash talab etiladi.

Agar flora uchun surtmada Candida zamburug’lari aniqlansa, biroq bemorni hech narsa bezovta qilmasa, maxsus dori vositalari qabul qilish zarur hisoblanmaydi.

Shaffof ajralmalar

Homilador bo’lmagan ayollarda bunday ko’p miqdorda ajralmalar hayz siklining o’rtasida kuzatilishi mumkin. Bu ovulyatsiya belgisidir. Homilador ayollarda shaffof ajralmalar norma hisoblanadi. Asosiysi, ularni amniotik suyuqlik bilan adashtirib yubormaslik kerak, ayniqsa homiladorlikning uchinchi trimestrida.

Amniotik suyuqlikni aniqlash uchun maxsus testlar mavjud va ularni tanlashda shifokor yordam beradi.

Shilliq ajralmalar

Og’riq va noqulayliklarsiz kechadigan ajralmalar homilador va homilador bo’lmagan ayollarda normal holat sanaladi. Homiladorlik paytida organizmdagi gormonal o’zgarishlar tufayli ularning miqdori ko’proq bo’lishi mumkin.

Sariq rangli

Och sariq rangli ajralmalar ham normaning varianti bo’lishi mumkin. Homiladorlikdan oldin ayolda shu rangli ajralmalar kuzatilgan bo’lishi ham ehtimoldan holi emas. Ammo agar uning rangi to’qlashgani, yoqimsiz hid paydo bo’lgani aniqlansa, shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi. U yallig’lanish jarayoni mavjudligi, infektsiyadan dalolat berishi mumkin.

90% hollarda ayollarda vaginal ajralmalar tabiatining o’zgarishi va shikoyatlar paydo bo’lishi (qichishish, achishish, rang va hidning o’zgarishi) sababi kandidoz, gardnerellyoz va trixomoniaz hisoblanadi:

  • Kandidoz ko’pincha oq yoki yashil rangdagi tvorogsimon ajralmalar bilan farqlanadi, kuchli qichishish va to’qimalarning shishishi bilan birga kechadi;
  • Gardnerellyoz (bakterial vaginoz) uchun kulrang suvsimon ajralmalar, baliq hidi xarakterlidir;
  • Trixomoniaz — ko’p miqdorda ko’pikli yirinsimon oq ajralmalar, noxush hid, qin va bachadon bo’yni to’qimalarining shishishi, oxirgisida shuningdek «qulupnay simptomi» qayd qilinishi bilan farqlanadi.

Yashil rangli

Bunday ajralmalar deyarli hech qachon norma varianti deya qaralmaydi va ko’pincha kandidoz belgisi sanaladi. Agar bunday holat kuzatilsa, darhol shifokor bilan maslahatlashish lozim.

Qonli ajralmalar

Homiladorlik paytida qonli ajralmalar alohida vaziyat bo’lib, u har doim alohida e’tibor talab qiladi va ayolning shifokor bilan maslahatlashishini talab etadi. Homiladorlikning erta muddatlarida qindan qonli ajralmalar kelishi noyob hodisa emas.

Birinchi trimestrda qon kelishi har to’rtinchi ayolda kuzatiladi. Ularning taxminan yettitadan bittasida homila tushishi qayd qilinadi. Ammo 80 foiz hollarda, hatto qon ajralishi va qorinning pastki qismida og’riq kuzatilsa ham, homiladorlik deyarli muammolarsiz davom etadi va sog’lom bola dunyoga kelishi bilan yakunlanadi.

Homiladorlikning erta davrlarida qonli ajralmalar kuzatilishining asosiy sabablari quyidagilar bo’lishi mumkin.

  • Retroxorial gematoma yoki xorionning ko’chishi tufayli homila tushishining boshlanishi yoxud xavfi mavjudligi;
  • Implantatsion qon ketish;
  • Bachadondan tashqari homiladorlik;
  • Rivojlanmagan yoki muzlagan homiladorlik. Shifokor qondagi oXG darajasi dinamikasiga, shuningdek, ultratovushli tekshiruvga asoslanib aniq tashxis qo’yadi;
  • Ko’p homilali homiladorlik paytida bachadonda embrionlar birining o’z-o’zidan reduktsiyasi (yo’qotilishi);
  • Yelbo’g’oz.

Homiladorlik paytida qon kelishi oldindan aytib bo’lmaydigan vaziyat ekanligi va bir necha soat ichida o’zgarishi mumkinligini tushunish muhim. Shuning uchun, har qanday holatda ham, homiladorlik davrida qonli ajralmalar, ular kam, yopishqoq yoki ko’p, biroz qon aralashgan och pushti, jigarrang yoki qip-qizil bo’lishidan qat’iy nazar har doim ham shifokor tomonidan to’liq tekshiruvdan o’tish uchun ko’rsatma sanaladi.

Quyida turli xil rangdagi qonli ajralmalar paydo bo’lishining sabablari haqida batafsil ma’lumot keltiriladi. Shuni ta’kidlash kerakki, ranglarga ajratish shartli sanaladi va ular paydo bo’lishining aniq sababini faqatgina rangiga asoslanib taxmin qilish noto’g’ri sanaladi.

Pushti rangli

Biroz qon aralashgan pushti rangdagi ajralmalar implantatsion qon ketishini ko’rsatishi mumkin, bu juda keng tarqalgan hodisadir.

U homilalik tuxumining bachadon devoriga birikishida sodir bo’ladi. Ushbu hodisa urug’lantirishdan 6-7 kun o’tgach yoki hayz ko’rish siklining 21-22 kuniga to’g’ri keladi. Ammo bunday ayollar juda kam uchraydi.

Bundan tashqari, implantatsion qon ketishining ikkinchi bosqichi ham mavjud — bu xorionning o’sib kirishi paytida, ko’pincha hayz ko’rish kechikishida — oxirgi hayzdan 4-5 hafta o’tgach yoki urug’lantirishdan keyin 3 hafta o’tgach sodir bo’ladi. Ushbu turdagi implantatsiyadan qon ketish homilador ayollarning chorak qismida uchraydi.

Homiladorlikning 7-8 haftasida, lyuteoplatsentar siljish yuz berganda va progesteronni endi tuxumdonning sariq tanasi emas, balki xorion chiqara boshlaganda, progesteron darajasi pasayishi va homilador ayolda qon ketishi kuzatilishi mumkin. Ushbu holat ham qo’rqinchli va xavfli emas. Yodda tutish kerak bo’lgan asosiy narsa implantatsion qon ketishining o’ziga xos xususiyati shundaki, u qisqa, tanqis va odatda bir necha soat davom etadi.

Ammo har qanday holatda ham, patologiyalarni istisno qilish uchun darhol shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.

Jigarrang

Jigarrang ajralmalar ham, yuqorida aytib o’tgan implantatsion qon ketishining belgisi bo’lishi mumkin. Agar yuqorida keltirilgan muddatlarda bunday ajralmalar kuzatilsa, ularning miqdori juda oz va ular tezda o’tib ketsa, tashvishga hojat yo’q.

Ammo jigarrang ajralmalar juda xavotirli signal bo’lishi ham mumkin.

Masalan, bachadondan tashqari homiladorlikda, homiladorlik testi ijobiy natija berganda, odatda, sezilarli darajada bo’lmagan ajralmalar kuzatilishi mumkin. Odatda bunday alomatlar ektopik homiladorlik bo’lganda 7-haftada namoyon bo’ladi. Shu bilan birga, qorinning pastki qismida og’riqlar kuzatiladi, bir tomonda ko’proqligi bilan xarakterlanadi, peshob chiqarish va defakatsiya vaqtida yuzaga kelishi mumkin. Tashxisni tasdiqlash uchun shifokor bilan maslahatlashish zarur.

To’q-qizil rangli

Qon quyqalari, yorqin qizil rangli qon ketishi, og’ir qon ketish homilador ayolni har doim qo’rqitadi. Va, haqiqatan ham, aksariyat hollarda bunday ajralmalar homila tushishi xavfi mavjudligini anglatadi.

Shuni ta’kidlash kerakki, homiladorlikning dastlabki trimestrida har to’rtinchi homiladorlik homila tushishi bilan tugaydi. 90-95 foiz hollarda bu holat qayta takrorlanmaydi va ayolning ona bo’lishga barcha imkoniyatlari mavjud bo’ladi. Bir marta homila tushishidan keyin uning sabablarini aniqlash uchun chuqur tekshiruvdan o’tishning hojati yo’q.

Jami baholar 4.4 / 5. Ovozlar soni: 23

Reklama

1 ta izoh qoldirilgan

  1. Salom men 9 yanvarda hayz kòrgandim 5 fevralda test qilsam ikkinchi chiziq xira chiqdi 8 fevralda esa mendan qonli ajralma kela boshlayapti shuni sababi nima iltimos javobingizni kutaman

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.