Hayz kechikishi — sabablari, patologiya va fiziologiya, xavf omillari

Hayz ko’rish kechikishi — menstrual funktsiyaning buzilishi bo’lib, siklik qon kelishning 35 kundan ortiq kuzatilmasligi bilan namoyon bo’ladi.

Hayz kechikishi

Hayz kechikishining asosiy sabablari

Menstruatsiya boshlanish kunining biroz muddatga o’zgarishi agar kechikish 5 kundan oshmasa normal holat sanaladi. Hayz boshlanishlari orasidagi normal muddat 28-35 kun hisoblanadi. Bu davomiylik ko’p asrlar davomida normal bo’lib qabul qilib kelingan. Sikl hayz ko’rishning birinchi kunidan boshlab, keyingi hayz boshlanish kunigacha bo’lgan kunlarni o’z ichiga oladi.

Hayz ko’rish kechikishining asosiy va eng keng tarqalgan sababi homiladorlik hisoblanadi. Shuning uchun, uzoq muddatli kechikishda eng birinchi qilish kerak bo’lgan vazifa — homiladorlik testi yordamida sinov o’tkazishdir. Agar test ijobiy natija bergan bo’lsa, unda homiladorlik tasdiqlanadi. Agar test salbiy natija ko’rsatsa, unda ginekologga murojaat qilish kerak, u kechikish sababini aniqlaydi va tegishli davolash usullarini tayinlaydi.

Menstrual disfunktsiyaning boshqa sabablari quyidagilar bo’lishi mumkin:

  • Ruhiy buzilishlar, ruhiy va nevrologik kasalliklar;
  • Vitamin yetishmasligi;
  • Semizlik;
  • Kasbiy zararli ta’sirlar;
  • Infektsion kasalliklar, yurak-tomir, qon hosil qilish tizimi va jigar kasalliklari;
  • Ginekologik jarrohliklar, siydik-tanosil yo’llari jarohatlari;
  • Jinsiy yetilish buzilishlari;
  • Menopauza davrida gormonal o’zgarishlar;
  • Irsiy kasalliklar.

Yuqoridagi omillar alohida yoki birgalikdagi ta’sirga ega bo’lishi mumkin, shuning uchun kechikishning sababini doimo ham aniqlab bo’lmaydi.

O’smir qizlarda

Birinchi hayz kelishidan so’ng dastlabki bir yoki ikki yil ichida o’smir qizlarda kamdan-kam hollarda barqaror sikl kuzatiladi. Ya’ni, hayz boshlanadigan kunlar orasidagi davr davomiyligi o’zgarib turadi.

Gap shundaki, dastlabki ikki yil ichida o’smir qizlar organizmida gormonal fon beqaror bo’ladi, kayfiyat tezda tushishi va ko’tarilishi mumkin, bu qondagi gormonlar darajasining pasayishi yoki ko’payishini anglatadi. Gormonlar «sakrashi» to’xtatishi bilan sikl o’z o’rniga tushadi.

Ginekologik kasallik va buzilishlarda

Hayz ko’rish kechikishining sababi gormonlar ishlab chiqarish uchun javob beradigan qalqonsimon bez faoliyatining buzilishi bo’lishi mumkin. Agar o’smirlik davrida bu normal holat sanalsa, katta yoshli ayollar uchun bu endokrinolog va ginekologga murojaat qilish uchun ko’rsatmadir.

Gormonal fon nomutanosibligi tuxumdon faoliyatining ishdan chiqishiga (disfunktsiya) olib keladi. Bunday kasallikni faqat shifokor davolashi mumkin.

Ayol ichki a’zolaridagi yallig’lanish jarayonlari, shuningdek turli xil etiologiyali o’smalar, endometrioz ham hayz ko’rish kechikishiga olib kelishi mumkin. Bunday holatda homiladorlik testi salbiy yoki soxta ijobiy natija berishi mumkin.

Polikistoz tuxumdon sindromi kabi kasallik ham sababchilar qatorida. Bu tuxumdonlarda ko’plab kistalar paydo bo’lishi tufayli jinsiy organlarning faoliyati buzilishi bilan ifodalanadigan hodisa. U ko’pincha ayol organizmida testosteron — erkak gormoni ko’payganligi sababli ro’y beradi. Bunda hayz bir necha oy muddatga yo’qolishi mumkin, ovulyatsiya yuz bermaydi.

Testosteron ortiqchaligini bemorning tashqi ko’rinishidan aniqlash mumkin. Bu ortiqcha vazn, tuklarning ko’payishi (oyoq, qo’ltiqlar, chov sohasi, lablarning ustida), yuz va bosh terisining yog’li bo’lishi bilan namoyon bo’ladi.

Bu o’zgarishlar o’z vaqtida tuzatilsa, tashqi ko’rinish va salomatlik holati to’liq me’yorga keladi. Shifokorga tashrifni keyinga qoldirish kasallik kuchayishi uchun zamin yaratadi va bepushtlikka olib kelishi mumkin.

Follikul yetilishining buzilishi

Follikul yetilishining buzish follikulning persistentsiyasi yoki uning atreziyasi shaklida bo’lishi mumkin.

  • Follikulning persistentsiyasi. Siklning 1-bosqichida follikul yetilib, ovulyatsiyaga tayyor bo’ladi. Bu vaqtda ovulyatsiyani rag’batlantiradigan gipofiz bezining lyuteotrop gormoni (LG) miqdori ortadi. Follikulning persistentsiyasida LG miqodir ko’paymaydi va follikulning yorilishi yuz bermaydi, follikul mavjud bo’lishda davom etadi. Bunda organizmda estrogen gormonal fon ustunlik qiladi.
  • Follikul atreziyasi. Follikul o’zining yakuniy rivojlanish bosqichiga qadar yetib bormaydi, balki yetilish bosqichlarida bujmayishga duch keladi. Odatda bunday holatlarda tuxumdonlarda bitta emas, balki ikkita follikul rivojlanadi. Ularning o’rnini keyingi ikkita follikul egallaydi, ular keyinchalik atreziyaga uchraydi. Bunday holda ham ovulyatsiya bo’lmaydi, organizmda estrogen gormonal fon qayd qilinadi.

Qoida tariqasida, ikkala holatda ham hayz kechikishi xarakterlidir (70-80% hollarda qon ajralishi kechikishdan keyin boshlanadi). 20% da — hayz ko’rish o’z vaqtida boshlanishi mumkin, ammo o’z vaqtida tugamaydi. Asosiy shikoyat — kechikish fonida qon ajralishi.

Tashxis shikoyatlar va anamnez (tibbiy anamnez), funktsional diagnostika testlari bo’yicha tekshirish (bir fazali bazal harorat va boshqalar) va endometriyning gistologik tekshiruvi asosida qo’yiladi.

Fiziologik sabablar

Hayz quyidagi fiziologik sabablarga ko’ra ham kechikishi mumkin:

  • Kuchli hissiy yoki jismoniy stress;
  • Turmush tarzidagi keskin o’zgarishlar, xususan ish faoliyati xarakteri, iqlim sharoitining o’zgarishi;
  • To’yib ovqatlanmaslik va qat’iy parhezlarga rioya qilish;
  • Balog’atga yetish yoki menopauza davrida gormonal o’zgarishlar;
  • Uzoq muddat gormonal kontraseptivlar qabul qilishdan so’ng ularni bekor qilish tufayli. Agar hayz kechikishi 2-3 sikl davomida kuzatilsa, ginekologga tashrif buyurish tavsiya etiladi;
  • Gormonlarning yuqori dozasini o’z ichiga olgan favqulodda kontratseptsiya vositalaridan (Eskapela, Postinora va boshqalar) foydalanish;
  • Tug’ruqdan keyingi davrda ona suti sekretsiyasi uchun javob beradigan va tuxumdonlarning siklik funktsiyasini bostiradigan gipofizning prolaktik gormoni ishlab chiqarilishi tufayli. Agar ayol emizmasa, hayz ko’rish tug’ruqdan keyin taxminan 2 oy o’tgach tiklanishi kerak. Emizish paytida esa bolani sutdan ajratgandan keyin hayz ko’rish tiklanadi. Ammo, agar hayz kechikishi bola tug’ilgandan keyin bir yildan ortiq muddatga cho’zilsa, ginekologga murojaat qilish tavsiya etiladi;
  • Shamollash (O’RVI, gripp), surunkali kasalliklar: gastrit, qalqonsimon bez funktsiyasi buzilishi, qanndli diabet, buyrak kasalligi va boshqalar, shuningdek, muayyan dori-darmonlarni qabul qilish tufayli.

Boshqa sabablar

Stress, qancha davom etishidan qat’iy nazar, hayz yo’qolishini keltirib chiqarishi mumkin. Gap shundaki, u miyada jinsiy faoliyatni nazorat qiluvchi funktsiyalar buzilishlariga olib keladi. Stressning kuchiga qarab, hayz bir necha yil davomida kuzatilmasligi mumkin.

Kechikish sababi homiladorlikning uzilishi bo’lishi ham mumkin. Abort paytida bachadon to’qimasi shikastlanishi yoki organizmda gormonal muvozanat buzilishi mumkin. Abort hayz qoni ombori hisoblanmish bachadonning ustki qavatini olib tashlash bilan tavsiflanadi. Uning qayta shakllanishi uchun bir oydan ko’proq vaqt kerak bo’ladi.

Oral kontratseptiv vositalar ba’zan hayz siklini tiklaydi, ba’zida esa aksincha. Agar ayol uzoq vaqt davomida kontraseptiv moddalarni qabul qilib kelayotgan bo’lsa yoki yaqinda qabul qilishni to’xtatgan bo’lsa, unda tuxumdonlar sust ishlashi mumkin. Bu ikki yoki hatto uchta sikl davomida hayz kelmasligiga olib kelishga qodir.

Sabablar orasida ba’zida tez va sezilarli darajada vazn yo’qotish ham o’rin tutadi. Tibbiyotda maxsus menstural massa mavjud. Agar ayolning vazni 45 kg dan pasayib ketsa, unda hayz sikli to’xtaydi. Organizm normal faoliyat ko’rsatish uchun shunchaki yetarli zaxiraga ega bo’lmay qoladi. Uchinchi darajali semizlik ham hayz sikliga o’z ta’sirini o’tkazadi.

Noto’g’ri ovqatlanish, organizmda vitaminlar yetishmasligi (xususan vitamin E), metabolik kasalliklar ham hayz ko’rish kechikishining keng tarqalgan sabablaridan biridir.

Jami baholar 4 / 5. Ovozlar soni: 19

Reklama

1 ta izoh qoldirilgan

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.