Zuluk bilan davolash (girudoterapiya) — foyda va zararlari, qarshi ko’rsatmalar

Girudoterapiya (lot. hirūdō — «zuluk» va qad. yun. θεραπεία — «davolash») — ma’lum kasalliklarni dorivor zuluklar (Hirudo medicinalis) yordamida davolash usuli. Fizioterapevtik muolaja, muqobil tibbiyotga oid sanaladi. Bunday zuluklar ushbu kichik sinf chuvchalchanglariga oid yagona tur hisoblanadi, qolganlari shifobaxsh ta’sir ko’rsatmaydi.

Zuluk bilan davolash muolajasi aks etgan tasvir - inson yelkasiga 4 ta zuluk qo'yilgan

Girudoterapiya tarixi

Girudoterapiya tarixi ikki ming yildan ko’proq vaqtni o’z ichiga oladi. Qadimgi Yunoniston, Hindiston, Misr, Xitoyda zuluklar bilan davolash mashhur bo’lgan. Afsonaga ko’ra, bepushtlikdan aziyat chekkan qirolicha Kleopatra zuluklarning ta’siri tufayli Yuliy Sezardan homilador bo’la olgan. Shundan so’ng, hatto Misr fir’avnlari qabri devorlarida zuluklar tasvirlari paydo bo’la boshlagan.

O’rta asrlarda girudoterapiya semizlikka qarshi yordam berishi aniqlangan. O’sha vaqtlarda ko’p mamlakatlarda ortiqcha vazn muammosi deyarli eng muhim muammolardan biri bo’lgan. Qazish ishlari davomida eski kutubxonalar materiallarida topilgan qo’lyozmalarda qayd etilishicha, shifokorlar zuluklar bilan davolash natijasida ajoyib natijalarga erishishgan: odamlar 10 kg gacha vazn tashlashgan va salomatliklari yaxshilanganini ta’kidlashgan.

Zuluklar yordamida yurak muammolari, bosh aylanishi, nafas qisilishi, bepushtlik davolangan. Girudoterapiya shu qadar mashhur ediki, Uyg’onish davri ustalari, masalan, Bottichelli, hatto o’z san’at asarlarida buni aks ettirishgan.

Girudoterapiya muolajasi XVIII asr oxiri — XIX asr boshlarida keng mashhurlikka erishgan. Bu usul deyarli barcha kasalliklarni davolash uchun ishlatilgan. Ushbu davrda zuluklar sanoat miqyosida yetishtirilib, mamlakatlar o’rtasida eksport qilingan ham. Hatto Pirogov girudoterapiyani davolashning eng kuchli usuli deb hisoblagan. Zuluklar barcha dorixonalarda sotilgan.

Biroq, bu vaqtgacha shifokorlar zulukning asosiy «kuchi» — qon chiqarish ta’siri deya hisoblashgan. Va faqat XX asrning 90-yillarida olimlar nafaqat qon chiqarish terapevtik ta’sir berishini isbotladilar. Asosiy shifobaxsh omil — bu zuluk so’lagi, unda 15 dan ortiq noyob xususiyatlarga ega bioaktiv moddalar mavjud. Qizig’i shundaki, hozirgacha olimlar bunday moddani sintez qila olishmagan, garchi Angliya, Isroil va AQShda tadqiqotlar olib borish va uni yaratish ustida yuzlab million dollar mablag’ ajratilgan bo’lsa ham. Genetik muhandislik texnologiyalari ham yordam bermagan.

Zuluk rasmiy ravishda dorivor sifatida tan olingan va ko’plab mamlakatlarda dori vositalari reestriga kiritilgan.

Dunyoning barcha mamlakatlarida girudoterapiya ko’plab kasalliklarni davolash va oldini olish uchun ishlatiladi va ushbu usulning asosiy ustunligi asoratlarsiz umumiy tiklanishdir.

Zuluklarning inson tanasiga shifobaxsh ta’siri

Dorivor zulukning shifobaxsh ta’siri uning so’lagiga asoslangan — unda bioaktiv moddalar mavjud. Asosiy tarkibiy qism — bu girudin, u qon ivishini oldini oladi va qon tromblarini rezorbsiya jarayonini rag’batlantiradi. Girudin va so’lakning boshqa bioaktiv tarkibiy qismlari bakteritsid (patogen mikroblarni o’ldiradi), shuningdek bakteriostatik (bakteriyalar ko’payishi va rivojlanishini oldini oladi) ta’siriga ega. Ushbu moddani aniqlash davomida olib borilgan izlanishlar tibbiyotda antikoagulyantlarni qo’llay boshlash amaliyotiga asos solgan [manba].

Zuluklarning so’lagi tarkibida gialuronidaza fermenti mavjud bo’lib, u faol moddalarni organizmning to’qimalariga chuqur kirib borishiga imkon beradi — 10 sm`gacha. Shuningdek, bu ferment biriktiruvchi to’qimalarni parchalaydi, shu sababli chandiqlarning so’rilib ketishini kuchaytiradi.

Ko’rsatmalar

Ushbu terapiya usuli foydalanish uchun ko’plab ko’rsatmalarga ega, ular orasida quyidagi kasalliklar mavjud:

  • Yurak-tomir tizimi kasalliklari;
  • Oshqozon-ichak trakti kasalliklari;
  • O’pka kasalliklari;
  • Qalqonsimon bez kasalliklari;
  • Siydik-tanosil tizimi kasalliklari;
  • Teri kasalliklari (shuningdek kosmetik nuqsonlar);
  • Markaziy va periferik asab tizimi kasalliklari;
  • Revmatologik kasalliklar;
  • LOR kasalliklar;
  • Mushak-skelet tizimi kasalliklari;
  • Infektsion kasalliklar;
  • Turli jarohatlar;
  • Ko’z kasalliklari.

Qarshi ko’rsatmalar

Muolaja quyidagi holatlarda o’tkazilishi mutlaq qarshi ko’rsatiladi:

  • Trombotsitopeniya;
  • Onkologiya;
  • Gemofiliya;
  • Uzoq muddatli va og’ir qon ketishlar;
  • Qon ivishining buzilishi;
  • Zuluklarning so’lagi tarkibiy qismlariga nisbatan intolerantlik.

Nisbiy qarshi ko’rsatmalar (bu holda muolaja o’tkazilishi mumkin, ammo asoratlar xavfi yuqori bo’ladi):

  • Gipotoniya;
  • Ayollarda anemiya va hayz ko’rish;
  • 10 yoshgacha bolalar;
  • Ba’zi ruhiy kasalliklar;
  • Surunkali kasalliklarning xuruj olishi;
  • Homiladorlik;
  • Sabablari hali aniq bo’lmagan kasalliklar.

Muolaja qanday o’tkaziladi

Girudoterapiyaning mohiyati tanaga dorivor zuluklarni qo’yishdan iborat. Bitta muolaja davomiyligi 40-60 daqiqani tashkil etadi, bunda o’rtacha 6-10 ta zuluk ishlatiladi. Ularning har biri 5 ml`dan 15 ml`gacha qon so’rib olishi mumkin. O’rtacha davolanish kursi 7-14 kunlik tanaffus bilan 10 seansdan iborat bo’ladi.

O’tkazilish tartibi:

  • Teri spirt bilan artiladi. Boshqa antiseptik ishlatilmaydi, chunki zuluklar hidga juda sezgir bo’lishadi;
  • Zuluklarni joylashtiriladi. Ularning tishlov chuqurligi sayoz — 2 mm gacha. So’lak tarkibida og’riq qoldiruvchi ferment mavjud, shuning uchun bunda deyarli noqulaylik sezilmaydi;
  • Muolaja paytida zuluklar asta-sekin bemorning qoniga so’lak tarkibidagi bioaktiv moddalarni ajrata boshlaydi. Ta’sir zonasida ushbu moddalarning 70-80 foizigacha kasal a’zoga «kirib boradi». Shundan so’ng zuluk qonni so’rib olishni boshlaydi;
  • Jarayondan so’ng, zuluk olinib, tishlovi joyiga steril salfetkaler qo’llaniladi.

Aksariyat hollarda zuluklar yetarlicha qon so’rgach, o’zlari tushib ketgunlaricha qo’yiladi. Zulukni muddatidan oldin tanadan olish uchun uning oldingi so’rgichiga spirt yoki yodga yengil botirilgan paxta qo’yish yetarli bo’ladi, shunda ular darhol tushib ketadi. Shuningdek bu maqsadda uning ustiga tuz sepish, sirka kislotasi yoki boshqa o’tkir hidli moddani unga yaqin keltirish mumkin. Agar zuluk qon so’rishni to’xtatmasa, uning old so’rgichini skalpel yordamida ko’tarib, uning ostiga havo kiritish kerak. Zulukni kesib tashlash befoyda, bunda u qon so’rishni davom ettiraveradi. Qo’llanilgach, zuluklar odatda yo’q qilinadi, ularni qayta ishlatishga yo’l qo’yilmaydi.

Zuluk bilan davolash: foyda va zararlari

Zuluk bilan davolashning foydalari:

  • Tromb hosil bo’lishi xavfi kamayishi;
  • To’qimalarda va organlarda qon aylanishini tiklanishi;
  • Bakteritsid va yallig’lanishga qarshi ta’sir;
  • To’qimalarni ozuqa moddalari va kislorod bilan yaxshiroq ta’minlanishini;
  • Xolesterin darajasi normallashishi;
  • Limfa drenaji yaxshilanishi;
  • Shishlarni bartaraf bo’lishi;
  • Yurak faoliyati yaxshilanishi;
  • Immunitet mustahkamlanishi;
  • Qon bosimi me’yorlashishi;
  • Tishlash joyida va butun tanaga og’riq qoldiruvchi ta’siri;
  • Modda almashinuvini me’yorlashishi.

Zuluklar keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan zarar ularning oziqlanishi va o’ziga xos tuzilishiga bog’liq, shuning uchun quyidagi muammolar ehtimoli mavjud:

  • Faol moddalar terining ta’sirlanishini chaqirishi;
  • Zulukning so’lagida qonni suyuqlashtiradigan fermentlar tufayli jarohat joyidan bir muddat qon ketishi;
  • Zulukning oshqozon-ichak traktida «kasal» qonni so’rishda uni infektsiyadan himoya qiladigan bakteriya mavjud. Bu odamlarda zaharlanish, oshqozon-ichak trakti muammolari, shilliq qavatlar kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

Qanday kasalliklar davolanadi

Girudoterapiya seansiga kardiolog, nevropatolog, gastroenterolog va boshqa ko’plab mutaxassislar murojaat qilishlari mumkin. Ushbu usul samarali bo’lgan kasalliklar ro’yxati juda keng:

Kasalliklar guruhi Guruhga kiruvchi asosiy kasalliklar
Yurak-tomir tizimi Tromboz, qon ivishining kuchayishi, ishemiya, infarkt, ateroskleroz, yurak nuqsonlari.
Oshqozon-ichak Gastrit, oziq-ovqatga allergiyalar, xoletsistit, kolit, jigar sirrozi.
O’pka Plevrit, bronxit, pnevmoniya, emfizema, bronxial astma.
Endokrin Semizlik, qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklari.
Siydik-tanosil tizimi Prostata adenomasi, buyrak yetishmovchiligi, pielonefrit, siydik-tosh kasalligi, prostatit, tuxumdon kistasi, bachadon miomasi, endometrioz, kolpit.
Markaziy va periferik asab tizimi Bosh aylanishi, bosh og’rig’i, migren, nevrozlar, uyqusizlik, epilepsiya.
Revmatologik Artroz, artrit, radikulit, osteoxondroz, podagra, revmatizm.
Oftalmologik Keratit, glaukoma.
LOR organlar Sinusit, tonzillit, rinit, faringit, otit, sinusit, gingivit, stomatit, eshitish qobiliyati pasayishi, burun yon bo’shliqlari kasalliklari, quloq shang’illashi.
Dermatologik kasalliklar va kosmetik teri muammolari So’gallar, sellulit, ekzema, akne, psoriaz, furunkulyoz, neyrodermatit, tizimli qizil yuguruk, turli dermatozlar.
Mushak-skelet tizimi Jarohatlarning bo’g’imlar va suyak to’qimalarining holatiga salbiy ta’siri, churra.

 

Jami baholar 4.2 / 5. Ovozlar soni: 6

Reklama

Sharh qoldirish

E-mail manzilingiz chop etilmaydi. To'ldirish zarur maydonlar * bilan belgilangan.